Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Do‘stlaringiz davrasini kengaytiring

Do‘stlaringiz davrasini kengaytiring

Muammo

Agar biz yoqtirmaydigan guruh vakillaridan uzoqlashib yursak, ularga nisbatan yanada yuz-xotir bo‘lib qolishimiz hech gap emas. Bordi-yu, bizga o‘xshaydigan odamlar bilangina do‘stlashsak, unda faqat o‘z fikrlarimizni, his-tuyg‘ularimizni va harakatlarimizni ma’qullaydigan bo‘lib qolamiz.

Muqaddas Kitobdagi prinsip

«Bag‘ringizni keng qilinglar». (2 KORINFLIKLARGA 6:13)

Bu oyatdan nimani o‘rgansak bo‘ladi? «Bag‘rimiz» so‘zi ostida his-tuyg‘ularimiz, jumladan, boshqalarga bo‘lgan mehrimiz tushunilishi mumkin. Agar faqat bizga o‘xshaydigan insonlargagina mehr ko‘rsatsak, unda bag‘ri tor bo‘lib qolishimiz hech gap emas. Buning oldini olish uchun bizdan farq qiladigan insonlar bilan do‘stlashishimiz kerak.

DO‘STLAR DAVRASINI KENGAYTIRISHNING FOYDASI

Agar boshqalarni shaxsan tanib-bilishga harakat qilsak, nega ular bizdan farqli ravishda yo‘l tutayotganini tushuna boshlaymiz. O‘zgalarga nisbatan sevgimizni rivojlantirganimiz sayin, ular boshqa guruh vakillari ekani esimizdan ham chiqib ketadi. Shunda ularni ko‘proq qadrlay boshlaymiz va xursandchiliklari-yu qayg‘ulariga sherik bo‘lamiz.

Nazarening misolini ko‘rib chiqaylik. Bir paytlari u muhojirlarga nisbatan yuzxotirchilik qilardi. Bu tuyg‘u bilan kurashishga unga nima yordam bergani haqida u shunday bo‘lishdi: «Ular bilan vaqt o‘tkazib, birga ishlardim. Shunda muhojirlar haqida keng tarqalgan fikrlar umuman noto‘g‘ri ekaniga guvoh bo‘ldim. Shunisi e’tiborliki, turli madaniyat vakillari bilan do‘stlashganingizda, ularning hammasini ham bir qolipga solib bo‘lmasligini tushunasiz va o‘shanda ularga nisbatan sevgini rivojlantirib, har birini alohida qadrlay boshlaysiz».

Nima qilishingiz mumkin?

Yashash joyi, etnik mansubligi yoki tili siznikidan farq qiladigan insonlar bilan suhbatlashish imkoniyatlarini izlang. Masalan:

  • Ulardan o‘zlari haqida qisqacha aytib berishlarini so‘rang.

  • Ularni birga ovqatlanishga taklif qiling.

  • Ularning hayotiy voqealarini diqqat ila tinglang va ular uchun nima muhim ekanini aniqlashga harakat qiling.

Ularning hayotida ro‘y bergan narsalar shaxsiyatlarini qanday shakllantirganini tushunishga intilsak, ularga va guruhidagi boshqa insonlarga nisbatan ijobiy munosabatni rivojlantira olamiz.