Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

17-BOB

«Go‘g, Men senga qarshi chiqaman»

«Go‘g, Men senga qarshi chiqaman»

HIZQIYO 38:3

BU BOBDA: «Go‘g» va u bostirib kiradigan «yurt» nimani bildiradi?

1, 2. Qaysi buyuk urush hali oldinda va qanday savollar tug‘ilyapti? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

ER YUZI minglab yillar davomida insonlar urushda to‘kkan qon, jumladan, 20-asrda yuz bergan ikkita jahon urushidagi xunrezlik dastidan bulg‘anib kelmoqda. Lekin insoniyat tarixidagi eng buyuk urush hali oldinda. Ammo bu urush shunchaki g‘arazli niyatlar tufayli o‘zaro kurashayotgan odamlar, ya’ni yer yuzidagi xalqlar o‘rtasidagi kelishmovchilik bo‘lmaydi. Aksincha, yaqinlashib kelayotgan bu urush «Qodir Allohning ulug‘ kunida yuz beradigan jang» bo‘ladi. (Vah. 16:14) Takabbur dushman Xudo uchun qadrli bo‘lgan yurtga bostirib kiradi; bu hujum esa Oliy Hukmdor Yahovani halokatli kuchini ulug‘vor tarzda namoyon etishga undaydi. Yer yuzida bunaqasi hali bo‘lmagan.

2 Quyidagi ayrim savollar tug‘ilishi tabiiy: bu dushman kim? U qaysi yurtga bostirib kiradi? U qachon, nega va qay yo‘sin bu yurtga bostirib kiradi? Kelajakda yuz beradigan bu voqealar Yahovaga yer yuzida pok tarzda topinuvchilarga, ya’ni bizga taalluqli ekan, mazkur savollarga javob topishimiz lozim. Hizqiyo 38- va 39-boblardagi ajoyib bashoratdan ularning javoblarini topa olamiz.

Dushman — Mago‘g yurtidagi Go‘g

3. Hizqiyo Mago‘g yurtidagi Go‘g haqida aytgan bashoratning mazmunini tushuntiring.

 3 Hizqiyo 38:1, 2, 16, 18; 39:4, 11 ni o‘qing. Bashoratning mazmuni quyidagicha: «kunlarning oxirida» «Mago‘g yurtidagi Go‘g» deb atalgan dushman Xudo xalqining yurtiga bostirib kiradi. Bu shiddatli hujum Yahovaning g‘azabi alanga olishiga sabab bo‘ladi. Yahova harakatga tushadi va Go‘gning ustidan g‘alaba qozonadi. * G‘alaba qozongach, Yahova dushmanni hamda u bilan bo‘lgan barchani «turli yirtqich qushlarga va dashtdagi yovvoyi hayvonlarga» yem qiladi. Oxiri, Yahova Go‘gga «dafn etiladigan joy» beradi. Bu bashorat yaqin kelajakda qay yo‘sin amalga oshishini tushunish uchun, avvalo, Go‘g kimni anglatishini bilishimiz zarur.

4. Mago‘g yurtidagi Go‘g borasida qanday xulosaga kelishimiz mumkin?

4 Xo‘sh, Mago‘g yurtidagi Go‘g kim? Hizqiyo tasvirlaganlari asosida shunday xulosaga kelishimiz mumkinki, Go‘g pok tarzda topinuvchilarning dushmani. Qiziq, bu haq topinishning asosiy dushmani bo‘lmish Shaytonning bashoratli nomimi? O‘nlab yillar davomida adabiyotlarimizda shunday tushuntirilgan edi. Lekin Hizqiyoning bashoratini chuqurroq ko‘rib chiqqach, tushunchamizga o‘zgartirish kiritdik. «Qo‘riqchi minorasi»da tushuntirilgandiki, Mago‘g yurtidagi Go‘g iborasi ko‘rinmas ruhiy mavjudotga emas, balki insoniy dushmanga — pok topinishga qarshi kurashadigan xalqlar ittifoqiga ishora qiladi. * Bunday xulosaga kelishimizga nima asos bo‘lganini ko‘rib chiqishdan oldin, keling, Go‘g ruhiy mavjudot emasligini ko‘rsatuvchi Hizqiyoning bashoratidagi ikkita omilga diqqat qarataylik.

