Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Boshqalar qanday ko‘maklashishi mumkin?

Boshqalar qanday ko‘maklashishi mumkin?

«AGAR biror narsa kerak bo‘lsa, menga albatta xabar bering». Ko‘pincha do‘stidan yoki qarindoshidan ayrilgan insonlar, shu kabi so‘zlarni eshitishi mumkin. To‘g‘ri, bu so‘zlar samimiydir. Axir, qo‘limizdan kelganicha yordam berishni istaymiz. Biroq, qayg‘u chekayotgan inson bizga qo‘ng‘iroq qilib: «Bilasizmi, hozir yordamingiz kerak bo‘lib qoldi», dermikan? Qaydam. Chindan ham ko‘mak yoxud tasalli berishni istasak, albatta o‘zimiz birinchi bo‘lib biror amaliy narsa qilishga intilishimiz kerak.

Muqaddas Kitob: «O‘z o‘rnida aytilgan so‘z tilla uzukka qo‘yilgan yoqut ko‘zdaydir»,— deb aytmoqda (Hikmatlar 15:23; 25:11). Bu hikmatli so‘zlar nimani aytib, nimani aytmaslikka hamda nima qilish va nimani qilmaslikka bizni o‘rgatyapti. Quyidagi ba’zi ilohiy vasiyatlar yaqinidan ayrilgan kishilarga yordam bergan.

Nima qilish kerak

Tinglang: Muqaddas Kitobda «eshitishda chaqqon» bo‘ling, deb aytiladi (Yoqubning 1:19). Eng katta ko‘mak, yaqinidan judo bo‘lgan insonning gapini tinglashdir. Balki qayg‘u chekayotgan inson o‘zining his-tuyg‘ulari bilan bo‘lishmoqchi, yo bo‘lmasa marhumning o‘limiga sabab bo‘lgan kasalligi yoki fojia to‘g‘risida aytmoqchidir. Shunda siz: «Dardingizni baham ko‘rmoqchidirsiz?» degan savol berishingiz mumkin. Va o‘zi hal qilishiga yo‘l qo‘ying. Bir yigit, otasi vafot etganidan so‘ng quyidagini aytdi: «Boshqalar savollar berib, meni samimiy tinglaganlarida chindan ham tasalli topganman». Birorta maslahat berishni o‘ylamay, sabr va sidqidillik bilan tinglang. Mayli dardini to‘kib solsin.

Qo‘llab-quvvatlang: Qo‘lidan kelganicha harakat qilganiga ishontiring (yoki boshqa birorta yaxshi va ijobiy fikrlar bilan bo‘lishing). Qayg‘u, ayb, achchiqlanish va boshqa bunga o‘xshash hissiyotlar tabiiy ekanini ko‘rsating. Boshqalar ham shu kabi dard-alamni boshidan kechirib, yana kuch-quvvatga kirganlarini ayting. «Yoqimli so‘z asal kabidir, jonga rohat, suyaklarga malhamdir»,— deb aytiladi Muqaddas Kitobda (Hikmatlar 16:24; 1-Salonikaliklarga 5:11, 24)

Yordam berishdan bezmang: Yordamingizni nafaqat motam kunlarida, azador xonada odam tiqilinch bo‘lgan vaqtda, balki bir necha oy o‘tgandan so‘ng, ko‘plari o‘zining har kungi ishlariga qaytganlarida ham ayamang. Shunday yo‘l tutib siz og‘ir kunda yordam beradigan haqiqiy «do‘st» ekaningizni ko‘rsatasiz (Hikmatlar 17:17). Yo‘l halokati natijasida bolasidan judo bo‘lgan Tereza ismli ayol quyidagi bilan bo‘lishmoqda: «Oqshomlari ko‘p vaqt yolg‘iz qolmasligimiz uchun, do‘stlarimiz hech ham bizni yolg‘iz qoldirishmas edi. Bu bizga, biroz bo‘lsa-da o‘zimizni xotirjam sezishga yordam berar edi». Ha, hatto yillar o‘tib nikoh yilligi, o‘lim yilligi yo boshqa bir muayyan paytlari kelganida, yaqinidan judo bo‘lgan insonlar o‘ta ezilishi mumkin. Ushbu kunlarni o‘z kalendarimizda alohida belgilab, so‘ng vaqti kelsa madad va hamdardlik ko‘rsatishga intilmaymizmi?

