Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-DARS

Iso Masih kim?

Iso Masih kim?

Iso alayhissalom tarixdagi eng mashhur odamlardan biri. Aksariyat kishilar uning ismini biladi, biroq uning o‘zi haqida kam ma’lumotga ega. Ko‘pchilik Iso aslida kim ekani borasida har xil fikrda. Qiziq, Muqaddas Kitobda u haqda nima deyilgan?

1. Iso kim?

Iso qudratli ruhiy shaxs bo‘lib, osmonda yashaydi. Tangri Yahova birinchi bo‘lib uni yaratgan. Shu bois, «u barcha mavjudotlar ichida to‘ng‘ich» deb atalgan. (Kolosaliklarga 1:15) Muqaddas Kitobda Iso «Xudoning yagona O‘g‘li» a deb aytilgan. Chunki Yahovaning O‘zi uni yaratgan. (Yuhanno 3:16) Iso Otasi Yahova bilan yaqindan hamkorlik qilib, qolgan barcha narsani yaratishda Unga yordam bergan. (Hikmatlar 8:30 ni o‘qing.) Iso hozir ham Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega ekanidan mamnun. U Xudoning xabarlarini va yo‘l-yo‘riqlarini yetkazib, Uning vakili — «Kalomi» sifatida sadoqat ila xizmat qilmoqda. (Yuhanno 1:14)

2. Nega Iso yer yuziga kelgan?

Taxminan 2 000 yil avval Yahova mo‘jizaviy tarzda Isoning hayotini osmondan Maryam ismli bokira qizning bachadoniga ko‘chirgan. Shu tariqa, Iso inson sifatida dunyoga kelgan. (Luqo 1:34, 35 ni o‘qing.) Yahova Isoni va’da qilingan Masih bo‘lishi va insoniyatni qutqarishi uchun yer yuziga yuborgan b. Muqaddas Kitobda Masih haqida qilingan hamma bashoratlar unda amalga oshgan. Buning yordamida odamlar «Iso barhayot Xudoning O‘g‘li Masih» ekanini tushuna olgan. (Matto 16:16)

3. Iso hozir qayerda?

Isoning o‘limidan so‘ng, Xudo uni ruhiy shaxs sifatida tiriltirdi va osmonga qaytardi. U yerda «Alloh uni yanada yuksaltirdi». (Filippiliklarga 2:9) Hozirda Iso Yahovadan keyin ulkan hokimiyatga ega ikkinchi shaxsdir.

KO‘PROQ BILIB OLING

Iso aslida kimligi va nega u haqda bilim olish muhimligiga e’tibor qarating.

4. Iso Qodir Tangri emas

Muqaddas Kitobga ko‘ra, Iso osmondagi qudratli ruhiy shaxs bo‘lsa-da, u Xudosi va Otasi Yahovaga bo‘ysunadi. Nega bunday deya olamiz? VIDEONI tomosha qiling va Muqaddas Kitobda Iso Qodir Tangridan qanday farq qilishi haqida nima deb aytilganini bilib oling.

Quyidagi oyatlar Yahova hamda Iso o‘rtasida qanday farq borligini tushunishimizga ko‘maklashadi. Har bir oyatni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

Luqo 1:30–32 ni o‘qing.

  • Qay yo‘sin farishtaning so‘zlari Iso va «Xudoyi Taolo» Yahova turli Shaxslar ekanini ko‘rsatmoqda?

Matto 3:16, 17 ni o‘qing.

  • Iso suvga cho‘mganida, osmondan qanday sado kelgan?

  • Sizningcha, bu so‘zlarni kim aytgan?

Yuhanno 14:28 ni o‘qing.

  • Ota bilan o‘g‘ilni oladigan bo‘lsak, kim kattaroq va ko‘proq hokimiyatga ega?

  • Iso Yahovani Ota deb atagan. Bundan nimani bilib olyapmiz?

