Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

10-BOB

«Tirilasizlar»

«Tirilasizlar»

HIZQIYO 37:5

BU BOBDA: «qurigan suyaklarning» tirilishi haqidagi vahiy va uning kengroq miqyosda amalga oshishi

1–3. Bobildagi yahudiylarning umidi puchga chiqishiga nima sabab bo‘ldi? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

BOBILDAGI yahudiylarning umidi puchga chiqdi. Deyarli besh yil davomida Hizqiyo Quddus vayron bo‘lishi to‘g‘risida bashorat qildi, lekin xalq bu yuz berishiga ishonmadi. U bo‘ladigan voqealarni tasvirlab berganiga, misollar keltirganiga va xabarlarni e’lon qilganiga qaramay, Yahova Quddus vayron bo‘lishiga yo‘l qo‘yishiga surgundagilarning ishongisi kelmadi. Ular hatto Bobil qo‘shini shaharni qamalga olganidan xabar topganida ham, uning aholisi omon qolishiga amin edi.

2 Ammo hozir, qamal boshlanganidan ikki yil o‘tgach, Quddusdan bir qochoq: «Shahar bosib olindi!» — degan xabar bilan Bobilga keldi. Bu xabar surgunda bo‘lganlarning qalbini tilka-pora qildi. Ular quloqlariga ishonmas edi! Qadrli shahri, muqaddas ma’bad, sevimli yurti — endi ularning bari yo‘q edi! Ha, ularning umidlari sarobga aylandi. (Hiz. 21:7; 33:21)

3 Ammo bu tushkun paytda Hizqiyo umid baxsh etuvchi ajoyib bir vahiy oldi. Xo‘sh, mazkur vahiyda surgundagi tarqalib ketgan yahudiylarga qanday xabar bor edi? Bu vahiy Xudoning bugungi kundagi xalqiga qanday tegishli va qay yo‘sin undan shaxsan foyda olishimiz mumkin? Buni bilish uchun, keling, Yahova Hizqiyoga nimalarni ochib berganini ko‘rib chiqaylik.

«Suyaklar haqida bashorat» va «shamolga bashorat»

4. Hizqiyo olgan vahiysida ayniqsa nimaga diqqat qaratdi?

4 Hizqiyo 37:1–10 ni o‘qing. Hizqiyo vahiyda suyaklar bilan to‘lgan vodiyga qo‘yildi. U vahiyni yaxshilab tushunishi uchun Yahova payg‘ambarga yoyilib yotgan suyaklar orasida aylanib yurishni buyurdi. Hizqiyo vodiy bo‘ylab aylanar ekan, suyaklar borasida ayniqsa ikkita narsa uning diqqatini tortdi: ularning soni va holati. U «juda ko‘p suyaklar borligini» va ular «qurib ketganini» ko‘rdi.

5. Yahova Hizqiyoga qanday ikkita buyruq berdi va payg‘ambar ularni bajargach, nima bo‘ldi?

5 So‘ng Yahova Hizqiyoga tiklanish jadallik bilan amalga oshishini ko‘rsatuvchi ikkita buyruq berdi. Birinchi buyruq — «suyaklar haqida bashorat qilib», ularga «tirilishni» aytish edi. (Hiz. 37:4–6) Hizqiyo bashoratni aytishi bilanoq, «shovqin ko‘tarilib, shaqir-shuqur tovush eshitildi va suyaklar bir-biri bilan birlasha boshladi». Keyin esa «suyaklar payu mushaklar bilan qoplanib, ularning ustiga teri tortildi». (Hiz. 37:7, 8) Ikkinchi buyruq — «shamolga bashorat qilib», unga tanalar ustidan «esishni» aytish edi. Hizqiyo bashorat qilganida, «ularning ichiga nafas kirib, tirila boshlashdi va oyoqqa turishdi. Ular ulkan bir qo‘shinni tashkil etishdi». (Hiz. 37:9, 10)

«Suyaklarimiz qurib ketdi, umidimiz so‘nib qoldi»

6. Yahovaning qaysi so‘zlari Hizqiyoga vahiyni tushunishga yordam berdi?

6 So‘ng Yahova quyidagini aytib, vahiy nimani anglatishini Hizqiyoga ochib berdi: «Bu suyaklar — butun Isroil xonadonidir». Chindan ham, surgundagilar Quddus vayron bo‘lganidan xabar topishganda, o‘zlarini go‘yoki o‘lganday his etishdi. Shu bois, ular quyidagicha oh-u nola qilishdi: «Suyaklarimiz qurib ketdi, umidimiz so‘nib qoldi. Biz butunlay yolg‘iz qoldik». (Hiz. 37:11; Yerm. 34:20) Ularning oh-u nolasiga javob tariqasida, Yahova suyaklar haqidagi bu qo‘rqinchli vahiy aslida Isroil xonadoniga umid baxsh etuvchi xushxabarni o‘z ichiga olishini ochib berdi.

