103-BOB
Iso ma’badni yana tozalaydi
MATTO 21:12, 13, 18, 19 MARK 11:12–18 LUQO 19:45–48 YUHANNO 12:20–27
-
ISO ANJIR DARAXTINI LA’NATLAYDI VA MA’BADNI TOZALAYDI
-
KO‘P INSONLARGA HAYOT ATO ETISH UCHUN ISO O‘LISHI KERAK
Iso shogirdlari bilan Yerixodan Baytaniyaga kelib, u yerda uch kecha qoladi. 10-nison dushanba kuni tong saharda ular Quddusga yo‘l olishadi. Iso och qoladi. Yo‘l-yo‘lakay anjir daraxtiga ko‘zi tushib, yoniga boradi. Qiziq, mevalari bormikan?
Hozir mart oyining oxiri, anjir daraxti esa iyun oyida hosil beradi. Daraxt barglari vaqtidan oldin paydo bo‘lgani uchun, uning mevasi ham bordir, deb Iso yoniga boradi. Lekin bitta ham meva topmaydi. Barglar daraxtga aldamchi tus beradi. Shunda Iso: «Bundan buyon sening mevangni hech kim yemasin»,— deydi. (Mark 11:14) Daraxt shu zahotiyoq qurishni boshlaydi. Bo‘lib o‘tgan voqeaning ma’nosi keyingi kun aniq bo‘ladi.
Ko‘p o‘tmay Iso shogirdlari bilan Quddusga keladi. Iso bir kun avval kunduzi ma’badni ko‘zdan kechirgan edi. Bugun esa u uch yil oldin, mil. 30-yili Fisih bayramida qilgan ishini yana takrorlaydi. (Yuhanno 2:14–16) Iso «ma’badga kirib, oldi-sotdi qilayotganlarning hammasini quvib» chiqaradi. Shuningdek, «pul almashtiruvchilarning peshtaxtalarini va kaptar sotuvchilarning kursilarini ag‘darib» yuboradi. (Mark 11:15) Bundan tashqari, ma’bad hovlisidan biror nima olib o‘tishga ham ruxsat bermaydi. Chunki shunday yo‘l tutib odamlar shaharning boshqa qismiga o‘tadigan yo‘lni qisqartirishardi.
Nega Iso ma’badda pul almashtiruvchi va hayvon sotuvchilarga qarshi bunday qat’iyat ila chora ko‘radi? U shunday deydi: «Muqaddas Yozuvlarda: “Mening uyim ibodat qilinadigan uy deb ataladi”,— deyilgan. Sizlar bo‘lsa uni qaroqchilar uyasiga aylantirib yubordingizlar». (Mark 11:17) Iso ularni qaroqchilar deb ataydi, sababi ular qurbonlik keltirish uchun sotib olmoqchi bo‘lgan odamlarga hayvonlarni qimmatga sotishardi. Demak, Iso ularning ishini tovlamachilik va qaroqchilik bilan solishtirgani ajablanarli emas.
Albatta Isoning bunday yo‘l tutganidan bosh ruhoniylar, ulamolar va nufuzli kishilar xabar topishadi va uni o‘ldirish maqsadida yana bahona izlay boshlashadi. Lekin bu oson ish emas, chunki Isoni tinglamoqchi bo‘lgan xalq uning yonidan ketmaydi.
Fisih bayramiga nafaqat yahudiylar, balki yahudiy diniga kirganlar ham yig‘iladi. Muqaddas bayramga kelganlar orasida yunonlar ham bor. Ehtimol, ular Filipning ismi yunoncha bo‘lgani sabab uning oldiga kelib, Isoni ko‘rmoqchi ekanini aytishadi. Filip ularning iltimosi o‘rinli ekanidan shubhalangani uchun Idris bilan maslahatlashadi. Keyin ikkalasi Isoning oldiga boradi. U esa hali ham ma’badda bo‘ladi.
Bir necha kundan keyin Iso o‘lishini biladi, shuning uchun hozir kimningdir qiziquvchanligini qondirish yoki mashhurlikni izlash payti emas. U ikkita havoriyga misol keltirib, shunday deydi: «Inson O‘g‘li ulug‘lanadigan vaqt keldi. Ishonavering, bug‘doy doni yerga tushib o‘lmasa, bir donligicha qoladi. Agar o‘lsa, mo‘l hosil keltiradi». (Yuhanno 12:23, 24)
Bug‘doy doni ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Biroq u yerga tushib «o‘lsa», don emas novda bo‘ladi. Vaqt o‘tib u ko‘p hosil beruvchi bug‘doy poyasiga aylanadi. Xuddi shunday Iso ham yagona mukammal insondir. Ammo o‘limigacha Xudoga sadoqatli qolib, u kabi fidoyi bo‘ladigan ko‘p insonlarga hayot ato etishi mumkin. Shuning uchun Iso quyidagicha aytadi: «O‘z jonini sevgan, uni halok qiladi. Kimki bu dunyoda o‘z jonidan nafratlansa, uni abadiy hayot uchun saqlab qoladi». (Yuhanno 12:25)
Lekin Iso faqat o‘zini nazarda tutmaydi. U: «Menga xizmat qilishni istagan kishi orqamdan ergashsin. Men qayerda bo‘lsam, xizmatchim ham o‘sha yerda bo‘ladi. Kimki menga xizmat qilsa, Otam uni izzat qiladi»,— deydi. (Yuhanno ) Naqadar ajoyib mukofot! Ota izzat qilgan insonlar Samoviy Shohlikda Masih bilan birga hukmronlik qilishadi. 12:26
Iso duch keladigan qiynoqlar va azobli o‘limi haqida o‘ylab, quyidagicha deydi: «Yuragim siqilyapti. Nima desam ekan? Otajon, meni shu fursatdan qutqar». Biroq Iso Allohning irodasini bajarishdan bosh tortmaydi. U so‘zida davom etib: «Lekin men aynan shu fursat uchun kelganman»,— deydi. (Yuhanno 12:27) Ha, Iso Allohning niyati amalga oshishi uchun hamma narsaga, hatto o‘z jonini fido qilishga ham tayyor.