4-BOB
Nega hokimiyatga hurmat ko‘rsatish kerak?
Har turli insonlarni hurmat qilinglar, imondoshlaringizni sevinglar, Allohdan qo‘rqinglar, shohga hurmat ko‘rsatinglar. 1 BUTRUS 2:17
1, 2. a) Kimning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilishimiz kerak? b) Mazkur bobda qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?
BOLALIGINGIZDA ota-onangiz sizga yoqmaydigan birorta ishni qilishni so‘ragandir. Ota-onangizni yaxshi ko‘rganingiz uchun ularga quloq solish kerakligini bilgansiz. Shunday bo‘lsa-da, ularga itoat etish doim ham oson kechmagandir.
2 Samoviy Otamiz Yahova bizni yaxshi ko‘rishini bilamiz. U bizga g‘amxo‘rlik qiladi va hayotdan zavq olib yashashimiz uchun barcha narsani taqdim etyapti. Muvaffaqiyatli bo‘lishimiz uchun kerakli yo‘l-yo‘riqni beryapti. Ba’zida U boshqa insonlar orqali bizga yo‘l ko‘rsatadi. Biz Yahovaning hokimiyatiga hurmat ko‘rsatishimiz kerak. (Hikmatlar 24:21) Ammo nega ba’zida yo‘l-yo‘riqqa amal qilish qiyin? Nega Yahova bizdan ularga bo‘ysunishimizni kutadi? Uning hokimiyatini hurmat qilayotganimizni qanday ko‘rsatishimiz mumkin? (9-ilovaga qarang.)
NIMA UCHUN HURMAT KO‘RSATISH QIYIN?
3, 4. Qanday qilib odamlar nomukammal bo‘lib qolishdi? Nega boshqalardan yo‘l-yo‘riqni qabul qilish qiyin kechadi?
3 Biz insonlarda isyonkorlikka moyillik bor. Bunga ilk erkak va ayol, ya’ni Odamato bilan Momohavoning gunoh qilgani sababchi. Garchi ular mukammal qilib yaratilgan bo‘lishsa-da, Xudoning hokimiyatiga qarshi isyon ko‘tarishgan. O‘shandan buyon barcha insonlar nomukammal bo‘lib tug‘ilmoqda. Shuning uchun Yahovaga hamda odamlarga quloq solishimiz qiyin kechishi mumkin. Yana bir sabab esa bizga yo‘l-yo‘riq berayotgan insonlarning o‘zi ham nomukammal. (Ibtido 2:15–17; 3:1–7; Zabur 51:5; Rimliklarga 5:12)
4 Nomukammal bo‘lganimiz uchun mag‘rurlikka moyilmiz. Mag‘rurlik yo‘l-yo‘riqni qabul qilishimizga to‘sqinlik qiladi. Misol uchun, qadimda Yahova xalqi bo‘lmish Isroilni yetaklash maqsadida Musoni tanlagan edi. Yahovaga ko‘p yillardan beri xizmat qilgan Ko‘rax ismli kishi mag‘rurlikka berilib, Musoga hurmatsizlik ko‘rsatgan. Muso Xudoning xalqiga boshchilik qilgan bo‘lsa-da, mag‘rur inson emas edi. Aksincha, u o‘sha paytda yashagan insonlarning eng kamtarini deb ta’riflangan. Ammo Ko‘rax Musoning yo‘l-yo‘rig‘ini qabul qilmagan. U hatto katta olomonni o‘ziga og‘dirib, Musoga qarshi isyon ko‘targan. Ko‘rax va uning tarafdorlari bilan nima yuz bergan? Ular hayotidan mahrum bo‘lgan. (Sahroda 12:3; 16:1–3, 31–35) Muqaddas Kitobda mag‘rurlik xavfli ekanini ko‘rsatuvchi ko‘pgina misollar bor. (2 Solnomalar 26:16–21; 10-ilovaga qarang.)