7. Hizqiyo 37:12–14 da yozilganidek, Yahova Hizqiyoga nimani ochib berdi va bu Xudoning surgundagi xalqiga qanday ishonch baxsh etdi?

7 Hizqiyo 37:12–14 ni o‘qing. Bu vahiy orqali Yahova surgundagilarni shunga ishontirdiki, U ularni tiriltiradi, yurtiga qaytaradi va o‘sha yerda o‘rnashtiradi. Qolaversa, Yahova ularga yana «xalqim» deb murojaat qildi. Bu so‘zlar surgundagi ruhi tushganlarga dalda baxsh etgan bo‘lsa kerak. Tiklanish to‘g‘risidagi bu va’da amalga oshishiga nega ularning ishonchi komil bo‘lishi mumkin edi? Boisi, mazkur va’dani Yahovaning O‘zi berdi. U shunday dedi: «Men O‘zim, Yahova buni aytganimni va qilganimni bilib olasizlar».

8. a) Qanday qilib «butun Isroil xonadoni» ma’nan o‘lik holatga tushib qoldi? b) Isroilning ramziy o‘lim holatiga tushishiga nima sabab bo‘lganini Hizqiyo 37:9 dagi so‘zlar qay yo‘sin ko‘rsatmoqda? (Izohga qarang.)

8 Bu bashoratli vahiyning qo‘rqinchli qismi qadimgi Isroil xalqida qanday qilib amalga oshdi? Mil. avv. 740-yili o‘n qabilali shohlik qulaganda va aholisi asir qilib olib ketilganida, Isroil xalqi Yahova bilan munosabatlarini deyarli yo‘qotib bo‘lgan edi. Taxminan 130-yil o‘tgach, Yahudo aholisi ham surgun qilindi. Endi «butun Isroil xonadoni» asirlikda edi. (Hiz. 37:11) Ramziy ma’noda aytganda, surgunda bo‘lganlarning bari Hizqiyo vahiyda ko‘rgan suyaklar kabi o‘lik holatda edi. * Shuningdek, Hizqiyo shunchaki suyaklarni emas, balki «qurib ketgan» suyaklarni ko‘rganini eslang. Bu, ular uzoq vaqt davomida ma’nan o‘lik holatda bo‘lganiga ishora qiladi. Darhaqiqat, Isroil va Yahudoni birga olganda, bu holat 200-yildan oshiq — mil. avv. 740-yildan 537-yilgacha — davom etgan. (Yerm. 50:33)

9. Qadimgi Isroil va «Xudoning Isroili» bilan bo‘lgan voqealar o‘rtasida qanday o‘xshashliklar bor?

9 Tiklanish borasida Isroil xalqiga tegishli bashoratlar, masalan, Hizqiyoning bashoratlari kengroq miqyosda ham amalga oshishi kerak edi. (Havor. 3:21) Tom ma’nodagi Isroil xalqi «qatl etilib», muayyan vaqt davomida ramziy o‘lik holatda bo‘lgani singari, «Xudoning Isroili», ya’ni moylangan masihiylar jamoati ramziy ma’noda qatl etilib, uzoq vaqt mobaynida ma’naviy asirlikda bo‘lgan. (Galat. 6:16) Darvoqe, moylangan masihiylarning asirligi shunchalik uzoq davom etganki, ularning ma’naviy holatini «qurib ketgan suyaklar» bilan solishtirish juda mos kelardi. (Hiz. 37:2) Oldingi bobda tushuntirilganiday, moylangan masihiylar jamoatining asirligi milodiy ikkinchi asrda boshlandi va Iso bug‘doy hamda begona o‘tlar to‘g‘risidagi masalida ta’kidlaganiday, ko‘p asrlar mobaynida davom etdi. (Mat. 13:24–30)

Hizqiyo vahiyda ko‘rgan «qurib ketgan suyaklar» Yahovaning moylanganlari uzoq vaqt davomida ma’naviy asirlikda bo‘lganini bildiradi (8-, 9-xatboshilariga qarang.)

«Suyaklar bir-biri bilan birlasha boshladi»

10. a) Hizqiyo 37:7–10 da Xudoning xalqi borasida nima bashorat qilingan? b) Xudodan qo‘rqqan yahudiylarning ishonchi asta-sekin tiklanishiga qaysi omillar sabab bo‘lgan?

