9-BOB
«Zinodan qochinglar!»
Tana a’zolaringizdagi yerga xos zino, ifloslik, tiyiqsiz shahvoniy hirs, zararli istak va butparastlikka teng bo‘lgan ochko‘zlik kabi ehtiroslarni o‘ldiringlar. KOLOSALIKLARGA 3:5
1, 2. Qay yo‘sin Balom Yahovaning xalqiga ziyon yetkazmoqchi bo‘lgan?
BALIQCHI o‘zi istagan baliqni tutish uchun qayerga borishni biladi. U kerakli xo‘rakni tanlab, qarmoqni suvga tashlaydi va sabr ila kutadi. Baliq ilinishi bilan u qarmoqni darhol suvdan chiqarib oladi.
2 Shu tariqa insonlar ham tuzoqqa tushishi mumkin. Masalan, Isroil xalqi va’da qilingan yurtga yetay deb qolganida, Mo‘ab dashtlarida qarorgoh quradi. Mo‘ab shohi Balom ismli kishiga Isroil xalqini la’natlasa ko‘p pul berishni va’da qiladi. Oxir-oqibat, Balom Isroil xalqi o‘z boshiga la’nat keltirishining yo‘lini topadi. Balom xo‘rakni sinchkovlik bilan tanlaydi. U isroillik erkaklarni yo‘ldan ozdirish uchun mo‘ablik qizlarni ularning qarorgohiga yuboradi. (Sahroda 22:1–7; 31:15, 16; Vahiy 2:14)
3. Qanday qilib isroilliklar Balomning xo‘ragiga ilinishdi?
3 Balomning xo‘ragi ish berdimi? Ha. Minglab isroillik erkaklar «Mo‘ab qizlari bilan jinsiy axloqsizlik qila boshladi». Ular hatto soxta xudolarga, jumladan, jirkanch jinsiy axloqsizlik xudosi bo‘lmish Piyordagi Baalga sajda qila boshladi. Oqibatda 24 000 isroillik erkak shundoqqina va’da qilingan yurt ostonasida halok bo‘ldi. (Sahroda 25:1–9)
4. Nega minglab isroilliklar jinsiy axloqsizlik vasvasasiga berilishdi?
4 Nega shunchalik ko‘p isroilliklar Balomning tuzog‘iga tushgan? Chunki ular faqatgina xudbin istaklarini qondirish haqida o‘ylashgan va Yahova ular uchun qilgan barcha narsani unutib qo‘yishgan. Isroilliklarda Xudoga sadoqatini saqlashi uchun ko‘plab sabablar bor edi. Alloh ularni Misr qulligidan ozod qilib, sahroda oziq-ovqat bilan ta’minlagan edi hamda va’da qilingan yurt ostonasigacha eson-omon boshlab kelgandi. (Ibroniylarga 3:12) Shuncha narsaga qaramay, ular jinsiy axloqsizlik vasvasasiga berilishdi. Havoriy Pavlus shunday deb yozgan: «Ayrimlari kabi zino ham qilmaylik. Zero ular zino qilishgani tufayli... halok bo‘ldi». (1 Korinfliklarga 10:8)
5, 6. Mo‘ab dashtlarida yuz bergan voqeadan nimani o‘rganishimiz mumkin?
5 Yangi dunyo juda yaqin. Biz ham va’da qilingan yurt ostonasida turgan isroilliklarga o‘xshaymiz. (1 Korinfliklarga 10:11) Bu dunyo mo‘abliklardan ham battar jinsiy axloqsizlikka botib ketgan. Bu esa Yahovaning xalqiga osonlikcha ta’sir qilishi mumkin. Shayton jinsiy axloqsizlikdek xo‘rakdan hali-hanuz samarali foydalanib kelyapti. (Sahroda 25:6, 14; 2 Korinfliklarga 2:11; Yahudo 4)
6 O‘zingizga shunday savol berib ko‘ring: «Men xudbin istaklarimni qondirib qisqa vaqt davomida zavq olishni afzal ko‘ramanmi yoki yangi dunyoda abadiy, baxtli hayot kechirishnimi?» Yahovaning: «Zinodan qochinglar!» — degan amrini bajarish uchun zo‘r berib harakat qilsak arziydi. (1 Korinfliklarga 6:18)
ZINO DEGANI NIMA?
7, 8. Jinsiy axloqsizlikka nima kiradi? Nega undan voz kechish nihoyatda muhim?