5. Qanday qilib ayrim odamlar o‘z hokimiyatini suiiste’mol qilishgan?
5 Ehtimol, «hokimiyat odamni buzadi» degan iborani eshitgandirsiz. Tarix mobaynida ko‘p odamlar o‘z hokimiyatini suiiste’mol qilishgan. (Voiz 8:9 ni o‘qing.) Misol uchun, Yahova Shoulni Isroilning shohi etib tayinlaganida, u yaxshi va kamtarin inson edi. Biroq u qalbida mag‘rurlik va hasad ildiz otishiga yo‘l qo‘ydi. Natijada, u beayb bo‘lgan Dovudni ta’qib qildi. (1 Shohlar 9:20, 21; 10:20–22; 18:7–11) Keyinchalik taxtga Dovud o‘tirgan va u Isroilda hukm surgan eng yaxshi shohlardan biri bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tib, hatto Dovud ham o‘z hokimiyatini suiiste’mol qilgan. U Uriyo ismli kishining xotini Botsheva bilan zino qilgan va gunohini yashirish maqsadida Uriyoni o‘ldirish uchun jangga yuborgan. (2 Shohlar 11:1–17)
NEGA YAHOVANING HOKIMIYATINI HURMAT QILAMIZ?
6, 7. a) Yahovaga bo‘lgan sevgimiz nima qilishga undaydi? b) Qiyin paytda ham itoatkor bo‘lishimizga nima yordam beradi?
6 Yahovani yaxshi ko‘rganimiz uchun Uning yo‘l-yo‘riqlariga bo‘ysunamiz. Yahovani har narsadan va har kimdan ko‘proq yaxshi ko‘rganimiz tufayli Uni xursand qilishni istaymiz. (Hikmatlar 27:11; Mark 12:29, 30 ni o‘qing.) Ilk juftlik Adan bog‘ida yashaganidan buyon, Shayton odamlarda Yahovaning hokimiyatiga nisbatan shubha uyg‘otishga urinib kelyapti. Shayton bizga «Nima qilish kerakligini aytishga Yahovaning haqqi yo‘q» degan fikrni singdirmoqchi bo‘ladi. Ammo bu yolg‘on ekanini bilamiz. Biz mana bu so‘zlarga qo‘shilamiz: «Ey Allohimiz Yahova, Sen shon-sharaf va kuch-qudratni egallashga loyiqsan, chunki Sen butun borliqni yaratding». (Vahiy 4:11)
7 Kichikligingizda ota-onangiz ularga quloq solishingiz kerakligini o‘rgatishgan. Biroq ba’zida ularga bo‘ysunishingiz qiyin kechgandir. Shunga o‘xshab Yahovaning xizmatchilariga ham ba’zan itoatkorlikni namoyon etish oson bo‘lmasligi mumkin. Lekin Yahovani sevib hurmat qilganimiz bois, Unga qo‘limizdan kelgancha itoat etishga intilamiz. Bu borada bizga Iso o‘rnak ko‘rsatgan. U og‘ir va noqulay paytda ham Yahovaga itoat etgan. Shuning uchun Iso Otasiga: «Men xohlagandek emas, Sen xohlagandek bo‘lsin»,— deya olgan. (Luqo 22:42; 11-ilovaga qarang.)
8. Yahova bizga qanday usullar bilan yo‘l-yo‘riq beradi? (« Maslahatga quloq soling» nomli ramkaga qarang.)
8 Bugungi kunda Yahova bizga turli usullar bilan yo‘l-yo‘riq beradi. Masalan, U bizga Muqaddas Kitobni, jamoat oqsoqollarini bergan. Yahova bizga yo‘l ko‘rsatish uchun tanlagan kishilarni hurmat qilsak, Uning hokimiyatiga hurmat ko‘rsatgan bo‘lamiz. Agar ularning yordamini rad etsak, bu bilan Yahovani rad etgan bo‘lamiz. Isroilliklar Musodan yuz o‘girishganida, Yahova bunga jiddiy qaragan va xalq Uni rad etdi deb hisoblagan. (Sahroda 14:26, 27; 12-ilovaga qarang.)
