Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

113-BOB

Talantlar haqidagi masal tirishqoq bo‘lishga o‘rgatadi

Talantlar haqidagi masal tirishqoq bo‘lishga o‘rgatadi

MATTO 25:14–30

  • ISO TALANTLAR HAQIDA MASAL AYTIB BERADI

Iso to‘rtta havoriy bilan hamon Zaytun tog‘ida. U ularga yana bir masal aytib beradi. Bir necha kun oldin u Yerixo shahrida minalar haqida masal aytib bergan edi. O‘sha masal Shohlik uzoq kelajakda kelishiga ishora qilardi. Iso hozir keltirmoqchi bo‘lgan masal ham minalar haqidagi masalga o‘xshab ketadi. Bu masal Iso o‘zi hozir bo‘ladigan va zamon oxirlab boradigan payt haqidagi savolga bergan javobning bir qismi. Iso shogirdlarining e’tiborini ularga topshirilgan ishni tirishqoqlik ila bajarish kerakligiga qaratadi.

Iso shunday deb boshlaydi: «Osmon Shohligi, qullariga mol-mulkini topshirib, uzoq safarga jo‘nab ketgan odamga ham o‘xshaydi». (Matto 25:14) Ilgari Iso o‘zini «shohlikni qo‘lga kiritish uchun uzoq mamlakatga» jo‘nab ketgan odamga o‘xshatgan edi. Shuning uchun havoriylar Iso aynan o‘sha «odam» ekanini tushunishadi. (Luqo 19:12)

O‘sha odam boshqa mamlakatga ketishdan oldin qullariga mol-mulkini topshiradi. Uch yarim yillik xizmati davomida Iso Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni qunt bilan va’z qilardi va shogirdlarini u boshlab bergan faoliyatni davom ettirishga tayyorlardi. Endi shogirdlari u ta’lim berganidek yo‘l tutishlariga ishonch hosil qilib, Iso ularni tark etadi. (Matto 10:7; Luqo 10:1, 8, 9; Yuhanno 4:38; 14:12 ni solishtiring.)

Isoning masalidagi odam mol-mulkini qullariga qanday taqsimlab beradi? Iso shunday hikoya qiladi: «U har biriga o‘z qobiliyatiga yarasha: biriga besh, boshqasiga ikki, uchinchisiga bir talant berib yo‘lga chiqibdi». (Matto 25:15) Xo‘sh, qullar ularga ishonib topshirilgan mol-mulkni qay yo‘sin ishga solishadi? Xo‘jayin ko‘proq daromad ko‘rishi uchun qullar tirishqoqlik ila mehnat qilishadimi? Iso havoriylariga quyidagilarni aytadi:

«Besh talant olgan kishi shu zahoti borib, ularni ishga solibdi-da, yana besh talant orttiribdi. Xuddi shunday, ikki talant olgan ham, ustiga ikki talant orttiribdi. Bir talant olgan qul esa xo‘jayini bergan kumush tangalarini yerga ko‘mib, yashirib qo‘yibdi». (Matto 25:16–18) Qiziq, xo‘jayin qaytganida nima yuz beradi?

«Ancha vaqtdan so‘ng,— davom etadi Iso,— xo‘jayin safardan qaytibdi va qullaridan hisobot berishlarini so‘rabdi». (Matto 25:19) Birinchi ikkita qul «o‘z qobiliyatiga yarasha» qo‘lidan kelganini qildi. Ulardan har biri o‘ziga ishonib topshirilgan pulni ishga solib tirishqoqlik ila astoydil mehnat qildi va samara keltirdi. Besh talant olgan kishi yana besh talant orttirdi. Ikki talant olgan kishi ham xuddi shunday qildi. (O‘sha paytda ishchi bir talantni ishlab topish uchun taxminan 19 yil mehnat qilish kerak edi.) So‘ng xo‘jayin har birini maqtab: «Barakalla, sen yaxshi, ishonchli qul ekansan. Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun senga katta ishlarni ham topshiraman. Kel, endi xo‘jayining bilan birga quvongin»,— deydi. (Matto 25:21)

Ammo bir talant olgan qul o‘zgacha yo‘l tutadi. U shunday deydi: «Xo‘jayin, siz talabchan ekaningizni, ekmagan joydan o‘rib, sepmagan joydan yig‘ib olishingizni bilardim. Shu bois, sizdan qo‘rqib, bergan talantingizni yerga ko‘mib, yashirib qo‘ydim. Mana, oling, bu sizniki». (Matto 25:24, 25) U, xo‘jayini qandaydir daromad olishi uchun pullarni hatto ishga ham solmadi. Boshqacha qilib aytganda, u xo‘jayiniga ziyon keltirdi.

Xo‘jayin uni «yovuz, dangasa qul» deb atagani bejiz emas. Undan talantni tortib olishadi va astoydil mehnat qilishga tayyor qulga berishadi. Xo‘jayin nimaga asoslanib bunday yo‘l tutganini quyidagicha tushuntiradi: «Kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi va unda mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Kimda yo‘q bo‘lsa, uning bor narsasi ham tortib olinadi». (Matto 25:26, 29)

Isoning shogirdlari ancha narsa haqida o‘ylab ko‘rishlari mumkin. Mazkur masalning o‘zi ham ularni chuqur mulohaza yuritishga chorlaydi. Iso topshirgan shogird tayyorlashdek sharafli vazifani yuqori qadrlash kerakligini havoriylar tushunishadi. Iso ulardan tirishqoq bo‘lishni kutadi. Lekin ularning hammasi va’zgo‘ylik faoliyatida ishtirok etib, ishni bir xil darajada bajarishlarini talab qilmaydi. Masaldan ayon bo‘lganidek, Isoning har bir shogirdi qo‘lidan kelganicha, «qobiliyatiga yarasha» harakat qilishi kerak. Biroq bu, Xo‘jayinning mol-mulkini ko‘paytirish uchun qo‘lidan kelganini qilmagan «dangasa» ham Isoga ma’qul keladi degani emas.

Havoriylar Isoning: «Kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi»,— degan so‘zlaridan qanchalik quvongan bo‘lishsa kerak-a?!