Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

129-BOB

Pilat: «Ana, u odam!» — deydi

Pilat: «Ana, u odam!» — deydi

MATTO 27:15–17, 20–30 MARK 15:6–19 LUQO 23:18–25 YUHANNO 18:39–19:5

  • PILAT ISONI OZOD QILMOQCHI

  • YAHUDIYLAR BARABBANI OZOD ETISHNI TALAB QILISHADI

  • ISONI KAMSITISHADI VA XO‘RLASHADI

Isoni o‘ldirishni talab qilayotgan olomonga Pilat quyidagilarni aytadi: «Men... qo‘ygan ayblovlaringizning birortasini ham topa olmadim. Hirod ham unda hech qanday ayb topa olmadi». (Luqo 23:14, 15) U Isoni qutqarib qolish niyatida yana bir usuldan foydalanib, xalqqa shunday murojaat qiladi: «Sizlarning odatingiz bo‘yicha, Fisih bayrami munosabati bilan sizlar uchun bir kishini ozod etib kelaman. Bu safar yahudiylarning shohini ozod qilishimni istarmidingiz?» (Yuhanno 18:39)

Qaroqchi, qo‘zg‘olonchi va qotil sifatida tanilgan Barabba qamoqxonada o‘tirganini Pilat biladi. Shuning uchun u quyidagicha so‘raydi: «Kimni ozod qilishimni istaysizlar: Barabbanimi yoki Masih deb atalgan Isonimi?» Biroq bosh ruhoniylar xalqni shunday qayrashadiki, ular Pilatdan Isoni emas, Barabbani ozod etishini talab qilishadi. Pilat yana bir bor: «Ikkalasidan qay birini ozod etishimni xohlaysizlar?» — deb so‘raydi. Xaloyiq: «Barabbani»,— deya qichqiradi. (Matto 27:17, 21)

Pilat nima qilishni bilmay yana so‘raydi: «Unda Masih deb atalgan Isoni nima qilay?» Ularning hammasi: «Uni ustunga mixlating!» — deydi. (Matto 27:22) Ular aybsiz odamni qatl qilishni talab etishgani uchun uyalishlari kerak! Pilat Isoni himoyalab shunday deydi: «Nega? U nima yomonlik qilgan? Men unda o‘limga loyiq hech qanday ayb topmadim. Shu sababli men uni jazolab, qo‘yib yuboraman». (Luqo 23:22)

Pilat qancha urinmasin, xaloyiqning jazavasi tutib bir ovozdan: «Uni ustunga mixlating!» — deya battarroq baqiradi. (Matto 27:23) Din rahbarlari xalqni shunchalik gijgijlashganki, ular qon to‘kilishini xohlashadi. Shuni aytish joizki, ular jinoyatchi va qotilning emas, besh kun avval Quddusda Shoh sifatida qarshi olishgan aybsiz insonning qoni to‘kilishini istashadi! Isoning shogirdlari bularni kuzatib turgan bo‘lishsa-da, indamay, o‘zlariga e’tibor jalb qilishmaydi.

Harakatlari behuda ekanini va shovqin-suron kuchayib borayotganini ko‘rgach, Pilat suv olib xalqning ko‘zi oldida qo‘lini chayadi-da, shunday deydi: «Bu kishining qoni to‘kilishida mening aybim yo‘q. Bunga o‘zlaringiz javobgarsiz». Hatto bu ham xalqni fikridan qaytarmaydi. Ular: «Uning qoni bizning va farzandlarimizning bo‘ynida bo‘ladi»,— deb javob berishadi. (Matto 27:24, 25)

Pilat o‘zi to‘g‘ri deb bilgan narsani qilishni emas, balki xalqning ko‘nglini olishni istaydi. U xalqning talabiga muvofiq yo‘l tutib, Barabbani ozod qiladi, Isoni esa yechintirib, qamchilashni buyuradi.

Isoni berahmlarcha savalagach, askarlar uni Pilatning saroyiga olib kelishadi. Barcha askarlar to‘planib, Isoga azob berishda davom etishadi. Askarlar tikanakdan toj yasab, Isoning boshiga kiygizishadi. O‘ng qo‘liga tayoq tutqazib qo‘yishadi, egniga esa shohlarga xos qirmizi rangli yopinchiq tashlashadi. Ular Isoni shunday deya masxara qilishadi: «Salom, yahudiylarning shohi!» (Matto 27:28, 29) Ular Isoga tupurib, yuziga tarsakilar tushirishadi. Keyin qo‘lidagi tayoq bilan boshiga urib, kishining obro‘sini yerga to‘kadigan «tojning» o‘tkir tikanlarini terisiga yanada chuqurroq kirgizishadi.

Iso bunday munosabatga mardlarcha va nihoyatda munosib ravishda dosh beradi. Bu Pilatda katta taassurot qoldiradi va shu sababdan, u Isoni yana bir marotaba qutqarishga urinib, shularni aytadi: «Mana, uni oldingizga chiqaryapman. Bilib qo‘yinglar, men unda hech qanday ayb topolmadim!» Ehtimol, Pilat odamlar Isoni savalangan va qonga belangan holda ko‘rishsa, rahmi keladi deb o‘ylaydi. Iso shafqatsiz xaloyiqning oldiga chiqib kelganida esa, Pilat: «Ana, u odam!» — deydi. (Yuhanno 19:4, 5)

Garchi Iso azoblangan va jarohatlangan bo‘lsa ham, u salobat va xotirjamlik ila turadi. Bu hatto Pilatning nazaridan ham chetda qolmaydi. Hokimning so‘zlarida hurmat va achinish hissi aks etgan bo‘lishi mumkin.