3- BOB
Hamma narsani yaratgan Zot
MEN zo‘r narsani bilaman. Sizga ham aytaymi? ~ Qo‘lingizga bir qarang. Barmoqlaringizni siqib ko‘ring-da. Endi biror narsani ushlang-chi. Sizning qo‘llaringiz yana ko‘p narsani qila oladi. Ularni kim yaratganini bilasizmi? ~
Albatta, og‘iz, burun va ko‘zlarni kim yaratgan bo‘lsa, qo‘llarni ham O‘sha yaratgan. Bu, Ulug‘ Ustozimizning Otasi, Xudodir. Xudo bizga ko‘z bergani qanday yaxshi-a? ~ Ko‘zimiz bilan ko‘p narsani ko‘ra olamiz. Biz gullarga qarashimiz mumkin. Yam-yashil o‘t va ko‘m-ko‘k osmonni tomosha qilishimiz mumkin. Yana, rasmda ko‘rsatilganidek, och qolgan qushchalarni ham ko‘ra olamiz. Bunaqa narsalarni ko‘ra olishimiz juda ajoyib, shunday emasmi? ~
Ammo ularni kim yaratgan? Insonmi? Yo‘q. Odamlar uy qura oladi. Lekin hech bir inson tirik o‘simlikni yarata olmaydi. Odam qushchani, gulni yoki boshqa birorta jonzotni yaratishga qodir emas. Siz shuni bilarmidingiz? ~
Bularning hammasini Xudo yaratgan. U osmon bilan yerni va insonlarni ham paydo qilgan. Xudo birinchi erkak va ayolga hayot ato etgan. Ulug‘ Ustozimiz Iso ham shu haqda o‘rgatar edi (Matto 19:4–6).
Erkak bilan ayolni Xudo yaratganini Iso qayerdan bilardi? Buni o‘zi ko‘rganmi? ~ Ha, ko‘rgan. Xudo erkak bilan ayolni yaratayotganida, Iso Uning yonida edi. Aslida, Xudo birinchi bo‘lib Isoni yaratgan. O‘shanda Iso farishta bo‘lib, osmonda Otasi bilan birga yashagan.
Muqaddas Kitobda aytilishicha, Xudo: «Endi inson zotini yarataylik»,— degan ekan (Ibtido 1:26). Buni U kimga aytganini bilasizmi? ~ O‘g‘liga, ya’ni keyinchalik yer yuziga kelib, Iso deb tanilgan shaxsga aytgan.
Qanday ajoyib-a?! Bir o‘ylab ko‘ring: Biz Isoga quloq solsak, yer va butun borliqni yaratgan Xudoga yaqin bo‘lgan shaxsdan o‘rgangan bo‘lamiz. Iso osmonda Otasi bilan bo‘lganda ko‘p narsani o‘rganib olgan. Shuning uchun ham Iso Ulug‘ Ustozdir!
Sizningcha, Xudo yolg‘iz yashayverib, zerikkani uchun O‘g‘lini yaratganmi? ~ Yo‘q, Xudo zerikib qolmagan. Xo‘sh, unda nega
U boshqa jonzotlarni yaratgan? ~ Sevgani uchun. U, boshqalar ham maza qilib yashashsin, degan. Bizga hayot bergani uchun Xudoga rahmat deyishimiz kerak.Xudo yaratgan barcha narsada Uning sevgisini ko‘rish mumkin. U quyoshni yaratgan. Quyosh yorug‘lik berib, bizni isitadi. Agar quyosh bo‘lmaganda, hamma yoq sovuq bo‘lib, yer yuzida hech kim yashay olmasdi. Xudo quyoshni yaratgani uchun xursandmisiz? ~
Xudo bizga yomg‘irni ham bergan. Yomg‘ir yog‘ayotganda, o‘ynagani ko‘chaga chiqa olmaganingiz uchun, ba’zan yomg‘ir yog‘ishini xohlamassiz. Ammo yomg‘ir yog‘masa, gullar o‘smaydi. Endi chiroyli gullarni ko‘rsangiz, ular uchun kimga rahmat deysiz? ~ Xudoga. Shirin meva va sabzavotlarni yeganingizda-chi, kimga rahmat deysiz? ~ Balli, Xudoga. Chunki bu narsalar, Xudo bergan quyosh va yomg‘ir tufayli o‘smoqda.
Mabodo kimdir sizdan: «Odamlar bilan hayvonlarni ham Xudo yaratganmi?» — deb so‘rasa, nima deysiz? ~ Bu savolga: «Ha, odamlar bilan hayvonlarni Xudo yaratgan»,— deb javob bersangiz to‘g‘ri bo‘ladi. Bordi-yu, birov odamlarni Xudo yaratganiga ishonmasa-chi? Agar u kishi, odamlar hayvonlardan paydo bo‘lgan, desa-chi? Lekin Muqaddas Kitobda bunday deyilmagan. Muqaddas Kitobda aytilishicha, barcha jonzotni Xudo yaratgan (Ibtido 1:26–31).
