30-BOB
O‘g‘ilning Ota bilan munosabatlari
-
ALLOH OTADIR
-
TIRILISH VA’DA QILINGAN
Yahudiy din rahbarlari Isoni Shabbat to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblashayotganida, Iso ularga: «Otam hanuzgacha mehnat qilib kelyapti, men ham mehnat qilyapman»,— deb javob beradi. (Yuhanno 5:17)
Isoning ishlari Shabbat kunida qilish man etilgan ishlarga kirmaydi. Xudoning O‘zi Isoga va’z qilish hamda kasallarni sog‘aytirish vazifasini topshirgan va Iso Allohga taqlid qilib, bu ishlarni kunda bajaradi. Shu yo‘sin, Iso har kuni savob ishlar qiladi. Ammo uning javobidan yahudiylarning battar g‘ashi keladi va uni o‘ldirish fursatini poylashadi. Nima uchun?
Sababi, Iso kasallarni sog‘aytirib nafaqat Shabbat to‘g‘risidagi qonunni buzyapti, deb noto‘g‘ri o‘ylashadi, balki Iso o‘zini Xudoning O‘g‘li deb atashi ularni g‘azablantiradi. Darhaqiqat, u Allohni o‘z Otasi deb bilgani uchun, ayblovchilar u Xudoni haqorat qilib, o‘zini Allohga tenglashtiryapti deb o‘ylashadi. Lekin Iso, Tangri bilan o‘zgacha munosabatlari haqida jasorat bilan gapirishda davom etib, shunday deydi: «Ota O‘g‘lini sevadi va qilayotgan barcha ishlarini unga ko‘rsatmoqda». (Yuhanno 5:20)
Ota, ya’ni Alloh Hayot Manbaidir. U o‘tmishda odamlarga boshqalarni tiriltirish qudratini ato etib buni ko‘rsatgan. Iso so‘zida davom etib: «Ota o‘liklarni tiriltirib, hayot baxsh etayotgani kabi, O‘g‘il ham istagan kishiga hayot baxsh etadi»,— deydi. (Yuhanno 5:21) Bu so‘zlar chuqur ma’noga ega! Ular kelajakka nisbatan umid baxsh etadi. Bundan tashqari, O‘g‘il ma’nan o‘lik bo‘lganlarni hozirdan tiriltirishni boshlagan! Shuning uchun Iso: «So‘zimni tinglab, meni Yuborganga ishongan kishi, abadiy hayotga egadir. U hukm etilmaydi, negaki u o‘limdan hayotga o‘tgan»,— deb aytadi. (Yuhanno 5:24)
Garchi Iso shu vaqtgacha kimnidir tiriltirgani borasida Muqaddas Kitobda hech nima deyilmagan bo‘lsa-da, u ayblovchilariga kelajakda bunday tirilish yuz berishini aytadi: «Shunday vaqt kelyaptiki, mozorlarda bo‘lgan hamma uning ovozini eshitib chiqadi». (Yuhanno 5:28, 29)
Yahova Isoga o‘zgacha vazifalar topshirgan, lekin shunga qaramay, u Allohga bo‘ysunishini ochiq-oydin aytadi: «Men o‘zimcha hech narsa qila olmayman... Men o‘z xohishimni emas, meni Yuborganning irodasini bajarishga intilaman». (Yuhanno 5:30) Ha, Iso Allohning niyati bajarilishida o‘sha muhim o‘rinni egallashini ilk bor oshkor etadi. Ammo Isoning ayblovchilarida bu borada uning shaxsiy shahodatidan tashqari yana bir dalil bor. «Sizlar Yahyoning yoniga odamlarni yubordingizlar,— deb eslatadi Iso,— va u haqiqat to‘g‘risida shohidlik berdi». (Yuhanno 5:33)
Isoning ayblovchilari taxminan ikki yil muqaddam Yahyoning yahudiy din rahbarlariga ortidan «payg‘ambar» va «Masih» deb atalgan zot kelayotgani haqida aytganini eshitishgandir. (Yuhanno 1:20–25) Iso ularga hozir qamoqda bo‘lgan Yahyoga hurmat bilan munosabat qilishganini eslatib: «Sizlar oz vaqt uning nurida quvonishni istadingiz»,— deydi. (Yuhanno 5:35) Biroq Iso Yahyonikidan kuchliroq bo‘lgan shahodatga ishora qiladi.
«Men bajarayotgan aynan shu ishlar, [jumladan, hozirgina yaratgan mo‘jizasi] meni Otam yuborganidan shahodat berib turibdi». Shuningdek Iso: «Meni yuborgan Otamning O‘zi men haqimda shohidlik berdi»,— deb aytadi. (Yuhanno 5:36, 37) Masalan, Iso suvga cho‘mgan paytda bu yuz bergan. (Matto 3:17)
Ayblovchilar Isoni rad etishayotganini hech oqlab bo‘lmaydi. Ular tadqiq qilyapmiz deyayotgan Muqaddas Yozuvlar ham Iso haqida shohidlik bermoqda! Gapini tugatib, Iso: «Agar Musoga ishonganingizda edi, menga ham ishonar edingiz. Zero u men haqimda yozgan. Uning yozganlariga ishonmas ekansiz, mening so‘zlarimga qanday ishonasiz?» — deydi. (Yuhanno 5:46, 47)