Qay yo‘sin to‘g‘ri tanlov qilishingiz mumkin?
«Koinot o‘zini hech narsadan yarata oladi». (Stiven Xoking va Leonard Mlodinov, fiziklar)
«Alloh osmon bilan yerni yaratdi». (Muqaddas Kitob, Ibtido 1:1)
Koinot va hayot Xudo tomonidan yaratilganmi yo o‘z-o‘zidan paydo bo‘lganmi? Yuqorida ikkita fizik aytgan fikr hamda Muqaddas Kitobning birinchi oyatida keltirilgan so‘zlar o‘zaro tubdan farq qilib, bu savolga ikki xil javob bo‘lyapti. Ushbu ikkita qarashning ashaddiy tarafdorlari bor. Biroq ko‘plar ularning qaysi biri to‘g‘ri ekaniga amin emas. Odamlar eng ko‘p sotiladigan kitoblarda hamda teleko‘rsatuvlarda bu borada bahslashadi.
O‘qituvchilaringiz Yaratuvchi mavjud emas hamda Koinot va hayot o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, deb ta’kidlashgandir. Lekin ular sizga Yaratuvchi mavjud emasligini tasdiqlovchi dalillar keltirishganmi? Yoki, ehtimol, din rahbarlari Yaratuvchi bor ekani haqida va’z o‘qiganini eshitgandirsiz. Ular-chi, sizga o‘z fikrini isbotlab berishganmi yo dalil izlamay, Xudoga shunchaki ishonish kerak, deb aytishganmi?
Hoynahoy, siz Yaratuvchi bor-yo‘qligi haqida o‘ylagandirsiz va buni hech kim aniq aytolmaydi, degan xulosaga kelgandirsiz. Unday bo‘lsa, sizda yana bir savol tug‘ilgan bo‘lishi mumkin: «Bu masala qanchalik muhim?»
«Uyg‘oning!» jurnalining ushbu sonida, avvalambor, ko‘plarni Yaratuvchiga ishonishga undagan ba’zi faktlarni ko‘rib chiqamiz. So‘ng esa hayotning kelib chiqishi haqidagi savolga javob topish nega muhimligini muhokama qilamiz.