Biror narsada ehtiyoj borligini ko‘rsangiz, yordamingizni taklif qiling.

Tashabbus ko‘rsating: Biror vazifani bajarish kerakdir? Balki bolalarga qarab turish kerakdir? Dafn marosimiga uzoqdan kelgan do‘stlaru qarindoshlarni birorta joyga joylash kerakdir? Axir, yaqin kishidan ayrilganlar o‘zlari nima qilishni bilmay qoladiyu yana boshqalarning nima qilishi kerakligini qaydan bilsin. Xullas, biror narsada ehtiyoj borligini ko‘rib qolsangiz, so‘rab o‘tirmay shartta qilib qo‘ya qoling (1-Korinfliklarga 10:24 oyatni 1-Yuhannoning 3:17, 18 bilan solishtiring). Bir beva ayol quyidagini eslamoqda: «Ko‘plari yonimga kelib: “Agar biror narsa kerak bo‘lsa, menga xabar bering”,— deb aytishar edi. Ammo dugonajonim, bir og‘zim gap aytmay, to‘g‘ri yotoqxonaga kirdi-da ko‘rpa-to‘shaklarni olib yuvib berdi. Boshqasi chelakka suv oldi-da, rahmatli erim gilamga qayt qilganidan so‘ng dog‘ qolgan hamma joylarini yuvib chiqdi. Bir necha hafta so‘ng jamoatimizning bir oqsoqoli, qo‘lida asboblarini ushlab, menikiga keldi-da: “Aniq bilaman biror narsani tuzatish kerak. Lekin aynan nimani, ko‘rsatib bersangiz”,— deb aytdi. Men unga qanchalik minnatdor edim, chunki undan oldin bitta oshiq-moshig‘ida osilib turgan eshigimni u tuzatib bergan. U hatto bir elektr asbobini tuzatib berdi!» (Yoqubning 1:27 oyatni solishtiring).

Mehmondo‘st bo‘ling: «Mehmondo‘stlikni unutmanglar»,— deb undamoqda Muqaddas Kitob (Ibroniylarga 13:2). Ayniqsa yaqinidan judo bo‘lganlarni mehmon qiling. «Choy-poyga kirib turing», deyishning o‘rniga muayyan bir vaqtni tayinlang. Yo‘q deyishiga qaramay, muloyimlik ila taklif qilavering. Balki odam o‘z his-tuyg‘ularini ko‘rsatishdan xijolat bo‘layotgandir? Yoki, shunday vaqtda qanday bet bilan mehmonga borib, yeb-ichib o‘tiraman, deb o‘ylashi mumkin. Biroq, Muqaddas Kitobda tilga olingan Lidiya ismli taqvodor ayolni eslaylik. Injilda, Luqo bilan hamrohlarini taklif qilganida, «bizni ko‘ndirdi», degan so‘zlarni o‘qishimiz mumkin (Havoriylarning 16:15).

Sabr-toqatli va tushunuvchi bo‘ling: Qayg‘u chekayotgan odamning aytgan gaplaridan hayron bo‘lmang. Esingizda bo‘lsa, u achchiqlanish va ayb his-tuyg‘ulari ostida bo‘lishi mumkin. Agar u bor-yo‘g‘ini sizga to‘kib solsa-da, o‘z navbatingizda o‘ta zakovatli va sabr-toqatli bo‘lib, g‘azab ila qaytarmasligingiz kerak. Muqaddas Kitob: «rahm-shafqat, ko‘ngilchanlik, kamtarlik, muloyimlik va sabr-toqatni zeb-ziynat qilib taqinglar»,— deb maslahat bermoqda (Kolosaliklarga 3:12, 13).

Xat yozing: Ko‘plar xat orqali tasalli berishni nazar-pisand qilmaydi. Lekin buning qanday foydasi bor? Sindi ismli ayolning onasi saraton kasalligiga chalinib hayotdan ko‘z yumganida, quyidagini aytmoqda: «Bir dugonam menga o‘ta ta’sirli xat yozgan edi. Bu xat menga dalda bergan, chunki men uni qayta-qayta o‘qiy olar edim». Bunday xat «qisqagina yozilgan bo‘lishi» mumkin, ammo chin yurakdan chiqishi darkor (Ibroniylarga 13:22). Xatda shuningdek g‘amxo‘rligingizni, o‘zgacha xotiralarni va marhumning qanchalik sizga yaqin bo‘lganini qalamga olishingiz mumkin.

