7-SAVOL
Menga seks taklif qilishsa, bunga qanday qarshi tura olaman?
SIZ QANDAY YO‘L TUTGAN BO‘LARDINGIZ?
Quyidagi vaziyatni tasavvur qiling: Xezer Mayk bilan atigi ikki oydan beri uchrashib yurishibdi. Lekin Xezerga xuddi ular bir-birini butun umr bilgandek tuyuladi. Ular tinmasdan SMSlar yozib, soatlab telefonda gaplashishadi va hatto bir-birini bir so‘zdan tushunadigan bo‘lib qolishdi. Ammo endi Mayk suhbatdan ko‘ra ko‘proq narsani istayapti.
Oxirgi ikki oy ichida Mayk va Xezer shunchaki qo‘l ushlashib, bir-birini o‘pib qo‘yishardi, xolos. Bir tomondan, Xezerga shu yetarli bo‘lyapti, lekin boshqa tomondan, Maykni yo‘qotgisi ham yo‘q. Chunki faqat u bilan Xezer o‘zini chiroyli va kerakli his qiladi. Qolaversa, u shunday deb o‘ylaydi: «Axir biz bir-birimizni sevamiz-ku!»
Agar uchrashish uchun yetarlicha katta bo‘lsangiz, Xezerning vaziyatiga tushganingizda, qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?
TO‘XTAB, O‘YLAB KO‘RING!
Masalan, agar daraxtdan sakrasangiz va qush kabi uchishga harakat qilsangiz, fizikaning tortishish qonunini pisand qilmay, o‘zingizga shikast yetkazasiz. Axloqiy qonun bilan ham xuddi shunday. Misol uchun, «o‘zingizni zinodan tiyinglar» degan qonunga e’tiborsiz bo‘lsangiz, bu yomon oqibatlarga olib kelishi aniq. (1 Salonikaliklarga 4:3)
Xo‘sh, bu amrga rioya qilmaslikning oqibatlari qanaqa? Muqaddas Kitobda bu haqda shunday deyilgan: «Zino qiluvchi, o‘z badaniga qarshi gunoh qilayotgan bo‘ladi». (1 Korinfliklarga 6:18) Qiziq, qanday qilib?
Tadqiqotlarga ko‘ra, nikohdan oldin seks bilan shug‘ullangan ko‘plab yoshlar odatda quyida keltirilgan oqibatlarning kamida bitta yoki undan ham ko‘prog‘ini boshdan kechirishadi.
-
AFSUSLANISH. Nikohdan oldin seks bilan shug‘ullangan ko‘plab yoshlar keyinchalik bundan afsuslanishadi.
-
ISHONCHSIZLIK. Seksdan so‘ng yigit ham, qiz ham: «U yana kim bilan yotib chiqqan ekan-a?» — deb o‘ylashni boshlaydi.
-
KO‘NGIL QOLISHI. Aksariyat qizlar yigitlar ulardan narsa kabi foydalanishlarini emas, balki ularni himoya qilishlarini ich-ichidan istashadi. Ko‘plab yigitlar esa shuni payqashdiki, shirin so‘zlarga darhol uchib, rozi bo‘lgan qizlar ularni keyin qiziqtirmay qo‘yar ekan.
-
Xulosa: agar siz nikohdan oldin seks bilan shug‘ullanishga rozi bo‘lsangiz, bebaho bir narsani yo‘qotib, nomingizga dog‘ tushirgan bo‘lasiz. (Rimliklarga 1:24) Qimmatli tanangizni boshqalarga berib yuborish arzirmikan?
«O‘zingizni zinodan tiyish» uchun sizda kuch va iroda borligini ko‘rsating. (1 Salonikaliklarga 4:3) Bir kun kelib turmush qurganingizda, haqqoniy ravishda jinsiy munosabatda bo‘la olasiz. O‘shanda tashvish, afsuslanish va nikohdan oldin seks bilan shug‘ullanishning ayanchli oqibatlaridan xoli ravishda jinsiy aloqadan to‘liq zavq olishingiz mumkin bo‘ladi. (Hikmatlar 7:22, 23; 1 Korinfliklarga 7:3)
NIMA DEB O‘YLAYSIZ?
-
Agar inson sizni chindan ham yaxshi ko‘rsa, u jismoniy va hissiy sog‘ligingizga xavf tug‘diradimi?
-
Inson sizga rostdan ham g‘amxo‘rlik qilsa, Xudo bilan munosabatlaringizni buzishga undaydimi? (Ibroniylarga 13:4)