Yuhanno 12:49 ni o‘qing.

  • Iso o‘zi va Otasini bitta shaxs, deb o‘ylaganmi? Siz qanday fikrdasiz?

5. Iso Masih ekanini qanday isbotlagan?

Muqaddas Kitobdagi ko‘pgina bashoratlar yordamida odamlar Masih, ya’ni Xudo insoniyatni qutqarish uchun tanlagan shaxs kim ekanini aniqlay olardi. VIDEONI tomosha qiling va Iso yer yuziga kelganida amalga oshirgan ba’zi bashoratlarni bilib oling.

Muqaddas Kitobdagi ushbu bashoratlarni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

Mixo 5:2 ni o‘qing va Masih qayerda tug‘ilishi kerak bo‘lganini biling c.

  • Bu bashorat Isoda amalga oshdimi? (Matto 2:1)

Zabur 34:20 va Zakariyo 12:10 ni o‘qing hamda Masihning o‘limi haqidagi bashoratlarni batafsil ko‘rib chiqing.

  • Bu bashoratlar amalga oshdimi? (Yuhanno 19:33–37)

  • Sizningcha, Iso ushbu hodisalarni oldindan tashkillashtirganmi?

  • Bu Iso borasida nimani tasdiqlayapti?

6. Isoni tanib-bilish bizga foyda keltiradi

Muqaddas Kitobda Iso va uning o‘rni borasida o‘rganish muhimligi ta’kidlangan. Yuhanno 14:6 va 17:3 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Isoni tanib-bilish nega muhim?

Iso Xudoning do‘sti bo‘la olishimiz uchun yo‘l ochdi. U Yahova to‘g‘risida haqiqatni o‘rgatdi. Iso orqali abadiy hayotga ega bo‘lishimiz mumkin

BA’ZILARNING FIKRI: «Yahovaning Shohidlari Iso Xudoning O‘g‘li ekaniga ishonadi. Ammo Xudoning O‘g‘li bo‘lishi mumkin emas».

  • Siz nima degan bo‘lardingiz?

XULOSA

Iso qudratli ruhiy shaxsdir. U — Xudoning O‘g‘li va Masih.

Takrorlash

  • Nega Iso barcha «mavjudotlar ichida to‘ng‘ich» deb atalgan?

  • Yer yuziga kelishdan avval Iso nimalar qilgan?

  • Iso Masih ekanini qayerdan bilamiz?

Maqsad

QO‘SHIMCHA MANBALAR

Iso Masih ekanini qay yo‘sin bilib olishimiz mumkinligiga e’tibor bering.

«Masihga oid bashoratlar Isoda amalga oshganmi?» (Veb-maqola)

Muqaddas Kitobga binoan, Xudo odamlar farzandli bo‘lgani kabi Isoni tom ma’noda dunyoga keltirmaganini bilib oling.

«Nega Iso Xudoning O‘g‘li deb ataladi?» (Veb-maqola)

Nega uchlik Muqaddas Kitobga asoslanmagan ta’limot ekaniga diqqat qarating.

«Iso Xudomi?» («Qo‘riqchi minorasi» 1-aprel, 2009)

Muqaddas Kitobda Iso haqida nima deyilganini bilish bir ayolning hayotini qay yo‘sin o‘zgartirgani to‘g‘risida o‘qing.

«Yahudiy ayol e’tiqodi borasida nega fikrini o‘zgartirdi?» («Uyg‘oning!» may, 2013)

a Muqaddas Kitobga ko‘ra, Xudo odamlar farzandli bo‘lgani kabi tom ma’noda bolali bo‘lmagan.

b 26- va 27-darslardan nega insoniyat qutqarilishga muhtoj ekanini va Iso buni qay yo‘sin amalga oshirishini bilib olamiz.

c Masih yer yuzida aynan qachon paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi bashoratni bilish uchun 2-ilovaga qarang.