5, 6. Qay yo‘sin Hizqiyoning bashorati Mago‘g yurtidagi Go‘g ruhiy mavjudot emasligiga ishora qilyapti?

5 «Seni turli yirtqich qushlarga... yem qilaman». (Hiz. 39:4) Jasadni yeydigan yirtqich qushlar haqidagi fikr Muqaddas Yozuvlarda ko‘pincha ilohiy hukmlar haqida ogohlantirish sifatida ishlatilgan. Xudo bu kabi ogohlantirishlarni ham Isroil xalqiga, ham o‘zga xalqlarga bergan. (Qonun. 28:26; Yerm. 7:33; Hiz. 29:3, 5) Mazkur ilohiy ogohlantirishlar ruhiy mavjudotlarga emas, balki et va qondan iborat insonlarga berilganiga diqqat qarating. Axir yirtqich qushlar va yovvoyi hayvonlar ruhiy mavjudotni emas, balki etni yeydi. Shunday ekan, Hizqiyoning bashoratidagi bu ilohiy ogohlantirish Go‘g ruhiy mavjudot emasligiga ishora qilyapti.

6 «Men Isroilda Go‘gga dafn etiladigan joy beraman». (Hiz. 39:11) Muqaddas Yozuvlarda ruhiy mavjudotlar yer yuzida dafn etilishi haqida aytilmagan. Aksincha, Shayton va uning jinlari 1000-yilga tubsizlikka tashlanadi, keyin esa ramziy olovli ko‘lga otiladi. Bu ular butunlay yo‘q bo‘lib ketishini bildiradi. (Luqo 8:31; Vah. 20:1–3, 10) Go‘g yerda dafn qilinishi haqida aytilgan ekan, demak, u ruhiy mavjudot emas, deb xulosa qilishimiz mumkin.

7, 8. Qachon «shimol shohi»ning kuni bitadi va bu qaysi jihatdan Mago‘g yurtidagi Go‘g bilan yuz beradigan voqeaga o‘xshash?

7 Pok tarzda topinuvchilarga so‘nggi hujumni uyushtiradigan dushman, ya’ni Go‘g ruhiy mavjudot emas ekan, unda u kimni yoki nimani bildiradi? Bu savolga javob topishga yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi ikkita bashoratni ko‘rib chiqaylik.

8 «Shimol shohi». (Doniyor 11:40–45 ni o‘qing.) Doniyor payg‘ambar tarix davomida hukmronlik qiladigan jahon imperiyalari haqida bashorat qilgan. Shuningdek, bu bashoratda o‘zaro raqobatlashadigan siyosiy kuchlar — «janub shohi» va «shimol shohi» — to‘g‘risida aytilgan. Asrlar davomida yer yuzidagi xalqlar bir-biridan ustun kelish uchun kurashar ekan, ko‘pgina shohlar-u xalqlar «janub shohi» va «shimol shohi» bo‘lib kelgan. Shimol shohining «oxirzamonda»gi so‘nggi yurishi borasida Doniyor payg‘ambar: «U ko‘plarni halok qilib, qirib tashlash uchun g‘azabga minib chiqadi»,— degan. Shimol shohining asosiy nishoni — Yahovaga topinuvchi kishilar. * Shimol shohi Xudoning xalqiga hujum qilgach, muvaffaqiyatsizlikka uchraydi va Mago‘g yurtidagi Go‘g singari uning ham «kuni bitadi».

