Shohlar uchinchi kitob 3:1-28
3 Sulaymon Misr fir’avnining qiziga uylanib+, unga kuyov bo‘ldi. U xotinini Dovud shahriga+ olib keldi. Sulaymon o‘zining saroyi+, Yahovaning uyi+ va Quddus devorlarini qurib bitkazgunga qadar+, xotini o‘sha yerda yashadi.
2 Ammo xalq hamon tepaliklarda* qurbonlik keltirardi+. Chunki Yahovaning ismiga atalgan uy hali qurilmagan edi+.
3 Sulaymon Yahovani sevar va otasi Dovudning farmonlariga rioya qilardi. Shu bilan bir vaqtda tepaliklarda qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi+.
4 Shoh qurbonlik keltirish uchun Givonga bordi, chunki asosiy tepalik o‘sha yerda edi+. Sulaymon u yerdagi qurbongohda 1 000 ta molni butunlayin kuydirib qurbon qildi+.
5 Givonda Yahova kechasi Sulaymonga zohir bo‘lib: «Tila tilagingni»+,— deb aytdi.
6 Sulaymon javob berib dedi: «Xizmatkoring, otam Dovud Senga sadoqatli, odil va sofdil bo‘lgani uchun, Sen unga cheksiz mehr-sadoqatingni namoyon etgan eding. Sen otamga o‘zidan keyin taxtida o‘tiradigan o‘g‘il ato etib, unga hali ham cheksiz mehr-sadoqatingni ko‘rsatib kelyapsan+.
7 Ey, Tangrim Yahova, men xizmatkoringni otam Dovudning o‘rniga shoh etib tayinlading. Lekin men hali yosh va tajribasizman+.
8 Xizmatkoring Sen tanlagan, sanab hisobiga yetib bo‘lmaydigan xalq ustidan boshqaryapti+.
9 Shu bois, xalqingga hakamlik qilib, yaxshini yomondan ajrata olishim uchun+ menga itoatkor qalb ato et+. Aks holda, bu behisob* xalqga kim ham hakamlik qila olardi?!»
10 Sulaymonning iltimosi Yahovaga ma’qul keldi+.
11 Alloh unga dedi: «O‘zingga uzoq umr, boylik va dushmanlaringga o‘lim tilamay, to‘g‘ri hukm chiqarish uchun aql-idrok so‘raganing bois+,
12 iltimosingni bajo keltirib+, senga donolik va aql-idrok ato etaman+. Sen kabi inson ilgari bo‘lmagan, bundan keyin ham bo‘lmaydi+.
13 Bunga qo‘shib, sen so‘ramagan boylik va shon-shuhratni+ ham beraman+. Umring bo‘yi senga teng keladigan shoh bo‘lmaydi+.
14 Agar otang Dovud kabi Mening yo‘llarimdan yurib, qonun-qoidalarim va amrlarimga amal qilsang+, hayotingni ham uzaytiraman»+.
15 Sulaymon uyg‘onib, unga vahiy tushganini angladi. U Quddusga yo‘l olib, Yahovaning ahd sandig‘i oldiga keldi. O‘sha yerda kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini keltirib+, barcha xizmatchilari uchun ziyofat uyushtirdi.
16 Vaqt o‘tib, shohning huzuriga ikkita fohisha ayol keldi.
17 Ulardan biri gap boshlab dedi: «Hazrati oliylari, mana bu ayol bilan bir uyda yashaymiz. Ko‘zim yoriganda, u ham uyda edi.
18 Uch kun o‘tgach, u ham farzandli bo‘ldi. Uyda ikkimizdan tashqari hech kim yo‘q edi.
19 Kechasi bu ayol bolasini nogahon bosib olgan ekan, u o‘lib qolibdi.
20 Men cho‘ringiz uxlab yotganimda, u yarim kechasi turib, bag‘rimdagi bolamni olibdi-da, o‘rniga o‘lik bolasini yotqizib qo‘yibdi.
21 Bolamni emizay deb sahar tursam, u o‘lib yotgan ekan. Lekin yaxshilab qarasam, u mening bolam emas ekan».
22 Ammo ikkinchi ayol: «Yo‘q, tirik bola meniki, o‘lik bola seniki!» — deb aytdi. Birinchi ayol esa: «Yo‘q, o‘lik bola seniki, tirigi meniki!» — dedi. Shunday qilib, ular shohning oldida o‘zaro bahslashib ketishdi.
23 Oxiri shoh: «Bu ayol: “Tirik bola meniki, o‘lik bola seniki!” — desa, bunisi: “Yo‘q, o‘lik bola seniki, tirigi meniki!” — deb aytyapti»,— dedi.
24 So‘ng shoh: «Menga qilich keltiringlar!» — deb buyurdi. Qilich olib kelishgach,
25 shoh: «Bolani ikkiga bo‘lib, yarmini bittasiga, yarmini esa ikkinchisiga beringlar»,— dedi.
26 Buni eshitiboq, tirik bolaning onasi yuragi ezilib: «Janobi oliylari, o‘tinaman, bolani o‘ldirmang! Uni bu ayolga bera qoling!» — deya yolvordi. Ikkinchi ayol esa: «Bola menga ham, senga ham tegmasin! Uni ikkiga bo‘laveringlar!» — dedi.
27 Shoh bo‘lsa: «Bolani o‘ldirmay, birinchi ayolga beringlar! Bolaning onasi shu»,— deya javob berdi.
28 Sulaymon masalani qanday hal qilganini butun Isroil eshitdi. Odil hukm qilish uchun Xudo unga donolik berganini ko‘rib+, ular shohdan qo‘rqadigan bo‘lishdi+.