Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ASOSIY MAVZU

Pornografiya — ziyonsiz vaqtichog‘likmi yoki zaharmi?

Pornografiya — ziyonsiz vaqtichog‘likmi yoki zaharmi?

Bugungi kunda dunyo pornografiyaga a to‘lib-toshgan. Uni reklama, moda, kino, musiqa, jurnal, televidenie, video o‘yin, qo‘l telefon kabi zamonaviy texnika vositalari, veb-saytlar va onlayn rejimida mavjud bo‘lgan rasmlar ichida uchratish mumkin. Shuni aytish joizki, pornografiya hozirgi zamonamizda juda keng ko‘lamda tarqalgan. Har qachongidan ko‘ra, bugungi kunda aksariyat odamlar ko‘pdan-ko‘p joylarda pornografiyaga berilib ketishgan ( «Pornografiya borasida statistik ma’lumotlar» nomli ramkaga qarang).

Pornografiya kundan-kunga boshqacha tus olib kelmoqda. Professor Geyl Dayns shunday deb yozmoqda: «Bugungi kunda tasvirlar shu qadar ochiq-oydin bo‘lib ketganki, hatto odamlar ilgari g‘ayritabiiy yoki jirkanch deb bilgan pornografiyani, hozirgi kunda oddiy hol deya hisoblashadi».

Quyidagilar borasida siz qanday fikrdasiz? Pornografiya ziyonsiz vaqtichog‘likmi yoki o‘ldiradigan zaharmi? Iso alayhissalom: «Har bir yaxshi daraxt yaxshi meva beradi, yomon daraxt esa yomon meva beradi»,— deb aytgan (Matto 7:17). Xo‘sh, pornografiya qanday meva beradi? Buning javobini bilish uchun, keling, pornografiya haqida ba’zi bir muhim savollarni ko‘rib chiqaylik.

Pornografiya odamlarga qanday ta’sir qiladi?

MUTAXASSISLARNING FIKRI. Ayrim tadqiqotchi va shifokorlarning aytishicha, pornografiyaga qaramlik giyoh moddalarga qaram bo‘lish kabidir.

Internetdagi pornografiyani tomosha qilishga odatlanib qolgan Brayan b shunday deb bo‘lishdi: «Meni hech narsa to‘xtata olmas edi. O‘zimni xuddi narkotiklar ta’siri ostidagidek his etardim. Qattiq titrab, boshim og‘rib ketardi. O‘zimni to‘xtatmoqchi edim, lekin yillar o‘tib ham, bu illatdan qutulolmas edim».

Pornografiyani tomosha qiladigan insonlar bunday moyilligini ko‘pincha yashirishadi. Ular hech kimga qo‘shilmaydigan va riyokor bo‘lishadi. Bunday kishilarning ko‘pi yolg‘izlik, uyalish, asabiylik, ruhiy tushkunlik va g‘azablanish hissini boshdan kechirishadi. Ba’zilarda hatto o‘z joniga qasd qilish fikri paydo bo‘ladi. Sergey ismli bir kishi deyarli har kuni qo‘l telefoniga pornografiyani yuklab olgan ekan. U quyidagilarni aytdi: «Men o‘zim bilan o‘zim ovora bo‘lib, tushkunlikka tushib qoldim. O‘zimni hech narsaga arzimaydigan, aybdor va yolg‘iz his qilib, boshi berk ko‘chaga tushib qolganday edim. Men rosa uyalganim va qo‘rqqanim uchun yordam so‘rashga jur’at eta olmagandim».

Hatto bir lahzali yoki nogahon pornografiyaga duch kelish ham salbiy oqibatlar keltirishi hech gap emas. Pornografiyaning ta’siri borasida tadqiqlar olib boradigan bosh mutaxassis Judit Reysman AQSH kongressining bir kengashida so‘zga chiqib, shunday degan: «Pornografiyaga oid tasvirlar odam miyasida o‘rnashib qoladi va uni o‘zgartirib, xotirada beixtiyor, ammo uzoq vaqt davom etadigan bioximik iz qoldiradi. Bu izni o‘chirib tashlash ba’zida mushkul yoki hatto umuman o‘chirib bo‘lmaydi». Pornografik veb-saytlarga bir necha marta nogahon duch kelgan 19 yoshli Susana shunday bo‘lishdi: «Ushbu tasvirlar xotiramga singib ketgan. Ular to‘satdan paydo bo‘lib qolishadi. Nazarimda, ulardan hecham xalos bo‘la olmayman».

XULOSA. Pornografiya o‘ziga qaram qilib, o‘z o‘ljasiga aylantiradi (2 Butrus 2:19).

Pornografiya oilaga qanday ta’sir qiladi?

MUTAXASSISLARNING FIKRI. Uendi va Larri Mals pornografiya haqida yozgan o‘z kitobida shunday bo‘lishishgan: «Pornografiya oilaviy hayotni yakson qiladi» («The Porn Trap»).

Pornografiya nikohni va oilalarni barbod qiladi.

  • Turmush o‘rtoqlar orasidagi ishonchni, yaqin munosabatlarni va sevgini puchga chiqaradi (Hikmatlar 2:12–17).

  • Xudbinlikni rivojlantirib, hissan begonalashtiradi va o‘z umr yo‘ldoshi bilan qoniqmaslikka olib keladi (Efesliklarga 5:28, 29).

