Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

29-BOB

Shabbat kunida savob ishlar qilish

Shabbat kunida savob ishlar qilish

YUHANNO 5:1–16

  • ISO YAHUDIYADA VA’Z QILADI

  • U HOVUZ OLDIDAGI KASAL KISHINI SOG‘AYTIRADI

Isoning Jaliladagi keng faoliyati ko‘p samara keltiradi. Ammo «Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarni men boshqa shaharlarda ham va’z qilishim kerak», deb aytganida Iso faqatgina Jalila hududini emas, balki boshqa joylarni ham nazarda tutgan. Shu sababli, u «Yahudiyadagi ibodatxonalarda va’z» qilishga boradi. (Luqo 4:43, 44) Hozir bahor fasli va har yili Quddusda bo‘ladigan bayram yaqinlashib qolgani bois, u shunday yo‘l tutadi.

Injilda Isoning Yahudiyada qilgan xizmatidan ko‘ra Jaliladagi xizmati to‘g‘risida ko‘proq yozilgan. Isoning xizmatiga Yahudiyada iliq munosabat ko‘rsatishmaydi, ammo qayerga borishidan qat’i nazar, u g‘ayrat ila xushxabarni va’z etib, savob ishlar qilib yuradi.

Ko‘p vaqt o‘tmay, Iso mil. 31-yilning Fisih bayramini nishonlash uchun Yahudiyaning asosiy shahri bo‘lmish Quddusga yo‘l oladi. Shaharning serqatnov joyida, Qo‘y darvozasi oldida Baytzata degan hovuz bor. U yerga ko‘pgina kasal, ko‘r va cho‘loq odamlar keladi. Bu odamlar nega u yerga kelishadi? Sababi ular suv to‘lqinlanganda odam hovuzga tushsa, sog‘ayib ketishi mumkin, deb ishonishadi.

Shabbat kuni Iso hovuz oldiga borib, u yerda 38 yildan beri kasal bo‘lgan bir odamni ko‘radi. Iso undan: «Sog‘ayishni istaysizmi?» — deb so‘raydi. Kasal odam Isoga shunday javob beradi: «Taqsir, suv to‘lqinlanganda meni hovuzga tushiradigan hech kimim yo‘q. O‘zim yetib borgunimcha, boshqasi mendan oldin tushib oladi». (Yuhanno 5:6, 7)

Isoning: «Qani, o‘rningizdan turib, to‘shagingizni ko‘taring-da, yuravering»,— degan javobi o‘sha kasal odamni ham, buni eshitganlarni ham hayron qoldiradi. (Yuhanno 5:8) Kasal odam aynan shunday qiladi. U shu zahotiyoq sog‘ayib ketadi va to‘shagini qo‘liga oladi-da, yura boshlaydi!

Bunday ajoyib mo‘jizani ko‘rib quvonishning o‘rniga, yahudiylar o‘sha kishini hukm qilib, unga: «Bugun Shabbat va to‘shak ko‘tarib yurishing noqonuniy»,— deyishadi. O‘sha odam esa ularga javoban shunday deydi: «Meni sog‘aytirgan odam: “To‘shagingizni ko‘taring-da, yuravering”,— degan». (Yuhanno 5:10, 11) Bu yahudiylar Shabbat kuni sog‘aytirgan kishini ham hukm qilishadi.

Ular sog‘aygan kishidan: «Kim u, senga: “To‘shagingizni ko‘taring-da, yuravering”,— degan?» — deb so‘rashadi. Ular nega bunday savol berishadi? Sababi, «Iso o‘sha yerdagi olomonga aralashib, ko‘zdan g‘oyib» bo‘ladi, sog‘aygan kishi esa uning ismini ham bilmaydi. (Yuhanno 5:12, 13) Lekin o‘sha kishi Isoni yana uchratadi. U Isoni ma’badda ko‘rib, hovuz oldida uni sog‘aytirgan kishi aynan Iso ekanini bilib oladi.

Shundan so‘ng, sog‘aygan odam o‘sha yahudiylarni izlab topadi-da, uni Iso sog‘aytirganini aytib beradi. Buni bilgan yahudiylar Isoning oldiga borishadi. Ular Isoning oldiga u qanday qilib bunday mo‘jizalar yarata olishini bilish uchun borishadimi? Yo‘q. Ular Isoni Shabbat kuni savob ishlar qilayotgani uchun hukm qilib, hatto ta’qib qila boshlashadi.