12-BOB
«Mustahkamlaydigan ezgu so‘zlarni gapiringlar»
Og‘zingizdan hech qanday yaramas so‘z chiqmasin. Lekin... mustahkamlaydigan ezgu so‘zlarni gapiringlar. EFESLIKLARGA 4:29
1–3. a) Yahova bizga bergan yaxshi hadyalardan biri nima? Nutqdan noto‘g‘ri foydalanish nimani o‘z ichiga oladi? b) Nutq hadyasidan qanday foydalanishimiz kerak?
DEYLIK, ota o‘smir yoshdagi o‘g‘liga velosiped sovg‘a qildi. U o‘g‘liga bunday ajoyib sovg‘a berganidan xursand. Ammo o‘g‘li velosipedni ehtiyotsizlik bilan haydab, kimnidir urib yuborsa va jarohat yetkazsa-chi? Ota o‘zini qanday his qiladi?
2 «Yaxshi va mukammal hadyalarning barchasi» Yahovadan. (Yoqub 1:17) Bu yaxshi hadyalardan biri — gapirish qobiliyatimiz. Ushbu qobiliyat fikrlar-u tuyg‘ularimizni izhor etishga imkon yaratadi. So‘zlarimiz bilan insonlarga madad berib, ularning ko‘nglini ko‘tara olamiz. Yoki aksincha, so‘zlarimiz bilan boshqalarga ziyon keltirishimiz va ozor berishimiz mumkin.
3 Nutqimiz katta kuchga ega. Yahova gapirish qobiliyati kabi tuhfadan to‘g‘ri foydalanishni bizga o‘rgatmoqda. U shunday demoqda: «Og‘zingizdan hech qanday yaramas so‘z chiqmasin. Lekin tinglovchilarga foyda keltirish uchun, zarur bo‘lganda ularni mustahkamlaydigan ezgu so‘zlarni gapiringlar». (Efesliklarga ) Keling, qay yo‘sin bu sovg‘adan Xudoni mamnun qiladigan va boshqalarga dalda beradigan tarzda foydalanishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik. 4:29
NUTQINGIZNI NAZORAT QILING
4, 5. Muqaddas Kitobga ko‘ra so‘zlarimiz qanday kuchga ega?
4 So‘zlar katta kuchga ega ekan, nimani va qanday ohangda gapirayotganimizga diqqatli bo‘lishimiz lozim. Hikmatlar 15:4 da shunday deyilgan: «Shifo beruvchi til — hayot daraxti, yolg‘onchi til esa qayg‘u keltiradi». Jazirama issiqda daraxtning soyasi yoqimli bo‘lganidek, mehrli so‘zlarimiz insonlarga orom baxsh etadi. Ammo qo‘pol gapiradigan bo‘lsak, bu boshqalarga ozor beradi va oqibatda hech kimning biz bilan gaplashgisi kelmaydi. (Hikmatlar 18:21)
5 Hikmatlar 12:18 da: «O‘ylamay aytilgan gap qilichday jarohatlaydi»,— deb yozilgan. Qattiq so‘zlar hissiy jarohat yetkazib, munosabatlar buzilishiga sabab bo‘ladi. Ehtimol, kimdir so‘zlari bilan ko‘nglingizni qattiq ranjitgan bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi hikmatning davomida: «Dononing tili shifo beradi»,— deyilgani ham bor. Ha, o‘ylab aytilgan so‘zlar yaralangan qalbga shifo berib, tushunmovchilik dastidan ziyon ko‘rgan munosabatlarni qayta tiklashga ko‘maklashadi. (Hikmatlar 16:24 ni o‘qing.) So‘zlarimiz boshqalarga ta’sir qilishini yodda tutsak, nima gapirayotganimizga diqqatli bo‘lamiz.
6. Nima uchun tilimizni jilovlash oson kechmaydi?
6 Shuningdek, barchamiz nomukammal ekanmiz, tilimizni nazorat qilishimiz darkor. «Insonning qalbi... yomonlikka moyil» va odatda so‘zlarimiz qalbimizda nima borligini oshkor etadi. (Ibtido 8:21; Luqo 6:45) Tilimizni jilovlash oson kechmasligi mumkin. (Yoqub ni o‘qing.) Ammo boshqalarga qay tarzda gapirayotganimiz ustida ishlashga harakat qilishimiz zarur. 3:2–4
7, 8. So‘zlarimiz Yahova bilan munosabatimizga qanday ta’sir qilishi mumkin?
