37- BOB
Yahovani va O‘g‘lini eslab turaylik
TASAVVUR qiling, kimdir sizga zo‘r sovg‘a berdi. Shunda o‘zingizni qanday his qilasiz? ~ Shunchaki rahmat, deb sovg‘a bergan kishini unutib yuborasizmi? Yoki o‘zini ham, qilgan yaxshiligini ham eslab yurasizmi? ~
Tangri Yahova bizga ajoyib bir sovg‘a bergan. U O‘zining O‘g‘lini yer yuziga yuborgan. Nega Iso biz uchun o‘lishi kerak edi, bilasizmi? ~ Bu judayam muhim narsa va biz buni tushunib yetishimiz zarur.
Shu kitobning 23- bobidan bilib olganimizdek, Odamato Xudoning mukammal qonunini buzib, gunoh qilgan. Biz esa Odamatoning farzandlari bo‘lganimiz uchun undan gunohni meros qilib olganmiz. Demak, endi biz nimaga muhtojmiz? ~ Yer yuzida mukammal hayot kechirgan yangi otaga. Sizningcha, kim biz uchun bunday ota bo‘la oladi? ~ Iso.
Yahova, Odamatoning o‘rniga bizga ota bo‘lishi uchun yer yuziga Isoni yubordi. Muqaddas Kitobda aytilishicha: «“Birinchi odam — Odamato tirik jon bo‘ldi”. Oxirgi Odam esa hayot baxsh etuvchi ruh bo‘ldi». Birinchi Odam kim edi? ~ Ha, Xudo tuproqdan yaratgan kishi edi. Ikkinchi Odam esa kim edi? ~ Bu Iso edi. Muqaddas Kitobda bu shunday tushuntirilgan: «Birinchi odam [Odamato] yerdan, tuproqdan yaralgan, ikkinchisi esa [Iso] osmondan kelgan» (1 Korinfliklarga 15:45, 47; Ibtido 2:7).
Xudo Isoning hayotini osmondan Maryam ismli ayolning ichiga o‘tkazgani uchun, Iso Odamatodan gunohni meros qilib olmagan. Shu bois Iso mukammal odam bo‘lgan (Luqo 1:30–35). Yana, shu sababli Iso tug‘ilganida farishta cho‘ponlarga: «Bugun sizlar uchun Najotkor tug‘ildi»,— deb aytgan (Luqo 2:11). Ammo chaqaloq bo‘lib tug‘ilgan Iso Najotkor bo‘lish uchun avvalo nima qilishi kerak edi? ~ U Odamato kabi katta kishi bo‘lib ulg‘ayishi lozim edi. O‘shandagina Iso «ikkinchi Odam» bo‘la olardi.
Najotkorimiz Iso shuningdek biz uchun «Abadiy ota» bo‘ladi. Muqaddas Kitobda u aynan shunday nomlangan (Ishayo 9:6, 7). Ha, gunoh qilib nomukammal bo‘lib qolgan Odamatoning o‘rniga mukammal Iso bizning otamiz bo‘la oladi. Shunday qilib, biz o‘zimiz uchun ota sifatida «ikkinchi Odamni» tanlashimiz mumkin. Albatta, Isoning ham Otasi bor — bu Tangri Yahovadir.
Isoni yaqindan tanib-bilganimiz sari, uni Najotkor sifatida qabul qila olamiz. Biz nimadan najot topishimiz kerakligi esingizdami? ~ Ha, Odamatodan meros qilib olingan gunoh va o‘limdan. Iso biz uchun qurbon qilgan mukammal hayot, to‘lov deb ataladi. Ushbu to‘lov asosida Yahova bizning gunohlarimizni kechiradi (Matto 20:28; Rimliklarga 5:8; 6:23).
Xudoning va O‘g‘lining biz uchun qilgan yaxshiliklarini unutib qo‘ymasligimiz lozim, shunday emasmi? ~ Iso o‘zining shogirdlariga o‘zgacha bir eslatma bergan. Keling, bu haqda ozgina suhbatlashaylik.
Faraz qiling, siz Quddus shahridagi bir uyning boloxonasida o‘tiribsiz. Kech
kirib qoldi. Dasturxon atrofida Iso va uning havoriylari o‘tirishibdi. Dasturxonda esa qovurilgan qo‘zichoq, yupqa nonlar va qizil sharob turibdi. Ular o‘zgacha taom yeyishyapti. Nima uchun, bilasizmi? ~Bu taom ularga bir necha yuz yil avval Yahova Isroil xalqini Misrdagi qullikdan ozod etganini eslatib turardi. O‘shanda Yahova O‘z xalqiga shunday degan edi: «Har bir oila bittadan qo‘zichoq so‘ysin va qonini uylarining eshigi romlariga surtsin. So‘ng, uylariga kirib, qo‘zichoq go‘shtini yeyishsin».
