Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N SAKKIZINCHI BOB

Xudoga bag‘ishlanish va suvga cho‘mish

Xudoga bag‘ishlanish va suvga cho‘mish

1. Bu kitobni tadqiq qilgach, nima haqda o‘ylab qolishingiz mumkin?

SIZ bu kitobni tadqiq qilayotib, ko‘pgina Muqaddas Kitob haqiqatlari, jumladan, Xudoning abadiy yashash haqidagi va’dasi, o‘lganlarning holati hamda tirilishga bo‘lgan umid to‘g‘risida bilib oldingiz. (Voiz 9:5; Luqo 23:43; Yuhanno 5:28, 29; Vahiy 21:3, 4) Ehtimol, siz Yahova Shohidlarining yig‘ilishlariga qatnab, ular Xudoga ma’qul tarzda topinayotganiga amin bo‘lgandirsiz. (Yuhanno 13:35) Shuningdek, Yahova bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirib, Unga xizmat qilish qaroriga kelgandirsiz. Shunday bo‘lsa «Xudoga xizmat qilish uchun mendan nima kutiladi?» deb o‘ylashingiz mumkin.

2. Nima uchun habashistonlik amaldor suvga cho‘mishni istaydi?

2 Birinchi asrda yashagan habashistonlik bir amaldorni ham shu savol qiziqtirgan. Isoning o‘limidan bir muncha vaqt o‘tib, Isoning shogirdi Filip bu kishiga va’z qiladi. Filip habashistonlik amaldorga Muqaddas Kitob asosida Isoning Masih ekanini isbotlab beradi. Bilib olganlaridan ta’sirlanib, amaldor o‘sha zahoti: «Mana suv, mening suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti?» — deb aytadi. (Havoriylar 8:26–36)

3. a) Iso shogirdlariga qanday vazifa bergan? b) Suvga cho‘mish qanday o‘tkaziladi?

3 Muqaddas Kitobda Yahovaga xizmat qilmoqchi bo‘lgan kishi suvga cho‘mishi kerakligi haqida aniq aytilgan. Iso shogirdlariga shunday degan: «Boringlar, barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar. Ularni... suvga cho‘mdiringlar». (Matto 28:19) Isoning o‘zi ham suvga cho‘mib bu borada o‘rnak qoldirdi. U suvga cho‘mganida suvga to‘liq kirgan. (Matto 3:16) Bugungi kunda ham masihiylar suvga cho‘mganda Isoning namunasiga taqlid qilishadi.

4. Suvga cho‘mish bilan nimani ko‘rsatasiz?

4 Suvga cho‘mib Xudoning do‘sti bo‘lish hamda Unga xizmat qilish istagingiz borligini omma oldida ko‘rsatasiz. (Zabur 40:7, 8) Suvga cho‘mishni xohlasangiz qanday qadamlar qo‘yishingiz kerak?

BILIM VA IMON

5. a) Suvga cho‘mishdan oldin nima qilishingiz kerak? b) Nima uchun yig‘ilishlarga muntazam qatnash muhim?

5 Suvga cho‘mishdan oldin Yahova hamda Isoni tanib-bilishingiz kerak. Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshlaganingizdan buyon, ular haqda bilim olyapsiz. (Yuhanno 17:3 ni o‘qing.) Lekin buning o‘zi yetarli emas. Muqaddas Kitobda Yahovaning «irodasini aniq anglashingiz» muhimligi haqida aytilgan. (Kolosaliklarga 1:9) Yahova Shohidlarining yig‘ilishlari Yahova bilan munosabatlaringizni mustahkamlashga yordam beradi. Shu sababli ularga muntazam qatnash juda muhim. (Ibroniylarga 10:24, 25)

Suvga cho‘mishdan oldin Muqaddas Kitobni tadqiq qilish lozim

6. Suvga cho‘mish uchun Muqaddas Kitobni qanchalik bilishingiz kerak?

6 Albatta, Yahova suvga cho‘mishingizdan oldin Muqaddas Kitobda yozilgan hamma narsani bilishingizni kutmaydi. U buni habashistonlik amaldordan ham kutmagan. (Havoriylar 8:30, 31) Zero, biz abadiyat davomida Xudo haqida bilim olamiz. (Voiz 3:11) Ammo suvga cho‘mishdan avval hech bo‘lmaganda Muqaddas Kitobning asosiy ta’limotlarini bilishingiz lozim. (Ibroniylarga 5:12)

