14- BOB
Nega kechirimli bo‘lishimiz kerak?
SIZNI qachondir xafa qilishganmi? ~ Balki sizga qo‘pol munosabat qilishgan yoki yomon gap aytishgandir? ~ Shunda yomonlikni yomonlik bilan mag‘lub qilsa bo‘ladimi? ~
Odatda odamni xafa qilishsa, bunga javoban u ham xafa qiladi. Ammo Iso, bizga qo‘pol munosabat qilgan odamlarni kechirishimiz kerakligini o‘rgatgan (Matto 6:12). Agar odam bizni bir necha marta xafa qilgan bo‘lsa-chi? Necha marta uni kechirishimiz kerak? ~
Buni Butrus ham bilmoqchi edi. Bir kuni u Isodan: «Meni xafa qilgan kishini yetti marta kechirsam yetadimi?» — deb so‘radi. Biroq, yetti marta yetarli emas. Iso unga shunday javob berdi: «Seni xafa qilganlarni yetti marta emas, yetmish yetti marta kechirishing kerak».
Axir bu juda ko‘p-ku! Birovning bizga qarshi necha marta gunoh qilganini hisoblab o‘tirmaymiz-ku, shunday emasmi? Aynan shuni Iso aytmoqchi bo‘lgan. Biz kek saqlamasligimiz hamda bizni qancha xafa qilishganini hisoblamasligimiz lozim. Agar kimdir bizdan kechirim so‘rasa, uni kechirishimiz zarur.
Iso shogirdlariga kechirimli bo‘lish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatmoqchi
bo‘ldi. Shuning uchun, Butrusning savoliga javob berib, shogirdlariga ibrat bo‘ladigan bir voqea aytib berdi. Bu voqea qanday bo‘lganini eshitmoqchimisiz? ~Qadim zamonda bir yaxshi podshoh yashardi. U juda ham mehribon edi. U o‘z qullariga yordam kerak bo‘lganda qarzga pul berib turardi. Bir kuni podshoh pullarini qaytib olmoqchi bo‘ldi. Bir qul unga 60 million tanga qarz edi. Bu judayam katta pul edi!
Lekin o‘sha qul barcha pulini sarflab, qaytarishga
hech narsasi yo‘q edi. Shunda podshoh bu qulni sotib yuborishni buyurdi. Shuningdek, podshoh qulning xotinini, bola-chaqasi bilan bor budini sotib yuborishni amr etdi. Shunday qilib, bundan tushgan pul qarzni qoplardi. Nima deb o‘ylaysiz, bu haqda xabar topgan qul o‘zini qanday his qilgan? ~O‘sha qul podshohning oldida tiz cho‘kib, shunday deya yolvora boshladi: «Iltimos, menga vaqt bering va men sizdan olgan qarzimni qaytaraman». Agar siz podshohning o‘rnida bo‘lganingizda nima qilardingiz? ~ Podshoh qulga rahm qilib, uni kechirdi. «Sen ozodsan,— dedi unga podshoh,— butun qarzingdan, shu 60 million tangadan ham kechdim». Qul qanchalik baxtiyor bo‘lib ketgandir-a!
Biroq qul shundan keyin nima qilgan ekan? U o‘sha yerdan chiqib, yo‘lda o‘ziga yuz tanga qarzdor bo‘lgan odamni uchratdi. O‘sha kishini bo‘g‘ib: «Menga yuz tangamni qaytarib ber!» — dedi. Hozirgina podshoh bu kishining katta qarzidan kechgandi, u esa boshqasidan yuz tangasini qaytarib berishini so‘rayapti-ya! Buni tasavvur qila olasizmi? ~
Yuz tanga qarzdor bo‘lgan qul judayam kambag‘al edi. U qarzini shu zahotiyoq qaytara olmasdi. Shuning uchun, tiz cho‘kib shunday deya yalindi: «Iltimos, menga vaqt bering va men sizga hammasini qaytarib beraman». Xo‘sh, o‘sha kishi unga vaqt berishi kerakmidi? ~ Siz nima qilgan bo‘lardingiz? ~
O‘sha kishi podshoh singari mehribon bo‘lmagan. U kutishni xohlamadi va pullarini qaytarib berishini talab qildi. Lekin kambag‘al kishining hech narsasi bo‘lmagani uchun, yomon odam uni qamoqqa tashladi. Bularni ko‘rib turgan boshqa qullar hayron qolishdi. Ularning qamoqqa tashlangan kambag‘alga rahmi keldi. Shunda ular podshohning oldiga borib, bor gapni aytib berishdi.
