Shohlar uchinchi kitob 2:1-46

  • Dovudning Sulaymonga nasihati (1-9)

  • Dovud vafot etib, Sulaymon taxtga o‘tiradi (10-12)

  • Odoniyoning rejasi o‘limiga sabab bo‘ladi (13-25)

  • Abuatar badarg‘a qilinadi. Yo‘abning o‘limi (26-35)

  • Shimeyning o‘limi (36-46)

2  Dovudning umri o‘z poyoniga yetay deb qolganda, o‘g‘li Sulaymonga shunday nasihat berdi:  «Mana, umrim ham oxirlab qoldi. Sen jasoratli+ va mahkam bo‘l+.  Tangring Yahovaga bo‘ysunib, Uning yo‘llaridan yur. Musoning Tavrot kitobida yozilgan Uning farmonlari, amrlari, hukmlari va eslatmalariga amal qil+. Shunda nima qilsang ham, qayerga borsang ham, muvaffaqiyatga erishasan*.  Boz ustiga Yahova: “Agar o‘g‘illaring butun qalbi va joni bilan Mening oldimda sadoqatli bo‘lib yursa+, sening nasling toabad Isroil taxtida o‘tiradi”+,— degan va’dasini amalga oshiradi.  Zeruyaning o‘g‘li Yo‘ab menga nima qilganini yaxshi bilasan. U Isroilning ikkita lashkarboshisi — Nir o‘g‘li Abnur+ bilan Eter o‘g‘li Emosani+ o‘ldirib, tinchlik paytida urush davridagiday qon to‘kkan+. Yo‘ab belidagi kamaridan oyog‘idagi sandaligacha qonga bulg‘angan.  Donolik bilan yo‘l tutib, uning oqargan boshi o‘z ajali bilan go‘rga* kirishiga yo‘l qo‘yma+.  Giladlik Borzulayning+ o‘g‘illariga esa mehr-sadoqat ko‘rsatib, dasturxoningdan taom yeydiganlar qatoriga qo‘sh. Chunki akang Absalomdan qochib yurganimda+, ular meni qo‘llab-quvvatlagan edi+.  Yoningda Benyamin qabilasidan bo‘lgan boxurimlik Gera o‘g‘li Shimey yashaydi. Moxanayimga ketayotganimda+, u meni yomon so‘zlar bilan qarg‘agan edi+. Ammo u meni qarshi olish uchun Iordanga kelganida: “Seni o‘ldirmayman”,— deb Yahova haqqi ont ichgan edim+.  Endi esa uni jazosiz qoldirma+. Sen dono odamsan va u bilan qanday yo‘l tutishni o‘zing yaxshi bilasan. Uning oqargan boshini qonga belab go‘rga* tiq»+. 10  So‘ng Dovud hayotdan ko‘z yumdi* va Dovud shahriga qo‘yildi+. 11  U Isroil ustidan 40 yil shohlik qildi: 7 yil Xevronda+, 33 yil Quddusda+. 12  Shunday qilib, Sulaymon otasi Dovudning taxtiga o‘tirdi va shohligi yanada mustahkamlanib bordi+. 13  Vaqt o‘tib, Xaggit o‘g‘li Odoniyo Sulaymonning onasi Botshevaning oldiga keldi. Botsheva undan: «Tinchlikmi?» — deb so‘radi. U javoban: «Ha, tinchlik. 14  Sizga aytadigan bir gapim bor»,— dedi. Botsheva: «Nima gap ekan?» — deb so‘radi. 15  Odoniyo so‘z boshlab dedi: «O‘zingiz yaxshi bilasiz, shohlik menga o‘tishi kerak edi. Butun Isroil ham menga bo‘lajak shoh sifatida ko‘z tikib turgandi+. Lekin Yahovaning irodasi bilan shohlik ukamga nasib etdi+. 16  Endi sizdan bir iltimosim bor. Faqat yo‘q demasangiz bo‘ldi». Botsheva: «Qanday iltimos ekan?» — deb so‘radi. 17  U: «Iltimos, shoh Sulaymon bilan gaplashib ko‘ring, shunamlik Obishani+ menga xotinlikka bersin. U sizga yo‘q demaydi»,— dedi. 18  Botsheva: «Mayli, shoh bilan gaplashib ko‘raman»,— deb aytdi. 19  Botsheva Odoniyoning iltimosini aytish uchun shoh Sulaymonning huzuriga keldi. Shoh onasini qarshi olish uchun o‘rnidan turib, unga ta’zim qildi. So‘ng taxtiga o‘tirdi-da, onasi uchun o‘ng tarafiga taxt qo‘ydirdi. 20  Botsheva gap boshlab: «Senga arzimas bir iltimosim bor. Faqat yo‘q demasang bo‘ldi»,— dedi. Shoh unga: «So‘rang, onajon. Tilagingizni bajo keltiraman»,— deb javob berdi. 21  Botsheva: «Shunamlik Obishani akang Odoniyoga xotinlikka bersang»,— dedi. 22  Shoh Sulaymon onasiga: «Nega Odoniyo uchun faqat shunamlik Obishani so‘rayapsiz? U uchun shohlikni ham so‘ramaysizmi?+ Axir u mening akam-ku!+ Bundan tashqari, ruhoniy Abuatar hamda Zeruyaning+ o‘g‘li Yo‘ab+ uni qo‘llab-quvvatlashyapti-ku!» — deb javob berdi. 23  Shu zahoti shoh Sulaymon Yahova haqqi qasam ichib dedi: «Agar bu iltimosi uchun Odoniyoning jonini olmasam, Xudo ustimga jazo ketidan jazo yog‘dirsin. 24  Meni otam Dovudning taxtiga o‘tirg‘izgan, shohligimni mustahkam qilib+, men uchun xonadon* barpo etgan barhayot Xudo Yahova+ haqqi qasam ichib aytamanki, Odoniyo shu bugunoq o‘ldiriladi»+. 