Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11-BOB

To‘ydan keyingi hayot

To‘ydan keyingi hayot

Sevgi hech qachon tugamaydi. 1 KORINFLIKLARGA 13:8

1, 2. Qiyinchiliklar nikohimiz barbod bo‘lganini anglatadimi? Tushuntiring.

 NIKOH — Yahovaning hadyasi. U insonning baxtiga baxt qo‘shadi. Lekin nikohda o‘ziga yarasha muammolar ham bo‘ladi. Hatto ba’zida muammolarning oxiri yo‘qday ko‘rinadi. Bunday paytda er-xotinlar bir-biriga begonaday bo‘lib qoladi.

2 Agar nikohimizda qiyinchiliklar paydo bo‘lib tursa, hayron qolmasligimiz kerak. Axir qiyinchiliklar nikohimiz barbod bo‘ldi, degani emas-ku. Hatto jiddiy muammolarga duch kelgan er-xotinlar ularga yechim topib, nikoh rishtalarini mustahkamlay olishdi. Qanday qilib?

ALLOHGA VA UMR YO‘LDOSHINGIZGA YAQIN BO‘LING

3, 4. Ba’zan nikohda vaziyat qanday bo‘lishi mumkin?

3 Nikoh — istaklari, fikrlash tarzi hamda odatlari turlicha bo‘lgan ikki kishini birlashtiradi. Qolaversa, er va xotinning kelib chiqishi hamda madaniyati turlicha bo‘lishi mumkin. Turmush o‘rtoqlar bir-birini yaxshi tanib-bilishi va tushunishi uchun vaqt hamda harakat talab etiladi.

4 Vaqt o‘tgani sayin er-xotin o‘z muammolari bilan ovora bo‘lib, bir-biridan uzoqlashib ketishi mumkin. Ularning har biri o‘z hayoti bilan yashayotganday tuyuladi. Ularning munosabatlari yana yaqin bo‘lishiga nima yordam beradi?

Muqaddas Kitob maslahatlari — baxtli nikoh garovi

5. a) Masihiy turmush o‘rtog‘iga yaqin bo‘lishiga nima yordam beradi? b) Ibroniylarga 13:4 ga binoan nikohga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?

5 Yahova taqdim etayotgan ajoyib maslahatlar siz va turmush o‘rtog‘ingiz Unga hamda bir-biringizga yaqin bo‘lishingizga ko‘maklashadi. (Zabur 25:4; Ishayo 48:17, 18) Alloh: «Nikoh hammaning nazarida hurmat-e’tiborda bo‘lsin»,— demoqda. (Ibroniylarga 13:4) Odatda biz uchun qadrli bo‘lgan narsani e’zozlaymiz. Shu singari Yahova nikohni ham qadrlashimizni istaydi. Nikohni ko‘z qorachig‘imizday asrab, qadriga yetishimiz kerak.

YAHOVANI SEVISH — BAXTLI NIKOH GAROVI

6. Yahovaning nikohga bo‘lgan nuqtai nazari haqida Matto 19:4–6 dan nimani bilib olyapmiz?

6 Ilk nikohni Yahova barpo etgan. Uning O‘g‘li Iso nikoh haqida shunday degan: «Axir o‘qimaganmisizlar? Parvardigor boshdanoq odamlarni erkak va ayol qilib yaratib, shunday degan: “Shuning uchun kishi ota-onasini qoldirib, xotiniga bog‘lanib qoladi va ikkovi bir tan bo‘ladi”. Demak, endi ular ikki emas, bir tan hisoblanadi. Shunday ekan, Alloh birga qo‘shganini bandasi ajratmasin». (Matto 19:4–6) Avval boshda Yahova nikoh rishtalari toabad davom etishini istagan. Uning niyatiga ko‘ra, oila mustahkam va baxtli bo‘lishi, uning a’zolari esa birgalikda hayotdan zavq olib yashashi kerak edi.