9. Qanday qilib sevgi fazilati bizni yo‘l-yo‘riqqa amal qilishga undaydi?
9 «Rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlarni» hurmat qilsak, birodar-u opa-singillarimizni ham sevishimizni ko‘rsatamiz. Mana bu misol haqda bir o‘ylab ko‘ring. Tabiiy ofat yuz berganda, qutqaruvchilar guruhi imkon boricha ko‘proq odamlarni qutqarish uchun yelkama-yelka hamkorlik qilishadi. Guruh samarali faoliyat yuritishi uchun kimdir uni tashkillashtirishi va guruhning har bir a’zosi berilgan yo‘l-yo‘riqqa amal qilishi lozim. Ammo guruhning bir a’zosi yo‘l-yo‘riqqa beparvolik qilib, o‘zi istaganicha yo‘l tutsa nima bo‘ladi? Garchi uning niyatlari yaxshi bo‘lsa-da, yo‘l-yo‘riqqa bo‘ysunmagani guruhning boshqa a’zolariga muammo tug‘diradi, bu hatto ularga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shunga o‘xshab, Yahovaning hamda U muayyan hokimiyatni bergan kishilarning ko‘rsatmalariga amal qilmasak, boshqalar bundan aziyat chekishi hech gap emas. Lekin Yahovaga itoat etib, imondoshlarimizni yaxshi ko‘rishimizni va Yahova o‘rnatgan tartibni hurmat qilayotganimizni namoyon etamiz. (1 Korinfliklarga 12:14, 25, 26)
10, 11. Hozir nimani ko‘rib chiqamiz?
10 Yahova bizdan nimaiki qilishni so‘ramasin, bu bizning foydamiz uchundir. Oilada va jamoatda hokimiyatga ega bo‘lganlarga hamda davlat xodimlariga hurmat ko‘rsatsak, bundan barcha foyda oladi. (Qonunlar 5:16; Rimliklarga 13:4; Efesliklarga 6:2, 3; Ibroniylarga 13:17)
11 Yahova nega boshqalarga hurmat ko‘rsatishimizni istayotganini tushunsak, bunday yo‘l tutishimiz osonroq bo‘ladi. Keling, hayotimizning uchta sohasida qanday qilib hurmat namoyon etishimiz mumkinligini batafsil ko‘rib chiqaylik.
OILADA HURMAT KO‘RSATISH
12. Qanday qilib er Yahovaning hokimiyatini hurmat qilayotganini ko‘rsatadi?
12 Yahova oilani barpo etgan va uning har bir a’zosiga o‘z vazifasini topshirgan. Oilaning har bir a’zosi Yahova undan nimani kutayotganini tushunsa, bu oilani jipslashtirib, uning farovonligiga hissa qo‘shadi. (1 Korinfliklarga 14:33) Yahova erni oilaning boshi etib tayinlagan. Demak, Yahova undan xotini va bolalariga g‘amxo‘rlik qilishini va ularni mehr ila boshqarishini kutadi. Er Yahovaning oldida ular uchun javobgar. Iso jamoatga g‘amxo‘rlik qilganiday, masihiy er ham o‘z oilasiga mehr va sevgi ila munosabatda bo‘ladi. Shunday yo‘l tutib, u Yahovani hurmat qilayotganini ko‘rsatadi. (Efesliklarga 5:23; 13-ilovaga qarang.)
13. Qanday qilib xotin erining boshchiligini hurmat qilayotganini ko‘rsatadi?
13 Masihiy xotinga ham oilada muhim va sharafli vazifa topshirilgan. Eri yaxshi oila boshi bo‘lishga jon kuydirganida, xotin uni qo‘llab-quvvatlaydi. U ham eri bilan birgalikda farzandlarini tarbiyalashga javobgar. U o‘z o‘rnagi bilan bolalariga hurmat ko‘rsatishni o‘rgatadi. (Hikmatlar 1:8) U eriga hurmat ko‘rsatib, uning qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Hatto nima bilandir rozi bo‘lmasa ham, o‘z his-tuyg‘ularini muloyimlik va hurmat ila tushuntiradi. Agar masihiy ayolning eri Yahovaning Shohidi bo‘lmasa, u o‘zgacha qiyinchiliklarga duch keladi. Shunga qaramay, u erini sevib hurmat qilsa, bir kun kelib eri Yahovani tanib-bilishni va Unga topinishni istashi mumkin. (1 Butrus 3:1 ni o‘qing.)