7. Muqaddas Kitob tadqiqi sizga qanday yordam berdi?

7 Muqaddas Kitobda: «Imon bo‘lmasa Allohning roziligini olish imkonsizdir»,— deb yozilgan. (Ibroniylarga 11:6) Shunday ekan, suvga cho‘mishdan oldin imoningizni namoyon etishingiz zarur. Muqaddas Kitobdan shuni bilib olyapmizki, qadimgi Korinf shahridagi ba’zilar Isoning shogirdlari o‘rgatgan narsalarni eshitganida «ishonib suvga cho‘mishgan». (Havoriylar 18:8) Shu singari sizning ham Muqaddas Kitobni tadqiq qilib, Xudoning va’dalariga hamda Isoning qurbonligi gunoh va o‘lim qulligidan ozod etishiga ishonchingiz oshdi. (Yoshua 23:14; Havoriylar 4:12; 2 Timo‘tiyga 3:16, 17)

HAQIQATNI BOSHQALARGA AYTING

8. O‘rganganlaringizni boshqalarga aytishga nima undaydi?

8 Muqaddas Kitobdan bilim olganingiz va bu sizga qanday yordam berayotganini ko‘rganingiz sayin, imoningiz mustahkamlanib boradi. Shunda o‘rganganlaringizni boshqalar bilan bo‘lishishni istaysiz. (Yeremiyo 20:9; 2 Korinfliklarga 4:13) Keling, bu haqda kimlarga aytishingiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

Imon bilimlarni baham ko‘rishga undaydi

9, 10. a) O‘rganganlaringizni kimlarga aytishingiz mumkin? b) Jamoat bilan va’z qilishni istasangiz, nima qilishingiz lozim?

9 Ehtimol, o‘rganganlaringizni oila a’zolaringiz, do‘stlaringiz yoki hamkasblaringizga aytishni istarsiz. Bu yaxshi niyat, ammo buni doimo muloyimlik va mehr ila qiling. Vaqti kelib, Yahovaning Shohidlari bilan va’zgo‘ylik faoliyatida ishtirok etishni xohlarsiz. O‘zingizni tayyor deb bilsangiz, siz bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotgan Yahovaning Shohidiga bu istagingizni ayting. Agar u ham sizni tayyor deb hisoblasa hamda Muqaddas Kitob prinsiplariga muvofiq yashayotgan bo‘lsangiz, jamoatning ikkita oqsoqoli sizlar bilan uchrashib bu masalani muhokama qiladi.

10 Bu uchrashuv qanday o‘tadi? Muqaddas Kitobning asosiy ta’limotlarini tushunib, ularga ishonayotganingizni, Xudoning prinsiplariga kundalik hayotda amal qilayotganingizni hamda Yahovaning Shohidi bo‘lish istagingizni ko‘rish uchun oqsoqollar siz bilan gaplashishadi. Unutmangki, oqsoqollar jamoatning barcha a’zolariga, jumladan, sizga g‘amxo‘rlik qiladi. Shu sababli ularga murojaat qilishdan qo‘rqmang. (Havoriylar 20:28; 1 Butrus 5:2, 3) Bu uchrashuvdan so‘ng oqsoqollar jamoat bilan va’z qilishga tayyor yoki tayyor emasligingizni aytadi.

11. Nima uchun jamoat bilan va’z qilishni boshlashdan oldin hayotingizda o‘zgarishlar qilishingiz muhim?

11 Ehtimol, oqsoqollar jamoat bilan va’z qilishni boshlashdan oldin hayotingizda yana o‘zgarishlar qilishingiz kerakligi haqida aytar. Nima uchun bu o‘zgarishlarni qilish muhim? Xudo haqida va’z qilar ekanmiz, Yahovaning vakillari sifatida gapiramiz. Shuning uchun hayot tarzimiz bilan Unga sharaf keltirishimiz kerak. (1 Korinfliklarga 6:9, 10; Galatiyaliklarga 5:19–21)

TAVBA QILIB, XUDOGA QAYTING

12. Nimaga hamma odamlar tavba qilishga muhtoj?

12 Suvga cho‘mishdan oldin, yana bir muhim narsani qilishingiz lozim. Havoriy Butrus: «Gunohlaringiz yuvilishi uchun tavba qilib, Xudoga qaytinglar»,— deb aytgan edi. (Havoriylar 3:19) Tavba qilish nimani anglatadi? Tavba — qandaydir yomon ishni qilgandan sidqidildan pushaymon bo‘lishni bildiradi. Masalan, axloqsiz hayot kechirgan bo‘lsangiz, tavba qilishingiz kerak. Hatto umringiz davomida to‘g‘ri yo‘l tutishga harakat qilgan bo‘lsangiz ham, tavba qilishingiz darkor. Chunki barchamiz gunohkormiz va Xudo bizni kechirishiga muhtojmiz. (Rimliklarga 3:23; 5:12)

13. «Xudoga qaytish» nimani anglatadi?

