Haqiqat «tinchlik emas, qilich» keltiradi
Meni dunyoga tinchlik keltirgani kelgan deb o‘ylamanglar; men tinchlik emas, qilich keltirdim. MAT. 10:34
QO‘SHIQLAR: 43, 24
1, 2. a) Hozir qanday tinchlikdan bahra olyapmiz? b) Nega hozir tamomila tinchlikka erishish imkonsiz? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)
BARCHAMIZ betashvish va tinch yashashni istaymiz. Yahova bizga O‘z «tinchligini» tuhfa qilgani uchun bag‘oyat minnatdormiz. Bu tinchlik bizni tashvishli o‘y-fikrlaru tuyg‘ulardan himoya qilib, qalbimizga xotirjamlik baxsh etadi. (Filip. 4:6, 7) Boz ustiga, hayotimizni Yahovaga bag‘ishlaganimiz tufayli, Alloh bilan tinch munosabatlarga ega bo‘lganimizdan baxtiyormiz. (Rim. 5:1)
2 Afsuski, Xudo butun yer yuzida tinchlik o‘rnatadigan vaqt hali kelmadi. Ushbu nihoyatda og‘ir paytlarda dunyo nizolarga to‘la bo‘lib, urishqoqlik ruhi hukm surmoqda. (2 Tim. 3:1–4) Masihiy ekanmiz, Shaytonga va u olg‘a surayotgan soxta ta’limotlarga qarshi ma’naviy kurash olib borishimiz lozim. (2 Kor. 10:4, 5) Ammo imonda bo‘lmagan qarindoshlarning bosimi bundan-da qiyinroq bo‘lishi mumkin. Bu tufayli esa tinchligimizni yo‘qotishimiz hech gap emas. Ba’zilar e’tiqodimiz ustidan kulishi, oiladagi kelishmovchiliklarda bizni ayblashi yoki imonimizdan qaytmasak, bizdan voz kechishlarini aytib qo‘rqitishi mumkin. Xo‘sh, oiladagi qarshiliklarga qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerak? Buning oqibatida kelib chiqadigan qiyinchiliklarni qanday yenga olamiz?
OILADAGI QARSHILIKLARGA QANDAY NUQTAI NAZARDA BO‘LISHIMIZ KERAK?
3, 4. a) Isoning ta’limotlari oiladagi munosabatlarga qanday ta’sir qilishi mumkin? b) Isoga ergashish, ayniqsa, qaysi vaziyatlarda qiyin kechadi?
3 Iso hamma ham uning ta’limotlarini qabul qilmasligini, shuningdek, uning izdoshlari qarshiliklarga duch kelganda jasoratga muhtoj bo‘lishlarini bilgan. Bunday qarshiliklar oila a’zolari o‘rtasidagi tinchlikka ta’sir qilishi mumkin edi. Iso shunday degan: «Meni dunyoga tinchlik keltirgani kelgan deb o‘ylamanglar; men tinchlik emas, qilich keltirdim. Otani o‘g‘lidan, onani qizidan, qaynanani kelinidan ayirgani keldim. Darhaqiqat, odamning uyidagilari unga dushman bo‘lishadi». (Mat. 10:34–36)
4 Isoning: «Meni dunyoga tinchlik keltirgani kelgan deb o‘ylamanglar»,— degan so‘zlari nimani anglatadi? U, tinglovchilari uning izdoshi bo‘lish, ba’zi kutilmagan vaziyatlarni tug‘dirishi mumkinligini bilishlarini istagan. Uning xabari insonlar o‘rtasida kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin edi. Albatta, Isoning niyati o‘zaro munosabatlarni buzish emas, xushxabarni e’lon qilishdan iborat edi. (Yuhan. 18:37) Mabodo yaqin do‘stlaringiz yoki oila a’zolaringiz haqiqatni qabul qilmasa, Isoning ta’limotlariga astoydil amal qilish qiyin kechadi.