9. Mago‘g yurtidagi Go‘g va «yer yuzi podshohlari» bilan nima yuz berishi o‘rtasida qanday o‘xshashliklar bor?

9 «Yer yuzi podshohlari». (Vahiy 16:14, 16; 17:14; 19:19, 20 ni o‘qing.) Vahiy kitobida «yer yuzi podshohlari» «Shohanshoh»ga, ya’ni samodagi Isoga hujum qilishi bashorat qilingan. Iso osmonda bo‘lgani bois, «yer yuzi podshohlari» unga hujum qila olmaydi. Shuning uchun ular Samoviy Shohlikning yer yuzidagi tarafdorlariga tashlanadi. Keyin esa yer yuzi podshohlari Armageddon jangida mag‘lub bo‘ladi. E’tiborlisi shundaki, ularning kuni Yahovaning xalqiga hujum qilgandan so‘ng bitadi. Mago‘g yurtidagi Go‘g haqida ham xuddi shunday aytilgan. *

10. Mago‘g yurtidagi Go‘g kim ekani borasida qanday xulosaga kelishimiz mumkin?

10 Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Go‘g kim ekani borasida qanday xulosaga kelishimiz mumkin? Birinchidan, Go‘g ruhiy mavjudot emas. Ikkinchidan, Go‘g yaqin kelajakda Xudoning xalqiga hujum qiladigan yer yuzidagi xalqlarni bildiradi. Bu xalqlar birlashib, ittifoq tuzadiganga o‘xshaydi. Nima uchun? Xudoning xizmatchilari butun yer yuzi bo‘ylab tarqalgan ekan, xalqlar ularga hujum qilish maqsadida birlashishiga to‘g‘ri keladi. (Mat. 24:9) Unutmangki, hujumni xalqlar uyushtirsa-da, buning ortida Shayton turadi. Dunyo xalqlari haq topinishga qarshi bo‘lishi uchun Shayton anchadan beri ularga ta’sir qilib kelmoqda. (1 Yuhan. 5:19; Vah. 12:17) Ammo Mago‘g yurtidagi Go‘g haqidagi Hizqiyoning bashorati Yahovaning xalqiga hujum qilishda yer yuzi xalqlari qanday ahamiyatga ega bo‘lishiga diqqat qaratadi. *

«Yurt» nimani bildiradi?

11. Go‘g bostirib kiradigan «yurt» Hizqiyoning bashoratida qanday tasvirlangan?

11  Uchinchi xatboshidan bilib olganimizday, Mago‘g yurtidagi Go‘g Yahova uchun qadrli bo‘lgan yurtga bostirib kirib, Uning g‘azabi alanga olishiga sabab bo‘ladi. Qiziq, mazkur yurt nimani bildiradi? Keling, Hizqiyoning bashoratiga qaytamiz. (Hizqiyo 38:8–12 ni o‘qing.) Unda aytilishicha, Go‘g «aholisi... o‘zini tiklab olgan» va xalqi «millatlar orasidan qayta yig‘ib olingan» yurtga bostirib kiradi. Qolaversa, bu yurtda istiqomat qiladigan topinuvchilar to‘g‘risida nima deyilganiga e’tibor bering: ular «osoyishta yashayotgan bo‘ladi»; ularning qishloqlari «devorlar, darvozayu surma zulfinlar bilan himoyalanmagan» va ular «boylik» to‘playdi. Bu Yahovaga yer yuzida pok tarzda topinuvchilar istiqomat qiladigan yurtdir. Buni qayerdan bilamiz?