14. Qanday qilib farzandlar ota-onasining hokimiyatini hurmat qilayotganini ko‘rsatishadi?
14 Yahova bolalarni nihoyatda qadrlaydi. Ular himoya va yo‘l-yo‘riqqa ayniqsa muhtoj. Bolalar ota-onasiga quloq solsa, ularni xursand qilishadi. Eng muhimi esa, itoatkorlikni namoyon etib, ular Yahovani hurmat qilayotganini ko‘rsatishadi va Uning qalbini quvontirishadi. (Hikmatlar 10:1) Ko‘pgina oilalarda farzandlarni yolg‘iz ona yoki ota katta qiladi. Bu ham ota yoki onaga, ham bolalarga qiyinchilik tug‘diradi. Lekin bolalar itoatkor bo‘lib, onasi yoki otasini qo‘llab-quvvatlasa, ularning oilaviy hayoti yanada yaxshilanadi. Nima bo‘lganda ham mukammal oilaning o‘zi yo‘q. Biroq oilaning har bir a’zosi Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilsa, oila baxtli bo‘la oladi. Qolaversa, bu oilaning Asoschisi bo‘lmish Yahovaga sharaf keltiradi. (Efesliklarga 3:14, 15)
JAMOATDA HURMAT KO‘RSATISH
15. Yahova jamoatda kimlarga mas’uliyat topshirgan va qanday qilib ularga hurmat ko‘rsata olamiz?
15 Yahova masihiylar jamoati orqali bizga yo‘l-yo‘riq beradi. U Isoga jamoat ustidan butun hokimiyatni topshirgan. (Kolosaliklarga 1:18) Iso esa o‘z navbatida «ishonchli va aqlli xizmatkorga» Xudoning yer yuzidagi xalqiga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatini topshirgan. (Matto 24:45–47) Bugungi kunda «ishonchli va aqlli xizmatkor» Yetakchi kengashdir. Imonimizni mustahkam saqlay olishimiz uchun Yetakchi kengash o‘z vaqtida kerakli barcha narsani taqdim etyapti. Oqsoqollar, jamoat xizmatkorlari va tuman nozirlari dunyo bo‘ylab jamoatlarni qo‘llab-quvvatlashyapti va Yetakchi kengashdan ko‘rsatmalar olishyapti. Ushbu barcha birodarlarga bizga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyati topshirilgan. Ular o‘z mas’uliyatini qanday bajarayotgani borasida Yahovaning oldida hisobot berishadi. Demak, bu kishilarni hurmat qilish orqali Yahovaga hurmat ko‘rsatamiz. (1 Salonikaliklarga 5:12; Ibroniylarga 13:17 ni o‘qing; 14-ilovaga qarang.)
16. Nega oqsoqollar va jamoat xizmatkorlari muqaddas ruh tomonidan tayinlanadi deb ayta olamiz?
16 Oqsoqollar va jamoat xizmatkorlari jamoatga sadoqatli qolishga hamda birlikni saqlashga ko‘maklashishadi. To‘g‘ri, ular ham biz kabi nomukammal. Shunday ekan, ular qanday tanlanadi? Bu birodarlar Muqaddas Kitobdagi talablarga mos kelishi kerak. (1 Timo‘tiyga 3:1–7, 12; Titusga 1:5–9) Yahova O‘z ruhi orqali Muqaddas Kitob yozuvchilarini ushbu talablarni tushuntirib berishga undagan. Biror kimni oqsoqol yoki jamoat xizmatkori etib tayinlashni muhokama qilayotganda oqsoqollar Yahovaga muqaddas ruh berishini so‘rab ibodat qilishadi. Shunisi aniqki, barcha jamoatlar Yahova hamda Isoning boshqaruvi ostida. (Havoriylar 20:28) Bizni qo‘llab-quvvatlab g‘amxo‘rlik qilish uchun tayinlangan kishilar Xudoning hadyasidir. (Efesliklarga 4:8)
