1 Korinfliklarga 11:1-34

  • «Menga taqlid qilinglar» (1)

  • Boshchilik va bosh yopish (2-16)

  • Hazratimizning kechlik taomi (17-34)

11  Men Masihga taqlid qilayotganimday, sizlar ham menga taqlid qilinglar+.  Barcha ishlaringizda meni yodga olib, men yetkazgan ko‘rsatmalarga qattiq rioya qilayotganingiz uchun maqtovga loyiqsizlar.  Shuni bilishingizni xohlardimki, har bir erkakning boshi Masih+, ayolning boshi erkak+, Masihning boshi esa Xudodir+.  Boshini yopgan holda ibodat yoki bashorat qilgan har qanday erkak o‘z boshini uyatga qoldirgan bo‘ladi.  Shuningdek, boshini yopmay ibodat yoki bashorat qilayotgan ayol+ ham o‘z boshini uyatga qoldirgan bo‘ladi. Zero bu boshini qirdirish* bilan barobardir.  Agarda ayol boshini yopmasa, unda sochini qirqsin. Lekin sochini qirqish yoki qirdirish ayol uchun uyat bo‘lsa, boshini yopsin.  Erkak kishi boshini yopmasligi kerak, chunki Alloh uni O‘ziga o‘xshash qilib+, Uning ulug‘vorligini aks ettirishi uchun yaratgan. Ayol esa erkakning ulug‘vorligidir.  Chunki erkak xotindan emas, balki xotin erkakdan paydo bo‘lgan+.  Ustiga-ustak erkak ayol uchun emas, balki ayol erkak uchun yaralgan+. 10  Ana shu sababli, farishtalar uchun ayolning boshida eriga bo‘ysunganini ko‘rsatuvchi belgi bo‘lishi kerak+. 11  Shunday bo‘lsa-da, Hazratimizning jamoatida ayol erkakdan, erkak esa ayoldan mustaqil emas. 12  Ayol erkakdan yaralganidek+, erkak ham ayol orqali paydo bo‘lgan. Biroq hamma narsa Xudodandir+. 13  O‘zlaringiz o‘ylab ko‘ringlar: ayol boshini yopmay Allohga ibodat qilishi o‘rinlimi? 14  Erkak sochini o‘stirishi g‘ayritabiiy va sharmandalik emasmi? 15  Agarda ayol sochini o‘stirsa, bu ayol uchun sharaf hisoblanmaydimi? Axir soch unga yopinchiq o‘rnida berilgan-ku. 16  Bordi-yu, allakim boshqa bir odatga rioya qilish kerak deb bahslashmoqchi bo‘lsa, bilsinki, bizda ham, Allohning jamoatlarida ham bu borada o‘zga odat yo‘q. 17  Ammo ushbu ko‘rsatmalarni berayotib sizlarni maqtay olmayman, chunki yig‘ilishlaringizning foydasidan ko‘ra, zarari ko‘proq. 18  Eshitishimcha, jamoat yig‘ilganda orangizda bo‘linishlar yuz berayotgan ekan. Qisman bo‘lsa-da, men bunga ishonaman. 19  Orangizda mazhabchilik* paydo bo‘lishi muqarrar+, ammo shu orqali Xudoga ma’qul insonlar kimligi ayon bo‘ladi. 20  Birga yig‘ilganlaringizda Hazratimizning kechlik taomini+ munosib tarzda yeya olmas ekansizlar. 21  Ya’ni har biringiz kechki taom vaqti kelmasdan oldin yeyishni boshlaysizlar, natijada kimdir och qoladi, kimdir mast bo‘ladi. 22  Nahotki yeb-ichish uchun uylaringiz bo‘lmasa? Yoki Tangrining jamoatini pisand qilmay, muhtoj kishilarni uyatda qoldirmoqchimisizlar? Sizlarga yana nima desam ekan? Maqtab qo‘yaymi? Yo‘q, buning uchun maqtay olmayman. 23  Men sizlarga nimaiki topshirgan bo‘lsam, bularning barini Hazratimizdan olganman. Hazratimiz Isoga xiyonat qilinadigan kechada+ u nonni oldi, 24  shukrona duosini aytgach, uni sindirib: «Bu sizlar uchun beriladigan tanamni bildiradi+. Buni meni eslab turish uchun qilinglar»+,— dedi. 25  Xuddi shunday kechki ovqatdan keyin kosani olib+, shularni aytdi: «Bu kosa, qonim asosida kuchga kiradigan+ yangi ahdni+ anglatadi. Har safar undan ichganingizda, meni eslash uchun shunday qilib turinglar»+. 26  Har gal bu nonni yeb, bu kosadan ichganingizda, Hazratimiz kelguniga qadar uning o‘limini e’lon etgan bo‘lasizlar. 27  Shunga ko‘ra, kim nomunosib tarzda Hazratimizning nonidan yeb, kosasidan ichsa, Hazratimizning tanasi va qoniga qarshi gunoh qilgan bo‘ladi. 28  Odam avval o‘zini tekshirib, munosib ekaniga amin bo‘lgach+, nondan yeb, kosadan ichaversin. 29  Buning tana ekanini tushunmagan holda yeb-ichgan kishi esa, o‘zini hukmga mubtalo qiladi. 30  Ana shu sababdan orangizda ko‘plar zaif, kasal bo‘lib, o‘lim uyqusida yotganlar*+ ham oz emas. 31  Agar o‘zimizni tekshirganimizda edi, hukm etilmagan bo‘lardik. 32  Biroq agar hukm etilsak ham, Yahovadan* jazo olgan bo‘lamiz+ va dunyo bilan birga hukm etilmaymiz+. 33  Shuning uchun birodarlar, o‘sha kechlikni yeyish maqsadida yig‘ilganingizda, bir-biringizni kutib turinglar. 34  Kimdir och bo‘lsa, uyida yesin, toki yig‘ilganingizda o‘zingizni hukmga mubtalo qilmanglar+. Qolgan ishlarni esa oldingizga borganimda hal qilaman.

Izohlar

Zino qilgan ayol shunday jazolangan.
Ma’naviy o‘lim nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.