Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

MUQOVADAGI MAVZU | MUQADDAS KITOBNING SAQLANIB QOLISH TARIXI

Yemirilish xavfi

Yemirilish xavfi

XAVF. Muqaddas Kitob yozuvchilari va kotiblari yozish uchun foydalangan asosiy material papirus va pergament bo‘lgan *. (2 Timo‘tiyga 4:13) Bu materiallarga nima xavf tug‘dirgan?

Papirus oson yirtiladi, rangi o‘chadi va tezda nuraydi. «Oxir-oqibat varaq tolalar va bir hovuch changga aylanib qoladi,— deyishadi Richard Parkinson va Stiven Kvirki ismli misrshunoslar.— Saqlanganda o‘rama bitikni mog‘or bosishi yoki namlik dastidan chirishi, ko‘milgan bo‘lsa kemiruvchilar yoki hasharotlar, xususan oq chumolilar tomonidan yeb bitirilishi mumkin». Ayrim papiruslarni topgandan keyin quyosh nuri ko‘p tushadigan va juda nam joyda saqlashgani uchun, ularning yemirilishi tezlashib ketgan.

Papirusga qaraganda pergament ancha pishiq material hisoblanadi. Lekin u ham pala-partish ishlatilishi yoki keskin harorat o‘zgarishlari, namlik va yorug‘lik ta’sirida nuraydi *. Hasharotlar ham unga xavf tug‘diradi. Qadimiy bitiklar to‘g‘risida bir kitobda shunday xulosa qilingan edi: «Kamdan-kam qadimiy bitiklar saqlanib qolgan». («Everyday Writing in the Graeco-Roman East») Agar Muqaddas Kitob yemirilib ketganida edi, undagi xabar saqlanib qolmasdi.

MUQADDAS KITOB QANDAY QILIB SAQLANIB QOLGAN? Yahudiylarning qonuniga ko‘ra, har bir shohga Muqaddas Kitob tarkibiga kiruvchi ilk beshta kitobdan — «Qonundan o‘zi uchun nusxa ko‘chirib, o‘rama bitikka yozsin»,— deb amr etilgan edi. (Qonunlar 17:18) Milodiy birinchi asrga kelib yuqori malakali kotiblar Muqaddas Yozuvlarning shunchalik ko‘p qo‘lyozmalarini tayyorlashganki, ularni Isroildagi barcha ibodatxonalarda va hatto uzoq Makedoniyada ham topish mumkin bo‘lgan! (Luqo 4:16, 17; Havoriylar 17:11) Qanday qilib juda qadimiy qo‘lyozmalar bizning kunlargacha saqlanib qolgan?

Manuscripts known as the Dead Sea Scrolls survived for centuries in clay jars stored in caves in a dry climate

«Ma’lumki yahudiylar Muqaddas Yozuvlar bitilgan o‘rama bitiklarni saqlab qolish uchun ularni ko‘zalar yoki xumlar ichiga solib qo‘yishgan»,— deb ta’rif beradi Yangi ahd mutaxassisi Filip Komfort. Hoynahoy masihiylar bu an’anani davom ettirishgan. Ana shu sababli Muqaddas Kitobning ayrim ilk qo‘lyozmalari sopol ko‘zalarda, qorong‘i xonalar va g‘orlarda, iqlimi nihoyatda quruq hududlarda topilgan.

NATIJASI QANAQA? Muqaddas Kitob qo‘lyozmalarining minglab parchalari — ayrimlarining yoshi 2 000-yildan oshiq — bizning kunlargacha saqlanib qolgan. Hech bir qadimiy matnning shunchalik ko‘p qo‘lyozmalari ko‘hna zamonlardan bizgacha yetib kelgani yo‘q.

^ Papirus degan material shu nom bilan atalgan suvda o‘suvchi o‘simlikdan tayyorlangan. Pergament hayvon terisidan qilingan.

^ Misol uchun, Qo‘shma Shtatlarning imzolangan rasmiy «Mustaqillik deklaratsiyasi» pergamentda yozilgan. Mana, 250-yildan ozroq vaqt o‘tgach, matni deyarli o‘qib bo‘lmaydigan darajada xiralashib ketgan.

O‘lik dengiz o‘rama bitiklari deb tanilgan qo‘lyozmalar iqlimi quruq joylarda, g‘orlardagi sopol ko‘zalar ichida asrlar davomida saqlanib kelingan