Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1- QISM

Allohning maslahatlari nikohni baxtli qiladi

Allohning maslahatlari nikohni baxtli qiladi

«Parvardigor boshdanoq odamlarni erkak va ayol qilib yaratdi» (Matto 19:4).

Ilk nikoh asoschisi — Xudovand Yahovadir *. Muqaddas Kitobga binoan, U birinchi ayolni yaratib, «uni odamning oldiga olib kelgan». Odamato juda xursand bo‘lgan va shunday so‘zlarni aytgan: «Nihoyat, bu mening suyaklarimdan paydo bo‘lgan suyakdir, mening etimdan yaralgan etdir» (Ibtido 2:22, 23). Tangri Yahova bugun ham eru xotinlar baxtli bo‘lishini istaydi.

Masalan, turmush qurayotib, hamma narsa silliq kechadi deb o‘ylashingiz mumkin. Aslida esa, hatto bir-birini qattiq sevgan umr yo‘ldoshlar ham ayrim qiyinchiliklarga duch kelishadi (1 Korinfliklarga 7:28). Bu risolada, Muqaddas Kitobga asoslangan me’yorlarni bilib olasiz. Ularni qo‘llasangiz, nikoh va oilangiz baxtli bo‘ladi (Zabur 18:9–12).

1 YAHOVA SIZGA TOPSHIRGAN VAZIFANI TAN OLING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? Er — oilaning boshidir (Efesliklarga 5:23).

Agar oila boshi bo‘lsangiz, Yahova jufti halolingizga mehr ila g‘amxo‘rlik qilishingizni kutadi (1 Butrus 3:7). Xotiningiz sizga sherik sifatida yaratilgan ekan, Xudo uni qadrlab, sevishingizni xohlaydi (Ibtido 2:18). Rafiqasini qattiq sevgan er, uning manfaatlarini o‘zinikidan ustun qo‘yishga tayyor bo‘ladi (Efesliklarga 5:25–29).

Agar turmush qurgan ayol bo‘lsangiz, Yahova xo‘jayiningizni chuqur hurmat qilib, vazifasini bajarishga yordam berishingizni kutadi (1 Korinfliklarga 11:3; Efesliklarga 5:33). Uning qarorlarini qo‘llab-quvvatlang va chin dildan u bilan hamkorlik qiling (Kolosaliklarga 3:18). Shunday qilsangiz, ham eringiz, ham Alloh Yahovaning nazarida chiroyli bo‘lasiz (1 Butrus 3:1–6).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Turmush o‘rtog‘ingizdan, yanada yaxshiroq er yoki xotin bo‘lish uchun nima qila olishingizni so‘rang. Uni diqqat bilan tinglab, o‘z ustingizda ishlashga intiling.

  • Sabrli bo‘ling. Bir-biringizni baxtli qilishga o‘rganishingiz uchun vaqt kerak bo‘ladi.

2 UMR YO‘LDOSHINGIZNING TUYG‘ULARINI INOBATGA OLING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? Juftingizning manfaatlarini ko‘zlang (Filippiliklarga 2:3, 4). Turmush o‘rtog‘ingiz uni qadrlayotganingizni his qilsin. Unutmangki, Yahova xizmatchilaridan «hamma bilan muloyim» bo‘lishlarini talab qiladi (2 Timo‘tiyga 2:24). «O‘ylamasdan aytilgan so‘z qilichday jarohatlaydi, dononing gaplari esa shifo beradi». Shu bois, gapirishdan avval yaxshilab o‘ylang (Hikmatlar 12:18). Allohning qudratli kuchi, mehr va sevgi ila gapirishingizga yordam beradi (Galatiyaliklarga 5:22, 23; Kolosaliklarga 4:6).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Juftingiz bilan jiddiy masalalarni muhokama qilishdan oldin ibodat qilib, xotirjamlik va uning fikrini inobatga olish haqida so‘rang.

  • Nima deb aytmoqchi ekaningizni va buni qanday qilib aytishingizni yaxshilab o‘ylab qo‘ying.

3 YAKDIL BO‘LING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? Turmush qurib, er-xotin «bir tan» bo‘ladi (Matto 19:5). Ammo ular ikkita alohida shaxs bo‘lib qolaveradi va har xil nuqtai nazarga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ular yakdil bo‘lishga o‘rganishlari kerak (Filippiliklarga 2:2). Qarorlar qabul qilishda yakdillik o‘ta muhim. Muqaddas Kitobda: «Maslahat bilan reja tuz»,— deb yozilgan (Hikmatlar 20:18). Birgalikda jiddiy qarorlar chiqarayotib, Muqaddas Kitob me’yorlariga amal qilish zarur (Hikmatlar 8:32, 33).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Umr yo‘ldoshingizga nafaqat ma’lumot yoki fikringiz, balki his-tuyg‘ularingizni ham ayting.

  • Qaror chiqarishdan oldin o‘zaro maslahatlashing.

^ 4- x.b. Muqaddas Kitobning asl nusxasiga ko‘ra Yahova — Allohning ismidir.