13 Qilgan ishingizdan pushaymon bo‘lishning o‘zi yetarlimi? Yo‘q. Butrus, shuningdek, «Xudoga qaytish» kerakligini aytgan. Bu ilgarigi yomon xulq-atvordan voz kechib, to‘g‘ri ishlar qilishni anglatadi. Deylik, siz mashinada notanish joyga sayohatga chiqdingiz. Biroz vaqt o‘tgach noto‘g‘ri yo‘nalishda borayotganingizni payqab qoldingiz. Shunda nima qilasiz? Shubhasizki, tezlikni pasaytirib to‘xtaysiz va orqaga qaytib to‘g‘ri yo‘nalishda yo‘lingizni davom ettirasiz. Shu singari Muqaddas Kitobni tadqiq qilib, yomon odatlaringiz borligini yoki turmush tarzingizda muayyan o‘zgarishlar qilish kerakligini tushunasiz. Shunday ekan, «Xudoga qaytishga», ya’ni zaruriy o‘zgarishlar qilib, to‘g‘ri yo‘ldan yurishni boshlashga tayyor bo‘ling.

HAYOTINGIZNI XUDOGA BAG‘ISHLANG

Yahovaga Unga xizmat qilishga va’da berdingizmi?

14. O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlash nimani bildiradi?

14 Suvga cho‘mishdan avval yana bir muhim qadam qo‘yish kerak. O‘zingizni Yahova Taologa bag‘ishlashingiz darkor. Ibodat qilib o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlaganda faqat Unga xizmat qilishga hamda Uning irodasini bajarishni hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘yishga va’da berasiz. (Qonunlar 6:15)

15, 16. Insonni o‘z hayotini Xudoga bag‘ishlashga nima undaydi?

15 Yahovaga xizmat qilishga bergan va’dangizni sevgan insoningiz bilan qolgan umringizni o‘tkazishga ahdlashish bilan solishtirsa bo‘ladi. Aytaylik, yigit bir qiz bilan uchrashishni boshlaydi. Qizni yaqinroq bilgani sayin, yigit uni yanada ko‘proq yoqtira boshlaydi va u bilan turmush qurishni istaydi. Garchi bu jiddiy qaror bo‘lsa-da, yigit qizni sevib qolgani uchun bu mas’uliyatni tayyorlik ila bo‘yniga oladi.

16 Xudovand Yahovani tanib-bilganingiz sayin, Unga sevgingiz oshib borib, chin qalbdan xizmat qilishni istaysiz. Bu esa ibodatda Unga xizmat qilish xohishingiz borligini aytishga undaydi. Muqaddas Kitobda Isoning izdoshi bo‘lishni istovchi har bir inson «o‘zidan kechishi» kerakligi haqida aytilgan. (Mark 8:34) Bu nimani bildiradi? O‘zidan kechish — Yahovaga itoat etishni hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘yishni anglatadi. Yahovaning irodasi sizning xohish va maqsadlaringizga qaraganda muhimroq. (1 Butrus 4:2 ni o‘qing.)

MUVAFFAQIYATSIZLIKDAN QO‘RQMANG

17. Nima uchun ba’zilar hayotini Yahovaga bag‘ishlagisi kelmaydi?

17 Ba’zilar Yahovaga xizmat qilishga bergan va’dasini bajara olmaslikdan qo‘rqib, hayotini Unga bag‘ishlamaydi. Ular Yahovaning ko‘nglini ranjitgisi kelmaydi yoki «Hayotimni Yahovaga bag‘ishlamasam, qilgan ishlarim uchun javobgarlikka tortilmayman» deb mulohaza yuritishi mumkin.

18. Yahovani xafa qilish oldidagi qo‘rquvni yengishingizga nima yordam beradi?

18 Yahovaga bo‘lgan kuchli sevgingiz Uni xafa qilish oldidagi qo‘rquvni yengishga yordam beradi. Uni yaxshi ko‘rganingiz uchun bergan va’dangiz ustidan chiqishga jon-jahdingiz bilan intilasiz. (Voiz 5:4; Kolosaliklarga 1:10) Shuningdek, «Yahovaning irodasini bajarish qiyin» deb o‘ylamaysiz. Havoriy Yuhanno: «Allohga bo‘lgan sevgi Uning amrlariga rioya qilishdan iboratdir va Uning amrlari og‘ir emas»,— deb yozgan edi. (1 Yuhanno 5:3)