25  Shoh Sulaymon darhol Yohayido o‘g‘li Binayoni+ yubordi. U Odoniyoni topib, o‘ldirdi. 26  Ruhoniy Abuatarga+ esa shoh: «Onoto‘tdagi+ dalangizga keting! O‘limga loyiq bo‘lsangiz-da, bugun sizni o‘ldirmayman. Chunki otam Dovud davrida Oliy Hukmdor Yahovaning sandig‘ini ko‘tarib yurgansiz+. Otamning boshiga qiyinchilik tushganda, u bilan birga bo‘lgansiz»+,— dedi. 27  Shu tariqa Sulaymon Abuatarni Yahovaning xizmatidan — ruhoniylikdan chetlatib, Yahovaning Elax xonadoniga qarshi Shilo‘da+ aytgan so‘zlarini bajo keltirdi+. 28  Bu xabar Yo‘abga yetib borganda, u Yahovaning chodiriga+ qochib borib, qurbongoh shoxlaridan mahkam ushlab oldi. Garchi Yo‘ab Absalomni qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsa-da+, Odoniyoning tomoniga o‘tgan edi+. 29  Shoh Sulaymonga: «Yo‘ab Yahovaning chodiriga qochib borib, qurbongoh yonida turibdi»,— deb aytishdi. Shoh, Yohayido o‘g‘li Binayoga: «Borib, uni o‘ldir!» — dedi. 30  Shunda Binayo Yahovaning chodiriga borib, Yo‘abga: «Shoh senga: “Tashqariga chiq!” — deb buyurdi»,— dedi. Ammo u: «Chiqmayman, shu yerda o‘laman!» — deya javob qaytardi. Binayo shohning huzuriga qaytib, Yo‘abning so‘zlarini yetkazdi. 31  Shoh Binayoga javoban dedi: «O‘zi aytganiday, uni o‘sha yerda o‘ldirib, dafn et. Shu tariqa, men va otamning xonadoni Yo‘ab besabab to‘kkan qondan tozalanamiz+. 32  Qon to‘kkani uchun Yahova uni javobgarlikka tortadi. Negaki, u otam Dovudga bildirmay, o‘zidan yaxshi va odil bo‘lgan ikki kishini — Isroil lashkarboshisi+ Nir o‘g‘li Abnur+ bilan Yahudo lashkarboshisi+ Eter o‘g‘li Emosani+ qilichdan o‘tkazgan edi. 33  Ularning qoni toabad Yo‘ab va uning avlodlari bo‘ynida bo‘lsin+. Dovud, uning avlodlari, xonadoni va shohligiga* esa Yahova abadiy tinchlik keltirsin». 34  Yohayido o‘g‘li Binayo bordi-da, Yo‘abni o‘ldirdi. U sahroda, o‘z uyi yaqinida dafn etildi. 35  Shoh, Yohayido o‘g‘li Binayoni+ Yo‘abning o‘rniga lashkarboshi etib qo‘ydi. Abuatarning o‘rniga esa Zodo‘xni ruhoniy etib tayinladi+. 36  Shoh keyin Shimeyni+ chaqirtirib, unga dedi: «O‘zingga Quddusda uy qurib, shu yerda yasha. Bu yerdan hech qayerga chiqma. 37  Bilib qo‘y, Quddusdan chiqib, Qidron vodiysidan+ o‘tadigan kuning o‘lasan. To‘kilgan qoning o‘z bo‘yningda bo‘ladi». 38  Shimey shohga: «Xo‘p bo‘ladi! Xizmatkoringiz shoh hazratlarining so‘zlarini ikki qilmay bajaradi»,— deb javob berdi. Shunday qilib, Shimey Quddusda ancha vaqt yashadi. 39  Uch yil o‘tgach, Shimeyning ikkita quli Gat shohi Maxo o‘g‘li Oxishning+ yoniga qochib ketdi. Shimeyga: «Qullaringiz Gatga qochib ketibdi!» — degan xabar yetganida, 40  u darhol eshagini egarlab, qullarini topish uchun Gatga, Oxishning oldiga jo‘nadi. Shimey Gatdan qullarini olib qaytganida, 41  Sulaymonga: «Shimey Quddusdan chiqib, Gatga borib kelibdi»,— deya xabar berishdi. 42  Shoh, Shimeyni chaqirtirib dedi: «Senga Yahova haqqi ont ichirib: “Bu shahardan tashqariga chiqadigan kuning o‘lasan”,— deb ogohlantirgan emasmidim? Sen esa: “Xo‘p bo‘ladi! Amringizga bo‘ysunaman”+,— demaganmiding? 43  Unda nega Yahovaning oldida ichgan ontingni buzib, amrimga itoat etmading?» 44  Shoh so‘ngra Shimeyga: «Otam Dovudga qilgan yomonliklaringni o‘zing yaxshi bilasan+. Bu yomonliklarni Yahova sening boshingga soladi+. 45  Shoh Sulaymon esa baraka topadi+, Dovudning taxti Yahovaning oldida toabad mustahkam turadi»,— deb aytdi. 46  So‘ng Yohayido o‘g‘li Binayo shohning amri bilan Shimeyni o‘ldirdi+. Shu tariqa, Sulaymonning shohligi yanada mustahkamlandi+.

Izohlar

Yoki «aql bilan yo‘l tutasan».
Ibr. sheo‘l, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atdagi «mozor» so‘ziga q.
Ibr. sheo‘l, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atdagi «mozor» so‘ziga q.
So‘zma-so‘z «ota-bobolariga qo‘shildi».
Yoki «sulola».
So‘zma-so‘z «taxtiga».