7. Qanday qilib er-xotinlar nikohini mustahkamlay olishadi?

7 Hozirgi kunda nikoh qurgan kishilar har qachongidan ham ko‘proq stress va bosimga duch kelmoqda. Ba’zan bosim shunchalik kuchli bo‘ladiki, ular nikohni asrab qolishning iloji yo‘q deb o‘ylashadi va taslim bo‘lishadi. Biroq nikohga nisbatan Yahovaning nuqtai nazarini yaxshi tushunish, bunday vaziyatda bizga yordam bera oladi. (1 Yuhanno 5:3)

8, 9. a) Yahovaning nikohga oid yo‘l-yo‘rig‘iga qachon amal qilishimiz kerak? b) Nikohni qadrlayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

8 Yahovaning yo‘l-yo‘riqlari doim bizning foydamiz uchun xizmat qiladi. Yuqorida o‘qiganimizday, U bizga: «Nikoh... hurmat-e’tiborda bo‘lsin»,— deb maslahat bermoqda. (Ibroniylarga 13:4; Voiz 5:4) Hatto qiyin bo‘lganida ham Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilsak, albatta buning foydasini ko‘ramiz. (1 Salonikaliklarga 1:3; Ibroniylarga 6:10)

9 Nikohni qadrlaganimiz uchun unga zarar yetkazadigan ishlar va so‘zlardan qochamiz. Sababi, turmush o‘rtog‘imiz bilan munosabatlarimizni mustahkamlashni istaymiz. Buni qanday amalga oshirsak bo‘ladi?

NIKOHGA ISNOD KELTIRADIGAN NUTQ VA XULQDAN QOCHING

10, 11. a) Ayrim oilalarda qanday jiddiy muammo bor? b) Nega turmush o‘rtog‘imiz bilan gaplashish tarzimizga diqqatli bo‘lishimiz kerak?

10 Inson turmush o‘rtog‘iga turlicha ozor berib qo‘yishi mumkin. Bilamizki, masihiylar hech qachon turmush o‘rtog‘iga qo‘l ko‘tarmasligi yoki unga jismoniy zarar yetkazadigan biror narsa qilmasligi kerak. Ammo so‘zlar ham insonga qattiq ozor berishi mumkin. Ular xuddi qilichday jarohatlashi hech gap emas. Bir ayol shunday deydi: «Erimning so‘zlari qalbimga xanjarday botadi. Tanamda ko‘zga ko‘rinadigan jarohatlar bo‘lmasa-da, uning: “Sen men uchun yuksan!” va “Sendan foyda yo‘q!” — degan dashnomlari qalbimni qattiq yaralaydi». Bir kishining aytishicha, xotini uni doim kamsitib, haqorat qilar ekan. U shunday dedi: «Xotinim menga aytgan so‘zlarni tarbiyali odamlarning oldida takrorlashga tilim bormaydi. U bilan tuzukroq gaplashib bo‘lmaydi, shuning uchun ishda kechgacha qolishga harakat qilaman. Bu uyga kelishdan ko‘ra yaxshiroq». Haqoratli so‘zlarni, dilga ozor beradigan qo‘pol va yomon gaplarni aytish hozirgi paytda odatiy hol bo‘lib qolgan.

11 Er-xotin bir-biriga qo‘pol gapirsa, yetkazilgan jarohat uzoq vaqt bitmasligi mumkin. Shunisi aniqki, Yahova turmush o‘rtoqlar bir-biriga bunday munosabatda bo‘lishlarini istamaydi. Ammo bilmasdan ham umr yo‘ldoshingizga ozor berib qo‘yishingiz mumkin. Siz o‘zingizni juda mehribon umr yo‘ldosh deb hisoblarsiz, lekin juftingiz ham shunday fikrdami? Ba’zi gaplaringiz unga og‘ir botayotgan bo‘lsa, o‘zgarishga tayyormisiz? (Galatiyaliklarga 5:15; Efesliklarga 4:31 ni o‘qing.)

12. Turmush qurgan kishining Yahova bilan munosabatlariga nima ta’sir qiladi?

12 Odamlar oldida bo‘ladimi yoki yolg‘iz qolganingizdami, turmush o‘rtog‘ingizga qanday gapirayotganingiz Yahova uchun ahamiyatga ega. (1 Butrus 3:7 ni o‘qing.) Yoqub 1:26 da bizga quyidagicha eslatma berilgan: «Agar biror kim Allohga topinyapman deb o‘ylasa-yu, ammo tilini tiymasa, u o‘zini o‘zi aldagan bo‘ladi va uning topinishi befoydadir».

