Muqaddas Kitobdan nimani bilib olyapmiz?
«Bu — osmon bilan yerning yaratilish tarixi». (Ibtido 2:4) Mazkur so‘zlar bilan Muqaddas Kitobda koinot va sayyoramiz qanday paydo bo‘lgani haqidagi bayonotga yakun yasalgan. Bu kitobda yozilganlar ilmiy faktlar bilan hamohangmi? Keling, bir nechta misolni ko‘rib chiqaylik.
Koinot doim mavjud bo‘lganmi?
Ibtido 1:1 da: «Boshida Alloh osmon bilan yerni yaratdi»,— deb aytilgan.
XX asrning ikkinchi yarmigacha ko‘plab mashhur olimlar koinot doim mavjud bo‘lganiga ishonishgan. Biroq yaqin yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida aksariyat olimlar koinotning boshlanishi borligiga amin bo‘lishdi.
Yer yuzi dastlab qanday ko‘rinishga ega bo‘lgan?
Ibtido 1:2, 9 da aytilishicha, Yer sayyorasi yaratilganida «shaklsiz va bo‘m-bo‘sh» bo‘lib, suv bilan qoplangan edi.
Bu fikrga olimlar ham qo‘shilishadi. Biolog Patrik Shixning so‘zlariga ko‘ra, sayyoramiz paydo bo‘lganida unda na nafas olish uchun kislorod, na boshqa narsa bor edi. Bir jurnalda shunday yozilgan: «So‘nggi tadqiqotga ko‘ra, qadimda Yer
sayyorasi suv bilan qoplangan edi va unda deyarli quruq joy bo‘lmagan». («Astronomy»)Atmosferamiz vaqt o‘tib qanday o‘zgargan?
Ibtido 1:3–5 ga ko‘ra, yorug‘lik ilk bor atmosferadan o‘tganida yer yuziga xira bo‘lib yetib kelgan. Ma’lum vaqt o‘tgach esa, Quyosh va Oy yerdan tiniq ko‘ringan. (Ibtido 1:14–18)
Muqaddas Kitobda yer yuzida hayot tom ma’nodagi 6 kun ichida yaratilgan, deb aytilmagan
Smitson ekologik ilmiy tadqiqot markazi tomonidan chop etilgan maqolaga binoan, avvaliga atmosferamiz juda qalin bo‘lganidan yorug‘lik yer yuziga xira bo‘lib tushgan. O‘sha maqolada aytilishicha, butun yer yuzini qalin metanli tuman qoplab turgan. Keyinchalik metanli tuman tarqalgan va osmon ko‘m-ko‘k bo‘lgan.
Yer yuzida hayot qanday tartibda paydo bo‘lgan?
Ibtido 1:20–27 ga ko‘ra, boshida baliqlar, qushlar, quruqlikda yashovchi hayvonlar va oxirida odamlar yaratilgan. Olimlarning fikricha, ilk baliqlar dastlabki sutemizuvchilardan ancha oldinroq, odamlar esa ancha keyinroq paydo bo‘lgan.
Muqaddas Kitobda tirik organizmlar vaqt o‘tib o‘zgarmaydi, deb aytilmagan
Muqaddas Kitobda yozilganlar borasida noto‘g‘ri fikrlar.
Ayrimlarning o‘ylashicha, Muqaddas Kitobda aytilgan narsalar olimlarning kashfiyotlaridan farq qiladi. Lekin bunday fikrlar ko‘pincha inson Muqaddas Kitobda aslida nima deyilganini noto‘g‘ri tushungani uchun kelib chiqadi.
Muqaddas Kitobda koinot yoki Yer atigi 6 000-yildan beri mavjud, deb aytilmagan. Aksincha, u yerda shunchaki koinot va Yer «boshida» yaratilgani haqida yozilgan. (Ibtido 1:1) Muqaddas Kitobda ular aynan qachon yaratilgani borasida ma’lumot yo‘q.
Muqaddas Kitobda yer yuzida hayot tom ma’nodagi 6 kun ichida yaratilgan, deb aytilmagan. Aksincha, u yerda qo‘llanilgan «kun» so‘zi ma’lum muddatga ishora qiladi. Masalan, Muqaddas Kitobga ko‘ra, butun koinotning yaratilishi «kun» deb nomlangan muddat ichida yuz bergan. (Ibtido 2:4) Bu muddatga Ibtido kitobining 1- bobida tilga olingan 6 ta yaratilish kuni ham kiradi. Demak, 6 ta yaratilish kunining (bu kunlar ichida Xudo yer yuzida hayot paydo bo‘lishi uchun uni tayyorlab, unda hayot yaratgan) har biri ancha uzoq vaqt davom etgan bo‘lishi mumkin.
Muqaddas Kitobda tirik organizmlarning tashqi qiyofasi vaqt o‘tib o‘zgarmaydi, deb aytilmagan. Ibtido kitobida yozilishicha, hayvonlar «o‘z turiga qarab» yaratilgan. (Ibtido 1:24, 25) Muqaddas Kitobda ishlatilgan «tur» so‘zi ilmiy atama emas. Bu so‘z ostida turli hayotiy shakllar nazarda tutiladi. Demak, «tur» so‘zi ko‘plab guruhlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Bundan xulosa qilsak bo‘ladiki, bir turga mansub bo‘lgan va bitta hududda yashaydigan tirik organizmlar vaqt o‘tib o‘zgarishi hech gap emas.
Nima deb o‘ylaysiz?
Yuqorida aytilganidek, Muqaddas Kitobda koinotning vujudga kelishi, Yerning dastlabki ko‘rinishi hamda hayotning paydo bo‘lishi oddiy va aniq qilib tushuntirilgan. Bunday bo‘lsa, balki Muqaddas Kitobda barcha narsalarni yaratgan Shaxs haqida ham aniq ma’lumotlar bordir? Bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Hayot g‘ayritabiiy hodisa tufayli paydo bo‘lgani haqidagi fikr, umuman olganda, zamonaviy ilmiy faktlarga hamohangdir» a. («Encyclopædia Britannica»)
a Bu ensiklopediya hayot yaratilgani haqidagi g‘oyani ma’qullamaydi.