Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

His-tuyg‘ularim tabiiymi?

His-tuyg‘ularim tabiiymi?

YAQINIDAN ayrilgan kishi bayonotidan: «Angliyada tug‘ilib ulg‘ayganim sababli, hissiyotlarimni ochiqchasiga ko‘rsatmaslikka odatlangan edim. Burun harbiy xodimi bo‘lgan otam, birorta dardim bo‘lsa: “Qani, g‘ingshima!” — deb, meni koyirdi. Onamizning na o‘pishini, na quchoqlashini bilar edik (biz to‘rtta farzand edik). 56 ga kirganimda otam olamdan o‘tdi. Judolik qayg‘usidan yuragim ezilib ado bo‘lar edi. Lekin qanday ajablanarli ko‘rinsa-da, avvaliga yig‘lay olmagan edim».

Ba’zi xalqlar o‘z his-tuyg‘ularini ochiqchasiga namoyish etadilar. Ular shodligu qayg‘ularini boshqalardan yashirmaydilar. Dunyoning boshqa joylarida esa, ayniqsa shimoliy Yevropa va Buyuk Britaniyada odamlar, xususan erkaklar o‘z his-tuyg‘ularini bildirmaslikka, boshqacha aytganda «bo‘shashgan» yoki «ko‘ngilchan» bo‘lmaslikka odatlanganlar. Biroq, nahotki yaqin odam vafot etsa, qayg‘u hissiyotni ko‘rsatish noto‘g‘ri bo‘lsa? Muqaddas Kitobda bu to‘g‘risida nima deyilgan?

Muqaddas Kitobda aytib o‘tilgan ko‘z yoshlar

Muqaddas Kitobni yozgan kishilar, O‘rta dengizining sharq tomonida yashaydigan va his-tuyg‘ularga o‘ta boy xalq edilar. Shuning uchun, unda odamlarning ochiqchasiga qayg‘u chekishlari to‘g‘risida juda ko‘p voqealar bayon etilgan. Masalan hazrati Dovud, olamdan o‘tgan o‘g‘li Omno‘n uchun «ho‘ng-ho‘ng yig‘lab ko‘z yosh to‘kdi», deb aytiladi (2 Shohlar 13:28-39). Dovud hatto, shohlikni tortib olishga intilgan makkor o‘g‘li Absalom uchun ko‘z yosh to‘kib aza tutdi. Muqaddas Kitobda quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: «Shoh [Dovud] esankirab qoldi. Darvoza tepasidagi boloxonaga chiqib faryod qila boshladi. U boloxonaga chiqar ekan: — Oh, o‘g‘lim Absalom! Oh, o‘g‘ilginam, bolam Absalom! Sening o‘rningga men o‘lsam bo‘lmasmidi, o‘g‘lim?! Voy, bolam Absalom! — deb faryod qilardi» (2 Shohlar 18:33). Dovud, har qanday ota kabi qayg‘u chekayotgan edi. Ko‘pincha ota-ona hatto o‘zlari o‘lishga tayyor, faqatgina bolalari tirik qolsa bas! Chunki, ota-onadan oldin bolaning olamdan o‘tishi naqadar g‘ayritabiiydir.

Do‘sti Lazar vafot etganida, Isoning his-tuyg‘ulari qanday bo‘lgan? Iso qabr oldiga kelganda, ko‘zi yoshlandi (Yuhanno 11:30-38). Boshqa mahal, magdalalik Maryam Isoning qabri oldida yig‘lagan edi (Yuhanno 20:11-16). To‘g‘ri, o‘lganlarning holati to‘g‘risida Muqaddas Kitobga asoslangan bilimlari yo‘q odamlardan farqli ravishda, masihchilarning tirilishga bo‘lgan qat’iy umidlari bo‘lgani uchun, dardlari bedavo emas. Biroq, shunday umidi bo‘lsa-da, masihchi, his-tuyg‘ularga ega bo‘lgan har bir odam kabi, yaqin odamidan ajralganida, o‘ta qayg‘u-alam chekishi tabiiy (1-Salonikaliklarga 4:13, 14).

Ko‘z yosh to‘kish o‘rinlimi?

