Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

95-BOB

Ajralish va bolalarni sevish borasidagi nasihatlar

Ajralish va bolalarni sevish borasidagi nasihatlar

MATTO 19:1–15 MARK 10:1–16 LUQO 18:15–17

  • ISO AJRALISHGA NISBATAN ALLOHNING NUQTAI NAZARINI AYTADI

  • TURMUSH QURMASLIK IN’OMI

  • JAJJI BOLALARDAY BO‘LISH UNDOVI

Iso va uning shogirdlari Jalilani tark etib, Iordan daryosidan o‘tishadi va Pereya viloyati orqali janubga qarab borishadi. Iso oxirgi marta Pereyada bo‘lganida, farziylar bilan ajralish borasida suhbatlashgan va bu borada Xudoning nuqtai nazarini aytgan. (Luqo 16:18) Endi farziylar Isoni sinash niyatida yana bu mavzuni ko‘tarishadi.

Musoning aytishicha, er «xotinida qandaydir uyatli qiliq borligini» ko‘rib qolsa ajralishi mumkin. (Qonunlar 24:1) Ajralish uchun nima asos bo‘lishi mumkinligi haqida har xil fikrlar mavjud. Ayrimlar arzimagan xatti-harakatlar uchun ham ajralish mumkin, deb o‘ylashadi. Shuning uchun farziylar: «Erkak kishi har qanday sababga ko‘ra o‘z xotinidan ajralishi qonuniymi?» — deb so‘rashadi. (Matto 19:3)

Ulug‘ Ustoz Iso nikoh borasida insoniy nuqtai nazarni aytishning o‘rniga, Allohning ilk niyatini eslatadi. «Axir o‘qimaganmisizlar? — deb so‘raydi Iso.— Parvardigor boshdanoq odamlarni erkak va ayol qilib yaratib, shunday degan: “Shuning uchun kishi ota-onasini qoldirib, xotiniga bog‘lanib qoladi va ikkovi bir tan bo‘ladi”. Demak, endi ular ikki emas, bir tan hisoblanadi. Shunday ekan, Alloh birga qo‘shganini bandasi ajratmasin». (Matto 19:4–6) Xudo Odamato va Momohavoni nikoh rishtalari bilan bog‘laganida, ajralish Uning niyatiga kirmagan.

Farziylar Isoning gapiga qo‘shilmay, undan: «Nega unda Muso payg‘ambarimiz, ajralmoqchi bo‘lgan kishi, xotiniga taloq xatini berishini aytganlar?» — deb so‘rashadi. (Matto 19:7) Javoban Iso ularga shunday deydi: «Bag‘ritosh bo‘lganingiz uchun, Muso payg‘ambar xotinlaringizdan ajralishga ruxsat berganlar. Ammo dastlab bunday bo‘lmagan». (Matto 19:8) «Dastlab», deb Iso Muso payg‘ambarning zamonasini emas, balki Alloh Adan bog‘ida nikohga asos solgan paytni nazarda tutadi.

Keyin Iso muhim haqiqatni aytadi: «Sizlarga aytib qo‘yay, kimki xotini unga bevafolik [yunoncha pornia] qilmagan bo‘lsa-da, undan ajralib o‘zgaga uylansa, zino qilgan bo‘ladi». (Matto 19:9) Demak, Muqaddas Yozuvlarga ko‘ra, ajralish uchun yagona sabab — jinsiy axloqsizlik.

Shunda shogirdlar: «Agar nikoh qurganlar uchun talab shunday bo‘lsa, uylanmagan yaxshiroq ekan-da»,— deb aytishadi. (Matto 19:10) Shubhasizki, turmush qurmoqchi bo‘lgan inson nikohga jiddiy yondashishi va uni butun umrlik ittifoq deb bilishi lozim!

Iso nikoh qurmaslik haqida gapirib, ayrimlar jinsiy a’zosida nuqson bilan tug‘ilgani uchun turmush qurish uchun yaroqsiz bo‘lishini aytadi. Boshqalari bo‘lsa odamlar tomonidan bichiladi. Lekin yana shunday kishilar ham borki, ular jinsiy istaklarini tiyishadi. Ular o‘zlarini ko‘proq Osmon Shohligi bilan bog‘liq ishlarga bag‘ishlash niyatida bunday yo‘l tutishadi. So‘zlariga yakun yasab Iso: «Kim bunday [turmush qurmay] yashay olsa, yashayversin»,— deydi. (Matto 19:12)

Bundan so‘ng odamlar Isoning oldiga jajji bolalarni olib kelishadi. Shogirdlar esa Isoni ortiqcha tashvishdan himoya qilish maqsadida odamlarni koyib berishadi. Lekin Iso achchiqlanib ularga shunday deydi: «Bolajonlarga to‘sqinlik qilmanglar, oldimga kelaverishsin. Axir Xudoning Shohligi shundaylarnikidir. Ishonavering, kim Xudoning Shohligini shu jajji bolakaydek qabul qilmasa, unga aslo kira olmaydi». (Mark 10:14, 15; Luqo 18:15)

Naqadar ajoyib o‘rnak! Demak, Xudoning Shohligini qabul qilish uchun biz bolalar kabi kamtar va o‘rganishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Keyin Iso bolalarga sevgi ko‘rsatib, ularni quchoqlaydi va duo qiladi. Xudoning Shohligini jajji «bolakaydek» qabul qilgan har kimga Iso bunday sevgini namoyon etadi. (Luqo 18:17)