3 Nima uchun yaxshi insonlar azob chekadi?
Nega buni bilish muhim?
Yaxshi odamlarning azob chekishi adolatsizlikdek tuyular. Shunga ba’zilar, agar inson baribir azob cheksa, unda yaxshilik qilishning nima foydasi bor, deb o‘ylashadi.
Bu haqda o‘ylab ko‘ring
Ayrim odamlar ko‘ngilsiz voqealar taqdir tufayli yuz beradi, deb ishonishadi. Ularning fikricha, Alloh gunohkorlarni noto‘g‘ri ishlari uchun jazolash maqsadida azob-uqubatlarga duchor qiladi. Boshqalarning hisoblashicha, Xudo yaxshi insonlarning imonini sinash uchun ularni azob-uqubatlarga yo‘liqtiradi. Ular «bu dunyo — sinovli dunyo» va Alloh O‘zi suygan bandalariga ko‘proq azob beradi, deb aytishadi. Ammo...
-
agar hammasi peshonamizga yozilgan bo‘lsa, unda sog‘liqni saqlashga va yaxshi ishlar qilishga intilishning nima foydasi bor?
-
qanaqasiga Xudovand bir vaqtning o‘zida mehribon va rahm-shafqatli bo‘la turib, insonlarni sinash maqsadida ularga beayov azob berishi mumkin?
KO‘PROQ BILIB OLING
jw.org saytidagi «Nega Alloh azob-uqubatlarga yo‘l qo‘ymoqda?» nomli videoni tomosha qiling.
Muqaddas Kitobda nima deyilgan?
Azob-uqubatlar Xudoning jazosi emas.
Aksincha, ularga ko‘pincha tasodif, ya’ni noo‘rin vaqtda noo‘rin joyda bo‘lib qolish sabab bo‘ladi.
Doim ham yutuq tez yugurganga, jangda g‘alaba qudratliga, yegulik donoga, boylik aqlliga, muvaffaqiyat esa bilimliga nasib etavermas ekan. Sababi, ularning bari vaqt va tasodifga duch keladi». (VOIZ 9:11)
Azob-uqubatlarga yo‘liqishimizga qisman gunohkorligimiz sabab bo‘ladi.
Odatda insonlar «gunoh» so‘zini kimdir tomonidan sodir etilgan yomon ishga nisbatan qo‘llashadi. Lekin Allohning Kalomida bu so‘z, shuningdek, yaxshi-yu yomon — barcha odamlarga meros bo‘lib o‘tgan holatni ifodalash maqsadida ishlatiladi.
«Men gunohkor bo‘lib tug‘ilganman, onam qornida paydo bo‘lganimdayoq gunohkor edim». (ZABUR 51:5)
Gunoh insonlarga halokatli ta’sir o‘tkazyapti.
Gunoh nafaqat Parvardigorimiz bilan bo‘lgan munosabatlarimizga raxna soldi, balki biz va Uning boshqa ijodlari orasidagi uyg‘unlikka putur yetkazdi. Bu esa ham alohida odamlarga, ham, umuman olganda, butun odamzodga ko‘plab azob-uqubatlar olib keldi.
«To‘g‘ri bo‘lgan narsani qilmoqchi bo‘lsam, yonimda yomonlik turadi». (RIMLIKLARGA 7:21)
«Barcha yaratilganlar shu kungacha oh-voh qilib, azob chekayotgani bizga ayon». (RIMLIKLARGA 8:22)