Kimdir sizga: «Men Xudoga ishonmayman»,— deyishi ham mumkin. Xo‘sh, shunda siz nima qilasiz? ~ O‘sha odamga biron bir uyni ko‘rsatib: «Bu uyni kim qurgan?» — deb so‘rang. Uyni kimdir qurganini hamma biladi. Axir, uy o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan-ku! (Ibroniylarga 3:4).
Keyin, u kishini boqqa olib borib, gullarni ko‘rsating-da: «Bu gulni kim yaratgan?» — deb so‘rang. Buni inson yarata
olmaydi. Xuddi uy o‘z-o‘zidan qurilmaganidek, gul ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Uni kimdir paydo qilgan. Ha, gulni Xudo yaratgan.O‘sha kishiga ayting, u qushlarning sayrashini eshitib ko‘rsin. Keyin undan so‘rang: «Qushlarni kim yaratgan, ularga sayrashni kim o‘rgatgan?» Albatta, Xudo. U osmon bilan yerni va barcha jonzotni yaratgan! Xudo hamma narsaga hayot bergan.
Shunga qaramay, birov faqat ko‘rgan narsasiga ishonishini aytishi mumkin. Balki u: «Ko‘rmagunimcha ishonmayman»,— der. Ha, ba’zi insonlar Xudoni ko‘rishmagani uchun, Unga ishonishmaydi.
To‘g‘ri, biz Xudoni ko‘ra olmaymiz. Axir Muqaddas Kitobda ham, hech bir inson Xudoni ko‘ra olmasligi aytilgan. Yer yuzida yashovchi hech bir inson — erkaklar ham, ayollar ham, bolalar ham — Xudoni ko‘ra olmaydi. Shu sababli, hech kim Xudoning rasmini chizishga yoki Uning haykalini yasashga harakat qilmasligi kerak. Xudoning O‘zi, Uning shaklini yasamasligimizni buyurgan. Demak, agar uyimizda bunaqa narsalar bo‘lsa, bu Xudoga yoqmaydi (Chiqish 20:4, 5; 33:20; Yuhanno 1:18).
Ammo Xudoni ko‘rmasak, Uning borligini qayerdan bilamiz? Axir o‘ylab ko‘ring: siz shamolni ko‘ra olasizmi? ~ Yo‘q. Shamolni hech kim ko‘ra olmaydi. Lekin shamol nima qilayotganini ko‘rishingiz mumkin. Masalan, daraxtning shohlarini, barglarini tebratayotganini ko‘ra olasiz. Shunday qilib, shamolning borligiga ishonasiz.
Siz Xudoning qilgan ishlarini ham ko‘rishingiz mumkin. Tirik bir gul yoki qushni ko‘rganingizda, Xudo yaratgan narsani ko‘rgan bo‘lasiz. Shunday qilib, siz Xudoning borligiga ishonasiz.
Kimdir sizdan: «Quyosh bilan yerni kim yaratgan?» — deb so‘rashi mumkin. Muqaddas Kitobda: «Xudo osmon bilan yerni yaratdi»,— deyilgan (Ibtido 1:1). Ha, o‘sha ajoyib narsalarning hammasini Xudo yaratgan! Siz bu haqda nima deb o‘ylaysiz? ~
Yashash qanday zo‘r-a? Biz qushlarning chiroyli sayrashini eshita olamiz. Yana, Xudo yaratgan gullarni va boshqa qiziqarli narsalarni ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, Xudo bergan ovqatni yeya olamiz.
Barcha bu narsalar uchun Xudoga rahmat deyishimiz kerak. Eng muhimi esa, bizga hayot bergani uchun minnatdor bo‘lishimiz lozim. Agar chindan ham minnatdor ekanimizni ko‘rsatishni xohlasak, bilasizmi nima qilishimiz zarur? ~ Xudoga quloq solib, Uning Muqaddas Kitob orqali aytgan so‘zlarini bajarishimiz kerak. Shunday qilib biz, hamma narsani yaratgan Zotni judayam sevishimizni ko‘rsatamiz.
Bizga qilgan barcha yaxshiliklari uchun Xudoga minnatdorchilik bildirishimiz lozim. Qanday qilib, deysizmi? Zabur 138:14; Yuhanno 4:23, 24; 1 Yuhanno 5:21; Vahiy 4:11- oyatlarida nima deyilganini o‘qib chiqing.