13. Turmush o‘rtog‘ingizga yana nima og‘ir botishi mumkin?

13 Turmush o‘rtoqlar yana bir sohada bir-birining tuyg‘ulariga e’tiborli bo‘lishlari lozim. Masalan, siz o‘zga jinsdagi biror kishi bilan birga ko‘p vaqt o‘tkaza boshlasangiz, bu umr yo‘ldoshingizga qanday ta’sir qiladi? Buni yaxshi niyatda, aytaylik, xizmat yoki muammoni hal qilishga yordam berish uchun qilayotgan bo‘lsangiz ham, turmush o‘rtog‘ingiz o‘zini qanday his qilishi mumkin? Bir masihiy ayol shunday deb bo‘lishdi: «Erim jamoatdagi boshqa bir opaga ko‘p vaqt ajratib, e’tibor qaratayotgani menga og‘ir botadi. O‘zimni keraksizday his qilaman».

14. a) Ibtido 2:24 dan qaysi muhim haqiqatni bilib olyapmiz? b) O‘zimizga qanday savollarni berib ko‘rishimiz kerak?

14 Masihiy ekanmiz, ota-onamiz va jamoatdagi imondoshlarimiz oldida burchimiz bor. Ammo turmush qurganimizda, eng avvalo turmush o‘rtog‘imiz oldida burchli bo‘lamiz. Yahova erkak kishi «xotiniga bog‘lanib qolishini» aytgan. (Ibtido 2:24) Umr yo‘ldoshimizning tuyg‘ulari biz uchun nihoyatda muhim bo‘lishi kerak. O‘zingizdan: «Turmush o‘rtog‘imga uning ehtiyojiga ko‘ra vaqt ajratib, e’tibor va mehrimni beryapmanmi? U bunga loyiq ekanini tushunyapmanmi?» — deb so‘rab ko‘ring.

15. Nega masihiylar turmush o‘rtog‘idan boshqa kishi bilan haddan ortiq yaqin munosabatlarni rivojlantirishdan qochishlari lozim?

15 Agar turmush o‘rtog‘imizdan boshqa kishi bilan haddan ortiq yaqin munosabatlarni rivojlantirsak, bu nikohimizga xavf tug‘diradi. O‘sha insonga bog‘lanib qolishimiz va bizda unga nisbatan ishqiy tuyg‘ular paydo bo‘lishi mumkin. (Matto 5:28) Bu tuyg‘ular kuchayib, nikohga isnod keltiradigan ishga qo‘l urishimiz hech gap emas.

«NIKOHDAGI MUNOSABATLARINGIZ BULG‘ANMASIN»

16. Nikoh haqida Muqaddas Kitobda qanday amr berilgan?

16 Muqaddas Kitobda: «Nikoh... hurmat-e’tiborda bo‘lsin,— deyilgach, shunday so‘zlarni o‘qiymiz — nikohdagi munosabatlaringiz bulg‘anmasin. Boisi, Alloh zinokorlar-u xiyonat qiluvchilarni hukm etadi». (Ibroniylarga 13:4) Bu oyatda «nikohdagi munosabatlar» deganda, er-xotin orasidagi jinsiy munosabatlar nazarda tutilgan. (Hikmatlar 5:18) Qay yo‘sin bu munosabatlarga hurmat ko‘rsatishimiz va ularni pok saqlashimiz mumkin?

17. a) Bugungi kunda ko‘pchilik bevafolik haqida qanday fikrda? b) Masihiylar bevafolikka qanday munosabatda bo‘lishlari kerak?

17 Bugungi kunda ayrim odamlar turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilishning yomon joyi yo‘q deb hisoblashadi. Bunday nuqtai nazar bizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Yahova jinsiy axloqsizlik va bevafolikdan nafratlanishini aniq aytgan. (Rimliklarga 12:9 ni o‘qing; Ibroniylarga 10:31; 12:29) Agar turmush o‘rtog‘imizdan tashqari kim bilandir jinsiy aloqa qilsak, nikohimizni bulg‘agan bo‘lamiz. Bu bilan Yahovaning me’yorlarini hurmat qilmasligimizni ko‘rsatamiz va U bilan munosabatlarimizga putur yetkazamiz. Shuning uchun bevafolikka yetaklovchi birinchi qadamdan ham qochishimiz kerak. Bunga o‘zga inson haqidagi noo‘rin fikrlardan qochish kiradi. (Ayub 31:1)

18. a) Bevafolik va soxta xudolarga topinish o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor? b) Yahova bevafolikka qanday qaraydi?