Birgalikda ibodat qiling: Qayg‘u chekayotgan inson uchun, birgalikda aytilgan ibodatning qanchalik qimmatbaholigini unutmang. Muqaddas Kitobda «Solih odamning... iltijosi kuchli ta’sirga egadir»,— deb aytilgan (Yoqubning 5:16). Masalan bu odam, u uchun ibodat qilinganini eshitib, ayb kabi salbiy fikrlarni yengishi mumkin (Yoqubning 5:13-15 ni solishtiring).

Nimani qilmaslik kerak

Xabar olgani kasalxonaga borishingiz yaqinidan ayrilgan insonga dalda beradi.

Nima gapirish yo qilish kerakligini bilmasangiz-da, o‘zingizni chetga olmang: Ehtimol siz: «Hozir yolg‘iz qolsa to‘g‘ri bo‘lsa kerak»,— deb o‘ylayotgandirsiz. Ammo chindan ham shundaymikin? Balki qandaydir noto‘g‘ri gap yoki qilmishdan xavfsirayotgandirmiz. Agar do‘stlar, qarindoshlar yoki imondoshlar qayg‘u chekayotgan insondan o‘zlarini chetga olishsa, u o‘zini yanada yolg‘iz sezadi va qayg‘usi kuchayishi mumkin. Esingizda bo‘lsin, samimiy so‘zlaru harakatlar oddiy bo‘ladi (Efesliklarga 4:32). Hatto hozir bo‘lishingiz, odamning ko‘nglini ko‘taradi (Havoriylarning 28:15 ni solishtiring). Tereza ismli ayol qizalog‘ining vafot etgan kunini eslab, quyidagini aytdi: «Bir soat o‘tmay, kasalxonaning qabulxonasi do‘stlarimiz bilan zich bo‘ldi; ular qatorida oqsoqollar va xotinlari bo‘lgan. Ular hamma narsani tashlashdi-yu oyog‘iga ilinganini kiyib, hatto ish kiyimlarida yetib kelishdi. Ko‘plari, nima deyishni ham bilmaymiz deyishgan, ammo eng muhimi ular yonimizda edilar».

Qayg‘usini unutishga majburlamang: Balki: «Qo‘ying, yig‘lamang»,— deb aytmoqchimiz. Ammo, balki bu vaqt ko‘z yosh to‘kishning ayni paytidir. Ketrin ismli ayol turmush o‘rtog‘ining vafotini eslab: «Menimcha, yaqinidan judo bo‘lgan kishiga, qayg‘usini to‘kib solishi va ruhiy iztirobdan xalos bo‘lishi o‘ta muhim»,— deb aytdi. Boshqalarga o‘zlarini qanday tutishi kerakligini aytishdan o‘zingizni tiying. Qayg‘u chekayotganning dilini og‘ritmaslik uchun o‘z his-tuyg‘ularimni yashirishim kerak, degan xulosa qilmang. Buning o‘rniga, Muqaddas Kitob «yig‘layotganlar bilan birga yig‘langlar», deb maslahat bermoqda (Rimliklarga 12:15).

Yaqinidan judo bo‘lgan kishiga marhumning kiyim-kechak yoki boshqa shaxsiy narsalarini tezroq tashlab yuborishga, shaxsan o‘zi shu qarorga kelmaguncha maslahat bermang: Marhumni eslatadigan narsalardan xalos bo‘lganida, o‘zini ancha yaxshi his qilar edi, deb o‘ylashimiz mumkin. Lekin «Ko‘zdan uzoq — dildan yiroq» degan maqol doim ham joiz emas. Ehtimol, yaqinidan judo bo‘lgan insonga marhumning narsalaridan ayrilish uchun vaqt kerakdir. Muqaddas Kitobda bayon etilgan Yoqub alayhissalomning Yusuf ismli o‘g‘lini yirtqich hayvon tilka-pora qilganini aytshganida, Yoqubning qayg‘usini eslab ko‘ring. Yoqubga Yusufning qonga belangan ustki kiyimini ko‘rsatishganda, u «o‘g‘li uchun ancha vaqt motam tutdi. Hamma o‘g‘il-qizlari unga tasalli bermoq uchun otasini borib ko‘rsa-da, ammo u ovunishni rad qilardi» (Ibtido 37:31-35).

