78-BOB
Ishonchli boshqaruvchi tayyor turishi kerak
-
ISHONCHLI XIZMATKOR TAYYOR TURISHI KERAK
-
ISO BO‘LINISH KELTIRYAPTI
Iso faqatgina «kichik poda» u bilan osmonda shohlik qilishini tushuntirdi. (Luqo 12:32) Lekin bunday ajoyib mukofotga yengiltaklik bilan qaramaslik kerak. So‘ng Iso Shohlikka kirmoqchi bo‘lgan kishi to‘g‘ri munosabatga ega bo‘lishi qanchalik muhimligini ta’kidlaydi.
Keyin Iso shogirdlarini uning qaytib kelishiga tayyor turishga undab, shunday deydi: «Kiyinib, tayyor turinglar, moychiroqlaringiz yoqilgan bo‘lsin. O‘zlaringiz esa, xo‘jayini nikoh to‘yidan qaytib kelib, eshikni taqillatganida, darhol ochishga tayyor bo‘lib, kutib turgan xizmatkorlarday bo‘linglar. Xo‘jayini kelganida, hushyor turgan xizmatkorlar baxtlidir!» (Luqo 12:35–37)
Isoning masalidan shogirdlar qanday munosabatda bo‘lish kerakligini tushunishdi. Aytib o‘tilgan xizmatkorlar xo‘jayini qaytib kelishini kutayotib, tayyor turishibdi. Iso bunga shunday izoh beradi: «Xoh yarim kechada, xoh tongotarda xo‘jayin kelib xizmatkorlarini shunday holda topsa, ular naqadar baxtlidir!» (Luqo 12:38)
Demak, bunday undov astoydil xizmat qilishdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Isoning keyingi so‘zlaridan, u Inson O‘g‘li, ya’ni o‘zi haqida aytayotgani ayon bo‘ladi. U shogirdlariga: «Shunga o‘xshab, sizlar ham tayyor turinglar, chunki Inson O‘g‘li sizlar o‘ylamagan soatda keladi»,— deb aytadi. (Luqo 12:40) Xullas, Iso kelajakda albatta keladi. Shuning uchun izdoshlari, ayniqsa «kichik poda»ga tegishli bo‘lganlar uning kelishiga tayyor turishlarini xohlaydi.
Butrus aytilganlarning ma’nosini tushunish uchun Isodan so‘raydi: «Hazrat, bu misol bizga tegishlimi yoki hammagami?» Ochiqdan-ochiq javob berishning o‘rniga Iso shunga o‘xshash boshqa masal aytib beradi: «Xizmatkorlariga rizq-ro‘zni vaqtida yetkazib turish uchun Xo‘jayini ularning ustidan tayinlaydigan ishonchli va aqlli boshqaruvchi kim ekan? Xo‘jayin qaytib kelgach, xizmatkorni o‘z vazifasini bajarayotgan holda ko‘rsa, bu xizmatkor naqadar baxtlidir! Ishonavering, u bor mol-mulkini unga ishonib topshiradi». (Luqo 12:41–44)
Oldingi masaldagi «xo‘jayin» — Inson O‘g‘li, ya’ni Iso ekani shubhasiz. «Ishonchli... boshqaruvchi» esa, «kichik podaga» tegishli bo‘lgan bir guruh shogirdlarni anglatadi va ularga Shohlik beriladi. (Luqo 12:32) Isoning so‘zlaridan ayon bo‘lganidek, «kichik poda» a’zolaridan ba’zilari uning «xizmatkorlariga rizq-ro‘zni vaqtida yetkazib» turishadi. Shuning uchun Iso ta’lim berib, ma’nan oziqlantirayotgan Butrus va boshqa shogirdlar Inson O‘g‘li kelajakda keladi, degan xulosa chiqarishlari mumkin. O‘shanda Isoning izdoshlariga, ya’ni Xo‘jayinning «xizmatkorlariga» kerak bo‘lgan ma’naviy ozuqani yetkazish tashkillashtirilgan bo‘ladi.
Iso yana bir bor shogirdlarining diqqatini hushyor turish va to‘g‘ri munosabatda bo‘lish kerakligiga qaratadi. Chunki shogirdlar orasidan kimdir yalqov bo‘lib qolishi va hatto birodarlariga qarshilik ko‘rsatishi mumkin. Iso shunday deydi: «Bordi-yu, xizmatkor ko‘nglida yomon niyat bilan: “Xo‘jayinim hali-beri kelmaydi”,— desa va qul-u cho‘rilarni ursa, yeb-ichib mast bo‘lib yursa, xo‘jayini kutilmagan kunda va u bilmagan soatda kelib qoladi. Shunda u xizmatkorini qattiq jazoga mubtalo qilib, boshiga imonsizlarning kunini soladi». (Luqo 12:45, 46)
Isoning aytishicha, u «yer yuziga o‘t yoqqani kelgan». U qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan mavzular borasida savollar berib, o‘t yoqadi. Ramziy so‘zlar bilan aytganda, ushbu o‘tda soxta ta’limotlar va urf-odatlar yonyapti. Luqo 12:49, 53)
Boz ustiga, bu o‘t odatda yakdil bo‘lgan insonlarni bir-biridan ayiradi. Ha, Isoning o‘zi aytganidek, «ota o‘g‘liga, o‘g‘li esa otasiga qarshi, ona qiziga, qizi esa onasiga qarshi, qaynana keliniga, kelini esa qaynanasiga qarshi chiqib, bo‘linib ketishadi». (Isoning bu so‘zlari ayniqsa shogirdlariga qaratilgan. So‘ng u xalqqa murojaat qiladi. Ko‘pchilik uning Masih ekanini tasdiqlaydigan aniq dalillarni o‘jarlik bilan rad etyapti. Iso ularga shunday deydi: «G‘arbdan bulut ko‘tarilayotganini ko‘rishingiz bilanoq: “Bo‘ron bo‘ladi”,— deysizlar va xuddi aytganingizday yuz beradi. Janubdan shamol esganda: “Jazirama issiq bo‘ladi”,— deysizlar va aytganingiz keladi. Ey ikkiyuzlamachilar! Sizlar yer-u ko‘k yuziga qarab, ob-havoni aniqlay olasiz-u, nega hozir yuz berayotgan voqealarning ma’nosini aniqlay olmayapsiz?» (Luqo 12:54–56) Ha, ularni tayyor turishibdi, deb bo‘lmaydi.