10- BOB
Iso jinlardan kuchliroq
ESINGIZDAMI, nima uchun Xudoning farishtalaridan biri Iblis Shaytonga aylangan? ~ U, odamlar unga topinishlarini istab, Xudoga qarshi chiqdi. Uning orqasidan ergashgan boshqa farishtalar ham bo‘lganmi? ~ Albatta bo‘lgan. Muqaddas Kitobda aytilishicha, ular uning farishtalari yoki jinlar degan nom olishgan (Vahiy 12:9).
O‘sha yomon farishtalar yoki jinlar Xudoga ishonishadimi? ~ Muqaddas Kitobga ko‘ra, jinlar Xudoning borligiga ishonishadi (Yoqub 2:19). Lekin ular hozir dahshatdan titrashyapti. Sababi, ular yomon ishlar qilishgani uchun Xudodan jazo olishlarini bilishadi. Xo‘sh, ular qanday yomon ish qilishgan ekan? ~
Muqaddas Kitobda aytilishicha, o‘sha farishtalar osmondagi uylarini tark etib, yer yuziga tushib erkak tusini olishgan. Zero ular yerdagi go‘zal ayollar bilan buzuqlik qilishni xohlashgan (Ibtido 6:1, 2; Yahudo 6). Seks, ya’ni jinsiy aloqa to‘g‘risida siz nimalarni bilasiz? ~
Erkak bilan ayol o‘zgacha tarzda yaqinlashishganda, bu jinsiy aloqa hisoblanadi. Bundan so‘ng, odatda onaning qornida bola katta bo‘ladi. Ammo farishtalar uchun jinsiy aloqa qilish tabiiy emas. Xudo, faqat er bilan xotin orasida shunaqa munosabatlar bo‘lishni xohlagan. Axir bola tug‘ilganda, ular unga g‘amxo‘rlik qila olishadi-da.
Farishtalar odamlarga aylanib, yerdagi ayollar bilan jinsiy aloqada bo‘lishganda, ulardan tug‘ilgan bolalar dev bo‘lishgan. Ular judayam shafqatsiz bo‘lib, odamlarga zarar yetkazishardi. Yer yuzini ushbu devlardan va yomon odamlardan xalos etish uchun Xudo buyuk bir To‘fon keltirdi, ya’ni suv bostirdi. Biroq, Xudo yaxshi insonlar qutqarilsin, deb Nuh payg‘ambarga kema yasashni buyurdi. Ulug‘ Ustozimiz To‘fon paytida yuz bergan voqeani esda saqlashimiz muhimligini aytgan (Ibtido 6:3, 4, 13, 14; Luqo 17:26, 27).
Xo‘sh, To‘fon kelganda yomon farishtalar bilan nima yuz bergan, bilasizmi? ~ Ular insoniy tanadan chiqib, osmonga uchib ketishgan. Endi ular Xudoning farishtalari bo‘la olishmasdi, shuning uchun ular Shaytonning farishtalari, ya’ni jinlar bo‘lib qolishdi. Ularning farzandlari bo‘lgan
devlar bilan nima bo‘lgan ekan-a? ~ Ular To‘fonda halok bo‘lishgan. Shuningdek, Xudoga quloq solmagan kishilar ham cho‘kib o‘lishgan.To‘fondan buyon Xudo jinlarga insoniy tanalarni olishga ruxsat etmagan. Garchi biz jinlarni ko‘rmasak ham, ular odamlarni yovuzlik qilishga majburlashyapti. Hozir ular har qachongidan ham ko‘proq azoblar yetkazishyapti. Sababi ular osmondan yerga otilishdi.
Bilasizmi, biz nimaga jinlarni ko‘ra olmaymiz? ~ Ular — ruh bo‘lgani uchun. Lekin ularning borligiga amin bo‘lishimiz mumkin. Muqaddas Kitobga ko‘ra, Shayton «butun yer yuzini yo‘ldan ozdirib yuribdi» va jinlar unga bunda yordam berishyapti (Vahiy 12:9, 12).
Xo‘sh, Iblis va jinlari bizni ham yo‘ldan ozdirishlari, ya’ni aldashlari mumkinmi? ~ Ha, agar ehtiyot bo‘lmasak. Lekin qo‘rqishning hojati yo‘q. Chunki Ulug‘ Ustozimiz shunday degan: «Shayton menga hokim emas». Agar biz Xudo bilan do‘st bo‘lsak, Xudo bizni Iblis va jinlaridan himoya qiladi (Yuhanno 14:30).
