Oydinlik kiritilgan tushunchalar
Yillar mobaynida Hizqiyo bashoratining turli qirralari borasidagi tushunchamiz o‘zgargani «Qo‘riqchi minorasi»da yoritib borilgan. «Nihoyat pok topinish tiklandi!» nomli mazkur adabiyotdan yana bir qancha oydinlashgan tushunchalar joy olgan. Quyidagi savollarga javob berib ko‘ring.
Tirik mavjudotlarning to‘rtta yuzi nimani bildiradi?
Avvalgi tushuncha. Tirik mavjudotlar yoki karublarning to‘rtta yuzining har biri Yahovaning to‘rtta asosiy sifatidan birini anglatadi.
Oydinlashgan tushuncha. Tirik mavjudotlarning to‘rtta yuzining har biri Yahovaning to‘rtta asosiy sifatidan birini anglatsa-da, ularning to‘rtta yuziga bir butunday qaraganda Yahovaning barcha sifatlarini bildiradi. Shuningdek, karublarning to‘rtta yuzi Yahova qudrat va ulug‘vorlikda tengi yo‘q Shaxs ekanini tushunishimizga yordam beradi.
O‘zgarish uchun sabab. Xudoning Kalomida to‘rt raqami odatda bir butun holatda bo‘lishni yoki to‘liqlikni anglatadi. Biroq to‘rtta yuzga bir butunday qaraganda ular taassurotda qoldiradigan alohida to‘rtta sifatni anglatibgina qolmay, Yahovaning ehtirom tuyg‘usini uyg‘otuvchi shaxsiyatining asosi ekanini ham ko‘rsa bo‘ladi. Mavjudotning har bir yuzi ulug‘vorlik, kuch va qudratni bildiradi. Shunday bo‘lsa-da, to‘rtta yuzi bor karublar sifatida tasvirlangan bu to‘rtta qudratli mavjudot Yahovaning taxti ostida turibdi. Bu mavjudotlar shunday tasvirlangani Yahova eng oliy Hukmdor ekanini ta’kidlamoqda.
Qo‘lida kotiblik asbobi bor kishi kimni bildiradi?
Avvalgi tushuncha. Kotiblik asbobi bor kishi moylanganlarning qolgan qismini tasvirlaydi. Hozir va’zgo‘ylik va shogird tayyorlash ishi orqali moylanganlar «ulkan olomon» a’zolarining peshonasiga ramziy belgi qo‘yishyapti. (Vah. 7:9)
Oydinlashgan tushuncha. Kotiblik asbobi bor kishi Iso Masihni bildiradi. U buyuk olomon a’zolariga «buyuk musibat» paytida qo‘ylar sifatida belgi qo‘yadi. (Mat. 24:21)
O‘zgarish uchun sabab. Yahova hukm chiqarish huquqini O‘g‘liga ishonib topshirgan. (Yuhan. 5:22, 23) Matto 25:31–33 ga ko‘ra, kim «qo‘y», kim «echki» ekani haqida so‘nggi hukmni Iso chiqaradi.
Fohisha opa-singil, ya’ni Oxola bilan Oxolibo xristian olamining katolik va protestant oqimlarini bildiruvchi timsollarmi?
Avvalgi tushuncha. Opasi Oxola (Isroilning poytaxti Samariya) katolitsizmni, singlisi Oxolibo (Yahudoning poytaxti Quddus) esa protestantizmni bildiradi.
Oydinlashgan tushuncha. Ushbu fohisha opa-singil xristian olamining hech bir qismini bildiruvchi bashoratli timsol emas. Aksincha, fohisha opa-singilning misoli bir paytlar sadoqatli bo‘lgan kishilar ma’naviy fohishalik qila boshlaganida, Yahova O‘zini qanday his etishini tushunishimizga yordam beradi. Uning barcha soxta dinlarga munosabati o‘zgarmagan.
O‘zgarish uchun sabab. Oxola bilan Oxolibo xristian olamini bildiruvchi timsollar ekani haqida Muqaddas Kitobda hech narsa aytilmagan. Isroil va Yahudo bir paytlar Yahovaning sadoqatli xotinlariday bo‘lishgan, xristian olami esa hech qachon Yahova bilan bunday munosabatlarga ega bo‘lmagan. Qolaversa, Hizqiyo kitobining 16- va 23-boblarida Xudoning sadoqatsiz xalqi fohishalarga o‘xshatilgani ular qayta tashkillashtirilishiga va tiklanishiga umid beradi. Xristian olami esa Buyuk Bobilning bir qismi bo‘lgani uchun bunday umidga ega emas.
Qadimgi bevafo Quddus xristian olamini bildiradimi?
Avvalgi tushuncha. Bevafo Quddus xristian olamini bildiruvchi bashoratli timsol. Shunday ekan, Quddus vayron qilingani bashoratli tarzda xristian olami bilan nima bo‘lishini ko‘rsatadi.
Oydinlashgan tushuncha. Bevafo Quddusdagi ahvol — xususan butparastlik va keng tarqalgan adolatsizlik — bizga xristian olamida sodir bo‘layotgan narsalarni eslatadi, lekin endi Quddus shahri xristian olamini bildiradi, deb aytmaymiz.
O‘zgarish uchun sabab. Bu bashoratga nisbatan timsol va u nimani bildirishini tushuntirish uslubini qo‘llash uchun Muqaddas Kitobda aniq asos yo‘q. Qadimgi Quddusdan farqli ravishda xristian olami Xudoga hech qachon pok tarzda topinmagan. Yahova Quddus shahrini muayyan vaqtga kechirgan, ammo xristian olamida bunday umid yo‘q.
