Shohlar uchinchi kitob 20:1-43
20 Suriya+ shohi Banhadad+ butun qo‘shinini yig‘di. U shuningdek, 32 ta shohni otlari-yu jang aravalari bilan birga o‘ziga qo‘shib oldi. Ular birgalikda Samariyani+ qurshovga olib+, unga qarshi jang qila boshlashdi.
2 Banhadad Isroil shohi Axabning+ oldiga xabarchilar yuborib: «Shoh Banhadad shunday demoqda:
3 “Kumush-u oltining meniki, barcha go‘zal xotinlaring-u ko‘rkam o‘g‘illaring ham meniki”»,— deb aytdi.
4 Isroil shohi bunga javoban: «Siz aytganday bo‘lsin, shoh hazratlari. O‘zim ham, bor mol-mulkim ham sizniki»+,— dedi.
5 Xabarchilar yana kelib quyidagilarni yetkazishdi: «Shoh Banhadad shunday demoqda: “Men senga: “Kumush-u oltining, xotinlaring-u o‘g‘illaringni menga ber”,— deb ayttirib yubordim.
6 Ertaga taxminan shu vaqtda xizmatkorlarimni yuboraman. Ular ham sening, ham amaldorlaring uylarini tintib, barcha qimmatbaho narsalaringni olib ketishadi”».
7 Isroil shohi yurtdagi hamma oqsoqollarni chaqirtirib: «Qaranglar, bu odam boshimizga kulfat keltirmoqchi. U xotinlarim-u o‘g‘illarim va kumush-u oltinimni talab qildi, men esa rozi bo‘ldim»,— dedi.
8 Hamma oqsoqollar va butun xalq: «Unga bo‘ysunmang, rozi bo‘lmang»,— deb aytishdi.
9 Shunda u Banhadadning xabarchilariga: «Shoh hazratlariga mana bu so‘zlarimni yetkazinglar: “Xizmatkoringizga qo‘ygan birinchi talabingizni bajaraman, ammo ikkinchisini bajara olmayman”»,— deb buyurdi. Xabarchilar uning so‘zlarini shohga yetkazishdi.
10 Banhadad javoban: «Men Samariyani yakson qilganimdan so‘ng, orqamdan kelayotgan odamlarimga hatto bir hovuch tuproq tegadigan bo‘lsa, xudolar meni qattiq jazolasin!» — degan xabar yubordi.
11 Isroil shohi bo‘lsa: «Unga borib aytinglar, jang boshlamay turib, jangda zafar qozongan odam kabi maqtanmasin!»+ — deb javob qaytardi.
12 Chodirlarda shohlar bilan ichib o‘tirgan Banhadad bu javobni eshitgan zahoti, xizmatkorlariga: «Hujumga tayyorlaninglar!» — deb buyurdi. Ular darhol shaharga hujum qilishga tayyorlanishdi.
13 Isroil shohi Axabning+ yoniga payg‘ambar kelib: «Yahova shunday demoqda: “Bu katta olomonni ko‘ryapsanmi? Ularni bugun sening qo‘lingga topshiraman. Shunda Men Yahova ekanimni bilib olasan”+»,— dedi.
14 Axab undan: «Kim orqali?» — deb so‘radi. U esa: «Yahova shunday demoqda: “Viloyat beklarining yordamchilari orqali”»,— deya javob berdi. Axab: «Jangni kim boshlaydi?» — deb so‘raganda, payg‘ambar javoban: «Sen!» — dedi.
15 Axab viloyat beklarining yordamchilarini sanab chiqdi va ular 232 kishini tashkil etdi. Isroil erkaklarining soni esa 7 000 nafar edi.
16 Tush paytida, Banhadad bilan unga yordamga kelgan 32 ta shoh ichib o‘tirganda, ular shahardan tashqariga chiqa boshladi.
17 Birinchi bo‘lib viloyat beklari yordamchilari chiqqanda, nima bo‘layotganini bilish uchun Banhadad xabarchilar yubordi. Ular: «Samariyadan odamlar chiqdi»,— deb unga yetkazishdi.
18 Shunda u: «Ular sulh tuzish uchun chiqqan bo‘lsa ham, jang qilish uchun chiqqan bo‘lsa ham, tiriklayin ushlanglar»,— dedi.
19 Biroq shahardan chiqqanlar — viloyat beklari yordamchilari va ularga ergashgan qo‘shin
20 dushmanlarni qira boshladi. Suriyaliklar qochib qolishdi+, Isroil qo‘shini esa ularning ketidan quvdi. Lekin Suriya shohi Banhadad otga minib, bir necha otliqlari bilan birga qochib ketdi.
21 Isroil shohi esa shahardan chiqib, suriyaliklarning otlarini qirib, jang aravalarini vayron qildi va suriyaliklar ustidan buyuk g‘alabaga erishdi.
22 Bundan so‘ng, Isroil shohining oldiga payg‘ambar kelib+, unga: «Borib, kuch to‘pla va nima qilish haqida o‘yla+. Chunki kelasi yilning boshida* Suriya shohi yana senga qarshi chiqadi»+,— deb aytdi.
23 Suriya shohining maslahatchilari unga deyishdi: «Ularning Xudosi — tog‘lar Xudosi. Shu bois, ular ustimizdan g‘alabaga erishishdi. Agar ular bilan tekislikda jang qilsak, zafar qozonamiz.
24 Siz bunday qiling: shohlarning+ o‘rniga boshqaruvchilar tayinlang.
25 O‘ldirilgan qo‘shin soniga teng qo‘shin, otlarning soniga teng ot, vayron qilingan jang aravalar soniga teng jang arava to‘plang. Ularga qarshi tekislikda jang qilaylik. Shunda albatta g‘alaba qozonamiz!» Shoh ularning maslahatiga quloq solib, aytilganday qildi.