10 Qadimda Yahova xalqi asta-sekin hayotga qaytishini yoki «tirilishini» bashorat qilgandi. (Hiz. 37:7–10) Xo‘sh, Xudodan qo‘rqqan yahudiylarning Isroilga qaytish umidi amalga oshishiga bo‘lgan ishonchi asta-sekin tiklanishiga qaysi omillar sabab bo‘lgan? Ularga umid baxsh etgan manbalardan biri avvalroq xizmat qilgan payg‘ambarlarning bashoratlari bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Misol uchun, Ishayo omon qolganlar, ya’ni «muqaddas urug‘» yurtga qaytishini bashorat qilgandi. (Ishayo 6:13, izoh; Ayub 14:7–9) Qolaversa, Hizqiyo tiklanish to‘g‘risida yozgan ko‘pgina bashoratlar ularning umidini tirik saqlagani shubhasiz. Bundan tashqari, Doniyor kabi sadoqatli payg‘ambar Bobilda bo‘lgani — shuningdek, mil. avv. 539-yili Bobil shahri o‘zgacha tarzda zabt etilgani — surgundagilarning yurtiga qaytish umidini kuchaytirgan bo‘lsa kerak.

11, 12. a) Qay yo‘sin «Xudoning Isroili» orasida asta-sekin tiklanish yuz berdi? («Pok topinish asta-sekin tiklandi» nomli ramkaga ham qarang.) b) Hizqiyo 37:10 dagi ta’kidlov tufayli qanday savol ko‘tarilmoqda?

11 Qay yo‘sin «Xudoning Isroili», ya’ni moylangan masihiylar jamoati orasida shunga o‘xshash asta-sekin tiklanish yuz berdi? Ko‘p asrlar davom etgan ma’naviy asirlik paytida Xudodan qo‘rqqan kishilar haq topinish tarafini egallay boshlaganida, «shovqin ko‘tarilib, shaqir-shuqur tovush» eshitildi. Masalan, 16- asrda Uilyam Tindal Muqaddas Kitobni ingliz tiliga tarjima qildi. Endi Muqaddas Kitobni oddiy odam ham o‘qiy olgani tufayli Rim katolik cherkovi g‘azabga mindi. Tindal qatl qilindi. Bunga qaramay, boshqa jasoratli kishilar Muqaddas Kitobni o‘zga tillarga tarjima qilishni davom ettirishdi va zimiston dunyoda ma’naviy nur asta-sekin porlay boshladi.

12 Keyinchalik Charlz Teyz Rassell va uning maslakdoshlari Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni g‘ayrat ila tiklay boshlaganida, go‘yoki suyaklar «payu mushaklar bilan qoplanganday» bo‘ldi. «Sion qo‘riqchi minorasi» va boshqa adabiyotlar yordamida samimiy insonlar ma’naviy haqiqatlarni bilib olishdi va bu ularni Xudoning moylangan xizmatchilari safiga qo‘shilishga undadi. 1900-yillarning boshida Xudoning moylangan xizmatchilari «Yaratilish fotodramasi» va «Ochilgan sir» kitobi singari asboblar ko‘magida yanada kuchga to‘lishdi. Ko‘p o‘tmay Xudo o‘z xalqini «oyoqqa turg‘izadigan» vaqt keldi. (Hiz. 37:10) Bu qachon va qay yo‘sin yuz berdi? Qadimgi Bobilda sodir bo‘lgan voqealar mazkur savolning javobini topishga yordamlashadi.

«Tirila boshlashdi va oyoqqa turishdi»

13. a) Mil. avv. 537-yildan boshlab Hizqiyo 37:10, 14 dagi so‘zlar qay yo‘sin amalga osha boshladi? b) O‘n qabilali shohlikning ba’zi a’zolari Isroilga qaytganini qaysi oyatlar ko‘rsatmoqda?

13 Mil. avv. 537-yildan boshlab Bobildagi yahudiylar vahiy amalga oshganining guvohi bo‘lishdi. Qanday qilib? Yahova yahudiylarni asirlikdan ozod etib va Isroilga qaytishiga yo‘l qo‘yib, ularni tiriltirdi hamda «oyoqqa» turg‘izdi. 42 360 nafar yahudiy va taxminan 7 000 ta yahudiy bo‘lmagan erkak kishilar Quddusni va ma’badni qayta qurish hamda Isroilda yashash uchun Bobilni tark etdi. (Ezra 1:1–4; 2:64, 65; Hiz. 37:14) So‘ng deyarli 70-yil o‘tgach, Ezra Quddusga qaytganida surgunda bo‘lganlarning taxminan 1 750 tasi unga qo‘shildi. (Ezra 8:1–20) Shunday qilib, 44 000 dan oshiq yahudiy o‘z yurtiga qaytdi. Darhaqiqat, bu «ulkan bir qo‘shin» edi. (Hiz. 37:10) Qolaversa, Xudoning Kalomiga ko‘ra, mil. avv. sakkizinchi asrda ajdodlari ossuriyaliklar tomonidan surgun qilingan o‘n qabilali shohlikning a’zolari ham ma’badni qayta qurishda yordam berish uchun Isroilga qaytishdi. (1 Sol. 9:3; Ezra 6:17; Yerm. 33:7; Hiz. 36:10)