7 Bugungi kunda ko‘p odamlar behayo bo‘lib ketishgan va Xudoning jinsiy munosabatlar borasidagi qonunlariga ochiqchasiga hurmatsizlik ko‘rsatishadi. Muqaddas Kitobga ko‘ra, qonuniy nikohdan o‘tmay turib jinsiy munosabatda bo‘lish jinsiy axloqsizlik yoki zino hisoblanadi. Bunga jinsdosh yoki hayvon bilan bunday munosabatda bo‘lish ham kiradi. Bu, shuningdek, jinsiy a’zolar vazifasini og‘iz bo‘shlig‘i va ort teshik yordamida uddalash hamda kishining jinsiy a’zolarini erkalashni o‘z ichiga oladi. (23-izohga qarang.)
8 Agar inson zino qilishda davom etsa, u jamoatda qola olmasligi haqida Muqaddas Kitobda aniq aytilgan. (1 Korinfliklarga 6:9; Vahiy 22:15) Qolaversa, axloqsiz inson o‘ziga bo‘lgan hurmatni va boshqalarning ishonchini yo‘qotadi. Axloqsizlik doim muammo keltiradi. Bu vijdon azobi, istalmagan homiladorlik, nikohdagi muammolar, kasallik va hatto o‘limga olib kelishi mumkin. (Galatiyaliklarga 6:7, 8 ni o‘qing.) Agar inson biroz to‘xtab, jinsiy axloqsizlikning oqibatlari haqida o‘ylab ko‘rsa, bu uni axloqsizlikka qo‘l urishdan to‘xtatib qolar. Ammo ko‘pincha, odamlar jinsiy axloqsizlik tomon ilk qadam tashlayotib, faqatgina o‘z istagini qondirish haqida o‘ylashadi. Odatda ushbu ilk qadam pornografiya bo‘ladi.
PORNOGRAFIYA — ILK QADAM
9. Nega pornografiya xavfli?
9 Pornografiya insonning jinsiy istaklarini junbishga keltirish uchun mo‘ljallangan. Hozirgi paytda pornografiyani hamma joyda, jumladan, jurnal, kitob, musiqa, teleko‘rsatuvlar va internetda uchratish mumkin. Ko‘plar pornografiyani bezarar deb hisoblashadi, aslida esa u juda xavfli. Uning dastidan inson jinsiy axloqsizlikka qaram bo‘lib qoladi va unda buzuq istaklar uyg‘onadi. Pornografiyani tomosha qila boshlagan inson onanizm (masturbatsiya), nikohdagi muammolar va hatto ajralishga yetaklaydigan yo‘lga qadam bosgan bo‘ladi. (Rimliklarga 1:24–27; Efesliklarga 4:19; 24-ilovaga qarang.)
10. Yoqub 1:14, 15 dagi prinsip jinsiy axloqsizlikdan qochishimizga qanday yordam beradi?
10 Jinsiy axloqsizlik qay yo‘sin bizni o‘z tuzog‘iga tushirishi haqida bilishimiz o‘ta muhim. Yoqub 1:14, 15 dagi mana bu ogohlantirishga e’tibor bering: «Har kim o‘z ehtirosiga berilib, aldanib sinovga duchor bo‘ladi. So‘ngra ehtiros homilador bo‘lib gunohni tug‘adi. Gunoh esa oxir-oqibat o‘limga olib keladi». Shunday ekan, noto‘g‘ri fikrlar xayolingizga kelsa, ularni darhol rad eting. Behayo tasvirlarni bexosdan ko‘rib qolsangiz, shu zahoti ko‘zingizni olib qoching. Ular kompyuterda yoki televizorda paydo bo‘lsa, uni o‘chiring yoki boshqa kanalga oling. Noto‘g‘ri istaklar qalbingizda ildiz otishiga yo‘l qo‘ymang. Aks holda, bu istaklar shunchalik kuchayib ketadiki, ularni nazorat qilish qiyin kechadi. (Matto 5:29, 30 ni o‘qing.)