5. Isoning izdoshlari nimalarni o‘z boshlaridan o‘tkazishadi?
5 Iso izdoshlarini oila a’zolarining qarshiliklariga dosh bera olish uchun tayyor turishga undagan. (Mat. 10:38) Oila a’zolari ularni mazax qilganda, hatto ulardan voz kechganda, Masihga munosib ekanliklarini isbotlash uchun, ular bardoshli bo‘lishlari zarur. Ammo ular yo‘qotganidan ko‘prog‘iga erishishadi. (Mark 10:29, 30 ni o‘qib bering.)
6. Qarindoshlarimiz Yahovaga topinishimizga to‘sqinlik qilsa, nimani yodda tutishimiz darkor?
6 Qarindoshlarimiz Yahovaga topinishimizga to‘sqinlik qilsa ham, biz ularga o‘z mehrimizni ko‘rsataveramiz. Ammo Yahovaga hamda Isoga bo‘lgan sevgimiz birinchi o‘rinda turishi lozimligini yodda tutishimiz darkor. (Mat. 10:37) Lekin Shayton oilamizga bo‘lgan mehr-muhabbatimizdan benuqsonligimizni sindirish yo‘lida foydalanmoqchi ekanini tushunishimiz zarur. Keling, ba’zi qiyin vaziyatlarni hamda ularni qanday yenga olishimizni muhokama qilaylik.
IMONDA BO‘LMAGAN TURMUSH O‘RTOQ
7. Masihiy er yoki xotin imondosh bo‘lmagan turmush o‘rtog‘iga qanday munosabat ko‘rsatishi lozim?
7 Muqaddas Kitobda turmush qurganlarning «hayotida yangi qiyinchiliklar paydo bo‘ladi», degan ogohlantirish bor. (1 Kor. 7:28) Agar umr yo‘ldoshingiz imonda bo‘lmasa, nikohda odatdagidan ko‘proq qiyinchilik va tashvishlarga duch kelishingiz mumkin. Shunga qaramay, vaziyatingizga Yahovaning nuqtai nazari bilan qarash muhim ahamiyatga ega. Turmush o‘rtog‘ingiz Isoning izdoshi bo‘lishni istamayotgani alohida yashashga yoki ajrashishga jiddiy sabab bo‘la olmaydi. (1 Kor. 7:12–16) Garchi imondosh bo‘lmagan er ma’naviy ishlarda boshchilik qilmasa-da, oila boshi bo‘lgani uchun uni hurmat qilish kerak. Shu qatorda masihiy er ham imondosh bo‘lmagan xotiniga fidoyi sevgi va mehr-muhabbatni namoyon etishi lozim. (Efes. 5:22, 23, 28, 29)
8. Imonda bo‘lmagan turmush o‘rtog‘ingiz ma’naviy faoliyatingizga cheklov qo‘ymoqchi bo‘lsa, o‘zingizga qanday savollar berishingiz kerak?
8 Agar imonda bo‘lmagan turmush o‘rtog‘ingiz ma’naviy faoliyatingizga cheklov qo‘ymoqchi bo‘lsa-chi? Masalan, imonda bo‘lmagan opamizning eri haftaning faqat muayyan kunlari va’zgo‘ylikka borishni aytishi mumkin. Agar siz ham shunga o‘xshash vaziyatga duch kelayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Ayni paytda turmush o‘rtog‘im Xudoga xizmat qilishni to‘xtatishimni talab qilyaptimi? Agar “yo‘q” deb javob bersam, aytganini qila olamanmi?» Fahm-farosatli bo‘lish sizga nikohdagi kelishmovchiliklardan qochishga yordam beradi. (Filip. 4:5)
9. Qanday qilib masihiylar o‘z farzandlariga imonda bo‘lmagan otasi yoki onasini hurmat qilishni o‘rgatishi kerak?
9 Agar turmush o‘rtog‘ingiz imondosh bo‘lmasa, farzandlarni tarbiyalash ayniqsa qiyin kechishi mumkin. Boz ustiga, ularga Muqaddas Kitobdagi «ota-onangni hurmat qil», degan amrga bo‘ysunishni o‘rgatishingiz kerak. (Efes. 6:1–3) Ammo umr yo‘ldoshingiz Muqaddas Kitobdagi yuqori me’yorlarga amal qilmasa-chi? Uni hurmat qilib, yaxshi o‘rnak ko‘rsating. Diqqatingizni uning yaxshi fazilatlariga qaratib, minnatdorchilik bildiring. Bolalaringiz oldida turmush o‘rtog‘ingizni yomonlamang. Aksincha, Yahovaga xizmat qilish har kimning shaxsiy qarori ekanini tushuntiring. Farzandlaringizning yaxshi xulq-atvori imondosh bo‘lmagan umr yo‘ldoshingizni haqiqatga jalb qilishi mumkin.