17. Opa-singillar qaysi vaziyatlarda boshini yopishi kerak va nima uchun?
17 Ba’zida jamoatdagi vazifalarni bajarish uchun oqsoqollar va jamoat xizmatkorlari bo‘lmasligi mumkin. Bunday paytlarda suvga cho‘mgan boshqa birodarlar bu vazifalarni bajara oladi. Bordi-yu, birodarlar bo‘lmasa ularning vazifasini opa-singillarimizdan biri bajarsa bo‘ladi. Biroq bunday paytlarda u boshini ro‘mol yoki boshqa bosh kiyim bilan yopishi kerak. (1 Korinfliklarga 11:3–10) Shunday yo‘l tutib, u Yahova oilada va jamoatda o‘rnatgan boshchilikni hurmat qilayotganini ko‘rsatadi. (15-ilovaga qarang.)
DAVLAT XODIMLARIGA HURMAT KO‘RSATISH
18, 19. a) Rimliklarga 13:1–7 dan nimani bilib olyapmiz? b) Hukumatlarga nisbatan hurmatimizni qanday ko‘rsatamiz?
18 Bugungi kunda Yahova hukumatlar muayyan hokimiyatga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yyapti va biz ularni hurmat qilishimiz kerak. Ular bemalol faoliyat yuritishi va odamlarga kerakli xizmatlarni ko‘rsatishi uchun mamlakatda va jamiyatda tartib o‘rnatadi. Masihiylar Rimliklarga 13:1–7 da (o‘qing) aytilgan yo‘l-yo‘riqqa quloq solishadi. Biz «hukmron hokimiyatlarga» hurmat ko‘rsatib, istiqomat qilayotgan mamlakatimiz qonunlariga itoat etamiz. Ushbu qonunlar oilamiz, ishimiz va mol-mulkimizga ta’sir qiladi. Masalan, soliqlarni to‘laymiz va hukumat talab qilgan hujjatlarni to‘g‘ri to‘ldiramiz. Ammo hukumat bizdan Xudoning qonunlariga zid narsani talab qilsa, qanday yo‘l tutamiz? Havoriy Butrus shunday degan: «Biz odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishimiz kerak». (Havoriylar 5:28, 29)
19 Sudya yoki militsiya kabi davlat xodimlari bilan gaplashganimizda doimo hurmat ila munosabatda bo‘lishimiz kerak. Yosh masihiylar o‘qituvchilariga va maktabdagi boshqa ishchilarga hurmat ko‘rsatishadi. Ish joyimizda esa, boshqa ishchilar bunday qilmasa-da, ish beruvchiga hurmat ila muomala qilamiz. Shunday yo‘l tutib, qiyin damlarda ham amaldorlarga hurmat ila munosabatda bo‘lgan havoriy Pavlusga taqlid qilamiz. (Havoriylar 26:2, 25) Hatto boshqalar bizga yaxshi munosabatda bo‘lmasa ham, biz ularga hurmat ko‘rsatamiz. (Rimliklarga 12:17, 18 ni o‘qing; 1 Butrus 3:15)
20, 21. Boshqalarni hurmat qilsak, bu qanday natija keltirishi mumkin?
20 Butun dunyo bo‘ylab odamlar borgan sari bir-birini hurmat qilmay qo‘yyapti. Lekin Yahovaning xalqi ulardan farq qiladi. Biz har bir insonga hurmat ko‘rsatishni maqsad qilib olganmiz. Barchamiz havoriy Butrusning: «Har turli insonlarni hurmat qilinglar»,— degan maslahatiga amal qilamiz. (1 Butrus 2:17) Boshqalarga hurmat ila muomala qilsak, ular buni payqaydi. Iso shunday degan: «Sizlarning nuringiz ham insonlar oldida porlab tursin, toki ular yaxshi ishlaringizni ko‘rib, osmondagi Otangizni sharaflashsin». (Matto 5:16)
21 Oilada, jamoatda va hayotimizning turli sohalarida hurmat ko‘rsatsak, bu yaxshi o‘rnagimiz tufayli boshqalar Yahova haqida ko‘proq bilib olishni istashi mumkin. Qolaversa, boshqalarni hurmat qilib, Yahovaning O‘ziga hurmat ko‘rsatamiz. Bu Yahovani quvontiradi va Uni yaxshi ko‘rishimizni isbotlaydi.