11. Xayolimizga yomon fikrlar kelganda Yahova bizga qanday yordam beradi?
11 Yahova bizni o‘zimizdan ham yaxshiroq biladi. Nomukammal ekanimiz Unga ayon. Noto‘g‘ri istaklarni yengishga qodir ekanimizni ham U biladi. Yahova bizga shunday demoqda: «Tana a’zolaringizdagi yerga xos zino, ifloslik, tiyiqsiz shahvoniy hirs, zararli istak va butparastlikka teng bo‘lgan ochko‘zlik kabi ehtiroslarni o‘ldiringlar». (Kolosaliklarga 3:5) Bunday qilishimiz oson bo‘lmasa-da, Yahova bizga nisbatan sabrli bo‘lib, yordam beradi. (Zabur 68:19) Bir yosh birodarimiz pornografiya tomosha qilish va onanizm bilan shug‘ullanish tuzog‘iga tushib qolgan edi. Uning maktabdagi do‘stlari bu narsaga ulg‘ayishning oddiy jarayoni deb qarashardi. Biroq u shunday deydi: «Bu tufayli vijdonim o‘tmaslashib, axloqsiz hayot kechira boshladim». U istaklarini nazorat qilishi kerakligini tushunib yetgan va Yahovaning madadi bilan yomon odatlaridan qutulgan. Agar xayolingizga axloqsiz fikrlar kelsa, o‘y-fikrda poklikni saqlash uchun Yahovadan «insonlarnikidan ustun turgan kuch» berishini so‘rang. (2 Korinfliklarga 4:7; 1 Korinfliklarga 9:27)
12. Nega qalbimizni asrashimiz kerak?
12 Sulaymon: «Har narsadan ko‘ra qalbingni asra, chunki u hayot manbaidir»,— deb yozgan. (Hikmatlar 4:23) «Qalb» so‘zi ostida Yahova ko‘rib turadigan ichki dunyomiz nazarda tutiladi. Ko‘rgan narsalarimiz bizga kuchli ta’sir qilishi mumkin. Sadoqatli Ayub payg‘ambar shunday degan: «Men ko‘zlarim bilan ahd qilganman. Shunday ekan, boshqa ayolga ehtiros bilan qarashga qanday jur’at etaman?!» (Ayub 31:1) Ayub singari biz ham ko‘rayotgan hamda o‘ylayotgan narsalarimizni nazorat qilishimiz kerak. Sano bastakori kabi: «Yaramas narsadan ko‘zimni olib qochishimga yordam ber»,— deb ibodat qilamiz. (Zabur 119:37)
DINANING NOTO‘G‘RI TANLOVI
13. Dina qanday do‘stlarni tanladi?
13 Do‘stlarimiz bizga yaxshi yoki yomon tomondan kuchli ta’sir qilishlari mumkin. Agar Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashaydigan do‘stlarni tanlasangiz, ular sizga ham shunday yo‘l tutishga yordam berishadi. (Hikmatlar 13:20; 1 Korinfliklarga 15:33 ni o‘qing.) Do‘stlarni to‘g‘ri tanlash qanchalik muhimligini Dina bilan yuz bergan voqeadan ko‘rsak bo‘ladi. U Yoqubning qizi edi va Yahovaga topinadigan oilada katta bo‘lgandi. Dina axloqsiz inson emasdi, biroq Yahovaga topinmaydigan kan’onlik qizlar bilan do‘stlashdi. Kan’onliklarning jinsiy munosabatlar haqidagi nuqtai nazari Xudoning xalqi ega bo‘lgan nuqtai nazardan keskin farq qilardi va ular o‘zining axloqsizligi bilan tanilgan edi. (Levilar 18:6–25) Dina dugonalari bilan vaqt o‘tkazgan paytda Shakam ismli kan’onlik yigitni uchratdi va u Dinani yoqtirib qoldi. Shakam o‘z oilasidagi «eng hurmatli kishi edi». Ammo u Yahovani yaxshi ko‘rmasdi. (Ibtido 34:18, 19)
14. Dina bilan nima yuz berdi?
14 Shakam o‘z nazarida tabiiy bo‘lgan va ko‘ngli tusagan ishni qildi. Dina unga yoqib qolgani uchun «u Dinani ushlab oldi-da, zo‘rlab u bilan yotdi». (Ibtido 34:1–4 ni o‘qing.) Ushbu jinoyat Dinaga va oilasiga baxtsizlik keltirgan bir qancha fojiali voqealarga sabab bo‘ldi. (Ibtido 34:7, 25–31; Galatiyaliklarga 6:7, 8)
15, 16. Qay yo‘sin dono bo‘la olamiz?
