Shohlar ikkinchi kitob 9:1-13
-
Dovud Mefibositga mehr-sadoqat ko‘rsatadi (1-13)
9 Dovud: «Shoulning xonadonidan biror kishi qolganmikin? Agar qolgan bo‘lsa, Yo‘natanga bergan va’damga ko‘ra, men o‘sha odamga mehr-sadoqat ko‘rsatardim»+,— dedi.
2 O‘sha yerda Shoul xonadonida xizmatkorlik qilgan Zibax+ ismli kishi bor edi. O‘sha kishini Dovudning oldiga chaqirtirib kelishdi va shoh undan: «Sen Zibaxmisan?» — deb so‘radi. U: «Ha, men xizmatkoringiz Zibaxman»,— deb javob berdi.
3 Shoh gapida davom etib: «Shoul xonadonidan biror kishi qolganmi? Agar qolgan bo‘lsa, men ham unga Alloh kabi mehr-sadoqat ko‘rsatardim»,— dedi. Zibax shohga: «Faqatgina Yo‘natanning o‘g‘li qolgan. Uning ikkala oyog‘i ham mayib»+,— deb javob berdi.
4 Shoh undan: «U qayerda?» — deb so‘radi. Zibax: «U Lo‘davorda, Omiyol o‘g‘li Moxirning+ uyida»,— deb javob berdi shohga.
5 Shoh Dovud darhol Lo‘davorga odam yuborib, uni Omiyol o‘g‘li Moxirning uyidan chaqirtirib keldi.
6 Shoulning nevarasi, Yo‘natan o‘g‘li Mefibosit Dovudning oldiga kelgach, yuztuban tiz cho‘kib unga ta’zim qildi. Dovud unga: «Mefibosit!» — dedi. U: «Labbay, taqsirim»,— deb javob berdi.
7 Dovud unga: «Qo‘rqma. Otang Yo‘natan haqqi-hurmati men senga mehr-sadoqat ko‘rsatib+, bobong Shoulning hamma yerlarini qaytarib beraman. O‘zing esa doim mening dasturxonimdan taom yeysan»+,— dedi.
8 Shunda Mefibosit ta’zim qilib: «Men xizmatkoringiz kim bo‘libmanki, o‘lik itga+ o‘xshagan mendek bir kimsaga nazaringiz tushgan bo‘lsa!» — deb aytdi.
9 Shoh, Shoulning yordamchisi Zibaxning oldiga odam yuborib, unga shunday dedi: «Shoulga va uning butun xonadoniga tegishli hamma narsani men marhum xo‘jayining Shoulning nevarasiga berdim+.
10 Xo‘jayining Shoulning nevarasiga tegishli odamlarni oziq-ovqat bilan ta’minlab turish uchun, sen, o‘g‘illaring va xizmatkorlaring uning yerlariga ishlov berib, hosilini yig‘ib olasizlar. Xo‘jayining Shoulning nevarasi Mefibosit esa hamisha mening dasturxonimdan taom yeydi»+.
Zibaxning 15 ta o‘g‘li va 20 ta xizmatkori bor edi+.
11 Shunda Zibax shohga: «Shoh hazratlari xizmatkoriga nimaiki buyursalar, xizmatkoringiz hammasini bajo keltiradi»,— deb aytdi. Shu tariqa, Mefibosit podshoh o‘g‘illarining biriday Dovudning dasturxonidan* taom yeydigan bo‘ldi.
12 Mefibositning Mixa+ ismli yoshgina o‘g‘li bor edi. Zibax xonadonida yashaydiganlarning hammasi Mefibositning xizmatkorlari bo‘lishdi.
13 Mefibosit Quddusda yashab, hamisha shoh dasturxonidan taom yerdi+. Uning ikkala oyog‘i ham mayib edi+.
Izohlar
^ Boshqa variant «mening dasturxonimdan».