Jinlar bizni qaysi yomon ishlarga undashi mumkinligini bilish judayam muhim. Esingizdami, jinlar ilk bor yer yuziga tushishganda, qanday yomon ish qilishgan? ~ To‘fon kelishidan oldin ular farishtalarga mumkin bo‘lmagan ish, ya’ni ayollar bilan jinsiy aloqa qilishgan. Bugungi kunda, odamlar Xudoning jinsiy aloqa to‘g‘risidagi qonunini buzishganda, jinlar rosa xursand bo‘lishadi. Endi menga ayting-chi, jinsiy aloqa kimga ruxsat etilgan? ~ To‘ppa-to‘g‘ri, faqat er-xotinlarga.
Hozirgi paytda turmush qurmagan ba’zi yigit-qizlar jinsiy aloqada bo‘lishadi, ammo bunday qilishlari katta gunoh. To‘g‘ri, Muqaddas Kitobda jinsiy a’zolar haqida aytilgan (Sahroda 5:2). Lekin, Tangri Yahova ushbu tanosil a’zolarni o‘zgacha maqsadda yaratgan va bu maqsadda ulardan faqat er-u xotinlar foydalanishi mumkin. Insonlar, Yahova taqiqlagan ishni qilishsa, jinlar rosa suyunishadi. Misol uchun, o‘g‘il bola bilan qiz bola bir-birining jinsiy a’zolarini o‘ynashsa jinlarga bu juda yoqadi. Biz esa jinlarni mutlaqo xursand qilmoqchi emasmiz, to‘g‘rimi? ~
Xudoyimiz Yahova nafratlangan, jinlar esa yoqtiradigan yana bir narsa bor. Bu nimaligini bilasizmi? ~ Bu zo‘ravonlik (Zabur 10:5). Zo‘ravonlik — bu shafqatsiz xulq, boshqalarga zarar yetkazish demakdir. Jinlarning o‘g‘illari, ya’ni devlar o‘zlarini aynan shunday tutishgan.
Bundan tashqari, jinlarga odamlarni qo‘rqitish ham yoqadi. Ba’zida ular o‘zlarini o‘lgan kishilar qilib ko‘rsatishadi. Ular hatto o‘sha o‘lgan kishilarning ovozi bilan gapirishadi. Shunday qilib, jinlar ko‘p odamlarni aldashadi va o‘liklar bilan gaplashish mumkinligiga ishontirishadi. Ha, jinlar ko‘plarni arvohlar borligiga ishontirishadi.
Shunday ekan, Shayton va jinlari bizni ham aldamasligi uchun judayam ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Muqaddas Kitobga ko‘ra, «Shayton ham o‘zini nurli farishta qilib ko‘rsatadi». Uning xizmatchilari ham shunday yo‘l tutishadi 2 Korinfliklarga 11:14, 15). Aslini olganda jinlar judayam yomon. Endi keling, ular bizni o‘zlariga o‘xshatishga qanday harakat qilishayotganini ko‘rib chiqaylik.
(Bir o‘ylab ko‘ring: odamlar zo‘ravonlik, noqonuniy jinsiy aloqa, ruh va arvohlar to‘g‘risida qayerdan o‘rganishadi? ~ Axir buni ayrim teledastur, kino, multfilmlarni tomosha qilib, kompyuter va video o‘yinlarni o‘ynab, Internetdan noto‘g‘ri foydalanib va ba’zi kitobchalarni o‘qib o‘rganishmaydimi? Bunday ishlar bizni kimga yaqinlashtiradi, Xudogami yoki Iblis va jinlarigami? Siz nima deb o‘ylaysiz? ~
Ayting-chi, yomon narsalarni tomosha qilishimizni va eshitishimizni kim xohlaydi? ~ To‘g‘ri, Shayton va jinlari buni juda ham istashadi. Shunday ekan, siz va men nima qilishimiz kerak? ~ Biz uchun foydali bo‘lgan va Yahovaga xizmat qilishimizga ko‘maklashadigan narsalarni o‘qishimiz, eshitishimiz va ko‘rishimiz kerak. Sizningcha, bunga nimalar kiradi? ~
Agar biz to‘g‘ri ishlarni qilayotgan bo‘lsak, unda jinlardan qo‘rqmasak ham bo‘ladi. Iso ulardan ancha qudratliroq va ular Isodan rosa qo‘rqishadi. Bir kuni jinlar dahshatga tushib Isodan: «Sen bizni yo‘q qilgani keldingmi?» — deb so‘rashdi (Mark 1:24). Iso Shaytonni va jinlarini yo‘q qilish vaqti kelganda biz qanchalik quvonamiz, to‘g‘rimi? ~ Hozircha esa biz bitta narsada amin bo‘lishimiz mumkin: agar Xudo bilan do‘stlashsak, Iso bizni jinlardan himoyalaydi.
Endi esa keling, quyidagi oyatlarni o‘qib, nima qilishimiz kerakligini bilib olaylik: 1 Butrus 5:8, 9 va Yoqub 4:7, 8.