Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9- BOB

Vasvasalarga qarshi turing

Vasvasalarga qarshi turing

KIMDIR sizni yomon ish qilishga undaganmi? ~ Balki u sizni gijgijlab: «Qani, bo‘l endi, qo‘rqma!» — degandir? Yoki: «Buning hech qanday yomon joyi yo‘q, ishonaver, rosa maza qilasan!» — deb aytgandir? Bunday degani bilan, aslida u sizni vasvasaga solgan bo‘ladi.

Birov bizni vasvasaga solsa, nima qilishimiz kerak? Uning gapiga kirib, yomon ish qilishimiz kerakmi? ~ Bu bilan Tangri Yahovani ranjitib qo‘yishimiz mumkin. Lekin bundan bir kimsa xursand bo‘ladi. Bilasizmi kim? ~ To‘ppa-to‘g‘ri, Iblis Shayton.

Shayton Xudoning ham, bizning ham dushmanimizdir. Biz uni ko‘ra olmaymiz, chunki u ruhdir. U esa bizni ko‘ra oladi. Bir kuni Iblis, Ulug‘ Ustozimiz bo‘lmish Isoga gapirib, uni vasvasaga solmoqchi bo‘lgan. Keling, o‘shanda Iso nima qilganligini bilib olaylik. Bu bizga, vasvasaga duch kelganimizda qanday yo‘l tutish kerakligini tushunishga yordam beradi.

Iso suvga cho‘mganida, nimani eslagan bo‘lishi mumkin?

Iso doimo Xudoning xohishini bajarishga intilardi. U Iordan daryosida suvga cho‘mib, buni ochiqchasiga ko‘rsatgan. Iso suvga cho‘mganidan ko‘p o‘tmay, Shayton uni vasvasa qila boshladi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, o‘shanda Iso uchun «osmon ochilib ketdi» (Matto 3:16). Ehtimol, shu payt Iso Xudo bilan osmonda yashagan damlarini eslagandir.

Iso suvga cho‘mganidan keyin, eslagan narsalari to‘g‘risida mulohaza qilish uchun sahroga ketdi. U qirq kecha-yu, qirq kunduz o‘sha yerda edi. Bu vaqt mobaynida u hech narsa yemay, rosa och qoldi. Aynan o‘shanda Shayton Isoni vasvasa qila boshladi.

Iblis Isoni toshlar bilan qanday vasvasa qilmoqchi bo‘lgan?

Iblis Isoga shunday dedi: «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, mana bu toshlarga buyur, ular nonga aylansin». O‘sha damda non bo‘lsa qanday maza bo‘lardi-ya! Nima deb o‘ylaysiz, Iso toshlarni nonga aylantira olarmidi? ~ Albatta aylantira olardi. Nima uchun? Axir, u Xudoning O‘g‘li bo‘lib, katta qudratga ega edi-da.

Agar Iblis sizdan iltimos qilganda, toshni nonga aylantirarmidingiz? ~ Axir, Isoning qorni och edi. Nahotki, buni bir marta bo‘lsa ham qilishi mumkin emasdi? ~ Iso o‘z kuchidan bunday maqsadda foydalanish noto‘g‘ri ekanini bilardi. Yahova unga bu kuchni o‘z foydasi uchun qo‘llasin, deb emas, balki odamlarni Xudoga yaqinlashishga undasin, deb bergan.

Shuning uchun Iso Shaytonga Muqaddas Kitobda yozilgan mana bu so‘zlarni eslatdi: «Odam faqat non bilan emas, balki Yahovaning og‘zidan chiqqan har bir so‘z bilan yashaydi». Ha, Iso uchun Yahovani xursand qilish, ovqat yeyishdan ham muhimroq edi.

Lekin Shayton uni yana vasvasaga solishga urindi. U Isoni Quddusga olib borib, ma’badning baland devoriga chiqarib qo‘ydi. Shayton Isoga shunday dedi: «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, o‘zingni pastga tashla-chi. Axir, Xudoning farishtalari seni balo-qazolardan qutqarishadi, deb yozilgan-ku».

Nima uchun Shayton bunday degan? ~ U Isoni vasvasaga solib, ahmoqlik qilishga undamoqchi edi. Ammo shunda ham Iso Shaytonning gaplariga laqqa tushmadi. U Shaytonga shunday dedi: «“Tangring Yahovani sinama”,— deb yozilgan joyi ham bor». Iso hayotini xavf ostiga solib, Yahovani sinash yaxshi emasligini bilardi.

