27-BOB
Matto Isoning shogirdi bo‘ladi
MATTO 9:9–13 MARK 2:13–17 LUQO 5:27–32
-
ISO SOLIQCHI MATTONI SHOGIRDI BO‘LISHGA TAKLIF QILADI
-
GUNOHKORLARGA YORDAM BERISH UCHUN MASIH ULAR BILAN MULOQOT QILADI
Shol kishiga shifo berganidan keyin ham, Iso Jalila dengizining sohilida joylashgan Kafarnahumda qoladi. Uning yoniga yana xaloyiq yig‘ila boshlaydi va Iso ularga ta’lim beradi. Keyin u Levi deb atalmish Mattoni ko‘rib qoladi, u soliq idorasida o‘tirgan bo‘ladi. Iso unga: «Mening izdoshim bo‘ling»,— deydi. (Matto 9:9)
Butrus, Idris, Yoqub va Yuhanno kabi ehtimol, Matto ham Isoning ayrim ta’limotlari va ishlari haqida bilardi. Ularga o‘xshab, Matto ham Isoning taklifini o‘sha zahotiyoq qabul qiladi. Bu haqida Matto o‘zi bayon etgan xushxabarda shunday degan: «U [Mattoning o‘zi] esa o‘rnidan turib, Isoning ketidan ergashadi». (Matto 9:9) Matto soliq yig‘ish ishini qoldiradi-da, Isoning shogirdi bo‘ladi.
Keyinroq, ehtimol Isoning taklifi uchun minnatdor ekanini ko‘rsatish niyatida, Matto uyida katta ziyofat uyushtiradi. Iso va uning shogirdlaridan tashqari u yerga sobiq hamkorlarini ham taklif etadi. Bu odamlar hamma nafratlanadigan Rim hukumati uchun bandargohga suzib keladigan kemalardan, asosiy yo‘llardan o‘tadigan karvonlardan soliq yig‘ishardi. Shuningdek, boshqa joylardan keltiriladigan savdo-sotiq mollari uchun ham soliq olishardi. Xo‘sh, yahudiylar soliqchilarga qanday munosabatda? Odamlar ulardan nafratlanishadi, sababi soliqchilarning ko‘pi odamlardan keragidan ortiq pul talab qilishadi. Bu ziyofatda «gunohkor deb tanilgan» boshqa odamlar ham bo‘ladi. (Luqo 7:37–39)
Isoning bunday kishilar bilan o‘tirganini ko‘rib, farziylar uning shogirdlaridan: «Nega ustozingiz soliqchilar va gunohkorlar bilan yeb-ichib o‘tiribdi?» — deya so‘rashadi. (Matto 9:11) Bu gapni eshitib, Iso shunday deydi: «Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj. Shuning uchun borib: “Men qurbonlik emas, rahm-shafqat istayman”,— degan so‘zlar nimani anglatishini bilib olinglar. Axir men odil kishilarni emas, gunohkorlarni da’vat etgani kelganman». (Matto 9:12, 13; Ho‘sheya 6:6) Farziylar Isoni «ustoz» deb atashlari chin yurakdan bo‘lmaydi, lekin ular adolat borasida Isodan o‘rganishlari mumkin.
Soliqchilar Isoni tinglab ma’nan sog‘ayishsin, deb Matto ularni uyiga taklif qilgan bo‘lsa kerak. Chunki «ko‘pgina soliqchilar va gunohkorlar... Isoning orqasidan ergashib kelishgan edi». (Mark 2:15) Iso ularga Xudo bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirishga yordam berishni istaydi. O‘zini odil deb hisoblagan farziylardan farqli o‘laroq, u bunday odamlardan nafratlanmaydi. Aksincha, ularga rahmi keladi. Iso ma’naviy shifokor sifatida ma’nan kasal bo‘lganlarning bariga yordam bera oladi.
Iso jismonan kasal bo‘lganlarga nisbatan rahmdil bo‘lgani kabi gunohkorlar-u soliqchilarga nisbatan rahmdil bo‘lgan. Lekin Iso ularning gunohlariga ko‘z yummagan. Misol uchun, esingizda bo‘lsa Iso rahmdillik ila moxov kishiga qo‘lini tekkizib: «Albatta istayman. Pok bo‘ling»,— degan edi. (Matto 8:3) Shunday ekan, biz ham muhtojlarga rahmdillikni namoyon etib, ularga ayniqsa ma’naviy tarafdan yordam berishimiz kerak emasmi?!