10. Qanday qilib e’tiqodi turlicha bo‘lgan oilada masihiy ota-onalar farzandlarini haqiqatda tarbiyalay olishadi?
10 Ba’zida imonda bo‘lmagan turmush o‘rtoqlar farzandlari butparastlikka xos bayramlarda ishtirok etishini hamda soxta diniy ta’limotlarni o‘rganishini xohlaydi. Ba’zi erlar masihiy xotinlari farzandlariga Muqaddas Kitobni o‘rgatishni taqiqlab qo‘yishi mumkin. Vaziyat qanday bo‘lmasin, masihiy ona bolalariga Muqaddas Kitobdan qo‘lidan kelgancha ta’lim bera oladi. (Havor. 16:1; 2 Tim. 3:14, 15) Misol uchun, Yahovaning Shohidi bo‘lmagan er, xotini kichkina bolalari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga yoki ularni yig‘ilishlarga olib borishga ruxsat bermasligi mumkin. Xotin erining bunday qarorini hurmat qilish bilan birga, fursat paydo bo‘ldi deguncha farzandlariga o‘z e’tiqodi haqida aytib bersa bo‘ladi. Shu yo‘sin, u farzandlariga axloqiy tarbiya hamda Yahova haqida bilim bera oladi. (Havor. 4:19, 20) Albatta, haq topinish masalasida farzandlar oxir-oqibat o‘zlari qaror chiqarishadi. (Qonun. 30:19, 20) a
HAQ TOPINISHGA QARSHI BO‘LGAN QARINDOSHLAR
11. Yahovaning Shohidi bo‘lmagan qarindoshlarimiz bilan oramizda qanday muammo kelib chiqishi mumkin?
11 Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganimizni avvaliga oila a’zolarimizga aytmasmiz. Imonimiz o‘sgani sayin, ehtimol, e’tiqodlarimiz haqida ochiqchasiga aytish zarurligini tushunamiz. (Mark 8:38) Agar qat’iyligingiz tufayli Yahovaning Shohidi bo‘lmagan qarindoshlaringiz bilan orangizda muammo kelib chiqsa, quyidagi maslahatlar ko‘pgina kelishmovchiliklarning oldini olib, Xudoga sadoqatli qolishingizga yordam beradi.
12. Nega imonda bo‘lmagan qarindoshlar bizga qarshilik ko‘rsatishi mumkin va qanday qilib biz ularga hamdardlik ko‘rsatsak bo‘ladi?
12 Imondosh bo‘lmagan qarindoshlarga hamdardlik ko‘rsating. Biz Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni o‘rganib, xursandchilik his qilayotgan bir paytda, imonda bo‘lmagan qarindoshlarimiz bizni aldangan yoki biror mazhabga a’zo bo‘lgan, deb xato o‘ylashlari mumkin. Bayramlarni ular bilan birga nishonlamay qo‘yganimiz uchun endi bizni yaxshi ko‘rmaydi, degan fikrga borishar. Masalaga ularning nuqtai nazari bilan qarashga intilsak hamda ularning tashvishlarini tushunish uchun diqqat bilan tinglasak hamdardlikni namoyon etgan bo‘lamiz. (Hik. 20:5) Havoriy Pavlus xushxabarni «har turli insonlar»ga yetkazish uchun ularni tushunishga intilgan. Mana shunday yondashuv bizga ham asqatadi. (1 Kor. 9:19–23)