«Siz tag‘in farzand ko‘rasiz»,— deb aytmang: Farzandidan judo bo‘lgan bir ona shunday dedi: «“Boshqa farzand ko‘rasiz”, deb gapirganlarida asabim buzilar edi. Bu so‘zlar chin ko‘ngildan aytilishi mumkin, ammo badbaxt ota-onani ular «qilichday jarohatlaydi», xuddi vafot etgan farzandning o‘rnini boshqa farzand bilan to‘ldirish mumkinday (Hikmatlar 12:18). Bitta farzandning o‘rnini boshqasi hech qachon bosa olmaydi. Nega deysizmi? Chunki har biri o‘zgachadir.

Marhum haqida eslab o‘tishdan qo‘rqmang: Bir ona quyidagini eslamoqda: «Ko‘pchilik, o‘g‘lim Jimmi haqda gapirishdan yoki hatto ismini tilga olishdan qo‘rqishar edi. To‘g‘risini aytsam, bu meni ranjitar edi». Xullas, marhumning ismi tilga olinganda gapni boshqa mavzuga burib ketishning hojati yo‘q. Yaqinini yo‘qotgan kishidan so‘rab ko‘ring, balki u marhum haqida gaplashgisi kelgandir (Ayub 1:18, 19 va 10:1 ni solishtiring). Yaqinlaridan judo bo‘lgan ba’zilari, do‘stlarning marhum haqida va uning qadrli bo‘lgan xislatlari to‘g‘risida gapirishsa ko‘ngillariga xush yoqadi (Havoriylarning 9:36-39 ni solishtiring).

«Shunday bo‘lgani ham yaxshi»,— deb aytishga shoshilmang: O‘limda ijobiylikni qidirish doim ham tushkunlikka tushganlarning «ruhini ko‘tara» olmaydi (1-Salonikaliklarga 5:14). Bir juvonning onasi vafot etganda shuni eslamoqda: «Atrofdagilar menga nuqul: “Endi onangiz qiynalmayapti, u hozir bahuzur”,— deb takrorlashar edi. Ammo buni eshitishni ham istamas edim». Bunday gaplar, yaqinidan judo bo‘lgan kishiga bunchalik qayg‘urishning hojati yo‘q yoki judolik uncha ahamiyatli emas, degan ma’noni bildiradi. Biroq bu inson juda katta iztirobda bo‘lishi mumkin, chunki dildan sevgan kishisi endi yo‘q.

«Men sizni tushunyapman»,— deb aytmasangiz yaxshi bo‘lar edi: Chunki, haqiqatan ham tushunyapsizmi? Masalan sizning boshingizdan o‘tmagan bo‘lsa, farzanddan judo bo‘lgan ota-onaning his tuyg‘ularini tushuna olasizmi? Mayli boshingizdan o‘tgan deylik, biroq hammaning his-tuyg‘ulari o‘zgacha bo‘ladi-ku (Yeremiyoning marsiyasi 1:12 ni solishtiring). Ikkinchi tomondan, xuddi shunday vaziyatda sog‘ayib ketishga sizga nima yordam berganini aytib bersangiz foydali bo‘ladi. Qizi halok bo‘lgan bir ona, xuddi shunday vaziyatda bo‘lgan boshqa bir ayolning hikoyasini va unga nima yordam berganini eshitganida, o‘zi ham tasalli topdi. U shunday dedi: «Bu ayol gapini: “Men sizni tushunyapman”,— deb boshlagani yo‘q. U faqat o‘zining his-tuyg‘ulari bilan bo‘lishdi-da, saboq olishni esa o‘zimga qo‘yib berdi».

Yaqinidan judo bo‘lgan insonga yordam berish uchun hamdardlik, donolik va mehr-muhabbat talab qilinadi. Qayg‘u chekayotgan insonning yoningizga kelib, yordam so‘rashini kutib o‘tirmang. «Agar biror narsa kerak bo‘lsa...»,— deb aytishning o‘rniga, o‘sha «narsani» aniqlab, muloyimlik bilan yordamingizni taklif qiling.

Endi bir nechta savollar qoldi: Tiriltirish to‘g‘risida Muqaddas Kitob qanday umid bermoqda? Bu siz uchun va o‘lgan qadrdonlaringiz uchun nimani bildiradi? Bu umid qanchalik ishonchli?