Shayton esa niyatidan qaytmoqchi emasdi. Bu safar u Isoni juda baland toqqa olib chiqdi. O‘sha yerda Shayton Isoga dunyoning barcha shohliklarini, ya’ni hukumatlarini va ularning shuhratini ko‘rsatdi. Keyin u Isoga shunday dedi: «Bularning hammasini senga beraman, faqat menga bir marta tiz cho‘kib sajda qilsang bas».

Shayton Isoga nima bermoqchi bo‘lganligi haqida bir o‘ylab ko‘ring-a! Nahotki dunyoning barcha shohliklari, ya’ni hukumatlari Shaytonga tegishli bo‘lsa? ~ Buni Iso inkor etmagan. Agar shunday bo‘lmaganda, Iso bu haqda aytardi. Ha, Shayton chindan ham dunyoning barcha hukumatlari ustidan boshqaryapti. Muqaddas Kitobda u, «bu dunyoning hokimi», deb nomlangan (Yuhanno 12:31).

Nima uchun Shayton Isoga barcha shohliklarni taklif qildi?

Agar Iblis sizga: «Menga sajda qilsang, xohlagan narsangni beraman»,— deganda siz nima qilardingiz? ~ Iso bilardiki, Iblis nima berishidan qat’i nazar, unga sajda qilish noto‘g‘ri. Shuning uchun Iso: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton! Chunki Muqaddas Yozuvlarda: “Tangring Yahovaga sajda qil, birgina Unga muqaddas xizmatni ado et”,— deb aytilgan»,— dedi (Matto 4:1–10; Luqo 4:1–13).

Siz vasvasaga duch kelsangiz nima qilasiz?

Biz ham turli vasvasalarga duch kelamiz. Bilasizmi, qanaqa vasvasalarga? ~ Mana bir misol. Aytaylik, oyingiz shirin tort pishirdi. Ovqat yeyish vaqti kelmaguncha unga tegish mumkin emas, dedi. Siz esa juda och qoldingiz va ozgina tatib ko‘rgingiz kelyapti. Xo‘sh, siz oyingizga quloq solasizmi? ~ Shayton, oyingizga quloq solmasligingizni xohlaydi.

Isoni eslang. Uning ham qorni och qolgandi. Lekin u Xudoni xursand qilish ovqat yeyishdan ham muhimroq ekanini bilardi. Agar siz oyingizning gapiga kirsangiz, Isoga taqlid qilgan bo‘lasiz.

Endi yana bir misolni olaylik. Faraz qiling, bolalar sizga nos berishyapti. Ular: «Og‘zingga nos solsang, kayf qilasan»,— deyishyapti. Aslida esa, bu sog‘ligingizga zarar yetkazadi. Siz kasal bo‘lib, o‘lib qolishingiz mumkin. Yoki aytaylik, sigaretning ichiga nasha solib, sizga chektirishmoqchi. Xo‘sh, shunda nima qilasiz? ~

Yana Isoni eslang. Shayton uni, hayotini xavf ostiga solib, ma’bad devoridan pastga sakrashga undayotgan edi. Iso esa bunday qilmadi. Agar kimdir sizni ham xavfli bir ish qilishga undasa, nima qilasiz? ~ Iso Shaytonga quloq solmagan. Shuning uchun, siz ham yomon ish qilishga undayotgan bolalarning gapiga kirmang.

Topinishda tasvirlarni qo‘llash to‘g‘rimi?

Bir kun kelib, kimdir sizni Muqaddas Kitobda man etilgan ishni qilishga, ya’ni biron-bir narsaga sig‘inishga undashi mumkin (Chiqish 20:4, 5). Bu, maktabingizda o‘tkaziladigan bayram yoki marosimda bo‘lishi mumkin. Ehtimol: «Bunday qilmasang, maktabdan haydalasan»,— deb qo‘rqitishar. Shunda siz nima qilardingiz? ~

Hamma bilan birgalikda to‘g‘ri ish qilish osondir. Ammo boshqalar sizni yomon ish qilishga undasa, to‘g‘ri yo‘l tutish judayam qiyin kechadi. Ular bu ish aslida yomon emas, deb sizni ko‘ndirishga urinishar. Lekin eng muhimi, Xudo bunga qanday qaraydi? Axir, U yaxshiroq biladi-ku.

Xullas, boshqalar nima desa ham, biz hech qachon Xudoga yoqmaydigan ishlarni qilmasligimiz kerak. Shunday yo‘l tutib, biz Iblisni emas, Xudoni xursand qilgan bo‘lamiz.

Quyidagi oyatlardan, yomon ish qilish vasvasasiga qarshi turishimizga yordam beradigan maslahatlarni topishimiz mumkin: Zabur 1:1, 2; Hikmatlar 1:10, 11; Matto 26:41 va 2 Timo‘tiyga 2:22.