13. Imonda bo‘lmagan qarindoshlarimizga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?
13 Muloyimlik ila gapiring. Muqaddas Kitobda: «So‘zlaringiz doimo yoqimli va mazali bo‘lsin»,— degan undov bor. (Kolos. 4:6) Qarindoshlarimiz bilan suhbatlashayotganda ilohiy fazilatlarni namoyon eta olishimiz uchun Yahovadan muqaddas ruh so‘rashimiz darkor. Biz ularning soxta diniy g‘oyalari yuzasidan bahslashmaganimiz ma’qul. Agar ularning xatti-harakati va gaplari bizga og‘ir botsa, havoriylarning o‘rnagiga ergashsak bo‘ladi. Pavlus shunday deb yozgandi: «Odamlar bizni haqorat qilishyapti, biz esa ularni duo qilyapmiz, ta’qib qilishyapti, biz esa chidayapmiz. Tuhmat qilishyapti, biz esa yumshoqlik bilan javob beryapmiz». (1 Kor. 4:12, 13)
14. Namunali xulq-atvorimiz qanday samara keltiradi?
14 Xulq-atvoringiz namunali bo‘lsin. Garchi qarshilik ko‘rsatayotgan qarindoshlarga muloyimlik bilan gapirish foyda keltirsa-da, namunali xulq-atvorimiz yanada ko‘proq samara keltiradi. (1 Butrus 3:1, 2, 16 ni o‘qing.) O‘rnagingiz orqali qarindoshlaringizga Yahovaning Shohidlari nikohdan quvonch topishini, farzandlariga g‘amxo‘rlik qilishini va axloqan pok hamda mazmunli hayot kechirishini ko‘rsating. Hatto qarindoshlarimiz hech qachon haqiqatni qabul qilmasa ham, Yahovaga sadoqatli qolib, Uni mamnun qilishdan xursandchilik topamiz.
15. Kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladigan vaziyatlarga qanday tayyorgarlik ko‘rsak bo‘ladi?
15 Oldindan tayyorgarlik ko‘ring. Kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladigan vaziyatlarni hamda ularni hal etish yo‘lini o‘ylab qo‘ying. (Hik. 12:16, 23) Avstraliyalik bir imondoshimiz shunday deydi: «Qaynatam haqiqatga qattiq qarshilik ko‘rsatardi. Hol-ahvol so‘rash niyatida unga qo‘ng‘iroq qilishdan avval, erim ikkimiz Yahovaga ibodat qilib, qaynatamning jahli chiqqanida muloyimlik bilan javob berishimiz uchun Undan yordam so‘rardik. Do‘stona suhbat olib borish uchun gaplashadigan mavzuni oldindan tayyorlab qo‘yardik. Uzoq suhbatlar din haqidagi kuchli bahsga sabab bo‘lmasligi uchun qancha vaqt davomida suhbatlashishni belgilab olardik».
16. Qarindoshlaringizni ranjitib qo‘yish tuyg‘usini qanday yenga olasiz?
16 Imondosh bo‘lmagan qarindoshlaringiz bilan hammasi silliq kechishini kutmang. Kelishmovchilik yuzaga kelsa o‘zingizni aybdor his qilishingiz mumkin. Boisi, qarindoshlaringizni yaxshi ko‘rasiz va ularni ranjitishni aslo istamaysiz. Agar o‘zingizni shunday his qilsangiz, Yahovaga sadoqatingizni oilangizga bo‘lgan mehringizdan ustun qo‘yishga jon kuydiring. Bunday qat’iylikni namoyon etsangiz, qarindoshlaringiz Muqaddas Kitob me’yorlariga amal qilish hayot-mamot masalasi ekanini ko‘rishlariga hissa qo‘shasiz. Qanday bo‘lmasin, ularni haqiqatni qabul qilishga majburlay olmaysiz. Undan ko‘ra, Yahovaning yo‘lidan yurish sizga qanday foyda keltirayotganini ko‘rsating. Chunki mehribon Xudoyimiz bizga tanlash imkonini berganidek, ularga ham tanlash imkoniyatini taqdim etyapti. (Ishayo 48:17, 18)
OILA A’ZOINGIZ YAHOVANI TARK ETGANIDA
17, 18. Oila a’zoingiz Yahovani tark etsa, bunga qanday dosh bera olasiz?
