Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

STRESSDAN OZOD BO‘LISH

Stress o‘zi nima?

Stress o‘zi nima?

Stress — inson organizmining tashqi muhitga nisbatan reaksiyasi. Inson miyasi tananing barcha a’zolariga ko‘p gormonlarni yuboradi. Natijada yurak tez-tez uradi, qon bosimi oshadi, o‘pka qisqaradi yoki kengayadi, mushaklar taranglashadi. Inson nima bo‘layotganini hali to‘liq tushunmasidan organizm harakat qilishga tayyor turadi. Stressli vaziyat o‘tib ketgach, organizm yuqori tayyorlik holatidan chiqib, me’yoriy faolligiga qaytadi.

IJOBIY VA SALBIY STRESS

Stress — qiyin va xavfli vaziyatlarga tayyor turishingizga yordam beradigan tabiiy reaksiya. Stress holatida paydo bo‘ladigan reaksiya miyangizda boshlanadi. Ijobiy stress tez harakat qilishingizga yoki javob qaytarishingizga imkon beradi. Ma’lum darajadagi stress maqsadingizga erishishga yoki biror ishni yaxshiroq bajarishga, misol uchun, imtihon topshirish, ishga kirish uchun suhbatdan o‘tish yoki sport musobaqalarida qatnashishda muvaffaqiyat qozonishingizga hissa qo‘shadi.

Lekin davomiy, kuchli yoki surunkali stress sizga zarar keltiradi. Organizmingiz qayta-qayta yoki doimiy ravishda yuqori tayyorlik holatida bo‘lsa, siz jismonan, hissan azob chekishingiz va aqliy qobiliyatlaringiz pasayishi mumkin. Xulq-atvoringiz, jumladan, boshqalarga bo‘lgan muomalangiz ham o‘zgarishi hech gap emas. Surunkali stress tufayli inson ichkilikka ruju qo‘yishi, giyohvand moddalarni qabul qilishi, dorilarni suiiste’mol qilishi, me’yoridan ortiq ovqat yeyishi, tamaki chekishi va boshqa yomon odatlarga berilishi mumkin. Bu hatto odam depressiyaga tushishiga, sillasi qurishiga yoki joniga qasd qilish haqida fikrlar kelishiga sabab bo‘ladi.

Garchi stress hammaga bir xil ta’sir qilmasa-da, u ko‘pgina kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Stress inson tanasining deyarli barcha a’zolariga ta’sir qiladi.