Isroilliklar xuddi shunday qilishdi. O‘sha kechada Xudoning farishtasi
Misr yurtidan o‘tib ketdi. Farishta ko‘p uylarda to‘ng‘ich farzandlarni nobud qildi. Qo‘zining qoni surtilgan eshiklarni esa chetlab o‘tdi. O‘sha uylarda bitta farzand ham nobud bo‘lmadi. Misr fir’avni, Yahovaning farishtasi qilgan ishni ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Shuning uchun fir’avn Isroil xalqiga: «Yo‘qolinglar! Misrdan chiqib ketinglar!» — dedi. O‘shandan keyin isroilliklar narsalarini eshak va tuyalariga yuklab, yo‘lga chiqishdi.Yahova ularni qanday qilib qutqarganini unutib yuborishlarini xohlamagan. Shu sababli, ularga: «Sizlar bu kecha yegan taomni har yili xuddi shunday tayyorlab yenglar»,— deb buyurgan. Ular bu o‘zgacha yegulikni Fisih taomi deb nomlashgan. Bilasizmi, nima uchun? ~ Chunki «Fisih» so‘zi, «chetlab o‘tish» degan ma’noga ega. Ha, o‘sha kechada Xudoning farishtasi, eshik romlariga qo‘zining qoni surtilgan uylarni «chetlab o‘tgan» edi (Chiqish 12:1–13, 24–27, 31).
Iso bilan havoriylari Fisih taomini yeb o‘tirishganda, mazkur voqeani eslashgan. O‘shanda Iso muhim bir ish qildi. Ammo bundan oldin, bevafo havoriy Yahudoga tashqariga chiqib ketishga ruxsat bergan edi. So‘ng, Iso qolgan nonlardan birini olib duo qildi va sindirib, shogirdlariga uzatdi. «Olinglar, yenglar»,— dedi u. «Bu non sizlar uchun qurbon qilinadigan tanamni bildiradi»,— deya qo‘shib qo‘ydi.
Shundan keyin Iso kosadagi qizil sharobni oldi. Yana bir bor shukrona duosini aytgach, uni shogirdlariga uzatdi. Iso ularga shunday dedi: «Hammangiz undan iching. Bu sharob mening qonimni anglatadi. Yaqinda men qonimni to‘kib, sizlarni gunohdan ozod qilaman. Sizlar meni eslash uchun shunday qilib turinglar» (Matto 26:26–28; 1 Korinfliklarga 11:23–26).
Iso shogirdlariga uni eslash uchun shunday qilib turishni buyurganiga e’tibor berdingizmi? ~ Endi ular Fisih bayramini nishonlashiga
hojat yo‘q edi. Buning o‘rniga ular yilda bir marta ushbu o‘zgacha taomni tayyorlab, Isoni va uning o‘limini eslab turishlari kerak edi. Bu taom Hazratimizning Kechligi deb atalgan. Biz buni ko‘pincha Qutlug‘ Kechlik deb nomlaymiz. Nega? ~ Chunki bu bizga Iso va uning Otasi, Tangri Yahova biz uchun nimalar qilishganini eslatib turadi.Non bizga Isoning tanasini eslatadi. Biz abadiy hayotga ega bo‘lishimiz uchun u bajonidil tanasini qurbon qildi. Qizil sharob haqida nima deyish mumkin? ~ Bu bizga Isoning bebaho qonini eslatib turadi. Uning qoni Misrda so‘yilgan Fisih qo‘zisining qonidan ko‘ra ancha qadrliroqdir. Bilasizmi, nima uchun? ~ Muqaddas Kitobda aytilishicha, Isoning qoni bizni gunohlardan poklay oladi. Barcha gunohlardan poklanganimizda esa, boshqa hech qachon kasal bo‘lib, qarib, o‘lmaymiz. Qutlug‘ Kechlikka borganimizda, ana shu haqda o‘ylashimiz kerak.
Qutlug‘ Kechlikda uzatiladigan non va sharobdan hamma tanovul qilishi lozimmi? ~ Ulardan yeyishi kerak bo‘lgan kishilarga Iso shunday degan edi: «Sizlar Shohligimda bo‘lib, men bilan birgalikda samoviy taxtlarga o‘tirasizlar» (Luqo 22:19, 20, 30). Bu degani, ular osmonda Iso bilan birga shohlik qilishadi. Shunday ekan, non va sharobdan faqatgina Iso bilan birga osmonda boshqaradigan kishilar tanovul qilishadi.
Lekin non va sharobdan tanovul qilmaydiganlar ham Qutlug‘ Kechlikka borishlari kerak. Bilasizmi, nega? ~ Chunki Iso bizlar uchun ham o‘zini qurbon qilgan. Qutlug‘ Kechlikka borib, biz buni unutib qo‘ymaganimizni ko‘rsatamiz. Ha, biz Xudoning ajoyib hadyasini esda saqlaymiz.
Quyidagi oyatlarda Isoning to‘lovi naqadar bebaho ekanligi ko‘rsatilgan: 1 Korinfliklarga 5:7; Efesliklarga 1:7; 1 Timo‘tiyga 2:5, 6 va 1 Butrus 1:18, 19.