15 Yahovaning axloqiy me’yorlari bizning foydamizni ko‘zlab berilganini tushunish uchun Dina kabi xatoga yo‘l qo‘yishimiz shart emas. «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi, nodonga sherik bo‘lgan esa aziyat chekadi». (Hikmatlar 13:20) Muqaddas Kitob yordamida «yaxshilik yo‘llarini anglab yetishni» maqsad qiling. Shunda o‘zingizni og‘riq va azobdan asrab qolasiz. (Hikmatlar 2:6–9; Zabur 1:1–3)
16 Agar Allohning Kalomini chuqur o‘rgansak, qarorlar chiqarishdan oldin Xudoga ibodat qilsak hamda ishonchli va aqlli xizmatkorning maslahatlariga quloq solsak, dono bo‘lamiz. (Matto 24:45; Yoqub 1:5) Bilamizki, barchamiz zaif va nomukammalmiz. (Yeremiyo 17:9) Bordi-yu, kimdir jinsiy axloqsizlikka olib boradigan xavfli yo‘lda turganingizni aytsa, qanday munosabat bildirasiz? Undan xafa bo‘lasizmi yoki kamtarlik ila yordamni qabul qilasizmi? (4 Shohlar 22:18, 19)
17. Imondoshimizning maslahati bizga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatadigan misol keltiring.
17 Misol uchun, shunday vaziyatni tasavvur qiling. Singlimizning ishxonasidagi bir yigit unga o‘zgacha munosabat ko‘rsatib, uni uchrashuvga taklif qiladi. Bu yigit Yahovaga xizmat qilmasa ham, xushmuomala va mehribonday ko‘rinadi. Boshqa bir opamiz ularni birga ko‘rib qoladi va singlimizni xavfdan ogohlantiradi. Singlimiz bunga qanday munosabat bildiradi? U o‘zini oqlashga urinadimi yoki ogohlantirish o‘rinli ekanini tan oladimi? Singlimiz Yahovani yaxshi ko‘rar va to‘g‘ri yo‘l tutishni istar. Agar u o‘sha yigit bilan uchrashishda davom etsa, «zinodan qochayotganini» ko‘rsatadimi yoki «o‘z qalbiga ishonayotganinimi»? (Hikmatlar 22:3; 28:26; Matto 6:13; 26:41)
YUSUFNING O‘RNAGIDAN SABOQ OLING
18, 19. Yusuf axloqsizlikdan qay yo‘sin qochganini tushuntiring.
18 Yosh yigit paytida Yusuf Misrda qul bo‘lgan. Kundan-kunga xo‘jayinining xotini Yusufga: «Men bilan yot»,— derdi. Ammo Yusuf bu noto‘g‘ri ekanini bilardi. Yusuf Yahovani yaxshi ko‘rardi va Unga ma’qul kelishni istardi. Shuning uchun, har safar o‘sha ayol Yusufni yo‘ldan urmoqchi bo‘lganida u rad etardi. U qul bo‘lgani uchun, shunchaki xo‘jayinining uyini tark eta olmasdi. Bir kuni xo‘jayinining xotini Yusufning kiyimidan ushlab olib u bilan yotmoqchi bo‘ladi, ammo Yusuf «qochib chiqib ketadi». (Ibtido 39:7–12 ni o‘qing.)
19 Agar Yusuf axloqsiz fikrlarga berilganida yoki o‘sha ayol haqida xayol sura boshlaganida bu voqea butunlay boshqacha yakun topardi. Biroq Yusuf uchun Yahova bilan bo‘lgan munosabatlari hamma narsadan ustun turardi. U o‘sha ayolga shunday degan: «Xo‘jayinim... sizdan tashqari hamma narsani menga topshirgan. Chunki siz u kishining xotinisiz. Qanday qilib men bunday qabihlikka qo‘l urib, Xudoga qarshi gunoh qilaman?!» (Ibtido 39:8, 9)
20. Yahova Yusufdan mamnun bo‘lganini qayerdan bilamiz?
20 Yusuf oilasi va uyidan olisda bo‘lishiga qaramay, Yahovaga sadoqatini saqlagan va U Yusufga baraka bergan. (Ibtido 41:39–49) Yahova Yusufning sadoqatli ekanidan mamnun edi. (Hikmatlar 27:11) Axloqsizlikni rad etish oson bo‘lmasligi mumkin. Ammo quyidagi so‘zlarni doim yodda tuting: «Ey, Yahovani sevadiganlar, yomonlikdan nafratlaning. Alloh Unga sodiq bo‘lganlarning jonini asraydi, yovuz kimsalarning qo‘lidan ularni qutqaradi». (Zabur 97:10)
