Asosiy materiallarga o‘tish

Dam olishning qaysi turlari siz uchun foydali?

Dam olishning qaysi turlari siz uchun foydali?

Dam olishning qaysi turlari siz uchun foydali?

Rabbimizga nima ma’qul ekaniga doimo ishonch hosil qilinglar. EFES. 5:10

1, 2. a) Yahova hayotdan zavqlanib yashashimizni istayotganini qayerdan bilamiz? b) Dam olish «Xudoning in’omi» ekan, undan qanday foydalanishimiz kerak?

 YAHOVA TAOLO shunchaki kun kechirishimizni emas, balki hayotdan zavqlanib yashashimizni istayotgani haqida Muqaddas Kitobda ko‘p oyatlar bor. Masalan, Zabur 104:14, 15 da shunday yozilgan: «Inson yeriga ishlov berib ovqat topar. Odam dilini xushnud qiladigan sharobni, inson yuzini yaltiratadigan yog‘ni, diliga quvvat beradigan nonni ham Sen yaratasan». Darhaqiqat, Tangri Yahova bizni oziqlantirish uchun yerdan bug‘doy o‘stiradi, yog‘ va sharobni beradi. Garchi sharob yashashimiz uchun zaruriy ehtiyoj bo‘lmasa-da, ammo u «odam dilini xushnud qiladi» (Voiz 9:7; 10:19a). Ha, Alloh Yahova «qalblarimizni quvonchga to‘ldirib», hayotdan zavqlanib yashashimizni juda istaydi (Havor. 14:16, 17).

2 Goh-gohida «qushlarni diqqat bilan kuzatish» hamda «dashtdagi piyozgullarning qanday o‘sishiga qarash» yoki hayotimizni boyitib, bizga quvonch keltiradigan ba’zi ishlarga vaqt ajratishning yomon joyi yo‘q (Mat. 6:26, 28; Zab. 8:3, 4). Zero zavq baxsh etuvchi hayot — «Xudoning in’omidir» (Voiz 3:12, 13). Yahova dam olishni in’om sifatida bizga taqdim etgan ekan, keling, bu hadyadan Unga ma’qul tarzda foydalanaylik a.

Xilma-xillik hamda chegara qo‘yish

3. Nima uchun dam olish masalasida xilma-xillik borligini e’tiborga olsak oqilona bo‘ladi?

3 Dam olish borasida muvozanatli nuqtai nazarga ega bo‘lgan kishilar, xilma-xillik borligini bilishsa-da, bu masalada chegara qo‘yish kerakligini ham tushunishadi. Nima uchun? Bu savolga javob olish uchun, keling o‘yin-kulgini ovqat bilan solishtiraylik. Milliy taomlar dunyoning turli joylarida xilma-xil bo‘ladi. Shuning uchun ayrim joylarda odamlar maza qilib yeydigan taomlar, boshqa yerlarda ishtahali bo‘lmasligi ajablanarli emas. Shu singari muayyan hududda yashovchi masihiylar xush ko‘rgan dam olish turlarini, boshqa joylardagi masihiylar yoqtirmasligi mumkin. Vaholanki bitta hududda yashovchi masihiylarning dam olish borasida fikrlari turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, birov qiziqarli kitob o‘qib hordiq chiqarsa bo‘ladi deb hisoblasa, boshqasi buni zerikarli deb biladi. Yoki kimdir jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni, misol uchun velosiped minib sayr qilishni yoqtirsa, ikkinchisi buni yoqtirmasligi mumkin. Oziq-ovqat masalasida xilma-xillik hamda shaxsiy tanlov borligini inobatga olganimizdek, dam olish turlari borasida ham buni e’tiborga olishimiz muhim (Rim. 14:2–4).

