Qanoatli bo‘lish sirlari
Barchamiz — turmush qurgan-u qurmaganlar, yosh-u qarilar hayotdan mamnun bo‘lib yashashni istaymiz. Parvardigorimiz ham buni xohlaydi. Shuning uchun, U bizga ajoyib maslahatlar bergan.
Astoydil mehnat qiling
«Muhtojlarga biror narsa bera olishi uchun astoydil ishlab, o‘z qo‘llari bilan mehnat qilsin». (EFESLIKLARGA 4:28)
Yaratuvchimiz ishga ijobiy yondashishimizni istaydi. Nega? Sidqidildan ishlaydigan inson xursandchilik his qiladi, chunki u o‘zini va oilasini ta’minlay oladi. Uning hatto muhtojlarga yordam berishga qurbi yetadi, ishxonasidagi xo‘jayini ham uni qadrlaydi. Shunga tirishqoq ishchi odatda ishini yo‘qotmaydi. Muqaddas Yozuvlarda bunday mehnatning rohatini ko‘rish «Xudoning in’omi», deb bejiz aytilmagan. (Voiz 3:13)
Halol bo‘ling
«Har narsada halol bo‘lishni istaganimiz sababli, vijdonimiz pok ekaniga ishonamiz». (IBRONIYLARGA 13:18)
Agar halol va insofli bo‘lsak, o‘zimizga bo‘lgan hurmatni hamda xotirjamlikni saqlaymiz. Shuningdek, kechasi yaxshiroq uxlaymiz. Bundan tashqari, boshqalar ham bizga ishonib, hurmat ko‘rsatishadi. Insofsiz kishilar esa o‘zlarini bularning baridan mahrum qilishadi. Qolaversa, ular vijdon azobidan qiynalishlari va bir kun kelib qing‘ir ishlari fosh bo‘lishidan qo‘rqib yashashlari mumkin.
Pulga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘ling
«Pulparastlikdan xoli kun kechiringlar. Boriga shukur qilinglar». (IBRONIYLARGA 13:5)
Oziq-ovqat va boshqa zaruriy narsalarni sotib olish uchun bizga pul kerak. Ammo «pulparastlik» juda xavfli, chunki pulparast inson aksariyat vaqtini va kuchini ko‘proq pul topishga sarflaydi. Oqibatda bu uning nikohiga putur yetkazishi, farzandlari bilan o‘tkazadigan vaqtini o‘g‘irlashi va hatto sog‘ligiga ziyon keltirishi mumkin. (1 Timo‘tiyga 6:9, 10) Shuningdek, pulga ruju qo‘ygan odam yomon ishlar qilishga moyil bo‘ladi. Bir dono inson shunday degandi: «Sadoqatli kishi mo‘l-ko‘l baraka topadi, boyib ketishga oshiqqan esa gunohga botadi». (Hikmatlar 28:20)
Eng yaxshi ta’limni tanlang
«Donoligu tafakkurdan ayrilma». (HIKMATLAR 3:21)
Yaxshi ta’lim mas’uliyatli inson hamda namunali ota-ona bo‘lishimizga ko‘maklashadi. Ammo bunday ta’limning o‘zi hamisha farovon va baxtli yashashimizning garovi emas. Hayotning hamma sohalarida chinakamiga muvaffaqiyatli bo‘lish uchun biz Xudo beradigan ta’limga muhtojmiz. Muqaddas Kitobda aytilishicha, Xudoga quloq solgan inson «barcha ishlarida muvaffaqiyatga erishadi». (Zabur 1:1–3)