Podshohga ham o‘sha yomon kishining bunday qilig‘i yoqmadi. Rahmsiz qulga uning rosa achchig‘i keldi. Keyin uni chaqirtirib,
shularni aytdi: «Sen yomon qul ekansan, axir men sening qarzingdan kechmaganmidim? Unda nega sen shafqatsizlarcha yo‘l tutib, sherigingning qarzidan kechib yubormading?»Rahmsiz qul podshohdan o‘rnak olishi kerak edi. Ammo u hech narsani uqib olmadi. Bu safar podshoh uni qammoqqa tashlab, hamma qarzini, ya’ni 60 million tangani to‘lamagunicha u yerdan chiqarmasliklarini buyurdi. Lekin qamoqda shuncha pulni qayerdan olsin! Xullas bu, o‘sha yomon qul umr bo‘yi qamoqda o‘tirishini anglatardi.
Bu voqeani aytib bo‘lgach, Iso shogirdlariga: «Sizlar ham chin yurakdan birodaringizni kechirmasangiz, samoviy Otam ham sizlar bilan xuddi shunday muomala qiladi»,— deb aytdi (Matto 18:21–35).
Xulosa qilib aytganda, Xudoga bo‘lgan qarzimiz ko‘p. Bunday olib qarasak, U bizga hayot bergan, bu esa biz uchun judayam azizdir! Agar buni odamlarning bizga bo‘lgan qarzi bilan solishtirsak, bularning
hammasi arzimagan narsadir. Ularning bizga bo‘lgan qarzlari haligi kambag‘al kishi sherigidan qarz bo‘lgan yuz tanga kabidir. Xudoga bo‘lgan bizning qarzimiz esa, ya’ni xatolarimiz, yomon qul podshohga qarz bo‘lib qolgan 60 million tangaga o‘xshaydi.Xudoyimiz judayam mehribon. Garchi ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ysak-da, u bizlarni kechiradi. U qarzini talab qilmaydi, aks holda hayotimizni olib qo‘yardi. Lekin muhim bir saboqni yaxshilab uqib olishimiz kerak: bizni xafa qilgan kishilarni kechirsakkina, Xudo bizni kechiradi. Bu juda ham muhim saboq, shunday emasmi? ~
Xo‘sh, kimdir sizga yomon munosabat qilsa, keyin esa oldingizga kelib kechirim so‘rasa, nima qilasiz? Uni kechirasizmi? ~ Bu ko‘p marotaba takrorlansa-chi? Uni har safar kechirasizmi? ~
Agar biz xato qilib, keyin kechirim so‘rasak, boshqa kishi bizni kechirishini istaymiz, to‘g‘rimi? ~ Shuning uchun biz ham boshqalarni kechirishimiz zarur. Ularni kechirganimizni aytishning o‘zi yetarli emas, ularni haqiqatan, gina va kek saqlamay, chin yurakdan kechirishimiz kerak. Bunday yo‘l tutib, Ulug‘ Ustozimizning izdoshlari ekanimizni ko‘rsatgan bo‘lamiz.
Kechirimli bo‘lish qanchalik muhim ekanini tushunish uchun, keling Hikmatlar 19:11; Matto 6:14, 15 va Luqo 17:3, 4- oyatlarni o‘qiylik.