4. O‘zimizga yoqqan dam olish turlari masalasida nima uchun chegara qo‘yishimiz muhim? Misol keltiring.

4 Dam olish masalasida xilma-xillik borligi, ko‘nglimiz tusagan ishni qilish huquqini bermaydi. Yana bir bor ovqat misoliga qaytaylik. Garchi barchamiz turli taomlarni tanovul qilishni xush ko‘rsak-da, lekin hech birimiz atayin achigan ovqatni yemaymiz. Bunday ovqatni yeyish aqlsizlik bo‘lib, sog‘ligimizga xavf soladi. Shu singari biz ham turli xil foydali o‘yin-kulgilarni yaxshi ko‘rsak-da, biroq hayotimizga xavf soladigan, zo‘ravonlikka to‘lib-toshgan yoki axloqan buzilgan hordiq chiqarish turlaridan qochamiz. Bu kabi o‘yin-kulgilar Muqaddas Kitob qonun-qoidalariga zid bo‘lib, nafaqat jismoniy, balki ma’naviy sog‘ligimizga tahdid soladi. Mazkur masalada oqilona chegaradan chiqmaganimizga amin bo‘lish uchun, o‘zimizga yoqqan muayyan dam olish turlari foydali yoki zararli ekanini oldindan belgilab olsak yaxshi bo‘lardi (Efes. 5:10). Xo‘sh buni qilishning qanday yo‘llari bor?

5. Tanlagan dam olish turi Muqaddas Kitob talablariga javob berishini qanday aniqlasa bo‘ladi?

5 Dam olish turlari bizga foyda keltirib, Yahovaga ma’qul bo‘lishi uchun, ular Muqaddas Kitobning muayyan talablariga javob berishi darkor (Zab. 86:11). Dam olish turlarini tanlashda bir qarorga kelish maqsadida tekshiruv ro‘yxatini tuzing. Bu ro‘yxat qaysi, qancha va kim degan uchta savoldan iborat. Keling, uchalasini birma-bir ko‘rib chiqaylik.

Qaysi — nimani o‘z ichiga oladi?

6. Qaysi o‘yin-kulgilardan voz kechishimiz muhim va nega?

6 O‘yin-kulgining muayyan turini tanlashdan oldin: «Men yoqtirgan dam olish turi nimani o‘z ichiga oladi?» — deb o‘zimizga savol beraylik. Bu savolga javob izlayotganda, o‘yin-kulgilar asosan ikki toifaga bo‘linishini yodda tutaylik. Birinchisiga «yo‘q», ikkinchisiga esa «balki» deb javob beramiz. Xo‘sh, birinchisi qaysi? Yovuzlashib ketgan bu dunyoda, aksariyat o‘yin-kulgilar Muqaddas Kitob qonun-qoidalariga umuman zid yoki Xudoning qonunlarini buzadi (1 Yuhan. 5:19). Isoning chinakam izdoshlari bu kabi o‘yin-kulgilarni aslo tanlashmaydi. Bu, ins-jinslarga aloqador narsalarni, o‘z jinsidagi kishi bilan aloqada bo‘lishni, pornografiyani yoki zo‘ravonlikni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, bunga birovni qiynashdan lazzatlanishni yoki axloqsizlikni yaxshi qilib ko‘rsatadigan o‘yin-kulgilar ham kiradi (1 Kor. 6:9, 10; Vahiy 21:8 ni o‘qing). Yolg‘iz bo‘lamizmi yoki boshqalar davrasidami, bu toifadagi o‘yin-kulgilardan voz kechsak, «yomonlikdan jirkanayotganimizni» Yahovaga ko‘rsatamiz (Rim. 12:9; 1 Yuhan. 1:5, 6).

7, 8. Muayyan o‘yin-kulgilarning sifatini qanday aniqlasa bo‘ladi? Misol keltiring.