Qurigan suyaklarga to‘la vodiy haqidagi vahiy qanday amalga oshgan?
Avvalgi tushuncha. 1918-yili ta’qiblarga duch kelgan moylanganlar Buyuk Bobilga asir qilib olib ketilgan va deyarli faoliyatsiz ma’nan o‘lik holatni boshdan kechirgan. Ular asirlikda bo‘lgan qisqa muddat 1919-yili Yahova ularni Shohlik xabarchilari sifatida jonlantirganida o‘z yakuniga yetgan.
Oydinlashgan tushuncha. O‘lik holatga o‘xshash ma’naviy asirlik juda uzoq vaqt davom etgan va 1918-yildan ancha avvalroq boshlangan. Asirlik milodiy ikkinchi asrda boshlangan va milodiy 1919-yilgacha davom etgan. Bu Iso bug‘doy hamda begona o‘tlar to‘g‘risidagi masalida aytgan uzoq o‘sish davriga to‘g‘ri keladi.
O‘zgarish uchun sabab. Qadimgi Isroilning asirligi uzoq davom etgan, ya’ni mil. avv. 740-yilda boshlanib mil. avv. 537-yilda tugagan. Hizqiyoning bashoratida «qurigan» yoki «qurib ketgan» suyaklar haqida aytilgani, bu suyaklar ancha vaqt oldin o‘lganlarga tegishli bo‘lganini bildiradi. Suyaklarning hayotga qaytishi muayyan vaqtni talab qiladigan va sekin-asta yuz beradigan jarayon sifatida tasvirlangan.
Ikkita tayoqning birlashtirilishi nimani anglatadi?
Avvalgi tushuncha. Birinchi jahon urushi paytida sadoqatli moylanganlarning qolgan qismi orasida qisqa muddatga birlik yo‘qolgan, ammo ular 1919-yili yana birlikka erishishgan.
Oydinlashgan tushuncha. Bashoratda Yahova Unga topinadiganlarni birlashtirishiga e’tibor qaratiladi. Vaqt o‘tib, 1919-yildan so‘ng, moylanganlarning qolgan qismiga soni oshib borayotgan yer yuzida yashashga umidi bor kishilar qo‘shildi. Endi ikkala guruh ham bir xalq sifatida Yahovaga topinyapti.
O‘zgarish uchun sabab. Bashoratda bitta tayoq avvaliga bo‘linib, keyin birlashtirilgan, deb aytilmagan. Demak, unda avvaliga bo‘linib, keyin birlashgan guruh haqida gap ketmagan. Aksincha, bashoratda ikkita alohida guruh birlashishi ta’riflangan.
Mago‘g yurtidagi Go‘g kimni bildiradi?
Avvalgi tushuncha. Shayton osmondan haydalganidan so‘ng unga Mago‘g yurtidagi Go‘g degan bashoratli nom berilgan.
Oydinlashgan tushuncha. Mago‘g yurtidagi Go‘g buyuk musibat paytida Xudoga pok tarzda topinadiganlarga hujum qiladigan yer yuzidagi xalqlar ittifoqini bildiradi.
O‘zgarish uchun sabab. Bashoratda Go‘g turli yirtqich qushlarga yem qilinishi va yer yuzida unga dafn etiladigan joy berilishi haqida aytilganidan u ruhiy mavjudot emasligi ayon bo‘lyapti. Qolaversa, Go‘gning hujumi Doniyor hamda Vahiy kitoblarida yer yuzidagi xalqlar Xudoning xalqiga hujum qilishi haqida aytilganlarga muvofiqdir. (Don. 11:40, 44, 45; Vah. 17:14; 19:19)
Hizqiyo ko‘rgan va aylanib chiqqan ma’bad keyinchalik havoriy Pavlus ta’riflagan buyuk ramziy ma’bad bo‘lganmi?
Avvalgi tushuncha. Hizqiyo vahiyda havoriy Pavlus ta’riflagan buyuk ramziy ma’badni ko‘rgan.
Oydinlashgan tushuncha. Hizqiyo vahiyda mil. 29-yili vujudga kelgan ramziy ma’badni emas, balki Musoning Tavrot kitobiga muvofiq Yahovaga pok tarzda topinishning mukammal namunasini ko‘rgan. Pavlus ilohiy ilhom ostida buyuk ramziy ma’bad haqida aytganlari diqqatimizni mil. 29–33-yillar davomida Iso eng buyuk Oliy ruhoniy sifatida amalga oshirgan ishga qaratadi. Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysida esa oliy ruhoniy umuman tilga olinmagan va u diqqatimizni mil. 1919-yili boshlangan ma’naviy tiklanishga qaratadi. Shu bois, Hizqiyo ma’bad haqida ko‘rgan vahiyning batafsil ta’riflangan barcha xususiyatlari va o‘lchamlari ramziy ma’noga ega, deb hisoblamaymiz. Aksincha, asosiy e’tiborni Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysidan Yahovaning pok topinish uchun o‘rnatgan me’yorlari haqida qanday saboqlar olishimiz mumkinligiga qaratamiz.
O‘zgarish uchun sabab. Hizqiyo vahiyda ko‘rgan ma’bad ramziy ma’baddan muhim jihatlari bilan farq qiladi. Masalan, Hizqiyo ko‘rgan ma’badda ko‘plab hayvonlar qurbonlikka keltirilgan, ramziy ma’badda esa faqatgina bir marta «birato‘la» qurbonlik keltirilgan. (Ibron. 9:11, 12) Yahova Masih kelishidan ancha asrlar oldin ramziy ma’bad haqidagi chuqur tushunchalarni ochib bermagan, chunki hali buning vaqti kelmagandi.