Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-BOB

Iso Masihning ilk mo‘jizasi

Iso Masihning ilk mo‘jizasi

YUHANNO 2:1–12

  • KANAXDAGI TO‘Y

  • ISO SUVNI SHAROBGA AYLANTIRADI

Atigi uch kun avval Natanil Isoning ilk shogirdlaridan biri bo‘ldi. Endi esa Iso va uning ba’zi shogirdlari ona yurti Jalilaga ketishyapti. Ular Natanilning ona yurti, Kanax shahriga borishadi. Bu shahar Iso o‘sib ulg‘aygan Nosira shahrining shimolidagi tepalikda joylashgan. Ular Kanaxda bo‘ladigan to‘y bazmiga taklif etilgan.

Isoning onasi ham bu to‘yga boradi. Chamasi, Maryam kelin-kuyovning qarindoshlari bilan bordi-keldi qiladi va taklif etilgan ko‘pgina mehmonlarning xizmatini qilib yuradi. Shu sababli u nima yetmayotganini darhol sezadi va Isoga shunday deydi: «Ularda sharob qolmabdi». (Yuhanno 2:3)

Aslida, Maryam Isoga nimadir qilishni aytadi. Ammo Iso e’tirozni anglatuvchi idiomani qo‘llab: «Ey ayol, siz bilan menga nima?» — deydi. (Yuhanno 2:4, izohga q.) Sababi Iso, Xudo tomonidan tayinlangan Shoh bo‘lib, na oilasi, na do‘stlari unga nima qilish kerakligini aytishga haqli emaslar. Shunda Maryam donolik bilan hammasini o‘g‘liga qo‘yib beradi va xizmat qilayotganlarga: «U sizlarga nima desa, shuni bajaringlar»,— deb aytadi. (Yuhanno 2:5)

U yerda oltita katta tosh xum bor bo‘lib, har biriga 40 litrdan ko‘proq suv sig‘adi. Iso xizmatchilarga: «Xumlarga suv quyinglar»,— deb buyuradi. Keyin esa u shunday deydi: «Endi oz-moz suzib, to‘yboshiga olib boringlar». (Yuhanno 2:7, 8)

To‘yboshi sharobdan tatib ko‘radi-da, sifatiga qoyil qoladi. Biroq u sharob mo‘jizaviy tarzda yaratilganini bilmaydi. Shunda to‘yboshi kuyovni chaqirib deydi: «Har kim avval yaxshi sharobni qo‘yadi, mehmonlar mast bo‘lgandan so‘ng, yomonrog‘ini beradi. Siz esa yaxshi sharobni shu paytgacha saqlab qo‘yibsiz-a!» (Yuhanno 2:10)

Isoning bu ilk mo‘jizasini shogirdlar ko‘rishganda, ularning imoni mustahkamlanadi. Shundan so‘ng Iso, onasi va ukalari Jalila dengizining shimoli-g‘arbida joylashgan Kafarnahum shahriga yo‘l olishadi.