21. Qanday qilib bir yosh birodarimiz Yusufdan o‘rnak oldi?
21 Har kuni Yahovaning xizmatchilari «yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni sevishini» jasorat ila namoyon etishyapti. (Amos 5:15) Yoshingiz nechada bo‘lishidan qat’i nazar, Yahovaga sadoqatingizni saqlay olasiz. Bir yosh birodarimizning imoni maktabda sinaldi. Bitta qiz agar birodarimiz unga matematikadan testni bajarishga yordamlashsa, evaziga u bilan yotishni taklif qildi. Birodarimiz nima qildi? U Yusuf kabi yo‘l tutdi. U shunday deydi: «Men o‘ylab o‘tirmay uning taklifini rad etdim. Chunki poklikni saqlab, qadr-qimmatim va hurmatimni asrab qoldim». Axloqsizlik keltiradigan «vaqtinchalik huzur-halovat» ko‘pincha og‘riq va azob olib keladi. (Ibroniylarga 11:25) Yahovaga itoat etish esa abadiy baxt keltiradi. (Hikmatlar 10:22)
YAHOVANING YORDAMINI QABUL QILING
22, 23. Jiddiy gunohga qo‘l ursak, Yahova bizga qanday yordam beradi?
22 Shayton bizni jinsiy axloqsizlik tuzog‘iga ilintirishga urinadi va bu haqiqiy sinov bo‘lishi mumkin. Barchamizda vaqti-vaqti bilan noto‘g‘ri fikrlar paydo bo‘lib turadi. (Rimliklarga 7:21–25) Yahova buni tushunadi va «tuproq ekanimizni yodida tutadi». (Zabur 103:14) Mabodo masihiy jinsiy axloqsizlikdek jiddiy gunohga qo‘l ursa-chi? Uning ahvolini chorasiz desa bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Agar inson chinakamiga tavba qilsa, Yahova unga yordam beradi. Chunki Xudo «kechirishga tayyor». (Zabur 86:5; Yoqub 5:16; Hikmatlar 28:13 ni o‘qing.)
23 Shuningdek, Yahova bizga «odamlarni hadya sifatida berdi». Bu bizga sevgi ila g‘amxo‘rlik qilayotgan oqsoqollardir. (Efesliklarga 4:8, 12; Yoqub 5:14, 15) Oqsoqollar Yahova bilan munosabatlarimizni qayta tiklashimizga yordam berishadi. (Hikmatlar 15:32)
FAHM-FAROSATNI ISHGA SOLING
24, 25. Fahm-farosat axloqsizlikdan qochishimizga qanday yordam beradi?
24 To‘g‘ri qarorlar chiqarish uchun, Yahovaning qonunlari bizga qanday foyda keltirishini bilishimiz kerak. Biz Hikmatlar 7:6–23 da qalamga olingan yigitga o‘xshashni istamaymiz. Unga «fahm-farosat» yetmagani uchun u jinsiy axloqsizlik tuzog‘iga ilindi. Fahm-farosat shunchaki aqlli bo‘lishdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Chinakamiga fahm-farosatli bo‘lsak, Xudoning fikrlash tarzini tushunishga va shunga yarasha hayot kechirishga intilamiz. Mana bu dono so‘zlarni aslo unutmang: «Fahm-farosatga ega bo‘lgan o‘z jonini sevadi, aql-idrokli muvaffaqiyat qozonadi». (Hikmatlar 19:8)
25 Xudoning me’yorlari oqilona ekaniga ishonchingiz komilmi? Ularga amal qilish sizni baxtga yetaklashiga ishonasizmi? (Zabur 19:7–10; Ishayo 48:17, 18) Bordi-yu, hali ham shubhalanayotgan bo‘lsangiz, Yahova siz uchun qilgan barcha yaxshi ishlarni eslang. Muqaddas Kitobda: «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan»,— deyilgan. (Zabur 34:8) Yahova siz uchun nimalar qilayotgani haqida qancha ko‘p mulohaza yuritsangiz, Unga bo‘lgan sevgingiz shuncha kuchayib boradi. U sevadigan narsalarni sevib, nafratlanadigan narsalaridan nafratlaning. Ongingizni haqiqat, odillik, halollik va himmat haqidagi yaxshi fikrlar bilan to‘ldiring. (Filippiliklarga 4:8, 9) Shunda biz Yahovaning donoligidan foyda olgan Yusuf kabi bo‘la olamiz. (Ishayo 64:8)
26. Keyingi boblarda nimani muhokama qilamiz?
26 Turmush qurganmisiz yoki yo‘qmi Yahova hayotdan zavq olib, baxtli yashashingizni istaydi. Keyingi ikkita bobda keltirilgan ma’lumot nikohda baxtli bo‘lishimizga yordam beradi.