Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8- QISM

Masihning paydo bo‘lishi

Masihning paydo bo‘lishi

DONIYOR PAYG‘AMBAR bashorat qilganidan keyin 500 yildan ziyod vaqt o‘tdi. O‘shanda farishta Jabroil hazrati Dovudning avlodi bo‘lmish Maryam ismli bokira qizga zohir bo‘ldi. Farishta uning oldiga kelib: «Salom, ulug‘ iltifotga sazovor bo‘lgan qiz, Yahova sen bilandir»,— dedi (Luqo 1:28). Maryam esa qo‘rqib ketdi. Qiziq, Jabroilning salomi nimadan darak berardi?

Jabroil Maryamga, u Masihning onasi bo‘lishi haqida aytdi

Jabroil unga quyidagicha tushuntirdi: «Qo‘rqma Maryam, sen Allohning nazarida marhamat topding. Mana, sen homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘asan va ismini Iso qo‘yasan... Tangri Yahova unga bobokaloni Dovudning taxtini beradi... va shohligining cheki bo‘lmaydi» (Luqo 1:30–33). Qanday ajoyib xabar-a! Maryam o‘sha uzoq kutilgan zotni, ya’ni Masihni dunyoga keltirar ekan!

Keyingi yili Baytlahm shahrida Iso tavallud topdi. O‘sha kechaning o‘zidayoq farishta cho‘ponlarga zohir bo‘lib, shularni aytdi: «Qo‘rqmanglar! Men sizlarga... cheksiz quvonch baxsh etadigan xabar keltirdim. Bugun Dovud payg‘ambarning shahrida sizlar uchun bir najotkor — Hazratingiz Masih tug‘ildi» (Luqo 2:10, 11). Keyinroq Isoning oilasi Nosira shahriga ko‘chib o‘tdi va u o‘sha yerda ulg‘aydi.

Milodiy 29- yili Iso Allohning payg‘ambari bo‘lib xizmat qila boshladi. Ha, aynan o‘sha yili Masih paydo bo‘lishi kerak edi. O‘shanda Iso «taxminan o‘ttiz yoshda edi» (Luqo 3:23). Ko‘pchilik, uni Alloh yuborganligini tushunib: «Oramizda ulug‘ payg‘ambar paydo bo‘ldi»,— deyishardi (Luqo 7:16, 17). Xo‘sh, Iso odamlarga nimalarni o‘rgatardi?

Iso odamlarga Allohni sevib, Unga topinishni o‘rgatardi. «Allohimiz Yahova — yagona Yahovadir. Tangring Yahovani butun qalbing, butun joning, butun onging va butun quvvating bilan sev»,— deya e’lon qilardi u (Mark 12:29, 30). Yana, u quyidagicha derdi: «Tangring Yahovaga sajda qil va faqat Unga muqaddas xizmatni ado et» (Luqo 4:8).

Iso insonlarni mehr-oqibatli bo‘lishga chorlardi. «Yaqiningni o‘zingni sevganday sev»,— derdi u (Mark 12:31). Shuningdek, u quyidailarni aytardi: «Odamlar sizlarga qanday munosabatda bo‘lishini xohlasangiz, sizlar ham ularga shunday munosabatda bo‘ling. Zero Tavrot qonuni va payg‘ambarlar kitoblarining mohiyati shundadir» (Matto 7:12).

Iso odamlarga g‘ayrat bilan Xudoning Shohligi to‘g‘risida gapirardi. «Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarni men boshqa shaharlarda ham va’z qilishim kerak. Axir men shuning uchun yuborilganman»,— deb aytardi u (Luqo 4:43). Qiziq, nima sababdan Xudoning Shohligi to‘g‘risida gapirish shunchalik muhim edi?

Muqaddas Kitob ta’limotiga ko‘ra, Xudoning Shohligi — yer yuzi ustidan boshqaradigan samoviy hukumatdir. Iso Masih esa Alloh tomonidan tayinlangan Shohdir. Doniyor payg‘ambar, osmonda Masihga Alloh «hukmronlik, ulug‘vorlik va shohlik» berishini karomat qilgan (Doniyor 7:14). O‘sha Shohlik yer yuzini jannatga aylantirib, Allohning xizmatchilarini abadiy hayot bilan taqdirlaydi. Axir bu eng ezgu xabar emasmi?!