7 Nutqimizga diqqatli bo‘lishimizning yana bir sababi, barchamiz nimani gapirayotganimiz va uni qay ohangda aytayotganimiz borasida Yahovaga hisobot beramiz. Yoqub 1:26 da shunday deyilgan: «Agar biror kim Allohga topinyapman deb o‘ylasa-yu, ammo tilini tiymasa, u o‘zini o‘zi aldagan bo‘ladi va uning topinishi befoydadir». Demak, nutqimizga beparvo bo‘lsak, Yahova bilan munosabatimizga ziyon yetkazishimiz, hatto uni barbod qilishimiz mumkin. (Yoqub 3:8–10)
8 Chindan ham nimani gapirayotganimiz va uni qay ohangda aytayotganimizga diqqatli bo‘lish uchun asosli sabablar bor. Gapirish qobiliyatidan Yahova istaganidek foydalanishimiz uchun, qanday nutqdan qochishimiz kerakligini bilib olishimiz zarur.
OZOR YETKAZUVCHI NUTQ
9, 10. a) Bugungi kunda qanday nutq odatiy hol bo‘lib qolgan? b) Nega beadab gaplarni qo‘llashdan qochishimiz kerak?
9 Beadab yoki nopok so‘zlarni qo‘llash bugungi kunda odatiy hol bo‘lib qolgan. Ko‘pchilikning o‘ylashicha, buzuq va qo‘pol so‘zlarni qo‘llash fikrni to‘liq yetkazishga yordam beradi. Ko‘pincha qiziqchilar odamlarni kuldirish uchun bemaza hazillar qilishadi va beadab gaplarni gapirishadi. Lekin havoriy Pavlus shunday deb aytgan: «G‘azab, jahl, yaramaslik, haqoratli so‘zlarni o‘zingizdan soqit qilinglar. Beadab gaplar og‘zingizdan chiqmasin». (Kolosaliklarga 3:8) Shuningdek, u haqiqiy masihiylar orasida «beadab hazillar» hatto «tilga olinmasligi» kerakligini aytib o‘tgan. (Efesliklarga 5:3, 4)
10 Beadab gaplar Yahovaga va Uni yaxshi ko‘radigan insonlarga yoqmaydi. Bu iflos gaplardir. Muqaddas Kitobda «ifloslik» «tana ishlari» qatorida sanab o‘tilgan. (Galatiyaliklarga 5:19–21) «Ifloslikka» turli gunohlar kirishi mumkin va bitta nopok odat boshqasini keltirib chiqaradi. Agar biror kishi o‘ta nopok, beadab gaplarni gapirishga odatlansa va undan voz kechishni istamasa, u jamoatdan chetlatiladi. (2 Korinfliklarga 12:21; Efesliklarga 4:19; 23-ilovaga qarang.)
11, 12. a) Qanday qilib suhbatimiz g‘iybatga aylanib ketishi mumkin? b) Nega birovga tuhmat qilishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak?
11 Bundan tashqari g‘iybatdan ham uzoq yurishimiz kerak. Boshqalar haqida qiziqishimiz, do‘stlarimiz va oilamiz haqidagi yangiliklar bilan bo‘lishishimiz tabiiy. Hatto birinchi asrda ham ilk masihiylar birodar-u opa-singillarining hol-ahvoli bilan qiziqishgan va ularga qanday ko‘maklashishlari mumkinligini bilishni istashgan. (Efesliklarga 6:21, 22; Kolosaliklarga ) Biroq boshqalar to‘g‘risidagi suhbat g‘iybatga aylanib ketishi juda oson. Agar g‘iybat tarqatsak, yolg‘on yoki sir saqlanishi kerak bo‘lgan ma’lumotni aytib qo‘yishimiz mumkin. Hushyor bo‘lmasak, bunday salbiy gap-so‘zlar yolg‘on ayblovga yoki tuhmatga aylanib ketishi hech gap emas. Farziylar Isoni qilmagan ishida ayblab, unga tuhmat qilishgan. ( 4:8, 9Matto 9:32–34; 12:22–24) Tuhmat insonning obro‘yiga putur yetkazadi, bahs va qayg‘uga sabab bo‘ladi, do‘stlikni barbod qiladi. (Hikmatlar 26:20)
12 Yahova so‘zlarimiz bilan do‘stlarni dushmanlarga aylantirishimizni emas, boshqalarga yordam va dalda berishimizni istaydi. Yahova «aka-uka orasiga nifoq soladigan kishidan» nafratlanadi. (Hikmatlar 6:16–19) Xudoga tuhmat qilib, Shayton Iblis ilk tuhmatchiga aylangan. (Vahiy 12:9, 10) Bugungi kunda odamlar bir-biriga yolg‘on gapirishi oddiy hol. Ammo masihiylar jamoatida bunday bo‘lmasligi kerak. (Galatiyaliklarga 5:19–21) Shunday ekan, nima deyayotganimizga diqqatli bo‘lishimiz va gaplarimizni hamisha o‘ylab gapirishimiz zarur. Biror kim haqida eshitgan gapimizni boshqa odamga aytishdan oldin, o‘zimizga shu savollarni berib ko‘rishimiz kerak: «Aytmoqchi bo‘lgan gapim rostmi? Yaxshi gapmi? Biron foydasi bormi? O‘sha odam bu gaplarimni eshitishini istarmidim? Men haqimda shunday gapirishsa, o‘zimni qanday his qilardim?» (1 Salonikaliklarga 4:11 ni o‘qing.)
