Yahova tanishish arziydigan Xudodir
Shohlik xabarchilarining hikoyalari
U hayot mazmunini topdi
Iso qo‘ylarini tanishini aytgan. (Yuhanno 10:14) Agar inson samimiy bo‘lsa va tinchlig-u adolatni sevsa, Isoning izdoshi bo‘lishi mumkin. Bunday odam hayotning mazmunini topadi. Belgiyalik bir ayol bilan aynan shunday bo‘ldi. Quyida uning hikoyasi keltirilgan:
«Yahovaning Shohidlari eshigimni taqillatib kelishganida, men qattiq tushkunlikda edim, hatto jonimga qasd qilmoqchi bo‘lib yurgandim. Shohidlarning bu dunyoning muammolari hal qilinishi haqidagi gapini eshitganimda xursand bo‘lgan edim. Ammo bu muammolarni hal qilishda Xudo ishtirok etishi haqidagi fikr menga yoqmadi. Bundan sakkiz yil oldin men cherkovga borishni to‘xtatgan edim. Chunki u yerdagi ikkiyuzlamachilikdan nafratlanardim. Yahova Shohidlarining gaplarida haqiqat borligini va muammolarni Xudosiz hal qilib bo‘lmasligini tushundim.
Afsuski, Yahovaning Shohidlari menikiga bir necha marta kelishganidan keyin ular bilan aloqani yo‘qotdim. O‘zimni nihoyatda baxtsiz his qilardim. Kuniga ikki pachka sigaret chekadigan bo‘ldim va hatto giyohvand moddalarni qabul qila boshladim. Marhum bobom bilan suhbatlashishni istaganim uchun sehr-jodu bilan shug‘ullana boshladim. Buning oqibatida bir kuni tunda jinlar menga hujum qilishdi. Bu bir necha oy davom etdi. Har kuni tunda yolg‘iz qolish fikridan dahshatga tushardim.
Bir kuni sayrga chiqdim, ammo o‘zim odatlangan emas, balki boshqa yo‘ldan yurdim. Va qurilish ketayotgan joyga keldim. U yerda odam ko‘pligini ko‘rdim. Yaqinroq borib qarasam, Yahovaning Shohidlari Yig‘ilish zalini qurishayotgan ekan. Men Yahovaning Shohidlari uyimga kelgan paytlarni esladim. Va «Qaniydi, dunyodagi barcha ular kabi yashasa» deb o‘ylab qoldim.
Yahovaning Shohidlari uyimga kelishini istardim, shuning uchun qurilish ketayotgan joyga borib ular bilan gaplashdim. Xudoga ibodat qildim. Va bundan keyin men bilan birinchi marta tadqiq qilgan kishi eshigimni taqillatdi. U Muqaddas Kitobni o‘rganishni taklif qildi va men jon deb rozi bo‘ldim. U meni Yig‘ilish zalidagi uchrashuvlarga taklif qildi va men rozi bo‘ldim. U yerda ko‘rganlarimdan taassurotda edim! Men aynan shunday bir-birini yaxshi ko‘radigan va baxtiyor insonlarni qidirgandim. Va nihoyat, shunday odamlarni topdim!
Keyin yig‘ilishlarga qatnay boshladim. Uch hafta o‘tgach, chekish kabi yomon odatimni tashladim. Munajjimlikka oid kitoblardan hamda sehr-jodu bilan bog‘liq qo‘shiqlardan qutuldim. Va jinlar menga kamroq ta’sir o‘tkazayotganini his qildim. Hayotimni tartibga keltirib, Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashay boshladim. Uch oy o‘tib, xushxabarni va’z qiladigan bo‘ldim. Olti oy o‘tgach esa suvga cho‘mdim. Suvga cho‘mganimdan ikki kun o‘tib, ko‘makchi kashshof bo‘lib xizmat qila boshladim.
Barcha yaxshiliklari uchun Yahovadan minnatdorman. Endi hayotimda ma’no bor. Ha, Yahovaning ismi mustahkam qal’a va men u yerda panoh va himoya topdim. (Hikmatlar 18:10) Sano bastakorining Zabur 84:10 dagi so‘zlariga qo‘shilaman: «Hovlilaringda o‘tgan bir kun, boshqa yerda o‘tgan ming kundan yaxshiroqdir! Yovuzlar chodirida yashagandan ko‘ra, Tangrim uyining ostonasida turishni afzal ko‘raman».
Bu samimiy va oqko‘ngil ayol hayot mazmunini topdi. Yahovani izlayotgan boshqa insonlar ham hayot mazmunini topishi mumkin.