7 Ikkinchi toifaga Xudoning Kalomida ochiqdan-ochiq qoralanmagan o‘yin-kulgi turlari kiradi. Muqaddas Kitobda o‘yin-kulgilarning har bir turiga alohida izoh berilmagan. Lekin undagi qonun-qoidalar Yahovaning nazarida nima yaxshi va nima yomon ekanini tushunishga yordam beradi. Shunday ekan, bu kabi o‘yin-kulgilarni tanlashdan avval, ular Muqaddas Kitob qonun-qoidalariga zid emasligiga amin bo‘lishimiz kerak (Hik. 4:10, 11). Keyin esa, vijdonimizni toza saqlashga yordam beradigan shaxsiy qaror chiqarishimiz lozim (Galat. 6:5; 1 Tim. 1:19). Buni qanday qilsak bo‘ladi? Mana bu misol ustidan o‘ylab ko‘ring: birorta yangi taomni yeyishdan oldin, u qaysi masalliqlardan tayyorlanganini bilishni istaymiz. Shu singari, muayyan o‘yin-kulgini tanlashdan avval, uning xususiyatlarini o‘rganib chiqishimiz darkor (Efes. 5:17).

8 Aytaylik, siz ko‘plarga o‘xshab sport bilan shug‘ullanishni yoqtirasiz. Chunki sport odamga quvonch va zavq baxsh etadi. Lekin kuchli raqobat ruhini uyg‘otadigan, kishining hayotiga xavf soladigan, shikast yetkazadigan, isyonkorlik, millatchilik va shu kabilarni ko‘kka ko‘taradigan sport turlarini yoqtirsangiz-chi? Xususiyatlarini o‘rganib chiqqandan keyin, fikrlash tarzingizni Yahovaning nuqtai nazariga hamda va’z qilayotgan tinchlik va sevgi xabarimizga moslashtirish imkonsiz ekanini tushunasiz (Ishayo 61:1; Galat. 5:19–21). Ammo muayyan hordiq chiqarish turi Yahovaning nazarida foydali hisoblangan «masalliqlarni» o‘z ichiga olsa, u sizga foyda keltirib, tetiklik baxsh etadi (Galat. 5:22, 23; Filippiliklarga 4:8 ni o‘qing).

Bunga qancha vaqt sarflayman?

9. «O‘yin-kulgiga qancha vaqt sarflayman?» — degan savolning javobidan nima ayon bo‘ladi?

9 O‘zimizga berishimiz kerak bo‘lgan ikkinchi savol: «Qancha, ya’ni bu o‘yin-kulgiga qancha vaqt sarflayman?» Qaysi degan savolga javob topish orqali niyatlarimiz haqida ko‘p narsalarni, jumladan nima o‘rinli va nima o‘rinsiz ekanligini bilib oldik. Ammo qancha degan savolning javobidan esa, hayotimizda nima ustuvor, ya’ni biz uchun nima muhim va nima ahamiyatsiz ekani ayon bo‘ladi. Xo‘sh, hayotimizda o‘yin-kulgi qanchalik muhim ekanini aniqlashga nima yordam beradi?

10, 11. Isoning Matto 6:33 da yozilgan so‘zlari o‘yin-kulgiga sarflaydigan vaqtimizni belgilashga qanday ko‘maklashadi?

10 Iso Masih shunday degan: «Tangring Yahovani butun qalbing, butun joning, butun onging va butun quvvating bilan sev» (Mark 12:30). Haqiqatdan ham, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz hayotimizda birinchi o‘rinda turadi. Buni esa Isoning quyidagi nasihatiga amal qilish orqali namoyon qilamiz: «Xudoning Shohligi va Uning adolati hayotingizda birinchi o‘rinda bo‘lsin, o‘shandagina bularning bari sizlarga qo‘shimcha qilib beriladi» (Mat. 6:33). Qanday qilib ushbu nasihat bizga o‘yin-kulgiga qancha vaqt sarflash va u qanchalik muhimligini belgilashga ko‘maklashadi?

11 E’tibor bergan bo‘lsangiz, Iso bizni «Xudoning Shohligi... hayotingizda birinchi o‘rinda bo‘lsin», deb rag‘batlantirgan. Lekin u, faqatgina Xudoning Shohligi payidan bo‘linglar, deb aytmagan. Demak, Iso Shohlikni birinchi o‘ringa qo‘yishdan tashqari, hayotda boshqa narsalarning, jumladan uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, ta’lim olish, ish, dam olish va hokazolarning o‘z o‘rni borligini tushunardi. Biroq bular orasidan Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yamiz (1 Kor. 7:29–31). Nima birinchi o‘rinda turishi kerakligini tushunsak, dam olishni va barcha boshqa ishlarni ikkinchi, Xudo Shohligini esa birinchi o‘ringa qo‘yamiz. Agar shunday yo‘l tutsak, dam olish bizga foyda keltiradi.