Hozir esa odamlarning his-tuyg‘ulari o‘zgarganmi? His-tuyg‘ularingizni ochiqchasiga ko‘rsatish, siz uchun qiyin yoki noqulaymi? Mutaxassislarning maslahatlari qanday? Ularning zamonaviy qarashlari, faqat Muqaddas Kitobning ilhomlangan donoligiga taqlid qilish xolosdir. Ular, qayg‘u-alamni ichimizda saqlamasdan, ochiqdan-ochiq ko‘rsatishimizga undaydilar. Bu, qadimda yashagan Ayub, Dovud va Yeremiyo kabi xudojo‘y kishilarning, Muqaddas Kitobda bayon etilgan qayg‘u hissiyotlarini xotiramizga keltiradi. Ular o‘z his-tuyg‘ularini berkitishmas edi. Demak, o‘zimizni odamlardan chetga olish to‘g‘ri emas (Hikmatlar 18:1). Albatta, har millatda qayg‘u hissiyoti ko‘rinishlari turlicha, bu diniy e’tiqodga bog‘liq bo‘lishi ham mumkin *.

Biroq yig‘lagingiz kelsa-chi? Bu tabiiy istakdir. Yodingizda bo‘lsa, Lazar vafot etganida, Isoning «ko‘ngli o‘rtanib ketib, ko‘zi yoshlandi» (Yuhanno 11:33, 35). Shunday qilib, yaqin odam hayotdan ko‘z yumsa, ko‘z yoshlar tabiiy ekanini Isoning o‘zi ko‘rsatdi.

Yaqin odam hayotdan ko‘z yumsa, qayg‘u va ko‘z yosh to‘kish tabiiydir.

Enn ismli bir ona bilan bo‘lgan voqea, bu so‘zlarning isbotidir. Uning Reychel ismli qizi, tashqi ko‘rinishi soppa-sog‘ go‘dakning nogahon o‘limi sindromidan vafot etdi. Enning eri ta’riflamoqda: «Qizig‘i shundaki, dafn marosimida na men, na xotinim ko‘z yosh to‘ka oldik. Barcha qolgan odamlar esa dod-faryod qilishar edi». Bunga javoban Enn: «Xuddi shunday, biroq dafn marosimidan keyin, men ikkovimiz uchun ne-ne ko‘z yoshlar to‘kdim. Bir necha haftadan so‘ng, uyda yolg‘iz qolib, nogahon, bo‘lib o‘tganning dahshatini his qildim. Kun bo‘yi yig‘lab chiqdim. Biroq, bu menga yordam berganiga aminman. Ancha yengillashdim. Qizalog‘im vafot etganidan to‘yib yig‘lab olishim kerak edi. Albatta, yaqinini yo‘qotganlarga yig‘lab olish imkoniyatini berish darkor. Balki boshqalarning: “Qo‘ying, yig‘lamang”,— deyishi tabiiy, lekin aslida bu so‘zlarning hech foydasi yo‘q».

Ba’zilarining hissiyoti

Yaqin kishining vafoti to‘g‘risida xabar kelganida, ba’zilarining hissiyoti qanday bo‘lgan? Masalan, Xuanita bilan yuz bergan voqeani ko‘rib chiqaylik. U, farzandidan judo bo‘lib qolish nima ekanligini aniq biladi. Xuanita besh marta bo‘ydan tushgan edi. Hozir esa u yana homilador. Lekin yo‘l halokatiga uchrab, Xuanita kasalxonada o‘ta hayajonlanganini tasavvur qilishimiz mumkin. Ikki haftadan so‘ng, oyi to‘lmasdan turib, uni to‘lg‘oq tuta boshladi. Va nihoyat kichkinagina, vazni atigi to‘qqiz yuz gramm Vanessa dunyoga keldi. «Men g‘oyat baxtli edim,— deb eslaydi Xuanita. — Nihoyat, ona bo‘ldim!»

Biroq baxti uzoqqa cho‘zilmadi. To‘rt kundan so‘ng Vanessa hayotdan ko‘z yumdi. Xuanita eslab: «Hamma narsadan ko‘nglim sovudi. Men ona bo‘lishdan bebahra edim. O‘zimni noraso his qilar edim. Uyga qaytib kelish va Vanessa uchun xarid qilingan ko‘ylakchalarni ko‘rish, meni o‘ta qayg‘uga solardi. Bir necha oy qizalog‘imning tavallud kuni xotiralari bilan yashab keldim. Hech kimni ko‘rishni ham xohlamas edim».

