Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

82-BOB

Isoning Pereyadagi xizmati

Isoning Pereyadagi xizmati

LUQO 13:22–14:6

  • TOR ESHIKDAN KIRISHGA INTILISH

  • ISO QUDDUSDA O‘LDIRILISHI KERAK

Iso Yahudiyada, shuningdek, Quddusda odamlarga ta’lim va shifo berardi. Hozir esa, u Iordan daryosini kechib o‘tib, Pereya hududida shaharma-shahar ta’lim beryapti. Ammo ko‘p o‘tmay, u Quddusga qaytishi kerak bo‘ladi.

Pereyada uning oldiga bir kishi kelib: «Hazrat, nahotki najot topadiganlar oz bo‘lsa?» — deya savol beradi. Ehtimol, bu kishi din rahbarlari orasida qancha odam najot topishi borasida bahs-munozaralar bo‘layotganidan xabardordir. Shunda Iso najot topish uchun nima talab qilinishi borasida odamlarga quyidagicha javob berib: «Tor eshikdan kirish uchun jon kuydiringlar»,— deydi. Ha, zo‘r berib harakat qilish muhim. Buning sababini Iso shunday deb tushuntiradi: «Ko‘plar undan kirishga intilishadi-yu, lekin kira olishmaydi». (Luqo 13:23, 24)

Ko‘p harakat talab qilinishini ko‘rsatish uchun, Iso misol keltiradi: «Uy egasi turib, eshikni yopib olganda, sizlar esa tashqarida turgancha, eshikni taqillatib: “Hazrat, eshikni oching”,— deganingizda, [...] u sizlarga: “Men sizlarni tanimayman. Ketinglar yonimdan, ey yovuzlik qiluvchilar!”— deydi». (Luqo 13:25–27)

Shunday qilib Iso kech qolib kelgan kishining ahvolini tasvirlaydi. U o‘ziga qulay paytda kelib, eshik allaqachon yopilgani va qulflanganini ko‘radi. Unga qulay bo‘lmasa ham, u ertaroq kelishi kerak edi. Isodan ta’lim olish imkonini boy berganlar bilan ham xuddi shunday bo‘ladi. Haq topinish ularning hayotlarida muhim o‘rinni egallamadi. Alloh Isoni najot keltirishi uchun yuborgandi. Ammo bu odamlarning aksariyati, Xudo ularga taqdim etgan najotni qo‘ldan boy berishdi. Iso, ular tashqariga haydalganlarida yig‘lab tishlarini g‘ijirlatishadi, deb aytgan. Ammo «sharq-u g‘arbdan, shimol-u janubdan» kelgan odamlar «Xudoning Shohligida dasturxon atrofida yonboshlashadi». (Luqo 13:28, 29)

Keyin Iso shunday deb tushuntiradi: «Birinchilar [diniy jihatdan imtiyozlarga ega bo‘lgan va Ibrohimning avlodi ekanligidan g‘ururlanadigan yahudiylar] oxirgi, oxirgilar esa [masalan, o‘zga xalq vakillari va xorlangan yahudiylar] birinchi bo‘lishadi». (Luqo 13:30) «Oxirgilar» Xudoning Shohligiga umuman kira olmaydigan noshukur odamlarni anglatadi.

Shu payt Isoning oldiga ba’zi farziylar kelib: «Bu yerdan keting, chunki Hirod [Antipa] sizni o‘ldirish payiga tushdi»,— deb maslahat berishadi. Balki Hirodning o‘zi Isoni shu viloyatdan qochishga majburlamoqchi bo‘lib shunday mish-mishlar tarqatgandir. Ehtimol, u Yahyo bilan bo‘lgani kabi, yana bir payg‘ambarning o‘ldirilishiga aloqador bo‘lib qolishdan qo‘rqayotgandir. Iso bo‘lsa ularga shunday deydi: «Borib o‘sha tulkiga aytib qo‘yinglar: “Bugun va ertaga men jinlarni quvib chiqarib, odamlarga shifo beraman. Uchinchi kuni esa bu ishlarni tugataman”». (Luqo 13:31, 32) Ehtimol, tulkining ayyorlik xususiyatini nazarda tutib, Iso shoh Hirodni «tulki» deb ataydi. Biroq Hirod yoki boshqa kimdir Isoga aql o‘rgatishiga yoxud unga nima qilishi kerakligini uqtirishiga Iso yo‘l qo‘ymaydi. U samoviy Otasi topshirgan vazifani bajarayotib, odam emas, balki Xudo belgilagan jadvalga rioya qiladi.

Iso Quddusga yo‘l oladi, chunki Isoning o‘zi aytganidek, «payg‘ambar Quddusdan tashqarida o‘ldirilishi mumkin emas». (Luqo 13:33) Muqaddas Kitobda Masih Quddusda o‘ldirilishi kerakligi haqida bashorat yo‘q. Unda nega Iso, aynan Quddusda o‘ldirilishini aytadi? Chunki poytaxt bo‘lmish Quddusda 71 kishidan iborat Oliy Kengash joylashgan edi. Bu Kengash soxta payg‘ambar deb hisoblangan kishilarning ishini ko‘rib chiqardi. Bundan tashqari, u yerda hayvonlarni qurbonlikka keltirishardi. Shuning uchun Iso Quddusdan tashqari boshqa joyda o‘ldirishi nojoiz ekanini tushunadi.

Iso qattiq qayg‘urib: «Eh Quddus, Quddus! Payg‘ambarlarni o‘ldirib, oldingga yuborilganlarni toshbo‘ron qiluvchi shahar! — deydi.— Tovuq jo‘jalarini qanotlari ostiga to‘plaganiday, men ham necha marta bolalaringni to‘plamoqchi bo‘ldim! Ammo sen xohlamading. Mana shu sababli bu ma’bad huvullab qoladi». (Luqo 13:34, 35) Bu xalq Xudoning O‘g‘lini rad etyapti va qilmishining oqibatlaridan qochib qutula olmaydi!

Quddusga ketayotganida farziylarning boshliqlaridan biri Isoni Shabbat kuni mehmonga taklif qiladi. Farziyning uyida istisqo kasalligiga chalingan (tanada, asosan oyoqlarda suv yig‘ilishidan azob chekayotgan) bir kishi bo‘ladi. Taklif qilinganlar Iso nima qilar ekan, deya uni diqqat bilan kuzatishadi. U Tavrot tafsirchilari va farziylardan: «Shabbat kuni kasalni davolash qonuniymi?» — deb so‘raydi. (Luqo 14:3)

Lekin ular lom-mim deyishmaydi. Iso odamni davolab, ularga shunday savol beradi: «Orangizdan kimningdir o‘g‘li yoki ho‘kizi Shabbat kuni quduqqa tushib ketsa, uni darhol chiqarib olmaydimi?» (Luqo 14:5) Bu safar ham ular Isoning mantiqiy savoliga javob bera olishmaydi.