126-BOB
Butrus Isodan tonadi
MATTO 26:69–75 MARK 14:66–72 LUQO 22:54–62 YUHANNO 18:15–18, 25–27
-
BUTRUS ISODAN TONADI
Isoni Getsemaniya bog‘ida hibsga olishganidan so‘ng, havoriylar vahimaga tushib uni tark etishadi. Ammo ulardan ikkitasi uzoqqa qochib ketmaydi. Ular Butrus va «yana bir shogird», ehtimol, Yuhanno bo‘ladi. (Yuhanno 18:15; 19:35; 21:24) Hoynahoy, ular Isoning orqasidan Hananning uyigacha borishadi. Hanan Isoni oliy ruhoniy Kayafaning huzuriga jo‘natganida, Butrus va Yuhanno muayyan masofada orqalaridan ergashib ketishadi. Ular o‘z hayoti uchun xavfsirashyapti, lekin Ustozlari bilan nima bo‘lishidan ham xavotirlanishyapti.
Yuhanno oliy ruhoniy Kayafa bilan tanish bo‘lgani sababli hovliga kiradi. Butrus esa darvozaning tashqarisida qoladi. Bu payt Yuhanno cho‘ridan Butrusning ham kirishini so‘raydi va unga ruxsat beriladi.
Tun judayam sovuq va odamlar hovlida gulxan yoqishyapti. Butrus isinib olish hamda Isoning sudi «nima bilan tugashini ko‘rish uchun» ular bilan birga o‘tiradi. (Matto 26:58) Butrusni ichkariga kiritgan cho‘ri gulxan yorug‘ida Butrusga tikilib qaraydi-da, undan: «Siz ham bu odamning shogirdlaridan biri emasmisiz?» — deb so‘raydi. (Yuhanno 18:17) Boshqalar ham Butrusni tanib qolib, u Iso bilan bo‘lganini ta’kidlashadi. (Matto 26:69, 71–73; Mark 14:70)
Butrusni vahima bosadi. Odamlar unga e’tibor qaratishmasin deya, u hatto tashqi hovliga chiqadi. Butrus Iso bilan bo‘lganini inkor etib: «Nimalar deyapsiz, men uni tanimayman»,— deydi. (Mark 14:67, 68) Bundan tashqari, so‘zlari rost ekanini tasdiqlash va agar yolg‘on bo‘lsa baloga giriftor bo‘lishga tayyorligini isbotlash uchun o‘zini qarg‘ab, qasam icha boshlaydi. (Matto 26:74)
Isoning sudi haligacha davom etyapti. Ehtimol, sud Kayafa uyining boshqa qismida, hovlining tepasidagi joyda bo‘lib o‘tyapti. Butrus va boshqalar pastda kutib, guvohlar kirib chiqayotganini kuzatayotgan bo‘lishsa kerak.
Butrus Isoni tanimasligini aytganida, odamlar unga ishonishmaydi, sababi, uning Jalila shevasi yaqqol bilinib turardi. Ustiga-ustak, hovlida yig‘ilganlar orasida Butrus qulog‘ini kesib tashlagan Malxusning qarindoshi ham bor edi. U Butrusga: «Sizni bog‘da u bilan birga ko‘rdim, shekilli»,— deb aytadi. Butrus Isodan uchinchi marta tonganida, bashorat qilinganidek xo‘roz qichqiradi. (Yuhanno 13:38; 18:26, 27)
Hoynahoy, shu payt Iso tashqi hovliga chiqadigan boloxona ayvonida turgan bo‘ladi va o‘girilib, Butrusga qaraydi. Butrus esa o‘zini qo‘ygani joy topolmay qoladi. Shunda u bundan bir necha soat oldin boloxonada Isoning aytgan gaplarini eslaydi. Ha, Butrus nima qilib qo‘yganini tushunib, o‘zini qanday his qilayotganini bir tasavvur qiling-a?! Butrus tashqariga chiqib, achchiq-achchiq yig‘laydi. (Luqo 22:61, 62)
Lekin bu qanday yuz berdi? Qanday qilib ma’nan mustahkamligiga va sadoqatli ekaniga amin bo‘lgan Butrus Ustozidan tonishi mumkin? Gap shundaki, ayni paytda haqiqat buzib ko‘rsatilyapti va Isoni o‘taketgan jinoyatchiga chiqarishyapti. Ilgari Isoni hech narsada ayblashmagani uchun Butrus uning tomonini egallashga tayyor edi. Endi esa u «abadiy hayotning so‘zlari bor» bo‘lgan zotdan yuz o‘girdi. (Yuhanno 6:68)
Butrus bilan yuz bergan voqeadan ko‘rinyaptiki, hatto imonli va Xudoga sadoqatli inson kutilmaganda keladigan sinov-u vasvasalarga tayyor turmasa, muvozanatni yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Butrus bilan yuz bergan voqea Allohning barcha xizmatchilari uchun ogohlantiruvchi saboqdir!