Bunday dardchil hissiyot haddan ortiq emasmi? To‘g‘ri, ko‘pchilikka buni tushunish qiyin bo‘lishi mumkin, biroq Xuanita kabi bolasidan judo bo‘lganlarning qayg‘usi, ko‘p umr ko‘rib vafot etgan kishi uchun aza qayg‘usidan kam emas. Ota-onaning bolasiga mehri, hali tug‘ilishidan oldin paydo bo‘ladi. Ona bilan farzandning o‘zaro aloqasi esa yanada kuchli. Shuning uchun bolaning o‘limi, ona uchun tengi yo‘q shaxsning olamdan o‘tishidir. Bu haqiqatni hamma anglab yetishi darkor.

Achchiqlanish va aybdorlik hissiyotlari

Boshqa bir ona, tug‘ma yurak illatiga yo‘liqqan olti yashar o‘g‘lining nogahon o‘lib qolganini eshitganida, nimalarni boshdan kechirganini so‘zlab berdi: «Bir talay turli hissiyotlarni boshdan kechirdim: gangish, ishonmaslik va aybdorlikdan tortib, o‘g‘limning ahvoliga jiddiy qaramaganlari uchun erim va hakimga nisbatan ochiq achchiqlanishga dovur».

Qayg‘u hissiyoti ochiq achchiqlanishda ham ko‘rinishi mumkin. Masalan, o‘lgan odamga yaxshi qarashmagan deb, hakim va hamshiralarga achchiqlanishdir. Yoki do‘stlaru qarindoshlarning gaplariyu ishlari noto‘g‘ri deb achchiqlanish. Ba’zilar, o‘z sog‘ligiga e’tibor bermagan, deb hatto marhumga achchiqlanishadi. Stella shunday demoqda: «Erim jiddiy kasal bo‘la turib, hakimlarning ogohlantirishlariga pisand qilmas edi. Rosa achchig‘im kelar edi, axir, hamma narsa o‘zgacha bo‘lishi mumkin edi-ku». Goh-goh shunaqasi ham uchrab turishi mumkinki, uning o‘limi yaqinlariga qancha ovoragarchilik keltirdi, deb marhumga gina qilishadi.

Ba’zilar, achchiqlanish hissiyotlari paydo bo‘lganidan uyalib, o‘zlarini koyishadi. Yana boshqalar, yaqin odamning vafotida o‘zlarini ayblashadi. Bunday odamlar: «Uni shifokorga ertaroq ko‘rsatganimda», yo «boshqa hakimga ko‘rsatganimda», yoki «sog‘ligini asrashiga undaganimda — o‘lmas edi» deb ishonishadi.

Boladan ayrilish ota-ona uchun og‘ir kulfat, ularga samimiy xayrixohlik va hamdardlik yordam berishi mumkin.

Boshqalar hatto bundan qoniqmaydilar, ayniqsa yaqin kishi nogahon vafot etsa. Bunday odamlarning, marhumga barcha achchiqlangan yoki bahslashgani haqidagi voqealar esiga keladi. Ba’zilar esa, qo‘limdan kelgancha g‘amxo‘rlik qilganim yo‘q, deb o‘ylashadi.

Ko‘p onalarning beqiyos qayg‘ulari, olimlar ta’kidlagan haqiqatni isbotlaydi: bolaning o‘limi ota-onaning, ayniqsa onaning hayotida chuqur iz qoldirib ketadi.

Umr yo‘ldoshi olamdan o‘tganda

Umr yo‘ldoshning o‘limi, behad ruhiy iztirob keltirishi mumkin, ayniqsa eru xotin birgalikda ko‘p vaqt o‘tkazgan bo‘lsalar. Bu har qanday ishning, masalan birgalashib sayohat qilishlari, dam olishlari yoki ishlarining yakunini bildiradi, endi ular bir-biriga tayana olishmaydi.

Yunisning eri bevaqt infarkt oqibatida vafot etganida, nimalarni boshdan kechirgani haqida bo‘lishmoqda: «Birinchi hafta, men xuddi gangib qolganday edim, badanimning barcha a’zolari jarohatlanganday bo‘ldi. Na ovqat ta’miga, na hidning farqiga borar edim. Biroq aqldan ozganim yo‘q. Bunday hollarda tez-tez uchrab turganidek, bo‘lib o‘tgan voqeani rad etish hayolimga ham kelmagan, chunki erimni dori-darmon va kardiopulmonasion reanimasiya orqali og‘ir ahvoldan chiqarmoqchi bo‘lganlarida, men doim yonida edim. Shunga qaramay, men xuddi mashinaning jarga tushib ketayotganini kuzatib turibmanu, qo‘limdan hech narsa kelmasligidan, jonim ezilib ketar edi».