17 Oila a’zolaringizdan biri jamoatdan chetlatilsa yoki jamoat bilan aloqani uzsa, qalbingizga qilich sanchilganday bo‘ladi. Bunday og‘riqqa qanday dosh bera olasiz?
18 Ma’naviy ishlar bilan band bo‘ling. Muqaddas Kitobni muntazam o‘qish, jamoat uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘rish, ularga qatnash, va’zgo‘ylikda ishtirok etish va nihoyat dosh bera olishingiz uchun ibodat qilish orqali imoningizni mustahkamlang. (Yahd. 20, 21) Bularning bariga rioya etishingizga qaramay, baribir og‘riq his qilayotgan bo‘lsangiz-chi? Aslo taslim bo‘lmang! Ma’naviy ishlar bilan band bo‘lib, o‘y-fikrlaru tuyg‘ularingizni nazorat qila olasiz. Keling, 72- sanoning bastakori boshdan kechirganlarini ko‘rib chiqaylik. U noto‘g‘ri nuqtai nazarni rivojlantirib, qattiq iztirobga tushgan. Ammo Xudoning muqaddas maskaniga kirib, fikrlash tarzini o‘zgartira oldi. (Zab. 73:16, 17) Yahovaga sadoqat ila xizmat qilish sizga ham buning uddasidan chiqishga yordam beradi.
19. Yahova o‘rnatgan tartibni hurmat qilayotganingizni qanday ko‘rsata olasiz?
19 Yahova o‘rnatgan tartibga hurmat ko‘rsating. Garchi o‘rnatilgan tartibga rioya qilish og‘riqli bo‘lsa-da, bu barchaga, shu jumladan, gunoh qilgan kishiga doim foyda keltiradi. (Ibroniylarga 12:11 ni o‘qing.) Misol uchun, Yahova bizga tavba qilmagan kishilar bilan «muloqot qilmanglar», deb amr bermoqda. (1 Kor. 5:11–13) Qanchalik og‘riqli bo‘lmasin, jamoatdan chetlatilgan oila a’zoimiz bilan telefon, SMSlar, maktublar, elektron xatlar yoki ijtimoiy tarmoqlar kabi muloqot qilish usullaridan qochamiz.
20. Qanday umidni yo‘qotmasligimiz kerak?
20 Umidni yo‘qotmang. Sevgi «har narsaga umid qiladi», shuningdek, Yahovani tark etgan kishi bir kun emas bir kun qaytib kelishiga ishonadi. (1 Kor. 13:7) Agar oila a’zoingiz yaxshi tomonga o‘zgarayotganini ko‘rsangiz, u Muqaddas Kitobdan kuch topa olishi va Yahovaning «Menga qayting», degan taklifini qabul qilishi uchun ibodat qiling. (Ishayo 44:22)
21. Isoning izdoshi bo‘lganingiz uchun oila a’zolaringiz sizga qarshi chiqayotgan bo‘lsa, nima qilishingiz kerak?
21 Iso, agar biror insonni undan ustun qo‘ysak, unga munosib bo‘la olmasligimizni aytgan. Lekin u shogirdlari oilasidagi bosimga qaramasdan jasoratli bo‘lib, unga sadoqatni saqlay olishiga amin edi. Shunday ekan, Isoning izdoshi bo‘lganingiz uchun oila a’zolaringiz sizga qarshilik ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Yahovaga tayaning. Bu qiyinchiliklarni muvaffaqiyat bilan yengish uchun Undan yordam so‘rang. (Ishayo 41:10, 13) Yahova hamda Iso sizdan mamnun ekanini va sadoqatni saqlay olganingiz uchun ular sizni taqdirlashini bilishdan quvonch toping.
a E’tiqodi turlicha bo‘lgan oilada farzandlarni tarbiyalash haqida ko‘proq ma’lumot olishni istasangiz, «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2002-yil 15-avgust sonidagi (rus) «O‘quvchilarning savollari» nomli turkumga qarang.