12. Qadimda Isroil yurti qanday tiklangan?

12 Qadimgi Isroil, ya’ni Xudoning tanlangan xalqi asrlar davomida yashagan, mehnat qilgan va topingan yurtning tiklangani haqida mulohaza yuritish foydalidir. Isroilliklar sadoqatsizlik qilganida, Yahova Hizqiyo orqali bashorat qilib, ularning yurti vayron bo‘lishini va kimsasiz qolishini aytgan. (Hiz. 33:27–29) Lekin Yahova omon qolib tavba qilganlar keyinchalik Bobil asirligidan qaytishini va yurtda pok topinish tiklanishini ham bashorat qilgan. Yahovaning barakasi bilan Isroil yurti «Adan bog‘iday» gullab-yashnashi kerak edi. (Hiz. 36:34–36) Yahudiylar Quddusda haq topinishni tiklash uchun mil. avv. 537-yili aziz ona yurtiga qaytganida, bu tiklanish boshlandi.

13, 14. a) Ma’naviy yurt nimani bildiradi? b) Nega bu yurt Yahova uchun qadrli?

13 Bizning davrimizda ham Xudoga pok tarzda topinuvchilar shunga o‘xshash tiklanishni boshdan kechirdi. 9-bobdan bilib olganimizday, 1919-yilga kelib, Xudoning xalqi uzoq davom etgan Buyuk Bobil asirligidan ozod bo‘ldi. O‘sha yili Yahova topinuvchilarini ma’naviy yurtga olib kirdi. Bu yurt ma’naviy jannat bo‘lib, u yer xavfsiz, ma’naviy tarafdan gullab-yashnayapti, ya’ni u yerda muqaddas xizmatni ado etamiz va haq Xudoga topinamiz. Bu yurtda birgalikda xavfsizlikda yashaymiz va ongimiz-u qalbimizda tinchlik hukm suradi. (Hik. 1:33) Mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqaga egamiz. Bundan tashqari, Xudoning Shohligi haqida va’z qilish kabi mamnuniyat baxsh etuvchi ishimiz bor. Darhaqiqat, Hikmatlar 10:22 dagi so‘zlar chin ekanini o‘zimizda his etyapmiz: «Yahovaning barakasi kishini boyitadi, bu barakaga U hech qanday dard-alam qo‘shmaydi». Ham so‘zda, ham amalda pok tarzda topinar ekanmiz, yer yuzining qayerida yashamaylik, bu yurtda — ma’naviy jannatda bo‘lamiz.

14 Bu ma’naviy yurt Yahova uchun qadrlidir. Nega deganda, bu yurt aholisi, ya’ni U pok topinishga jalb qilgan odamlar Uning nazarida «millatlardan xazinalar» kabidir. (Xag. 2:7; Yuhan. 6:44) Ular Xudoning yuksak fazilatlarini aks ettiruvchi yangi o‘zlikni kiyib olish uchun jon kuydirmoqda. (Efes. 4:23, 24; 5:1, 2) Pok tarzda topinuvchilar sifatida ular Xudoga xizmat qilish uchun o‘zlarini to‘liq taqdim etmoqda. Ular buni Xudoni ulug‘laydigan va Unga bo‘lgan sevgisini namoyon etadigan tarzda amalga oshirmoqda. (Rim. 12:1, 2; 1 Yuhan. 5:3) Topinuvchilari ma’naviy yurtni go‘zallashtirish uchun jon kuydirayotganini ko‘rib, Yahovaning qalbi qanchalik shodlikka to‘lishini tasavvur qiling. Bir o‘ylab ko‘ring, pok topinishni hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘yib, nafaqat ma’naviy jannatning chiroyiga chiroy qo‘shasiz, balki Yahovaning qalbini ham quvontirasiz. (Hik. 27:11)

Pok topinishni faol tarzda olg‘a surar ekanmiz, yer yuzining qayerida yashamaylik, ma’naviy jannatda bo‘lamiz (13-, 14-xatboshilariga qarang.)

Go‘g bu yurtga qachon, nega va qay yo‘sin bostirib kiradi?

15, 16. Mago‘g yurtidagi Go‘g tiklangan ma’naviy yurtimizga qachon bostirib kiradi?