Yunis yig‘lagan edimi? «Albatta, ayniqsa ta’ziyanomalarni o‘qiyotgan paytlarimda, har birining ustidan rosa yig‘ladim. Lekin, ular bardam bo‘lishimga yordam berar edi. Ammo hol-ahvolimni so‘rashgan paytlarda, nima deyishga ham hayron qolar edim. Shubhasiz hol-ahvolim hasratli edi».

Lekin Yunis bunday qayg‘uga qanday bardosh bera oldi? Yunis davom etmoqda: «Beixtiyor, hayotni davom ettiraman, degan qarorga keldim. Shunga qaramay, xo‘jayinim shunchalik sevgan hayotdan boshqa zavqlana olmasligini anglab yetish, menga naqadar qayg‘uli edi».

«Atrofdagilaringiz buyurishlariga yo‘l qo‘ymang»

«Qachon va qanday qilib alvido deyish mumkin» (Leavetaking—When and How to Say Goodbye) deb nomlangan kitobning mualliflari shunday maslahat bermoqdalar: «Nima qilishingiz yoki nima his etishingiz kerakligini, atrofdagilaringiz buyurishlariga yo‘l qo‘ymang. Har kimning qayg‘u hissiyoti o‘zgachadir. Atrofdagilar, qayg‘ungiz haddan ortiq, yoki yetarli darajada emas, deb o‘ylashlari va hatto aytishlari ham mumkin. Ularni kechirib, gaplarini unuting. Atrofdagilar, yoki hatto jamiyat to‘qib chiqargan nuqtai nazariga rioya qilsangiz, bu, ruhiy sog‘likni tiklashingizga xalaqit beradi».

Albatta, har kimda qayg‘u hissiyoti har xil o‘tadi. Biz, ba’zi hissiyot usuli boshqasidan ustun, demoqchi emasmiz. Ammo, qayg‘u chekayotgan insonning hol-ahvoli sekin-asta yaxshilanmasa va o‘zgacha hayot tarziga hech ko‘nika olmasa, bu xavf tug‘dirishi mumkin. Shunda balki, rahmdil do‘stlarning yordami zarurdir. Muqaddas Kitob aytganiday: «Do‘st har qachon sevish uchundir, aka-ukalar ham og‘ir kun uchun tug‘ilgan». Xullas, yordam so‘rashga, yoki qayg‘uingizni va ko‘z yoshingizni ko‘rsatishga qo‘rqmang (Hikmatlar 17:17).

Qayg‘u hissiyoti tabiiydir va boshqalar qayg‘uingizni ko‘rsalar, buning uyatli joyi yo‘q. Biroq, quyidagi savollarga duch kelyapmiz: Bunday qayg‘u bilan qanday yashay olaman? Achchiqlanish va aybdorlik hissiyotlarim tabiiymi? His-tuyg‘ularimni qanday uddalay olishim mumkin? Judolik qayg‘ularimga nima yordam bera olishi mumkin? Bu va boshqa savollarga javoblarni, risolamizning keyingi qismida topa olamiz.

^ 8- x.b. Masalan, Nigeriyalik yoruba xalqi, jonning boshqacha tusga ko‘chish an’anaviy e’tiqodiga amal qilishadi. Shu sababli, birorta ayolning bolasi o‘lsa chuqur qayg‘u chekadi-yu, biroq uzoq vaqt davomida emas, chunki ularning bir kuylarida: «Suvi to‘kildi, qovoq idish butun qoldi»,— deyilgan. Yoruba xalqi, ona xuddi suv keltiriladigan qovoq idish kabi, boshqa bola olib kelishi mumkin, o‘lgan bolaning joni esa go‘yo yangi farzandga ko‘chadi, deb hisoblashadi. Odamning joni boqiy yoki boshqa tusga ko‘chadi, degan soxta g‘oyalarga taqalgan va Muqaddas Kitobga asoslanmagan udumlarga Yahovaning Shohidlari rioya qilmaydilar (Voiz 9:5, 10; Hizqiyo 18:4, 20).