13- QISM
Haqiqiy imon mangu hayotga yetaklaydi
INJILDA: «Odil kishi o‘z imoni tufayli yashaydi»,— deb aytilgan (Rimliklarga 1:17). Ushbu hayajonli so‘zlarda sizga ham taalluqli bashorat mavjud. Qanday qilib, deysizmi?
Yer yuzidagi topshiriqni ado etib, Iso Masih osmonga, Allohning yoniga ko‘tarildi. Uning shogirdlari Isoning «ko‘kka ko‘tarilib, bulutlar orasida g‘oyib bo‘lganini» ko‘rishgan (Havoriylar 1:9). Alloh uni osmonda qudratli Shoh qilib tayinladi. Kelajakda «Inson O‘g‘li», ya’ni Hazrati Iso «o‘z ulug‘vorligida barcha farishtalar bilan birga kelganda, o‘zining ulug‘vor taxtiga o‘tiradi. Uning oldida barcha xalqlar to‘planadi. O‘shanda u xuddi cho‘pon qo‘ylarni echkilardan ajratgandek, odamlarni bir-biridan ajratadi» (Matto 25:31, 32). Qiziq, bu qachon amalga osharkan?
Muqaddas Kitobda umumjahon tartibsizliklar bo‘lishi bashorat qilingan. Bu esa, Masihning xalqlarni hukm qilish vaqti yaqinlashganining belgisidir. Ushbu belgiga nimalar kirishini Iso alayhissalom quyidagicha tushuntirgan: «Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko‘tariladi. Yana, kuchli zilzilalar va ko‘p joylarda o‘latlar hamda oziq-ovqat yetishmovchiligi bo‘ladi. Shuningdek, odamlar qo‘rqinchli narsalarni va osmondan tushgan alomatlarni ko‘rishadi» (Luqo 21:7, 10, 11).
Bugungi kunda Isoning so‘zlari qanday ro‘yobga chiqayotganini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Yaqinda Hazrati Iso yovuzlarni yo‘q qiladi. Oxir-oqibat Shayton ham bartaraf qilinadi! Butun yer yuzi jannatga aylanadi. Barcha odamlar bir-biri bilan va hatto hayvonlar bilan tinch-totuv umr kechirishadi. «Bo‘ri qo‘zi bilan yashar, sirtlon bilan uloqcha birga yotar, buzoq, sher, bo‘rdoqi birgadir, yosh bola ularni yetaklab yurar» (Ishayo 11:6, 9). «Hech kimsa, “Men xastaman”, demaydi». «O‘sha paytda ko‘rlarning ko‘zlari ochiladi, karlarning quloqlari esa eshitadi» (Ishayo 33:24; 35:5). Hatto o‘liklar tiriladi. Egamiz Yahova «hammaning ko‘z yoshlarini artib qo‘yadi», «o‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi» (Ishayo 25:8; Vahiy 21:4). Allohning yer yuziga nisbatan ilk niyati amalga oshadi. Naqadar zo‘r umid-a!
Imoningiz kamol topsin
Xo‘sh, Alloh qanday insonlarga jannatdan joy beradi? Imonli — haqiqiy imoni bor bo‘lgan kishilarga!
Yodingizda bo‘lsin, haqiqiy imon Allohning Kalomidagi aniq bilimlarga asoslangan. Shunday ekan, Alloh va Hazrati Iso to‘g‘risidagi bilimingizni ko‘paytiring!
Shuningdek, haqiqiy imon odil ishlar orqali mustahkam bo‘ladi. Zero «ishlarsiz imon ham o‘likdir» (Yoqub 2:26). Bu ezgu ishlaringiz esa Allohning sifatlarini — qudrat, adolat, hikmat va muhabbatni aks ettiradi. Ushbu ilohiy fazilatlarni rivojlantirishda davom eting!
Haqiqiy imon baxtli hayotning siridir. Darvoqe, bunday imon sizga hozir hamda to abad cheksiz barakalar keltiradi!