48-BOB
Mo‘jizalar yaratsa-da, hatto Nosirada ham rad etiladi
MATTO 9:27–34; 13:54–58 MARK 6:1–6
-
ISO KO‘R VA SOQOVLARNI SOG‘AYTIRADI
-
NOSIRALIKLAR ISONI RAD ETISHADI
Bir kunning o‘zida Iso ko‘p ishlarni bajaradi. U O‘nkentdan qayiqda qaytadi, qon ketishidan azob chekkan ayolni sog‘aytiradi va Yairning qizini tiriltiradi. Ammo kun hali tugagani yo‘q. Iso Yairning uyidan chiqqach, ko‘zi ojiz ikki kishi unga ergashadi. Ular: «Ey Dovudning O‘g‘li, bizga rahm-shafqat qiling»,— deya baqirishadi. (Matto 9:27)
Unga «Dovudning O‘g‘li», deya murojaat qilib, ular Iso shoh Dovudning taxt vorisi hamda va’da qilingan Masih ekaniga ishonishlarini ko‘rsatishadi. Iso ularga ahamiyat bermagandek yo‘lida davom etadi, ehtimol, u bu kishilarning qat’iyligini tekshirib ko‘rmoqchi. Biroq o‘sha kishilar ham bo‘sh kelishmaydi. Ular Isoning ketidan u to‘xtagan uygacha borib ichkariga kirishadi. Shunda Iso ulardan: «Buni qila olishimga ishonasizlarmi?» — deya so‘raydi. Ular qat’iylik bilan: «Ishonamiz, Hazrat»,— deb javob qaytarishadi. Keyin Iso ularning ko‘zlariga qo‘l tekkizib: «Ishonganingizga yarasha bo‘lsin»,— deydi. (Matto 9:28, 29)
O‘sha zahotiyoq ular ko‘ra boshlashadi! Iso oldin boshqalarga aytganidek, ularga ham bu haqda aytmaslikni qat’iy buyuradi. Ammo ular xursandligidan u haqda butun o‘lka bo‘ylab ochiqchasiga gapira boshlashadi.
Ular ketishi bilanoq, Isoning yoniga jinga chalingan bir odamni olib kelishadi, jin uni soqov qilib qo‘ygan bo‘ladi. Iso jinni quvib chiqarganidan keyin o‘sha kishi gapirishni boshlaydi. Xaloyiq bundan hayratda qolib: «Bunaqasi Isroilda hali bo‘lmagan»,— deydi. O‘sha yerda farziylar ham bo‘ladi. Ular bu mo‘jizalarni inkor eta olishmaydi, lekin yana Isoni ayblab: «U jinlar hukmdorining yordami bilan jinlarni quvib chiqaryapti»,— deyishadi. (Matto 9:33, 34)
Mazkur voqealardan ko‘p vaqt o‘tmay, Iso shogirdlari bilan birga ona shahri Nosiraga qaytib boradi. Iso u yerdagi ibodatxonada ta’lim berganidan taxminan bir yil o‘tdi. O‘shanda odamlar Isoning so‘zlaridan hayratlanishgan, lekin keyinchalik uning gaplaridan g‘azablanib, uni o‘ldirmoqchi bo‘lishgan. Iso yana bir bor hamshaharlariga yordam berishga harakat qiladi.
Iso ta’lim berish uchun Shabbat kuni ibodatxonaga boradi. Ko‘pchilik ajablanib: «Bu kishi shuncha donolikni va qudratli ishlarni bajarish qobiliyatini qayerdan oldi ekan?» — deb so‘raydi. Ular: «Axir, u duradgorning o‘g‘li-ku! Onasining ismi Maryam, ukalari esa Yoqub, Yusuf, Simun va Yahudo bo‘lsa. Singillari-chi, ular biz bilan bitta shaharda turishadi-ku. Unday bo‘lsa, bu kishi barcha bu narsalarni qayerdan oldi ekan?» — deyishadi. (Matto 13:54–56)
Ularning fikricha, Iso oddiy bir inson. Bu odamlar: «Axir u ko‘z o‘ngimizda katta bo‘lgan-ku, qanaqasiga Masih bo‘lishi mumkin?» — deb o‘ylashadi. Xullas, ular barcha dalillarga, ya’ni Isoning buyuk donoligi-yu mo‘jizalariga qaramay, uni rad etishadi. Hatto Isoning qarindoshlari ham u tufayli qoqinib qolishadi. Iso shunday xulosaga keladi: «Payg‘ambarni har yerda e’zozlashadi. Faqat o‘z yurti va o‘z uyidagina uni hurmat qilishmaydi». (Matto 13:57)
Iso ularning imonsizligiga hayron qoladi. Shu bois u yerda hech qanday mo‘jiza yaratmaydi. Ba’zi kasallarga qo‘lini tekkizib shifo beradi, xolos. (Mark 6:5, 6)