2- QISM
Haqiqiy imon o‘zi nima?
HAQIQIY imonga ega bo‘lish uchun Allohning borligiga ishonishning o‘zi yetarli emas. Millionlab odamlar Allohga ishonishadi-yu, ammo bila turib noto‘g‘ri ishlar qilishadi. Bunday «imon» soxta pulga o‘xshaydi. U haqiqiy kabi ko‘ringani bilan, hech qanaqa foydasi yo‘q. Unda haqiqiy imon qanaqa bo‘ladi?
Haqiqiy imon Muqaddas Kitobdagi aniq bilimga asoslanadi. Ilohiy ilhom bilan bitilgan bu Kitobda, Alloh haqida haqiqat yozilgan bo‘lib, ushbu ulug‘ Zotni yaxshiroq bilib olishimizga yordam beradi. Unda Allohning qonunlari, niyatlari va ta’limotlari qalamga olingan. Ulardan ba’zilari quyidagichadir:
-
Alloh yagonadir. Unga teng keladigani yo‘q;
-
Iso — Tangri emas, balki payg‘ambardir;
-
Alloh butparastlikning har qanday turini qoralaydi;
-
odamzodni hukm kuni kutyapti;
-
son-sanoqsiz marhumlar jannatda yashash uchun tiriladi.
Haqiqiy imon bizni savob ishlar qilishga chorlaydi. Bunday ishlar Allohga shon-sharaf, bizga va boshqa insonlarga esa foyda keltiradi. Savob ishlarga quyidagilar kiradi:
-
Allohga topinish;
-
Unga yoqadigan fazilatlarni va ayniqsa sevgini rivojlantirish;
-
yomon fikr-u niyatlarni rad etish;
-
sinovlarda imonni saqlab qolish;
-
boshqalarga Allohni tanitish.
Haqiqiy imonni qanday o‘stira olasiz?
Allohdan yordam so‘rang. Muso payg‘ambar shunday deb duo qilgan: «Agar men Sendan marhamat topgan bo‘lsam, iltijo qilaman: menga yo‘llaringni ko‘rsatgin» *. Uning duosi ijobat bo‘lib, biz uchun ajoyib imonning namunasiga aylandi. Alloh sizga ham haqiqiy imonni o‘stirishda yordam beradi.
Muqaddas Kitobni o‘rganib chiqishga vaqt ajrating. Ilohiy ilhom bilan yozilgan bu Kitob — Tavrot, Zabur va Injilni o‘z ichiga oladi. Bu, eng ko‘p tillarga tarjima qilingan va dunyoda keng tarqalgan Kitobdir. Sizda ham bu Kitob bormi?
Muqaddas Kitobdagi o‘gitlarni hayotingizda qo‘llang. Imon mushaklar singari, mashq qilgan sari o‘sadi. Imoningizni amalda qo‘llasangiz, u o‘sib boradi. Shunda Allohning o‘gitlari foydali ekaniga ishonch hosil qilasiz. Muqaddas Kitobdagi amaliy pand-nasihatlar ko‘p kishilarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirgan. Marhamat qilib, ayrim misollarni ko‘rib chiqing.