  • Axloqsiz xayollar va ehtiroslarni qo‘zg‘atadi (2 Butrus 2:14).

  • Turmush o‘rtog‘ini g‘ayritabiiy jinsiy buzuqlikka og‘dirish vasvasasini uyg‘otadi (Efesliklarga 5:3, 4).

  • Hissiy va tom ma’nodagi xiyonatga olib boradi (Matto 5:28).

Muqaddas Kitobda umr yo‘ldoshlar bir-biriga xiyonat qilmasliklari kerak deb aytilgan (Malaki 2:16). Bevafolik — xiyonatning bir turi bo‘lib, nikohning buzilishiga va ajrashishga yetaklaydi. Ajralish oqibatida, farzandlar ham azob chekishadi.

Pornografiya shuningdek, bolalarga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziyon keltirishi mumkin. Yuqorida aytib o‘tilgan Brayan quyidagilarni gapirib berdi: «Men taxminan o‘n yoshimda bekinmachoq o‘ynayotganimizda, tasodifan dadamning pornografik jurnallarini topib oldim. O‘sha tasvirlarda meni nima jalb qilganini oxirigacha o‘zim bilmagan holda, ularni yashirincha tomosha qila boshladim. Men botqoqlikka botib qolganday edim va undan hatto ancha ulg‘ayib ham chiqolmay yurgandim». Tadqiqotlarga binoan, o‘spirinlar pornografiyaning ta’siri ostida jinsiy hayotni barvaqt boshlab, palapartish aloqalarga berilishadi, jinsiy munosabatlarga zo‘ravonlarcha yondashishadi va hissiy jihatdan o‘zgaruvchan bo‘lib qolishadi.

XULOSA. Pornografiya oiladagi sevgini zaharlaydi va azob-uqubat hamda qayg‘u-alam keltiradi (Hikmatlar 6:27).

Muqaddas Kitobda pornografiya haqida nima deyilgan?

XUDONING NUQTAI NAZARI. «Shuning uchun... tana a’zolaringizdagi zino, harom-harishlik, shahvat, zararli istak va butparastlikka teng bo‘lgan tamagirlik kabi ehtiroslarni o‘ldiringlar» (Kolosaliklarga 3:5).

Sodda qilib aytganda, Tangri Yahova c pornografiyadan jirkanadi. Bu yerda gap, Uning jinsiy munosabatlarga nisbatan haddan tashqari talabchanligida emas. Axir, Xudoning O‘zi jinsiy munosabatlarni odamlarga ato etgan, toki er-u xotin bir-birini mamnun qilib, hissiy jihatdan o‘zaro yaqinlashishsin va dunyoga farzand keltirishsin (Yoqub 1:17).

Nega Alloh Yahova uchun pornografiya jirkanchli ekanida aminmiz? Buning ayrim sabablarini ko‘rib chiqaylik.

XULOSA. Pornografiya, Alloh bilan odam orasidagi munosabatni yakson qiladi (Rimliklarga 1:24).

Shuni aytish kerakki, pornografiya tuzog‘idan qutulishni xohlagan insonlarga Yahova rahm-shafqat ko‘rsatadi. Muqaddas Kitobda: «Egamiz rahmdil, inoyatlidir, jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi mo‘ldir. Biz qanday yasalganimizni U biladi, biz tuproq ekanimizni U yodida tutadi»,— deb yozilgan (Zabur 103:8, 14). Xudo, yordamga muhtoj bo‘lgan kamtarin odamlarni «inoyat va rahm-shafqat topishga» taklif etyapti (Ibroniylarga 4:16;  «Pornografiya bilan aloqani uzing» nomli ramkaga qarang).

Ko‘pdan-ko‘p odamlar Allohning yordamini qabul qilishgan. Buning natijasi qanday bo‘lgan? Yomon odatlarini yenggan ba’zi bir odamlar haqida Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Alloh sizlarni Hazratimiz Iso Masihning ismi hamda O‘z ruhi orqali yuvib tozaladi, muqaddas qildi va odil deb e’lon etdi» (1 Korinfliklarga 6:11). Havoriy Pavlus kabi bunday kishilar: «Meni qo‘llab-quvvatlayotganning madadi bilan har narsani qila olaman»,— deya ayta olishadi (Filippiliklarga 4:13).

Pornografiyaga bo‘lgan moyilligini yenggan Susana shunday deb bo‘lishdi: «Pornografiya tuzog‘idan xalos bo‘lishga faqatgina Tangri Yahova yordam berishga qodir. Undan yordam va yo‘l-yo‘riq so‘rasangiz, Uning nazarida pok bo‘la olasiz. Xudo sizni aslo tashlab qo‘ymaydi».

a «Pornografiya» iborasi ostida ko‘rayotgan, o‘qiyotgan yoki tinglayotgan kishining ehtiroslarini qo‘zg‘atishga mo‘ljallangan jinsiy hayotni qo‘pol holda, behayolarcha tasvirlaydigan ma’lumotlar tushuniladi. Bunga rasmlar, matnlar va audio yozuvlar ham kirishi mumkin.

b Ushbu maqoladagi ismlar o‘zgartirilgan.

c Muqaddas Kitobning asl nusxasiga binoan, Yahova — Allohning ismidir.