18 Tavrot qonuni ostida bo‘lgan Isroil xalqida bevafolik soxta xudolarga topinish kabi jiddiy gunoh hisoblangan. Ikkisi uchun ham o‘lim jazosi berilgan. (Levilar 20:2, 10) Bevafolik va soxta xudolarga topinish o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor? Isroillik kishi soxta xudolarga topinganida, Yahovaga sodiq qolish va’dasini buzardi. Bevafolikka qo‘l urganida esa turmush o‘rtog‘iga sodiq qolish va’dasini buzgan hisoblanardi. (Chiqish 19:5, 6; Qonunlar 5:9; Malaki 2:14 ni o‘qing.) Ko‘rinyaptiki, Yahova qadimda bevafolikni jiddiy gunoh deb hisoblagan.

19. Bevafolik qilmaslik qarorimizda qat’iy turishga nima ko‘maklashadi?

19 Bugungi kun haqida nima desa bo‘ladi? Biz Tavrot qonuni ostida bo‘lmasak-da, Yahovaning bevafolikka nisbatan nuqtai nazari o‘zgarmagan. Soxta xudolarga aslo topinmaganimiz singari, turmush o‘rtog‘imizga ham hech qachon xiyonat qilmasligimiz kerak. (Zabur 51:1, 4; Kolosaliklarga 3:5) Agar bevafolikka qo‘l ursak, nikohimizga ham, Allohimiz Yahovaga ham hurmatsizlik qilgan bo‘lamiz. (26-ilovaga qarang.)

NIKOH RISHTASINI QANDAY MUSTAHKAMLASA BO‘LADI?

20. Donolik nikohda qay yo‘sin asqatadi?

20 Nikohingizni qanday mustahkamlay olasiz? Allohning Kalomida shunday so‘zlar bor: «Uy donolik ila quriladi, aql-idrok bilan mahkam turadi». (Hikmatlar 24:3) Uy sovuq va bo‘m-bo‘sh yoki issiq, qulay va xavfsiz bo‘lishi mumkin. Nikoh ham shunga o‘xshaydi. Dono inson nikohi mustahkam, farovon va baxtli bo‘lishi uchun bor kuchini ishga soladi.

21. Qay yo‘sin bilim nikohingizni mustahkamlashi mumkin?

21 O‘sha uy haqidagi gapni davom ettirib, Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Xonalari bilim tufayli qimmatbaho va noyob xazinalarga to‘ladi». (Hikmatlar 24:4) Xudoning Kalomidan bilib olganlaringiz nikohingizga yaxshi ta’sir qiladi. (Rimliklarga 12:2; Filippiliklarga 1:9) Muqaddas Kitobni va unga asoslangan adabiyotlarni birgalikda o‘qiyotganda, o‘rganganlaringizni amalda qanday qo‘llashingiz mumkinligini muhokama qiling. Bir-biringizga sevgi va hurmat ko‘rsatish, shuningdek, mehr va mulohazakorlik ila munosabatda bo‘lish yo‘llarini izlang. Nikohingizni mustahkamlashga hamda turmush o‘rtog‘ingiz sizni yanada ko‘proq sevishiga hissa qo‘shadigan fazilatlarni rivojlantirishga yordam berishini Yahovadan so‘rang. (Hikmatlar 15:16, 17; 1 Butrus 1:7)

Oilaviy topinish paytida Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘ini izlang

22. Nega turmush o‘rtog‘imizga sevgi va hurmat ila muomala qilishimiz lozim?

22 Turmush o‘rtog‘imizga iloji boricha sevgi va hurmat ila muomala qilishimiz lozim. Shunda oilamizda yoqimli muhit hukm suradi va nikohimiz mustahkam bo‘ladi. Eng asosiysi, bunday yo‘l tutib Yahovani baxtiyor qilamiz. (Zabur 147:11; Rimliklarga 12:10)