19. Nega hayotingizni Yahovaga bag‘ishlashdan qo‘rqmasligingiz kerak?

19 Hayotingizni Yahovaga bag‘ishlash uchun mukammal bo‘lishingiz shart emas. U hech qachon kuchimizdan ortiq narsani talab qilmaydi. (Zabur 103:14) U to‘g‘ri yo‘l tutishingizga yordam beradi. (Ishayo 41:10) Muqaddas Kitobda: «Yahovaga butun qalbing bilan tayan... U yo‘llaringni ravon qiladi»,— deyilgan. (Hikmatlar 3:5, 6)

SUVGA CHO‘MING

20. Xudoga bag‘ishlangandan keyingi qadam qanday?

20 Sizningcha, o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlashga tayyormisiz? O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlagan bo‘lsangiz, endi keyingi qadamni qo‘yishga, ya’ni suvga cho‘mishga tayyorsiz.

21, 22. Qanday qilib imoningiz haqida «ochiqdan-ochiq e’lon qilasiz»?

21 O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlab bo‘lganingiz va suvga cho‘mishni xohlayotganingiz haqida jamoatingizdagi oqsoqollar kengashining raisiga xabar bering. U o‘z navbatida ba’zi oqsoqollar siz bilan Muqaddas Kitobning asosiy ta’limotlarini takrorlab chiqishini tashkillashtiradi. Agar bu oqsoqollar tayyor ekaningizni ko‘rishsa, Yahova Shohidlarining keyingi tuman yoki hududiy anjumanida suvga cho‘mishingiz mumkinligini aytishadi. Anjumanda odatda suvga cho‘mish munosabati bilan buning ma’nosi tushuntirib beriladigan nutq so‘zlanadi. Nutqning oxirida ma’ruzachi suvga cho‘mishni xohlayotganlarga ikkita oddiy savol beradi. Mazkur savollarga javob berish orqali imoningiz haqida «ochiqdan-ochiq e’lon qilasiz». (Rimliklarga 10:10)

22 Va nihoyat suvga cho‘masiz, ya’ni suvga to‘liq kirib chiqasiz. Suvga cho‘mish orqali barchaga Xudoga bag‘ishlanganingizni va endi Yahovaning Shohidi bo‘lganingizni ochiq ko‘rsatasiz.

SUVGA CHO‘MISHNING MA’NOSI

23. «Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh nomi bilan» suvga cho‘mdirilish nimani anglatadi?

23 Iso uning shogirdlari «Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh nomi bilan» suvga cho‘mdirilishi kerakligi haqida aytgan edi. (Matto 28:19 ni o‘qing.) Bu nimani anglatadi? Bu degani, suvga cho‘mayotgan odam Yahovaning mavqeini, Xudoning niyatida Isoning o‘rnini, shuningdek, Xudo O‘z irodasini bajarish uchun muqaddas ruhidan foydalanishini tan olayotganini ko‘rsatadi. (Zabur 83:18; Matto 28:18; Galatiyaliklarga 5:22, 23; 2 Butrus 1:21)

Suvga cho‘mib, Xudoning irodasini bajarishni istayotganingizni ko‘rsatasiz

24, 25. a) Suvga cho‘mish nimani bildiradi? b) Oxirgi bobda qaysi savolni ko‘rib chiqamiz?

24 Suvga cho‘mish chuqur ma’noga ega. Suvga to‘liq kirganingiz majoziy ma’noda oldingi hayotingiz uchun o‘lganingizni, suvdan chiqqaningiz esa Xudoning irodasini bajarish uchun tirilganingizni bildiradi. Endi bundan buyon siz Yahovaning irodasini bajarish uchun yashaysiz. Esingizda bo‘lsin, siz hayotingizni qandaydir ish, odam yoki tashkilotga emas, Alloh Yahovaga bag‘ishlayapsiz.

25 Hayotingizni Yahova bag‘ishlab, Xudo bilan o‘zgacha do‘stona munosabatlarni rivojlantirasiz. (Zabur 25:14) Ammo suvga cho‘mish najot topishga kafolat bermaydi. Havoriy Pavlus: «Qo‘rquv va titroq bilan o‘z najotingizga erishishga urininglar»,— deb yozgan edi. (Filippiliklarga 2:12) Suvga cho‘mish najot topish uchun qo‘yilgan ilk qadam, xolos. Lekin qanday qilib Yahova bilan do‘stlikni saqlab qolsak bo‘ladi? So‘nggi bob bu savolga javob topishingizga yordam beradi.