15 Tez orada xalqlar ittifoqi bu qadrli ma’naviy yurtga bostirib kirishi borasida o‘ylash hushyorlikka chorlaydi. Yahovaga pok tarzda topinar ekanmiz, bashorat qilingan mazkur hujum bizga taalluqli. Shu bois, u haqida ko‘proq bilishni istaymiz. Keling, quyidagi savollarni ko‘rib chiqamiz.

16 Mago‘g yurtidagi Go‘g tiklangan ma’naviy yurtimizga qachon bostirib kiradi? Bashoratda aytilishicha, Go‘g «kunlarning oxirida» Xudoning xalqiga qarshi chiqadi. (Hiz. 38:16) Bu ushbu zamonaning oxirati yaqinlashadigan paytga ishora qilishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, buyuk musibat Buyuk Bobil — soxta din imperiyasi — yo‘q qilinishi bilan boshlanadi. Soxta din tashkilotlari yo‘q qilinganidan keyin, Armageddon boshlanishidan avval Go‘g bor kuchini ishga solib, so‘nggi bor haq topinuvchilarga hujum qiladi.

17, 18. Buyuk musibat paytida Yahova vaziyatni qanday yo‘naltiradi?

17 Go‘g Yahovaga topinadiganlarning yurtiga nega hujum qiladi? Hizqiyoning bashoratida buning ikkita omili keltirilgan: birinchisi, vaziyatni Yahova yo‘naltiradi va ikkinchisi, Go‘gning yovuz niyatlari.

18 Vaziyatni Yahova yo‘naltiradi. (Hizqiyo 38:4, 16 ni o‘qing.) Yahova Go‘gga nima deganiga diqqat qarating: «Jag‘laringga ilgaklar solib [...] seni yurtimga qarshi chiqaraman». Xo‘sh, bu so‘zlar Yahova xalqlarni topinuvchilariga hujum qilishga majburlashini anglatadimi? Albatta, yo‘q! Yahova hech qachon xizmatchilari boshiga bunday yovuzliklarni yog‘dirmaydi. (Ayub 34:12) Lekin Yahova dushmanlarini — ular pok topinuvchilardan nafratlanishini va ularni yo‘q qilib yuborish imkoniyatini qo‘ldan boy bermasligini — biladi. (1 Yuhan. 3:13) Go‘yoki Go‘gning jag‘iga ilgak solib, yetaklaganday, Yahova vaziyatni O‘z irodasiga va belgilagan vaqtiga muvofiq tarzda yo‘naltiradi. Buyuk Bobil vayron bo‘lganidan keyin Yahova xalqlarni qalbida tugib qo‘ygan niyatini — Xudoning xalqiga hujum qilishni — amalga oshirishi uchun qaysidir yo‘l bilan ularni tuzoqqa ilintirishi mumkin. Shu yo‘sin Yahova Armageddonga — yer yuzidagi eng buyuk urushga yetaklaydigan hujumga turtki beradi. Keyin esa xizmatchilarini qutqaradi, hukmdorligini oqlaydi va ismini muqaddas qiladi. (Hiz. 38:23)

Xalqlar pok topinishdan va uni olg‘a surayotgan barchadan nafratlangani uchun bizni Xudoga pok tarzda topinishdan to‘xtatishga urinadi

19. Pok topinishni talon-taroj qilishga Go‘gni nima undaydi?

19 Go‘gning yovuz niyatlari. Xalqlar «yovuz reja» tuzadi. Ular «devorlar, darvozayu surma zulfinlar bilan himoyalanmagan» qishloqlarda yashagani tufayli zaifday ko‘ringan Yahovaning topinuvchilariga anchadan beri alanga olib kelayotgan g‘azabi-yu nafratini sochishga intiladi. Buning ustiga, xalqlar «boylik» to‘playotganlardan «ko‘p o‘lja olishni, talon-toroj qilishni» istashadi. (Hiz. 38:10–12) Qanday «boylik» haqida gap ketyapti? Yahovaning xalqi ulkan ma’naviy boylikka ega. Ha, bizning eng qimmatbaho boyligimiz pok tarzda topinish sharafidir. Biz faqatgina Yahovaga topinamiz. Xalqlar bizni Xudoga pok tarzda topinishdan to‘xtatish uchun har qanday ishga tayyor. Chunki ular pok topinishdan va uni olg‘a surayotgan barchadan nafratlanadi.