13, 14. a) Haqoratli so‘zlar odamlarga qanday ta’sir qiladi? b) Nega masihiylar o‘zgalarni pastga urishdan qochishi kerak?
13 Ba’zida hammamiz ham keyinchalik afsuslanadigan gaplarni gapirib qo‘yishimiz mumkin. Ammo boshqalarni tanqid qilish yoki yomon va qo‘pol gaplarni gapirish odat tusiga kirib qolishini istamaymiz. Hayotimizda haqoratli so‘zlarga o‘rin yo‘q. Pavlus shunday aytgan: «Har qanday adovat, qahr-u g‘azab, baqiriq va haqoratli so‘zlarni... o‘zingizdan soqit qilinglar». (Efesliklarga 4:31) Muqaddas Kitobning boshqa tarjimalarida «haqoratli so‘zlar» iborasi «yovuz so‘zlar», «zararli nutq» va «tahqirlovchi so‘zlar» deya o‘girilgan. Haqoratli so‘zlar insonning nafsoniyatiga tegadi va u o‘zini keraksiz his qilishiga sababchi bo‘ladi. Bolalar ayniqsa ta’sirchan bo‘lishadi, shu bois ularning dilini og‘ritib qo‘ymaslik uchun nihoyatda ehtiyotkor bo‘lishimiz zarur. (Kolosaliklarga 3:21)
14 Kamsituvchi va haqoratli so‘zlar bilan o‘zgalarni pastga urish Muqaddas Kitobda jiddiy qoralanadi. Inson turmush o‘rtog‘i yoki farzandlariga shunday muomala qilishi nihoyatda ayanchli hol! Agar u boshqalarni pastga urishni to‘xtatmasa, bundan buyon jamoat a’zosi bo‘la olmaydi. (1 Korinfliklarga 5:11–13; 6:9, 10) Bilib olganimizday, beadab, yolg‘on yoki yomon gaplarni gapirsak, Yahova hamda boshqalar bilan munosabatimizga ziyon keltiramiz.
MUSTAHKAMLAYDIGAN SO‘ZLAR
15. Qanday so‘zlar munosabatlarni mustahkamlaydi?
15 Qanday qilib gapirish qobiliyatidan Yahova istaganidek foydalana olamiz? Garchi Muqaddas Kitobda nimani gapirish-gapirmaslik haqida aniq aytilmagan bo‘lsa-da, u yerda: «Mustahkamlaydigan ezgu so‘zlarni gapiringlar»,— deb yozilgan. (Efesliklarga 4:29) Mustahkamlaydigan so‘zlar — pok, mehrli va rost bo‘ladi. Yahova boshqalarga dalda va yordam beradigan so‘zlarni qo‘llashimizni istaydi. Bu oson bo‘lmasligi mumkin. Qo‘pol va o‘ylamay gapirish qiyin emas, ammo ijobiy narsalarni gapirish uchun harakat talab etiladi. (Titusga 2:8) Keling, qay yo‘sin gaplarimiz bilan boshqalarni mustahkamlay olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.
16, 17. a) Nega boshqalarni maqtashimiz kerak? b) Kimlarni maqtashimiz lozim?
16 Yahova ham, Iso ham saxiylik ila boshqalarni maqtashadi. Biz ularga taqlid qilishni istaymiz. (Matto 3:17; 25:19–23; Yuhanno 1:47) Insonga chinakam dalda beradigan maqtov so‘zlarini aytish uchun mulohazakor bo‘lib, unga samimiy qiziqish ko‘rsatish talab etiladi. Hikmatlar 15:23 da: «O‘z vaqtida aytilgan so‘z qanchalik yaxshi!» — deyilgan. Agar kimdir qilgan mehnatimiz uchun samimiy maqtasa yoki minnatdorchilik bildirsa ko‘nglimiz rosa ko‘tariladi. (Matto 7:12 ni o‘qing; 27-ilovaga qarang.)