26 Yilning boshida Banhadad suriyaliklarni to‘plab, Isroilga qarshi jang qilish uchun Ofoqga+ keldi.
27 Isroil xalqi ham to‘planib, hozirlik ko‘rdi va ularning qarshisiga chiqdi. Isroil xalqi suriyaliklar ro‘parasida qarorgoh qurganda, ikkita kichik echki podasiday bo‘lib ko‘rindi. Suriyaliklar esa butun yurtni egallab turardi+.
28 Payg‘ambar* Isroil shohiga dedi: «Yahova shunday demoqda: “Suriyaliklar: “Yahova tekisliklar Xudosi emas, tog‘lar Xudosi”,— deb aytgani uchun, ushbu buyuk olomonni sening qo‘lingga topshiraman+. Ular Men Yahova ekanimni bilib olishadi”+».
29 Ular bir-birining qarshisida yetti kun qarorgoh tikib turdi. Yettinchi kuni esa jang boshlandi. Isroil xalqi bir kunning o‘zida suriyaliklarning 100 000 piyoda askarini qirib tashladi.
30 Qolganlari Ofoq shahriga+ qochib kirdi. Ammo devor qulab, shu 27 000 kishini bosib qoldi. Banhadad esa shaharga qochib kirib, bir uyning ichki xonasiga yashirinib oldi.
31 Xizmatkorlari unga: «Isroil xonadoni shohlari rahm-shafqatli deb eshitganmiz. Iltimos, belimizga jul o‘rab, boshimizga arqon bog‘lab, Isroil shohining oldiga chiqishimizga ruxsat eting. Balki joningizni qutqarib qolarmiz»+,— deyishdi.
32 Shunda ular bellariga jul o‘rashdi-da, boshlariga arqon bog‘lab, Isroil shohining oldiga chiqishdi va unga deyishdi: «Xizmatkoringiz Banhadad: “O‘tinaman, jonimni saqlab qoling”,— deb aytdi». Shoh bo‘lsa: «Banhadad haliyam tirikmi? Men uni birodarimday ko‘raman»,— deya javob berdi.
33 Banhadadning odamlari buni yaxshilik alomati deya qabul qilishdi va gapini og‘zidan darhol ilib olib: «Ha, Banhadad sizning birodaringiz»,— deyishdi. Shoh ularga: «Borib, uni olib kelinglar»,— deb aytdi. Banhadad kelgach, shoh uni aravaga mindirdi.
34 Banhadad unga: «Otam sizning otangizdan tortib olgan shaharlarni qaytarib beraman. Otam Samariyada bozorlar barpo etganday, siz ham Damashqda bozorlar bunyod eting»,— deb aytdi.
Axab javoban: «Shu bitim asosida sizni ozod etaman»,— dedi.
Natijada, Axab u bilan bitim tuzdi va uni qo‘yib yubordi.
35 Payg‘ambarlar o‘g‘illaridan*+ biri Yahovaning amriga binoan hamrohiga: «Meni ur!» — dedi. Ammo hamrohi uni urishni istamadi.
36 Shunda payg‘ambar: «Yahovaning amriga quloq solmaganing uchun oldimdan ketishing bilanoq, sher seni g‘ajib tashlaydi»,— deb aytdi. Chindan ham, u yerdan ketgach, sher unga hujum qilib, tilka-pora qildi.
37 Payg‘ambar boshqa kishining oldiga borib: «Meni ur!» — dedi. U payg‘ambarni urib jarohatladi.
38 Bundan keyin payg‘ambar nari ketib, hech kim uni tanimasligi uchun ko‘zining ustini doka bilan bog‘ladi-da, yo‘l bo‘yida shohni kutib turdi.
39 Shoh o‘tib ketayotganda, payg‘ambar unga baland ovozda dedi: «Men xizmatkoringiz jang qizg‘in ketayotgan joyda edim. Lekin bir kishi yonimga boshqa kishini olib kelib: “Bu odamni qo‘riqlab tur. Agar u qochib ketsa, uning joni evaziga o‘z joningni berasan+ yoki bir talant* kumush to‘laysan”,— deb aytdi.
40 Men xizmatkoringiz u-bu ishlar bilan band bo‘lib turganimda, u odam qo‘qqisdan qochib ketdi». Isroil shohi unga: «Aytgan so‘zlaring bilan o‘zingga o‘zing hukm chiqarding»,— dedi.
41 Shu zahoti payg‘ambar ko‘zidan dokani olib tashladi va shoh u payg‘ambarlardan biri+ ekanini tanidi.
42 Payg‘ambar unga: «Yahova shunday demoqda: “Men o‘limga mahkum etgan* kishini qo‘ldan chiqarib yuborganing uchun+, uning joni evaziga sening joning olinadi+. Uning xalqi o‘rniga sening xalqing o‘ladi”+»,— deb aytdi.
43 Isroil shohi xafa bo‘lib, qayg‘u ichida Samariyadagi+ uyiga yo‘l oldi.
Izohlar
^ Ya’ni kelasi bahorda.
^ So‘zma-so‘z «Haq Xudoning odami».
^ «Payg‘ambarlar o‘g‘illari» iborasi, payg‘ambarlar ta’lim oladigan maktab yoki payg‘ambarlar guruhini anglatishi mumkin.
^ Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ So‘zma-so‘z «yo‘q qilishga bag‘ishlagan». Ibroniycha ushbu ibora nomunosib tarzda foydalanishdan saqlash va ko‘pincha tamomila yo‘q qilish uchun ajratib qo‘yish degan ma’noga ega.