Go‘gning pok topinishni yo‘q qilish borasidagi «yovuz reja»si puchga chiqadi (19-xatboshiga qarang.)

20. Go‘g ma’naviy yurtga, ya’ni jannatga qay yo‘sin hujum qiladi?

20 Go‘g ma’naviy yurtga, ya’ni jannatga qay yo‘sin hujum qiladi? Ular hayot tarzimizga putur yetkazishga va topinishimizni to‘xtatishga urinishi mumkin. Shu bois, ular ma’naviy ozuqa yetkazilishini, birgalikda yig‘ilishimizni, Xudoning xabarini g‘ayrat ila va’z qilishimizni to‘xtatishga va bizga quvonch keltirayotgan birligimizni buzishga harakat qilishi hech gap emas. Axir bularning bari ma’naviy jannatni tashkil etadi. Shayton xalqlarni haq topinuvchilarni va ular bilan birga pok topinishni yer yuzidan yo‘q qilishga undaydi.

21. Yahova kelajakda bizni nima kutayotgani borasida ogohlantirgani uchun nega minnatdorsiz?

21 Yaqinlashib kelayotgan Mago‘g yurtidagi Go‘gning hujumi Xudo taqdim etgan ma’naviy yurtdagi barcha haq topinuvchilarga ta’sir etmay qolmaydi. Yahova oldinda bizni nima kutayotgani haqida ogohlantirgani uchun juda ham minnatdormiz! Hozir esa buyuk musibat yaqinlashishini kutar ekanmiz, pok topinishni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yib, uni qo‘llab-quvvatlash qarorimiz qat’iy bo‘lsin. Shunday yo‘l tutib hozirning o‘zida tiklangan yurtning chiroyiga chiroy qo‘shamiz. Qolaversa, yaqin kelajakda yuz beradigan o‘zgacha bir voqeaning guvohi bo‘ladiganlar qatorida bo‘lamiz: Armageddon jangida Yahova qay yo‘sin xalqi va muqaddas ismi uchun turib beradi? Buni keyingi bobdan bilib olamiz.

^ 3- x.b. Keyingi bobda Mago‘g yurtidagi Go‘gga qarshi Yahovaning g‘azabi qay yo‘sin va qachon alanga olishi hamda bu pok tarzda topinuvchilar uchun nimani anglatishi haqida gap boradi.

^ 4- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2015-yil 15-may soni 29-, 30-sahifalaridagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.

^ 8- x.b. Doniyor 11:45 da yozilishicha, shimol shohi Xudoning xalqini nishonga oladi. Zero, bu shoh haqida quyidagicha aytilgan: «U buyuk dengiz [O‘rta dengiz] bilan Go‘zal o‘lkadagi muqaddas tog‘ [qachonlardir Xudoning ma’badi joylashgan va Uning xalqi topingan joy] o‘rtasida shohona chodirlarini o‘rnatadi».

^ 9- x.b. Muqaddas Kitobda Xudoning xalqini yo‘q qilish maqsadida unga hujum qiladigan zamonaviy «ossuriyaliklar» haqida ham aytilgan. (Mixo 5:5) Mago‘g yurtidagi Go‘g, shimol shohi, yer yuzi podshohlari va ossuriyaliklar tomonidan Xudoning xalqiga uyushtiriladigan to‘rtta bashoratli hujum turli nom ostidagi o‘sha-o‘sha hujumga ishora qilishi mumkin.

^ 10- x.b. Vahiy 20:7–9 da tilga olingan «Go‘g bilan Mago‘g» haqida bilib olish uchun 22-bobga qarang.