12. Dam olish masalasida qaror qabul qilishga Luqo 14:28 dagi me’yor qanday ko‘maklashadi?

12 Shunday qilib dam olishga sarflaydigan vaqtga kelsak, bu bizga qanchalik qimmatga tushishini oldindan hisoblab chiqsak yaxshi bo‘lardi (Luqo 14:28). Demak, dam olishga qancha vaqt sarflash borasida bir qarorga kelishimiz kerak. So‘ng, bunga qancha vaqt sarflash arzigulik ekanini aniqlab olishimiz lozim. Agar tanlagan dam olish turimiz Muqaddas Kitobni shaxsan tadqiq qilish, oilaviy topinish, jamoat uchrashuvlariga qatnashish yoki va’zgo‘ylik xizmati kabi muhim ishlarni chetga surib qo‘ysa, demak bunga vaqt sarflash arzimaydi (Mark 8:36). Aksincha dam olish turi, Shohlik manfaatlari payida bo‘lishimiz uchun bizga kuch bag‘ishlayotgan bo‘lsa, unga sarflagan vaqtimiz arzigulik ekaniga amin bo‘lishimiz mumkin.

Mening do‘stlarim kim?

13. Kimlar bilan dam olish masalasiga nega diqqatli bo‘lishimiz kerak?

13 O‘zimizga berishimiz kerak bo‘lgan uchinchi savol: «Kim, ya’ni men kimlar bilan dam olmoqchiman?» Dam olish masalasida bu muhim ahamiyatga ega. Nega? Boisi tanlagan o‘yin-kulgining sifati, uni kim bilan o‘tkazishimizga bog‘liq. Masalan, yaxshi do‘stlar davrasida taom iste’mol qilish juda yoqimli bo‘lganidek, yaxshi do‘stlar bilan dam olish ham ko‘pincha rohat baxsh etadi. Tabiiyki ko‘pchilik, ayniqsa yoshlar boshqalar bilan dam olishni yoqtiradi. Dam olish turi foydali bo‘lishiga ishonch hosil qilish uchun, kimlarni davramizga qo‘shish, kimlarni esa qo‘shmaslikni oldindan aniqlab olsak oqilona bo‘ladi (2 Sol. 19:2; Hikmatlar 13:20 ni o‘qing; Yoqub 4:4).

14, 15. a) Yaxshi do‘stlar tanlashda Iso qanday o‘rnak ko‘rsatgan? b) Birov bilan do‘st bo‘lishdan oldin, o‘zimizga qanday savollarni berishimiz lozim?

14 Do‘st tanlashda Isoning o‘rnagiga ergashish juda foydali. U odamlar yaratilganidan buyon ularni sevgan (Hik. 8:31). Yer yuzida bo‘lganida Iso turli insonlarga mehr ko‘rsatgan (Mat. 15:29–37). Biroq u, iliq munosabatda bo‘lish bilan yaqin do‘st bo‘lish orasida farq borligini ko‘rsatgan. U hammaga nisbatan iliq munosabatda bo‘lgan bo‘lsa-da, muayyan talablarga javob beradigan kishilarnigina yaqin do‘st hisoblagan. 11 nafar sadoqatli havoriylariga qarata u quyidagilarni aytgan: «Men bergan amrlarga rioya qilsangiz, mening do‘stlarim bo‘lasizlar» (Yuhan. 15:14; shuningdek Yuhan. 13:27, 30 ga qarang). Demak, Iso uning orqasidan ergashib, Yahovaga xizmat qilgan kishilarni do‘stlari deb bilgan.

