77-BOB
Iso boylik borasida nasihat beradi
-
BOY KISHI HAQIDAGI MASAL
-
QARG‘ALAR VA LOLALAR HAQIDA MISOL
-
«KICHIK PODAGA» SHOHLIK VA’DA QILINGAN
Iso farziyning uyida tushlik qilayotganida, ko‘chada uni minglarcha odam kutib turgan bo‘ladi. Shunga o‘xshash vaziyat Jalilada ham bo‘lgan edi. (Mark 1:33; 2:2; 3:9) Bu yerda Yahudiyada tushlikka yig‘ilgan farziylardan farqli o‘laroq, ko‘plar Isoni katta ishtiyoq va minnatdorchilik bilan tinglashadi.
Dastlab Iso o‘zining shogirdlariga murojaat qilib: «Farziylarning xamirturushidan, ya’ni ikkiyuzlamachiligidan ehtiyot bo‘linglar»,— deydi. Iso oldin ham shogirdlarini bu haqda ogohlantirgandi, lekin tushlik paytida bo‘lgan muzokara, bu ogohlantirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi. (Luqo 12:1; Mark 8:15) Farziylar o‘z yovuzligini dindorlik niqobi ostida yashirishga urinishadi, ammo ular xavfli insonlar ekanini hamma bilishi kerak. «Oshkor bo‘lmaydigan hech narsa va ma’lum bo‘lmaydigan biron sir yo‘q»,— deb tushuntiradi Iso. (Luqo 12:2)
Ehtimol, Isoning oldiga kelgan xaloyiqning aksar qismi yahudiylar va ular Isoning Jalilada xalqqa ta’lim berganini eshitishmagan. Shu bois, Iso oldin aytgan asosiy fikrlarni yana takrorlaydi. Iso tinglovchilariga: «Sizlarni o‘ldirishdan boshqa narsaga qurbi yetmaydigan odamlardan qo‘rqmang»,— deb maslahat beradi. (Luqo 12:4) Ilgari bo‘lganidek, Xudo ular haqida g‘amxo‘rlik qilishidan shubhalanmasliklari kerakligini Iso yana ta’kidlaydi. Shuningdek, ular Inson O‘g‘lini tan olishlari va Xudo ularga yordam berishini unutmasliklari lozim. (Matto 10:19, 20, 26–33; 12:31, 32)
Xalq orasidan bir kishi ayni paytda o‘zini tashvishga solayotgan masala haqida Isoga: «Ustoz, akamga ayting, merosni men bilan bo‘lishsin»,— deydi. (Luqo 12:13) Tavrotda to‘ng‘ich o‘g‘ilning ikki hissa meros olishga haqqi bor, deb aytilgani sabab bu borada bahs-munozara qilishga asos yo‘q. (Qonunlar 21:17) Biroq o‘sha kishi o‘ziga tegishlisidan ko‘prog‘ini olishni xohlayotganga o‘xshaydi. Iso donolik ila tarafkashlik qilishdan bosh tortadi. U: «Ey inson, meni sizlarga qozi yoki meros bo‘luvchi qilib kim tayinladi?» — deb so‘raydi. (Luqo 12:14)
Keyin Iso xaloyiqqa jiddiy ogohlantirish beradi: «O‘zingizni har turli ochko‘zlikdan saqlanglar, chunki odamning mol-mulki ko‘p bo‘lgan taqdirda ham, uning hayoti bunga bog‘liq emas». (Luqo 12:15) Darhaqiqat, odam qancha mol-mulk yig‘masin, u o‘lganda hech narsani o‘zi bilan olib ketolmaydi. Bu fikrni hamda Xudo oldida yaxshi nomga ega bo‘lishning qadri balandligini ta’kidlash uchun Iso quyidagi masalni keltiradi:
«Bir boy kishining yeri yaxshi hosil beribdi. U o‘zicha o‘ylabdi: “Nima qilsam ekan? Axir hosilni qo‘yadigan joyim yo‘q-ku”. Oxiri u shunday debdi: “Mana bunday qilaman: omborlarimni buzib, kattarog‘ini quraman-da, butun g‘alla-yu mol-mulkimni o‘sha yerga jamlayman. Keyin o‘zimga: “Men ko‘p yillarga yetadigan mol-mulk yig‘ib qo‘ydim. Endi maza qilib yeb-ichib rohatini ko‘raman”,— deb aytaman”. Lekin Alloh unga debdi: “Ey nodon, shu kechaning o‘zidayoq sening joning olinadi. O‘shanda jamlab qo‘ygan narsalaring kimga qoladi?” O‘zi uchun mol-mulk to‘plab, Xudo nazarida boyimagan odamning oxirati ana shunday bo‘ladi». (Luqo 12:16–21)
Isoning shogirdlarida va uni tinglayotgan boshqalarda boylik ortidan quvish yoki mol-mulk to‘plashga berilib ketish xavfi bor. Yoki Yahovaga xizmat qilishdan kundalik tashvishlari chalg‘itib qo‘yishi mumkin. Shunday ekan, Iso taxminan bir yarim yil oldin Tog‘dagi va’zida bergan maslahatini takrorlab quyidagicha deydi:
«Nima yeymiz deb joningiz uchun yoki nima kiyamiz deb tanangiz uchun tashvishlanmanglar. Luqo 12:22–31; Matto 6:25–33)
[...] Qarg‘alarga e’tibor beringlar: ular urug‘ ham ekmaydi, hosil ham yig‘maydi. Hatto omborlari ham yo‘q, ammo Tangri ularning rizqini beradi. Sizlar-chi, qushlardan ancha afzalroq emasmisiz? [...] Lolalarning qanday o‘sishiga e’tibor beringlar: ular na mehnat qiladi, na charx yigiradi. Lekin sizlarga aytib qo‘yay: hatto shoh Sulaymon ham o‘zining shuhrat cho‘qqisida ularning hech biriday kiyinmagan. [...] Xullas: “Nima yeymiz, nima ichamiz?” — deb ortiq tashvishlanmanglar. [...] Axir Samoviy Otangiz bularning bariga muhtoj ekaningizni biladi-ku. Xudoning Shohligi hayotingizda hamisha birinchi o‘rinda bo‘lsin, o‘shandagina bularning bari sizlarga qo‘shimcha qilib beriladi». (Xudoning Shohligini hayotida kim birinchi o‘ringa qo‘yadi? Isoning so‘zlariga ko‘ra Xudoga sadoqatli bo‘lgan bu kishilarning soni oz bo‘lib, «kichik poda» deb nomlanadi. Keyinchalik ularning soni 144 000 bo‘lishi aniqlanadi. Xo‘sh, ularni nima kutmoqda? Iso ularni: «Otangiz sizlarga Shohlikni berishni ma’qul ko‘rdi»,— deb ishontiradi. Ular, o‘g‘ri o‘marishi mumkin bo‘lgan yerdagi xazinalarni to‘plashmaydi. Aksincha, ularning yuragi «osmonda bitmas-tuganmas xazina» bilan bo‘ladi. U yerda ular Masih bilan birga hukm surishadi. (Luqo 12:32–34)