17 Insonlarning yaxshi tomonini ko‘rishga odatlansangiz, ularni chin ko‘ngildan maqtashga qiynalmaysiz. Misol uchun, jamoatda qaysidir imondoshingiz topshiriqqa yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini yoki yig‘ilishda sharh berishga intilganini payqarsiz. Yo bo‘lmasa, yosh singlimiz yoki ukamiz maktabda haqiqat uchun turib bergandir, keksa imondoshimiz esa xizmatda muntazam ishtirok etayotgandir. Sizning maqtovli so‘zlaringiz ular uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Er xotiniga uni sevishini va qadrlashini aytib turishi ham muhim ahamiyatga ega. (Hikmatlar 31:10, 28) O‘simlik uchun yorug‘lik va suv zarur bo‘lganidek, insonlar maqtovga muhtoj. Bu ayniqsa bolalarga tegishli. Ularni yaxshi fazilatlari va ezgu ishlari uchun maqtash fursatini izlang. Maqtov ularning jasoratini hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Bu tufayli ularning to‘g‘ri ish qilish istagi yanada ortadi.
18, 19. Nega boshqalarga dalda va tasalli berish uchun jon kuydirishimiz kerak? Buni qanday qilsak bo‘ladi?
18 Boshqalarga dalda va tasalli berish orqali Yahovaga taqlid qilamiz. U «bechora» va «ezilgan» inson uchun qayg‘uradi. (Ishayo 57:15) Yahova bir-birimizga dalda, ruhi tushganlarga esa tasalli berishimizni istaydi. (1 Salonikaliklarga 5:11, 14) Bunday yo‘l tutganimizni U ko‘radi va harakatlarimizni qadrlaydi.
19 Jamoatda kimdir xafa yoki tushkun ekanini ko‘rib qolishingiz mumkin. Unga yordam berish uchun nima qilsangiz bo‘ladi? Ehtimol, uning muammosini hal qila olmassiz, lekin u uchun qayg‘urayotganingizni ko‘rsata olasiz. Masalan, u bilan birga vaqt o‘tkazishni kelishib olishingiz, unga Muqaddas Kitobdan tasalli beradigan oyatni o‘qib berishingiz, hatto birgalikda ibodat qilishni taklif etishingiz mumkin. (Zabur 34:18; Matto 10:29–31) Bunday insonlarni jamoatdagi birodar-u opa-singillar uni yaxshi ko‘rishiga ishontiring. (1 Korinfliklarga 12:12–26; Yoqub 5:14, 15) So‘zlaringiz samimiy va asosli ekani ko‘rinib tursin. (Hikmatlar 12:25 ni o‘qing.)
20, 21. Odamlar maslahatni oson qabul qilishi uchun qaysi omillar muhim o‘ringa ega?
20 Yaxshi maslahat berib ham boshqalarni mustahkamlay olamiz. Nomukammal ekanmiz, vaqti-vaqti bilan barchamiz maslahatga muhtoj bo‘lamiz. Hikmatlar 19:20 da shunday yozilgan: «Kelajakda dono bo‘lishing uchun, maslahatga quloq solib, tarbiyani qabul qil». Boshqalarga maslahat berish faqatgina oqsoqollarning burchi emas. Ota-ona farzandlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turishi kerak. (Efesliklarga 6:4) Opa-singillar ham bir-biriga yaxshi maslahatlar berishi mumkin. (Titusga 2:3–5) Birodar-u opa-singillarimizni yaxshi ko‘ramiz va shu sababli ularga og‘ir botmaydigan tarzda maslahat berishni istaymiz. Bunda bizga nima ko‘maklashadi?
21 Ehtimol, kimdir sizga qabul qilish oson bo‘ladigan tarzda maslahat berganini eslarsiz. Nega uning maslahati shunchalik ta’sirli bo‘lgan? Balki o‘sha inson siz uchun chin dildan qayg‘urganini his qilgandirsiz. Yo bo‘lmasa, u sizga mehr va sevgi ila gapirgandir. (Kolosaliklarga 4:6) Hoynahoy o‘sha maslahat Muqaddas Kitobga asoslangandir. (2 Timo‘tiyga 3:16) To‘g‘ridan-to‘g‘ri Muqaddas Kitobdan o‘qib berasizmi yoki yo‘qmi, maslahat unga asoslangan bo‘lsin. Hech kim o‘z nuqtai nazarini boshqalarga singdirmasligi yoki aytayotgan fikrlarini tasdiqlash uchun oyatlarni noto‘g‘ri talqin qilmasligi kerak. Sizga qay tarzda maslahat berishganini yodda tutish boshqalarga maslahat berayotganingizda qo‘l kelishi mumkin.
22. Gapirish qobiliyatidan qanday foydalanmoqchisiz?
22 Gapirish qobiliyati Xudoning bergan sovg‘asidir. Unga bo‘lgan sevgimiz bu sovg‘adan to‘g‘ri foydalanishga undaydi. So‘zlarimiz ozor berishi yoki mustahkamlashi mumkinligini yodda tuting. Shunday ekan, keling, boshqalarni mustahkamlab, dalda beradigan so‘zlarni qo‘llash uchun kuchimiz boricha harakat qilaylik.