14. a) Hizqiyo 37:24 dagi so‘zlar bashorat kengroq miqyosda amalga oshgan vaqtni aniqlashga qay yo‘sin yordam beradi? b) 1919-yili nima yuz berdi? («“Qurigan suyaklar” va “ikkita shohid”. Ular o‘zaro qanday bog‘liq?» nomli ramkaga ham qarang.)

14 Hizqiyo bashoratining bu qismi qanday qilib kengroq miqyosda amalga oshdi? Yahova Hizqiyoga bu bilan bog‘liq yana bir bashoratda ayon qilganiday, buyukroq Dovud, ya’ni Iso Masih Shoh sifatida boshqarishni boshlaganidan muayyan vaqt o‘tgach, tiklanish haqidagi bashorat kengroq miqyosda amalga oshishi kerak edi. * (Hiz. 37:24) Chindan ham, 1919-yili Yahova xalqiga O‘z ruhini berdi. Natijada ular «tirilib», Buyuk Bobil asirligidan ozod qilindi. (Ishayo 66:8) Bundan keyin Yahova ularga o‘z «yurtida», ya’ni ma’naviy jannatda o‘rnashishiga yo‘l qo‘ydi. Xo‘sh, Yahovaning zamonaviy xalqi qanday qilib «ulkan bir qo‘shinga» aylandi?

15, 16. a) Yahovaning zamonaviy xalqi qanday qilib «ulkan bir qo‘shinga» aylandi? b) Hizqiyoning bu bashorati hayotdagi qiyinchiliklar bilan kurashishga qay yo‘sin ko‘maklashadi? («Oyoqqa turishimiz uchun yordam» nomli ramkaga ham qarang.)

15 Masih 1919-yili ishonchli xizmatkorni tayinlaganidan ko‘p o‘tmay, Zakariyo payg‘ambarning so‘zlari amalga osha boshlaganini Xudoning xizmatchilari ko‘rishdi. U surgundan qaytganlar orasida xizmat qilib, quyidagicha bashorat aytgandi: «Ko‘plab xalqlar va qudratli millatlar Qo‘shinlar Sarvari Yahovani izlagani... kelishadi». Payg‘ambar Yahovani izlaganlarni «turli tillarda gapiradigan o‘n kishi» sifatida tasvirlagandi. Ular «bir yahudiyning» — ramziy Isroilning — kiyimidan mahkam ushlab olib: «Biz siz bilan boramiz, chunki Xudo sizlar bilan ekanini eshitdik»,— deyishadi. (Zakr. 8:20–23)

16 Bugungi kunda soni bir necha millionga yetgan «ulkan bir qo‘shin» bor. U ramziy Isroildan (moylanganlarning yer yuzida qolgan qismidan) tashkil topgan va kengroq ma’noda «o‘n kishi»ni (boshqa qo‘ylarni) ham o‘z ichiga oladi. (Hiz. 37:10) O‘sib borayotgan qo‘shindagi Masihning askarlari sifatida, Shohimiz Isoning izidan og‘may yurib, bizni oldinda kutayotgan barakalar sari intilyapmiz. (Zab. 37:29; Hiz. 37:24; Filip. 2:25; 1 Salon. 4:16, 17)

17. Navbatdagi bobda nima haqida gap boradi?

17 Pok topinishning tiklanishi Xudo xalqining zimmasiga muhim bir mas’uliyat yuklaydi. Bu qanday mas’uliyat ekan? Mazkur savolning javobini topish uchun, ortga nazar tashlab, Yahova Quddus vayron bo‘lishidan sal avval Hizqiyoga qanday vazifa berganini ko‘rib chiqishimiz kerak. Navbatdagi bobda bu haqida gap boradi.

^ 8- x.b. Hizqiyo vahiyda ko‘rgan suyaklar o‘z ajali bilan o‘lgan odamlarga emas, balki «qatl etilganlarga» tegishli edi. (Hiz. 37:9) O‘n qabilali Isroil shohligi va ikki qabilali Yahudo shohligi ossuriyaliklar hamda bobilliklar tomonidan mag‘lub etilib, asirlikka olinganida va surgun qilinganida, «butun Isroil xonadoni» ramziy ma’noda qatl qilingandi.

^ 14- x.b. Masihga oid bu bashorat 8-bobda muhokama qilingan.