15 Birov bilan yaqin do‘st bo‘lishdan oldin, Isoning so‘zlarini esda saqlasak yaxshi bo‘lardi. O‘zingizga quyidagi savollarni berib ko‘ring: «Bu kishi o‘z ishlari va so‘zlari bilan Yahovaning hamda Isoning amrlariga bo‘ysunayotganini ko‘rsatyaptimi? U yaxshilikni sevib, yomonlikdan nafratlanadimi? U bilan dam olish, meni Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishga va Yahovaga sadoqatli bo‘lishga undaydimi?» Agar ushbu savollarga ijobiy javob bergan bo‘lsangiz, u holda dam olish uchun yaxshi do‘st tanlagan ekansiz (Zabur 119:63 ni o‘qing; 2 Kor. 6:14; 2 Tim. 2:22).

Tanlagan dam olish turi sinovdan o‘tdimi?

16. O‘yin-kulgini tanlashda o‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

16 O‘yin-kulgi tanlashda biz sifat, miqdor va kimlar bilan degan uchta omilni qisqacha ko‘rib chiqdik. Dam olish turi Muqaddas Kitob me’yorlariga asoslangan uchta omilga muvofiq bo‘lsa, bizga foyda keltiradi. Demak, biror bir dam olish turini tanlashdan oldin, uni tekshirib ko‘rish kerak. Sifatiga keladigan bo‘lsak: «Qaysi — nimani o‘z ichiga oladi? Foydalimi yoki zararlimi?» — deb savol berishimiz kerak (Hik. 4:20–27). Miqdor masalasida: «Bunga qancha vaqt sarflayman? Shuncha vaqt sarflash arziydimi?» — deb o‘ylab ko‘rsak bo‘ladi? (1 Tim. 4:8). Kim bilan degan omilga esa: «Men kimlar bilan dam olmoqchiman? Ular yaxshimi yoki yomonmi?» —deb so‘rashimiz kerak (Voiz 9:18; 1 Kor. 15:33).

17, 18. a) Tanlagan o‘yin-kulgi Muqaddas Kitob me’yorlariga javob beryaptimi yoki yo‘qmi qanday tekshirsa bo‘ladi? b) O‘yin-kulgi tanlash masalasida, shaxsan siz qanday qarorga keldingiz?

17 Mabodo muayyan o‘yin-kulgi turi Muqaddas Kitob me’yorlariga asoslangan uchta omildan hatto bittasiga ham javob bermasa, demak u tekshiruvdan o‘tmadi. Aksincha tanlagan dam olish turi uchta omil bo‘yicha Xudo Kalomidagi qonun-qoidalarga to‘g‘ri kelsa, unda u Yahovaga sharaf keltirib, bizga esa foydali bo‘ladi (Zab. 119:33–35).

18 Shunday ekan, dam olish masalasida, doim to‘g‘ri narsani, to‘g‘ri vaqtda va to‘g‘ri odamlar bilan birgalikda qilishga intilaylik. Muqaddas Kitobdagi mana bu maslahatga rioya qilish har birimizning istagimizga aylansin: «Yeysizlarmi, ichasizlarmi, nimaiki qilsangizlar, hamma narsani Xudoni ulug‘lash uchun qilinglar» (1 Kor. 10:31).

[Izoh]

a Bu maqolada, «dam olish» yoki «o‘yin-kulgi» ma’nodosh iboralar tariqasida qo‘llanilgan bo‘lib, hordiq chiqarib ko‘ngilni xushnud qilish uchun ajratgan vaqtimiz nazarda tutiladi.

Marhamat, javob bering

Dam olish masalasida quyida keltirilgan oyatlardagi qonun-qoidalarni qanday qo‘llashingiz mumkin:

Filippiliklarga 4:8

Matto 6:33

Hikmatlar 13:20

[Tadqiq uchun savollar]

[9- sahifadagi diagramma]

(Matnning asl tuzilishini ko‘rish uchun adabiyotga qarang)

Qaysi

[10- sahifadagi diagramma]

(Matnning asl tuzilishini ko‘rish uchun adabiyotga qarang)

Qancha

[10- sahifadagi diagramma]

(Matnning asl tuzilishini ko‘rish uchun adabiyotga qarang)

Kim

[12- sahifadagi rasm]

Do‘stlarni hamda dam olishni tanlashda, Isodan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?